Semyon Lipkin (1911-2003)

Semyon Izrailevich Lipkin (6 sentyabr 1911, Odessa, Xerson guberniyasiya — 31 mart 2003, Peredelkino, Moskva, Rossiya) — rus shoiri, tarjimon. Shoira Inna Lisnyanskiyning eri. O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi (1968).

OY YoG‘DUSI

Shaharlik yigitlar titkilab yurar,
Izlab dehqonlarning uyidan bug‘doy,
Sahroga sochilgan kapalar uzra
Turkiy qilich yanglig‘ yaraqlaydi oy.

Dehqon oilasi biladi ravshan:
Ular Kotovskka jo‘naydi beshak,
Qozoqlar yeriga ketadi undan,
So‘ng sinf sifatida tugaydi, demak,

Qizil vagonlarda uyqusiz nigoh,
Egri haqiqatdan so‘zlar plakat…
Goho dengiz qadar engashar giyoh,
Goho shamollarda tiklar mag‘rur qad.

Poylashar bu kamqon ayollar sabrin —
Xo‘mraygan xalq ko‘zi turar tosh yorib.
Hatto badraf bilar qizlarning jabrin,
Soqchilar turishar izidan borib.

Yarim ochiq holda yopilar eshik:
Ko‘z oldida tursang soqchi xotirjam.
Yodimdadir sahro — dard to‘la beshik,
Oyning yog‘dusiga cho‘mgan g‘uj-g‘uj g‘am.

Odessada mening bir tanishim bor.
O‘tdi endi davri — vaqt uni yiqdi.
Qocholmadi tanish qismatdan zinhor,
U ham o‘n sakkiz yil o‘tirib chiqdi.

Eslarmi u qanday qilganin quloq?
Qanday izlaganin uylardan g‘alla?
Shamolni-chi, maysa bo‘lganin uloq?
Eslarmi so‘ngan oy nurin bu palla?

ShOHID

Tushundingmi, atomdan yomon
Parchalansa nogahon yurak,
Mumkin emas axir hech qachon
Ahmoqona huzurni suymak,
Mumkin emas biz uchun to‘xtash,
Zero, ko‘p yo‘l o‘tildi bosib,
Axir oddiy shohiddan yakkash
Chiqar bo‘lsa payg‘ambar o‘sib.

YoZ BOShI

Unutsa qiz, yuz bursa yor, sotsa do‘sting dast —
O‘tib ketar, hammasi o‘tar…
Adashibdi qahri qattiq Ekkleziast,
Hech bir narsa o‘tmaskan magar.
Tug‘ilar qiz unutmoqqa otasin yana,
Xotin tag‘in qilar xiyonat,
Do‘sting yana sotaverar — aylanar ta’na:
Hech bir narsa o‘zgarmas albat.
Senu mening qalbimizda qolar umrbod,
Neki bunda ro‘y berib o‘tar,
Zero o‘lim xayoliydir, biz ham barhayot,
Hech bir narsa o‘tmaskan magar.
Axir jo‘ka anglay turib gulga burkanar,
Qushlar surar jarangdor xayol,
Shunday bo‘lgan, bo‘lar doim va jo‘nab ketar
Bizga qaytib kelmoqqa alhol.

* * *

Tergan chog‘im so‘zga harflarni bir-bir,
Tug‘ilgan mazmundan kutganda ismat,
Anglab yetgan edim oldindan dilgir,
Qanday hisob-kitob qilishin qismat.

Etmay qolishini tuynukka bo‘yim,
O‘z tanim qisishin yugandan badtar.
Qo‘rqqan oddiy xalqning nigohin, o‘yin
Qanday saqlashimni o‘limga qadar.

Telba asr bo‘lib men bilan hamroh,
G‘azabga minaroq ko‘tardi cho‘qmor,
Bolaligimdayoq sezgandim, evoh,
Ekanim o‘zimning erksiz isyonkor.

Ammo sirli edi mening hayotim,
Yashadim g‘alati tushunib har dam
Ilohiy suyanchiq —maxfiy qanotim —
Dunyoda haqiqat mavjudligin ham.

Engilmas kurashning dastidan afgor
Kelar bo‘lsam agar dilda alam, ranj,
Hatto berdi menga ojizlik mador,
Hatto topa bildim o‘kinchdan quvonch.

KUL

Tirishishdi quyosh ham, kuz ham,
Daraxtlarda barglarni yoqdi.
Zaranglarning nasli ham bu dam
Erda yotib, chang aro boqdi.

Qiyofasi, bo‘yog‘i bo‘lak,
Tani, ko‘rki, ta’mi ham o‘zga,
Bir-biriga o‘xshamas barglar,
Lekin bari yotar qalashib.

Qizilida — hinduning yuzi,
Sarig‘i bu — ha, to‘g‘ri, mo‘g‘ul.
Bu dunyoda yashil barg o‘zi
Bahra topmay yondi, bo‘ldi kul.

Nochorlikka qolmaymiz hayron,
Go‘yo shunday yotishga mahkum.
Lager changi, kuzgi barg-xazon
Ingrar oyoq ostida ma’sum.

Nechun kuzgi sukunat aro
Tushgan barglar uzra turibmiz,
Bizlar olib o‘zga bir havo,
Gunohimiz bilmay yuribmiz.

Shohiddir tol, qurigan yong‘oq,
Ularning ham umri murakkab.
Bo‘lmasam ham begunoh yaproq,
Bargdan yaxshi bo‘lsam ne ajab.

Ayol menga qayg‘uyu najot,
Goh nomusdan qaddim bo‘lgan dol.
Etajakman men shunday, nahot —
Lageru kuz xazoni misol.

YoSh ONA

Pech uyetida yotardi Nastya,
Erda esa yo‘lovchi «nachfin»*.
Qo‘ydek yuvosh ikkita keksa
Bir burchakda pishillar sekin.

Derazadan mo‘ralar gilos,
Qoziqdevor ko‘zdan yashirin.
Keksa kampir eshitar bexos
Yalangoyoq o‘tganin «nachfin».

Qiz qo‘rqadi, ranjiydi erkak
Va qiziydi suhbat ohista.
— Kerak emas, bu nima kerak!
— Jonim, kerak! — der mayor asta.

Donmas, hozir Bugdan ham yiroq,
«Nachfin» o‘zin ishi bilan band,
Ajralolmay qo‘rqinchdan biroq,
Nastya ko‘rdi qo‘chqorday farzand.

Ma’nisiz baxt husnidan jo‘shib,
Benaf chiroy ishqi etib xun,
Nastya cho‘chib, asirga tushib,
Yoshlik husni barq urib tun-kun.

Ko‘zga ko‘chib jur’atsiz tug‘yon,
Quvlik, hayrat qo‘shilib ketar,
Yolg‘iz uning o‘ziga ayon
Shirin baxtga o‘zin baxsh etar.

Qiz juda ham hali bokira
Onasidek pokiza, ma’sum.
O‘g‘lin ko‘zi eslatmas sira
Biron kimsa ko‘zlarin bu zum.

Charosmidi? Qanaqa ko‘zi?
Qo‘y ko‘zmidi? Yo chag‘irtoshmi?
Qanaqaydi u harbiy o‘zi?
Kelishganmi? Keksami, yoshmi?

Hali oldda g‘ussa to‘la shom,
Yashirindir eski jarohat.
Har vaqt hozir ta’nayu dashnom,
Yupatishu qo‘pol haqorat.

Bola bilan tushar Donga qiz,
Qulmoq gullar, kezar daydi yel,
Siketanlik xonimni shu kez
Unga qarab chizar Rafael.
______________
Nachfin — moliya boshlig‘i.

Ergash Muhammad tarjimasi