Valentin Sidorov (1932-2009)

Valentin Mitrofanovich Sidorov (28 aprel 1932 yil, Voronej — 16 iyul 1999 yil, Moskva) — rus shoiri, yozuvchi, olim, jamoat arbobi. SSSR yoo‘uvchilar uyushmasi a’zosi (1966), filologiya fanlari nomzodi (1978), Maksim Gorkiy nomidagi Adabiyot instituti professori.

O‘KINCh

Qancha yaqin bo‘lsak, shuncha yiroqmiz,
Taqdir ustimizdan kuldi beomon.
Mening xatlarimni asrab qo‘yasan,
Ammo xat yozmaysan, jonginam, hamon.

Bizga hamma narsa xalaqit berar,
Yo‘llar, yillar hamda o‘z tashvishimiz.
Yashaymiz bir umr andisha bilan,
O‘ttizdan oshibdi bugun yoshimiz.

Bizning qismatimiz achchiq va g‘amli,
Vaslingni sog‘inib yashayman hanuz.
Har gal uchrashuvga entikib borib,
Uyimga qaytaman o‘kinib yolg‘iz.

RAShK

Ishonmasman rashksiz muhabbat
Bo‘lmas, bo‘lsa-nomiga faqat.
Bo‘lmagandek bulutsiz osmon,
Er tep-tekis bo‘lmas hech qachon.

G‘alayonsiz bo‘lmagay dengiz,
Shodlik g‘amsiz yurmagay yolg‘iz.
Ehtirossiz sevgi tuyg‘usi
Yotdir menga-gapning to‘g‘risi.

Sevamanmi demak, rashk qilgum
«Rashk-sevgining ustuni» degum!
Rashk qilaman masofalarga,
Hijron, firoq va jafolarga.

Rashk qilaman do‘st, tanishlardan,
Begonalar-notanishlardan.
Sevib topdim, bu dunyo aro
Mudom qo‘rqib yurishdek jazo!

Sening bilan jazolanaman
Ertayu kech rashkdan yonaman!
Xiyonatga ishongim kelmas,
Ammo unga ishonmay bo‘lmas.

Yagonadir o‘tinchim, rozim-
Qayda bo‘lsang hamki ortingdan
Ta’qib etar seni ovozim:
Meni se-e-e-v!!!

HOLAT

Ko‘zlarimga qaray olmaysan
Ayriliqning yuki og‘irdir.
Ko‘zlaringga qaray olmayman
Bardosh yetmas, bardosh-sag‘irdir.

Bizlar qoldik nochor, notayin
Tark etgandek tanamizni jon.
Birga qolmoq qiyindir, qiyin
Ayri yashash esa noimkon!

Yurakdagi dil dardimizni
Hech kimsaga ayta olmasmiz.
Biz hammadan yaqinmiz, ammo
Ajralyapmiz-birga qolmasmiz.

Loqaydlik-la o‘ynashar ekan
Ayriliqning zalvorli oni-
Ikkimiz ham o‘zgalarnimas,
O‘zimizni yo‘qotdik, jonim.

DARAXT, QUSh, ODAM

Daraxt, qush va odam.
Hammasi avvalgidek.
Qush o‘sha qush,
Odam ham o‘sha.
Tepalikda o‘ltirar ekan,
Ko‘rib turar daraxtning
Ko‘kka intilganini.
Chang bosgan shoxlarin silkib,
Ko‘kka ko‘tarila boshladi daraxt.
Ana yerdan uzildi, hatto,
Kirib ketdi bulut qa’riga.
Toshib ketdi daryo qo‘rquvdan,
Yopib oldi qush ko‘zlarini.
Odam esa, hech ajablanmas
U ko‘nikib qolgan bariga.

Rus tilidan Hasanboy G‘oyib tarjimaci