Nikolay Zabolotskiy (1903-1958)

Nikolay Zabolotskiy XX asr rus she’riyatining mumtoz vakillaridan biri sanaladi. Uning she’riyati mayin lirizmga yo‘g‘rilgan falsafiy tafakkurga boyligi bilan ajralib turadi.
N.Zabolotskiy 1903 yilda Qozon shahrida tavallud topdi. Uning bolaligi Vitebsk guberniyasining Urjum shahri yaqinidagi Sernur qishlog‘ida kechadi. U murg‘akligidan betakror tabiat go‘zalligiga oshna bo‘lib o‘sdi. Va u o‘sha davrdagi bokira tuyg‘ularini qalbida umrining oxiriga qadar saqlab qola bildi.
Bo‘lajak shoir 1920 yili Moskvaga kelib, Moskva universitetining tarix-filologiya fakultetiga o‘qishga kiradi. Lekin u yerda yashashning og‘irligi sabab Leningradga boradi va Gertsen nomidagi Pedagogika institutida tahsil olishni davom ettiradi.
U bu davrda Mayakovskiy, Yesenin va yana turli xil oqimlar namoyandalari ishtirok etadigan davralarda faol qatnashadi, ularga ergashib she’rlar yoza boshlaydi.
Yosh iste’dod sohibi ijodkor bo‘lishga qat’iy ahd qiladi. U yuragidagi bu azmu qarorini 1928 yili bo‘lajak turmush o‘rtog‘iga yozgan xatida shundoq izhor etadi: “Siz yozuvchining hayot yo‘li qanchalik mashaqqatli ekanini yaxshi bilasiz. Men ijod uchun turmushimdagi farog‘atdan yuz burdim, “jamiyatdagi mavqeim”dan voz kechdim, tug‘ilgan oilamdan uzildim. Endi umrimni ijodsiz tasavvur qila olmayman…”
1929 yilda shoirning birinchi kitobi – “Turkumlar” dunyo yuzini ko‘radi. Va u shoirga yuksak obro‘ keltiradi. To‘plam haqida V.Kaverin, S.Marshak, N.Tixonovlar yaxshi fikr bildiradilar va yosh muallifni qo‘llab-quvvatlaydilar.
Shoir qator she’riy to‘plamlar chop etish bilan birga ayni paytda tarjima sohasida ham katta ishlarga qo‘l uradi. Uning gruzin mumtoz she’riyatidan qilgan tarjimalari, ayniqsa Sh.Rustavelining “Yo‘lbars terisini yopingan pahlavon” asarining ajoyib tarjimasi tahsinga munosibdir.
N.Zabolotskiy 1938 yili o‘zining adabiy-tanqidiy maqolalari uchun qamoqqa hukm qilinadi. U maqolalar bahonasida “butun ijodiga xos bo‘lgan” e’tiqodsizlikda ayblanadi.
1946 yili shoir yana Yozuvchilar uyushmasi a’zoligiga tiklanadi. U yana ijod bilan mashg‘ul bo‘ladi.
Shoir hayotining so‘nggi uch yili nihoyatda barakali kechdi. U bu davrda o‘zining bir qator falsafiy ruhdagi she’rlarini yaratadi. Va hayotining oxirgi kunlarida umr sarhisobi bo‘lgan so‘nggi she’riy to‘plamini nashrga tayyorlaydi.
Shoir 1958 yili 55 yoshida hayotdan ko‘z yumadi.


QIShNING BOShLANIShI

Qishning zamzamasi ortib tobora,
Bugun eshigimni qoqdi uch bora.
Chiqdim dalalarga. Chirsillar havo,
Musaffo kengliklar baxsh etdi safo.
Xayolan bir nafas ufqlarni quchdim,
So‘ng qirdan pastlikka entikib tushdim.
Qirg‘oq tepasida turib qoldim lol,
Asov daryo oqar edi bemajol.

Ayozlarga burkab tiriklik yo‘lin,
Qish uzatgan edi suvga ham qo‘lin.
Ajalning domida sezib o‘zini,
Daryo ocholmasdi horg‘in ko‘zini.
Holsiz vujudini har yon tashladi,
So‘ng birdan uzanib muzlay boshladi.
Guvranib qirg‘oqqa urdi so‘ng bor bosh,
Qoramtir mavjlari qotdi misli tosh.

Ko‘rdim men daryoning berishini jon –
Bir kun, ikki kunmas aynan ushbu on.
Azobdan ingranib tortganida oh,
Uning dardlaridan bo‘ldim men ogoh.
Eng qayg‘uli damda – qolganda nochor,
Bo‘lmayin yoningda na do‘stu na yor –
Talashar soniyang talvasada jon
Aynan shu lavhada bo‘ldi namoyon.

Bo‘ynida ko‘rganda ajal sirtmog‘in,
Tuydim men daryoda qalbning to‘lg‘og‘in.
Bosh ustida o‘lim qilganda tahdid
Inson ham jon berar xuddi shu taqlit.
Ko‘pirib oqishlar endi bir ro‘yo,
Munkigan tulporday yotar u go‘yo.
Muz uzra toshgan suv qalqir qorayib,
Go‘yo zirhli qirg‘oq borar torayib.

Turgancha xarsangtosh yorg‘uchog‘ida,
G‘amgin termilardim botguvchi kunga.
Qop-qora quzg‘unlar archa shoxida
O‘tkir ko‘zlarini tikkandi menga.
Ketdim. So‘ng zulmat tun yoydi pardasin,
Izg‘irin charx urdi tinmasdan sira.
Qoldirmay ko‘ksida tiriklik sasin,
Daryo yotar edi tosh tobut ichra.

OT HAQIDA QISSA

Jonvorlar uxlamas. Tun ichra bedor
Turarlar tik qomat, misli toshdevor.

Silliq shoxlari-la pichanni ilib,
Boshqalardan o‘zin ayricha bilib,
Sigir og‘ilxona ichra to‘kib qo‘r,
Bo‘ynini yoniga buradi bazo‘r.

Otning saxt-sumbati ko‘rkamdir biram.
Ko‘zlarida uning aql mujassam.
Hushyor u! Ilg‘aydi barglar shivirin,
Anglar go‘yo tunning jamiki sirin.

Biroq u kimga ham so‘ylagay, axir,
Kun bo‘yi ko‘rgani-bilganlarini?
Tun esa terandir – samoviy, sohir
Yulduzlar zaminga to‘kar zarini.

Ot esa turibdi – soqchidek xushqad,
O‘ynoqi shabboda zavqi bilmas chek;
Ikkita qarog‘i nurlanar faqat,
Yollari naq tilla shokilalardek.

Agar ko‘rgandaydi inson ushbu on
Otning istarali munis yuzini,
Yulib berar edi unga begumon –
Tilini va beshak bundan o‘zini
Tuygan bo‘lar edi baxtiyor chandon.
Axir, ot bo‘lmayin ortiq jigarxun,
So‘ylab yuborardi dardini yona –
Va naqshin olmaday dona va dona
So‘zlar to‘kilardi yo ular alhol
Sutdek toshardi yo tomar misli bol.
So‘zlarki, tund hujra ichini nogoh
Yoritgan chiroqday kirgay yurakka.
So‘zlarki, qo‘shiqqa mazmun bo‘laroq
Yuksaltar horigan ruhing yuksakka.

Biroq huvillaydi otxona sahar,
Dov-daraxt jiladi yaqin-yiroqqa.
Tog‘larni tong barvaqt yo‘rgaklab olar,
Uyg‘onar odamlar mehnat qilmoqqa.
Ot ham aravani chiqadi sudrab,
Hali u terlarga botgaydir jiqqa.
Hozircha nigohin tashlaydi mudrab
Sirlarga to‘la bu ko‘hna borliqqa.


TONGGI QO‘ShIQ

Ajoyib kun keldi. Daraxtlar xushqad,
Yaproqlar tin oldi. Shoxu shabbaning
Tomiri kuchlandi. Va zamin uzra
Ochdi derazalar qanotlarin lang.
Va kimki minora ustida bo‘lsa,
Qaradi osmonga, osmon – zangori.

Deraza yonida turardik biz ham,
Suyuklim bahoriy ko‘ylagin kiygan.
Uning qo‘lidagi jajji o‘g‘ilcham
Ajib quvonchidan qiyqirar tinmay,
Bokira nigohin qadagan u ham
Quyosh charaqlagan moviy osmonga.

Pastda dov-daraxtlar, jonvorlar, qushlar –
Yirik, kuchli, yungdor, chaqqon hamda sho‘x,
Davra qurib, olib bamisli sozni –
Nayni, g‘ijjakniyu go‘s nog‘orani,
Boshlab yuborarkan tongning qo‘shig‘in,
Bizni qarshilarlar. So‘ng kuylar borliq.
Borliq jo‘r bo‘lgan chog‘ ushbu qo‘shiqqa,
Echki hovlini gir aylanib qolar.
Va men angladim bu ajib tong payti –
Odamzodning baxti o‘lmas, boqiydir.

ERTA KO‘KLAM

Bo‘ron tinib, oftob yuzini
Tund osmonda ko‘rsatdi ilk bor.
Qish ortiqcha sezdi o‘zini,
Ko‘chalarda xira tortdi qor.

Qora bulut laxtaklaridan
Sizdi tunda oydan oltin nur.
Engil tortdi qarag‘aylar ham
Muz loshidan qutulib bir qur.

Sumalakning tugab kuch-qurbi,
Tong jilg‘ani chulg‘adi zarga.
Yaltiraydi ko‘lmaklar xuddi
O‘xshab kumush taqsimchalarga.

Hali mudrar oppoq dalalar,
Yo‘g‘rilmishlar qishning xobiga.
Ular ishlar ushbu pallalar,
Kelsin deb yer ayni tobiga.

Hali-zamon borliqni qutlab,
Oq bulutlar yoyar yelkanin.
Va osmonni to‘ldirib qushlar,
Bildirarlar bahor kelganin.


SA’VAJON, JOY BERGIN MENGA YoNINGDAN

Sa’vajon, joy bergin menga yoningdan,
Bir bora oshufta holimga boqqin.
Qalbimni sen uchun sadqa etgayman,
Chechakdek chaqnagan ko‘zlaring haqqi.

Bahor o‘z qo‘shig‘in kuylaydi baravj,
Teraklar suvdadir tizzasi qadar.
Bargi kapalakdek ursin deya mavj,
Novdalarda kurtak bo‘rtar tong-sahar.

Hatto dalalar ham chuvvosdan garang,
Irmoqlar chuldirab tinmaydi sira.
Ilojing bormikin – chordoqda bo‘lsang,
O‘zni otmaslikka qayinzor uzra!

Ishqiy navolaring boshla, sa’vajon!
Nurlar o‘ynaganda ko‘kning toqida,
Biz-chun ilk navobaxsh o‘zingsan, ishon,
Qayinzorning qo‘shiq ilmgohida.

Boshla nag‘malaring, ey jimit oshiq!
Ketsin yuraklardan alam, hasrat, dog‘.
Kuylaring ko‘klarga chiqqaydir toshib,
Sen o‘rmon ko‘ksida sayraganing chog‘.

Men ham kuylamoqqa tashnaman rosa,
Biroq shivirladi mitti kapalak:
“Kimki bahorda gar haddidan oshsa,
Yozda kuylay olmay bo‘lgusi halak”.

O, bahor yaxshisan, biram yaxshisan!
Nastarin ifori borliqda butun.
Qalbim, balandlatgin oshyoning sen ham,
Sen ham chamanlarni kuylagin maftun.

Surx novda ustida ruhing yayratib,
Jahonga yoya qol zavqu sururing.
Qalbingni eng sayroqi qushdek sayratib,
Yulduzlar nuriga bog‘la shuuring.

Tonglarga yuzing bur – tashvishdan xoli,
Qara – boychechak qor quchoqlarida.
Kuylab esi og‘gan sa’va misoli
Adash sen ham bahor puchmoqlarida.

* * *

Kimdir u – o‘rmonda bergan aks sado?
Eman qarag‘ay-la sirlashdimi yo,
Yo yelda tebrandi qizil na’matak,
Yo sa’va kuyladi – tin olib andak,
Va yoki tog‘chumchuq – jonsarak biram,
Shom payti axtardi meni chekib g‘am?

Kimdir u – o‘rmonda bergan aks sado?
Ehtimol sendirsan, ey nozik ado –
Yana bahor kelgach yoshlikni eslab –
Meni firog‘ingda kuydirganing zab,
Ohlar urgandirsan go‘shangda tanho,
Nofarmon yillarni dilga qilib jo?

Kimdir u – o‘rmonda bergan aks sado?
Tongda ham, shomda ham, yoz, qishda hatto
Menga eshitilar ajib, sirli sas.
Ilk sevgi sasi bu – endi hech qaytmas…
Men o‘sha ishq bois she’r bitgum hamon
Va ular kaftimdan uchar sen tomon…

MUNIS YoR

O‘ltirar u jiddiy va sokin,
Izlagandek hayot totini.
Ichib olgin, deya dorisin
Uzatadi unga xotini.

Va mehrli nigohin tashlar,
Nigohlarki – yongan sham muzda:
Osilmishdir jingala sochlar
Ajin tushgan peshona uzra!

Tinmay yozar, yozar u hamon,
Qog‘ozlardan ko‘tarmaydi bosh…
Garchi xotin o‘zi yarim jon,
Tilar unga to‘zim va bardosh.

“Tiq” etgan sas unga naq og‘u,
Jim dashnomi o‘tar baridan.
Er o‘yilsa, tushib ketsa u
Uning o‘tkir nigohlaridan.

Kimsan o‘zi – dahomisan yo,
Hatto Gyote, hattoki Dante
Sadoqati, mehri dilga jo –
Bunday munis yor ko‘rmagandi.

Qoralaysan nelarni nuqul?
Nimalar xun qilmoqda seni?
Zulmatlarga cho‘mgancha butkul,
Sen kuyunib axtargung neni?

Ezgulikning tushib izmiga,
Izlading gar hayotdan totni,
Ayt, sezmaysan tomudom nega
Yoningdagi eng munis zotni?


ShAFQAT QILMA QALBINGGA ASLO

Shafqat qilma qalbingga aslo –
Loqaydlikdan yuqtirmasin gard!
Umring davom etar ekan to –
U tunu kun yonmoqligi shart.

Xoli qo‘yma uyingda uni,
Joniga teg safarda ming bor.
Bezovta qil, terga har kuni,
Sen qalbingga rahm etma zinhor.

Turgan bo‘lsin to‘shakdan mutlaq
Tong yulduzi yongan dam sahar.
Or qilmasdan yotib olar naq
Jindakkina bo‘sh kelsang agar!

Po‘pisangu tanbehlaring kam,
Unga hatto zug‘umlar qilgin.
Yo‘qsa so‘nggi ko‘ylagingni ham
Echib olar ustingdan, bilgin.

Ayla uni zahmatga mahkum,
To bo‘lmasin arzanda, erka.
O‘rgansin u sen bilan har zum
Yashamoqni yelkama-elka.

U qulingdir, malikangdir u,
U cho‘ringdir, u qizing – ma’sum.
Taratmog‘i shartdir u yog‘du,
Yonmog‘i shart uning tunu kun!

* * *

Tug‘ilganman qorli o‘lkada,
Shundan menga qadrli ko‘proq –
Paxmoq boshli qoqio‘tlar va
Bargi shamshir yanglig‘ otquloq.

Jo‘n giyohlar men-chun ko‘p dildor,
Titrar yurak hayrat komida,
Ko‘rinsalar yer uzra ilk bor
Mayin, iliq bahor tongida.

Sho‘x irmoqlar chopqillab jo‘shqin,
Moychechaklar qulf urgan qirda –
Yotgim kelar xayol surib jim,
O‘qigancha samodan sirlar.

Hayot esa daryoday uyg‘oq,
Oqaverar tinmayin sira.
Yulduzlar ham sochgaydir yashnoq
Barglar aro nurlarin xira.

Tevarakda bahor kezar shan,
Kengliklardan yel esar sarin.
Men yotgumdir surgancha teran –
Yuksak emanzorlar o‘ylarin.


BAHOR DOSTONI

Olib kelding sen o‘z sozingni,
Bizlarni ham o‘rgatding nayga.
Boshlading so‘ng aytib rozingni,
Yashil qirlar bag‘ri – kungayga.
G‘amparastga aylab sen dashnom,
Gullar tutding unga anvoyi.
Bukri cholga berding-da salom,
Yuragiga solding xirgoyi.
Iforlaring chulg‘ab dilini,
Qurumsoq ham husningga boqdi
Va yutoqib, yiqqan pulini
Novdalarga barg qilib taqdi.
Badbinlarning zavqi bilmay chek,
Noinsoflar insofga borib –
Xuddi yangi poloponlardek
Qobiqlarin chiqdilar yorib.
Kursisini sevsa ham chandon,
Mansabdorlar ko‘zida havas –
Shaydo bo‘lib jilvangga bir on,
Baxtdan o‘zin tuydilar sarmast.
Ay, aldamchi, ay, tantiq bahor!
Tanish menga makring, dimog‘ing.
Derazadan ko‘rdim ilk nahor
Istig‘nongni, nozu firog‘ing!
O‘tloqlarda hilpiraydi yel,
Kapalakning ko‘zlari munchoq.
Kitoblarga muk tushib aprel,
Chuchmomadan taqmish taqinchoq.
U biladi, mavzular bisyor,
Barin yozmoq menga armondir.
Bahor esa – nozanin bahor
Menga yordir, menga dostondir.

TUNGI SAYR

Shom qo‘yniga kirdi ulkan binolar,
Yulduzlarni o‘pdi chinor barglari.
Bog‘da bayram ruhi jarangos solar,
Sayrga chiqmishdir odamlar bari.

To‘ldirib osmonni zavq nash’asiga
Kumush nur yog‘dirar mushakboz mohir.
Biroq tunning bundoq as’asasiga
Ortiq maftun bo‘lma, ishonma, shoir.

So‘ngay mushakbozning yorqin mushagi,
Yana tun qoplaydi borliqni qaro.
O‘chmay yongay faqat shoir yuragi
Uning ta’masiz, sof she’rlari aro.

* * *

Aytib bergin sen menga – qaydan
Tug‘ilgay bu xayollar g‘alat?
Zehnim bundoq mo‘jizalardan
Xalos qil – u tin olsin faqat.

Qo‘rqamanki, shunday on kelur –
O‘ziga yo‘l topolmayin mos,
Azoblarda tug‘ilgan fikr
Yuragimni yorajak paqqos.

Xayolotga ortiq berib erk,
Undan ajib timsollar izlab,
Xuddi beg‘am bolakaylardek
Jar labida o‘ynaymiz bizlar.

O‘z navbati yetgan zamona,
Qanotlarin kuydirib butun,
Sham yonida o‘lar parvona,
Uning nuri so‘nmasin uchun!


DO‘STLAR BILAN VIDOLAShUV

Sizlar xotiramda misli oftobsiz –
Qo‘ltiqda she’rdaftar, yuzlar gulgun, ol…
Endi esa, evoh, xokiturobsiz,
Nastarinning xazon barglari misol.

Endi siz o‘zga bir mamlakatdasiz –
Orzudan yo‘q nishon, bari chilparchin.
Osmon ham yo‘q unda, qabr bor yolg‘iz,
Oy ham shu’la to‘kmas tunlari zarrin.

Unda uqib bo‘lmas, o‘zga bir tilda
Turfa hasharotlar ayturlar kalom.
Unda chiroqchasin tutgancha qo‘lda,
Qo‘ng‘iz o‘z qavmiga beradi salom.

Xushvaqtmisiz, mening do‘stlarim, unda
Yoki sizlar uchun hammasi unut?
Endi ulfatingiz qurtu qumursqa,
Ildizlar, chayonlar, zimiston bequt.

Endi hamshirangiz zabun yaproqlar,
Gul bargi – yuzida za’faron angiz.
Sizni hamon yo‘qlar, hamon so‘roqlar
Yuqorida qolgan do‘stingiz yolg‘iz.

Unga hali balki joy yo‘q u yoqda –
Siz singgan diyorda, sharpalar misol…
Men sizni eslayman hamon titroqda,
Shoir jo‘ralarim, gul yuzlari ol!..

Ruschadan Mirpo‘lat Mirzo tarjimalari


TUNGI BOG‘

O, tungi bog‘, o, tungi bog‘, sehrli cholg‘u,
Violonchelu sonsiz uzun karnay makoni.
O, tungi bog‘, o, tungi bog‘, saqov bolutu
Harakatsiz archalarning g‘amgin karvoni.

U kunbo‘yi yelib toldi, guvladi horg‘in,
Bolut — muhoraba, terak — g‘alayon edi.
Yuz ming yaproq xuddi yuz ming tilla tanadek,
Kech kuzakning havosida birlashib ketdi.

Temir avgust oyi uzun qo‘njli etikda
Olislarda turardi ov o‘ljasin ushlab.
O‘q sadosi yangrar edi qir-sayhonlikda,
Havolarda uchar edi qorayib qushlar.

Va bog‘ tindi, nogoh hilol topdi yo‘lini,
Erga uzun soyalar ham to‘shaldi o‘nlab.
Arg‘uvonlar to‘da-to‘da cho‘zdi qo‘lini,
Qushchalarni so‘ng yashirdi shoxlarga o‘rab

O, tungi bog‘, o, tungi bog‘, g‘amgin tungi bog‘,
O, mavjudot, quchoqlagan qora uyquni!
O, boshlarning naq ustida porlagan bodroq,
Charaqlagan yulduzning bir oniy uchquni.

BOLALIK

Qo‘g‘irchoq ko‘zidek katta-katta
Diydasi termilar tinib nafasi,
Yonar ishonch bilan kiprik ostida
Go‘dak qorachig‘in qora halqasi.

Nimaga termilar? Bu hovli, bu bog‘
Yo unda yangragan qadimiy qo‘shiq,
O‘t yulgan, to‘qigan tinchimas odam –
Bularning barchasin nimasi qiziq?

Olishar juft oriq xo‘roz devorda,
Chirmoviq zinani chirmar behayyo.
Qizaloq termilar — oydin nigohda
So‘nggi nuqta qadar joylashar dunyo.

Bu ajib, ertakday sirli mavjudot
Qizchani sehrlar ilk bor o‘sha on
Va ko‘ksiga tirik suhbatdosh kabi
Jo bo‘lar bu hovli, bu bog‘, bu o‘rmon.

Ko‘p kunlar o‘tajak. Qalb og‘riq tuyar,
Baxtni ham ko‘rajak.
Yor, ona bo‘lar.
Bu oniy lahzaning ezgu mazmunin
Unutmas sochlarn oqargan qadar.

* * *

Ayt, kim menga ovoz berdi bu o‘rmon aro?
Qari eman qarag‘ayga shivirlarmi yo,
Yoki asta g‘ijirlarmi olisda milash,
Yoki to‘rg‘ay surnayi taratdi sho‘x sas,
Qadrdonim, mittigina tog‘chumchug‘i yo
Shom botarda chorlovimga qaytardi sado?

Ayt, kim menga ovoz berdi bu o‘rmon aro?
Yoki senmi qaytdi deya bahoriy ro‘yo
Eslab birga kechgan olis yillarimizni,
Tashvish aro qayg‘u chekkan dillarimizni,
Olis yurtda kechmishimiz — g‘am ichra yayov —
Ovoz berding, ey qalbimni yondirgan olov.

Ayt, kim menga ovoz berdi yashil o‘rmonda?
Goh tong, goh shom, goh qahraton, goh saratonda,
Eshitilar qulog‘imga sokin, unsiz sas
Go‘yo ulug‘ muhabbatim olgandek nafas.
Shu sevgi deb titrayotgan she’rlar ichimdan
Qaynab, uchar senga tomon bo‘sh hovuchimdan… ‘

QOR ODAM

Deydilarki, Himolay yoqda
Ibtidoiy hayvon bolasi
Yashar emish eng yuksak tog‘da
Yulduzlarga yetib nolasi.

U mo‘mintoy, oppoq va paxmoq,
Tushib tog‘dan oqshom pallada,
Raqs tusharmish telbadek quvnoq
Yo qorbo‘ron o‘ynar dalada.

Biroq, Budda xizmatkorlari
Karnayini chalgani zamon,
U qo‘rquvdan titrab qo‘llari
Qochar emish cho‘qqisi tomon .

Agar bu gap mish-mish bo‘lmasa,
Demak, yashar, demak barhayot
Bu donishmand asrda so‘nggi
Yarim vahshiy, yarim odamzot.

Uning aql, farosati past,
Qorong‘idir g‘orining ichi.
U maktabda o‘qigan emas,
Harf tanimas bu abjir ovchi.

Bekingancha tog‘da g‘orlarda,
U bexabar, u bilmas,pastda:
O‘zin inson deb bilgan kaslar
Bombalarni yaratdi qasddan.

Hatto yonib yulduz misoli
Uchsa hamki bo‘shliqlar tomon,
Himolaylik bu g‘or farzandi
Ular sirin yechmas hech qachon.

Biroq, toki uning izini
Ko‘rib lablar o‘qirkan duo,
Son-sanoqsiz nog‘orasini
Chalar ekan ko‘hna sajdagoh

Va ming yillik Budda kindigi
Sirin o‘ylab bo‘larkan halak,
Qor odami g‘orlarda yashar
Xotirjam va parvoyipalak.

Unda balki yonib ko‘zlari
Tog‘ ohusin so‘yar beshafqat
Va hayqirib aytgan so‘zlari
Olmoshlardan iborat faqat.


SO‘NGGI SEVGI

(Turkumdan)

1.Qushqo‘nmas

Keltirishdi qushqo‘nmas gulin
Va guldonga qo‘yishdi, ana:
Ko‘z o‘ngimda isyon va yong‘in,
O‘t yaratgan alvon tantana.

Har tikani uchli yulduzdek,
Yo shimoliy tongning titrog‘i,
Har bir guli jarangdor sozdek,
Ichlarida porlar chirog‘i.

Bu gullar ham mavjudot ramzi,
Shu’lalardan to‘qilgan vujud.
Tugamagan janglar ovozi,
Qilichlarda porlab turgan o‘t.

Bu nafratu shon minorasi,
Unda nayza uchida nayza.
Unda gulning qonli dastasi
Yuragimga botar har lahza.

Tushda ko‘rdim yuksak bir zindon
Va panjara — xuddi tund kecha,
Panjaraning ortida yashar
Unutilgan sehrli qushcha.

Demak, men ham yasharman bekor,
Berolmasam qushchaga zrkni.
Shunda tiklab qushqo‘nmas devor,
Quvonchimdan ayirar meni.

Va ko‘ksimni etib charog‘on
Yonar bu gul, yonar so‘nggi on.
Uning g‘amgin, dilbar ko‘zlari
Termular nur sochib men tomon.

6.

Nido etding — to o‘lim qadar
Sening yoring bo‘laman deb.
Esni yig‘ib oldik, yil o‘tib
Aqlli bo‘p qoldik barobar.

O‘zimizga kelib, munisim,
Anglab qoldik bizlar barobar:
Yor bo‘lmoqlik qilmagay nasib
Endi bizga to o‘lim qadar.

Chayqalgancha och to‘lqinlarning
Olovida oqqush suzadi.
Biroq u ham ko‘rajak yerni —
Oyoqlari yerni sezadi.

Yana yolg‘iz qoladi moviy
To‘lqinlanib yotgan bu dengiz
Uning sokin, tinch ko‘zlariga
Termiladi tunlari yulduz.

10. Qarilik

G‘arib, g‘amgin, sochlari oppoq —
Chol hassa ushlagan, ayol — soyabon.
Ular bog‘ kezarlar, uchgan har yaproq
Parvozin kuzatib shomgacha shodmon.

Ularning suhbati juda ham qisqa,
Har qarash, har nigoh beso‘z ham ayon,
Ularning yuragi yorug‘, antiqa
Dunyoga borlig‘in qilgay namoyon.

Hayotning nimxira so‘qmoqlarida
Ularning taqdiri ko‘zga chalinmas.
Qayg‘uning hayotbaxsh yog‘dusi asta
Ularning boshida nur tarar elas.

Ojizlikning og‘ir zulmi ostida
Qiynalgan so‘qiru kar, cho‘loqlardek,
Ikkisin yuragi hayot qasdida
Mahkam birlashgandir xuddi tog‘lardek.

Hikmatning bir oniy, parcha uchquni
Nur sochdi umrning so‘ngida charchoq:
Axir, bizning baxt ham — shafaqning nuri,
U faqat olisda porlagan chiroq.

U bizga juda oz nurini sochar,
Nurin evaziga katta boj tilar!
Naqadar tezkor u — yonaru o‘char
Va manguga ko‘zda erib yo‘qolar!

KEChA O‘LIM HAQDA XAYoLLAR SURIB…

Kecha o‘lim haqda xayollar surib
Nogoh yurak qotdi, yuzim oqardi.
Qayg‘uli kun! Qora o‘rmondan turib
Qadimiy tabiat menga boqardi.

Ayriliqning chidab bo‘lmas sog‘inchi
Yangilagan chog‘i dil yarasini,
Eshitdim qurigan o‘tlar o‘tinchin,
Suv nutqin va toshning muz na’rasini.

Tirik qolib kezdim dalalar bo‘ylab
O‘rmonlarga kirdim sezmay xavf-xatar.
O‘liklarning fikri yorug‘ minorday
Tegramni qurshadi to osmon qadar.

Pushkin sasin tuydim yaproqlar uzra,
Xlebnikov* qalbin ko‘rdim har qushda.
Bir toshni uchratdim — turardi muzlab,
Skovoroda** yuzi balqirdi toshda.

Bus-butun elatlar, butun xoru xas
Tirik edi — barin aniq ko‘rardim.
Men ham tabiatning farzandi emas —
Uning fikri, ziyrak idroki edim.

———
* Velimir Xlebnikov — rus shoiri
** Grigoriy Skovoroda — ukrain va rus faylasufi

YoMG‘IR

Xaroba bulutlar tumani aro
Qarshilab muzaffar sahar yog‘dusin,
U hali ko‘z uchun edi bir ro‘yo,
Hali olmagandi hayotiy tusin.

Bulut sutlarini emgan zurriyod
Hayajonga to‘lib qaynab yurardi.
U — quvnoq bahodir, to‘satdan hayot
Torlarini chalib kuylab yubordi.

Va ketdi yorishib birdan emanzor
Chaqmoqdek yoshlarning shu’lasi aro,
Oppoq qayinlarning har shoxida zor
Yam-yashil yaproqlar chiqardi sado.

Ming-mnnglab tolalar tortildi, xira,
Xo‘mraygan osmonu yer o‘rtasida,
Bostirib kirib so‘ng voqealarga
Boshini xam etib bitdi qasida.

Olisdan keladi, qiya uchadi
Qari emanzorlar boshiga yomg‘ir,
Bosolmay titrog‘in uni ichadi
Zamin — bu qudratli bepoyon bag‘ir.

DO‘STLAR BILAN XAYRLAShUV

Girdi keng shlyapa, uzun kamzulda,
Qo‘lda esa daftar yo kitobingiz…
To‘kilgan nastarin yaproqlariday
Tuproqqa qorishdi xok-turobingiz.

Olis o‘lkadasiz — unda shakl yo‘q,
Unda barcha narsa aralash, tor-mor.
Unda ko‘k o‘rnida bnr uyum tuproq
Va qabr ustida muallaq oy bor.

U yerda begona, noaniq tilda
Kuylar hasharotlar sinklitni bu dam.
Unda kichkina bir chirog‘i qo‘lda
Do‘rtlarin olqishlar qo‘ng‘izcha — odam.

Siz unda tinchmisiz, aziz do‘stlarim?
Otirmasmi? Yoddan o‘chdimi bari?
Endi sizga do‘stdir — tol ildizlari,
Chumoli, maysalar, chang to‘zonlari.

Endi sizga singil — alvon chinnigul,
Nastarin ko‘ksiyu chuvalchang ini.
Qudrati yetmaydi yodlay desa til,
Tepada qolgan chin do‘stning nomini.

Unga hali joy yo‘q, barchangiz unsiz
Girdi keng shlyapa, uzun kamzulda
Qo‘ltiqqa qisgancha she’r daftaringiz
Engil soyalardek singgan o‘lkada.

XOTIRA

Etdi qarilikning mudroq oylari…
Balki umr o‘tdi toshqin, yugurib.
Balki tugab tashvish, g‘am charchoqlari
Tungi meqmon kabi o‘tirdi kirib.

Ichgisi keldiyu, lek yoqmas sharob.
Qorin och — bo‘g‘zidan ammo o‘tmas non.
Tinglaydi — milashning shivirin bexob,
Tinglaydi — sa’vaning sayrashin shodmon.

Olis-olis yurtda, bo‘ron yashirgan,
Oppoq, kumush qorning ostida pinhon.
Tashlandiq va yolg‘iz do‘ppayib turgan
Bir qabr haqida u kuylar bu on.

Tomiri muzlagan zaminni tishlab
Qayin shivirlamas unda hech qachon.
U yerda sovuqning halqasin ushlab
Qonga botgan hilol suzar parishon,

ASLO TINIM BILMASIN YuRAK

Aslo tinim bilmasin yurak!
O‘g‘irda suv tuymaslik uchun.
Yurak mehnat qilmog‘i kerak
Qecha-kunduz, kechayu kunduz!
Quvgin uni kulbama-kulba,
Etaklab yur sarhadma-sarhad.
Sayxonligu qiya qortepa,
Qora jarlar aro yetakla.
Uxlamasin oppoq to‘shakda
Tong yulduzi yonib turgan dam.
Ul tanbalni terlatib ishlat,
Ushlab turgin jilovin mahkam!
Agar uni qora mehnatdan
Xalos qilib, aylasang rahm.
Egningdan u yulib oladi
Hatto so‘nggi ko‘ylagingni ham.
Elkalarin mahkam quchgancha
O‘rgat, qiyna har on, har paytda.
Toki sen-la odamga o‘xshab
Yashamoqni o‘rgansin qayta.
Yurak — cho‘ri, yurak— malika,
U — xizmatkor, u —sevimli qiz,
Yurak mehnat qilmog‘i kerak
Qecha-kunduz, kechayu kunduz,

ShE’RLAR O‘QIB

Qiziqarli, g‘aroyib, nozik:
Bu she’r she’rga o‘xshamas, inon.
Chirildog‘u go‘dak shivirin
Shoir she’rda etmish namoyon.

Bu nutq — ezma ma’nosizlikda
Ozmi-ko‘pmi mahorat ham bor.
Biroq inson orzusin o‘yin
Uchun qurbon qilmoq na darkor?

Tafakkurning tirik asosi
Bermasin deb unda hech imdod,
Ona tilni sa’va sasiga
Aylantirib bo‘lurmi, nahot?

Yo‘q, she’riyat to‘siqlar qo‘yib
Bunga aslo yo‘l bermas.
Ijod —
Masxaraboz qalpog‘in kiyib
So‘z o‘ynagan kimsalarga yot.

Kim zamon-la yashar hamnafas,
Kim yoshlikdan she’rga hamsuhbat.
U o‘z ona tilin hayotbaxsh
Zakosiga ishonar abad.

* * *

Qattiqqo‘l tabiat, bilaman seni,
Shuning-chun dilimni quchar hayajon.
Poyimda qoqining momiq boshini,
Bargizub qilichin nogoq sezgan on.

O‘simlik qanchalik oddiy va mo‘jaz,
Shuncha u kuchliroq qo‘zg‘atar hayrat,
Navbahor tongida uning yam-yashil
Birinchi barglari bo‘rtayotgan payt.

Moychechak yurtida, bo‘g‘ilib kuylab
Oqqan irmoqlarga hamnafas bo‘lib
Osmonga tikilib yotmoq istayman
Butun yer yog‘duga ketguncha to‘lib.

Shu’laga yo‘g‘rilgan to‘zonga o‘xshab
Yaproqlar oralab oqarkan umr,
Butazorlar uzra yog‘dusin to‘shab
Xirarang yulduzlar ko‘kdan sochar nur.

Men esam maysaga ko‘milib xushvaqt
Tinglab navbahorning yangroq kuyini,
Yastanib olgancha o‘yladim faqat
Cheki yo‘q dalalar, bog‘lar o‘yini.


XUNUK QIZChA

O‘ynab yurgan boshqa bolalar aro
Ajralib turadi u — qurbaqadek.
Hilpirar shamolda yupqa ko‘ylagi,
Sap-sariq sachlari tilla halqadek.
Og‘zi juda katta, tishlari so‘yloq,
Yuzi ham diqqatni tortmaydi biroq.

Uning tengdoshlari — ikki bolaga
Velosiped etmish otalar in’om.
Shundan tushlikka ham shoshmay, yo‘lkaga
Sig‘masdan, o‘yinga berilib tamom,
Bolalar yelishar, esda yo‘q bu qiz,
U esa chopadi tinmay izma-iz.

O‘zganing quvonchi o‘zinikiday
Yayraydi, quvonch sig‘maydi ichga.
Qiyqirib quladi, quvonar tinmay
Hayot shodligiga qo‘shilib qizcha.
Hasad qilish nima, badbinlik nima?—
Hali anglaganmas bu mitti vujud.
Unga dunyodagi har qayiq — kema!
Unga o‘lganlarning barchasi mavjud!

Men esa o‘ylashni istamam, do‘stlar,
Kun kelib yig‘lashin o‘kirib unsiz,
Dugonalar aro o‘zin naqadar
Xunuk ekanini anglagan bu qiz.
Inonmoq istayman: qalb qo‘g‘irchoqmas
Va u o‘z-o‘zidan hech qachon sinmas!

Inonmoq istayman — qalbining cheksiz
Qa’rida porlaydi tip-tiniq yog‘du —
Har qanday toshni ham eritadi u,
Engadi har qanday og‘riqni shaksiz!
Mayli ko‘zni tortmas uning surati
Va go‘zal orzuga yo‘q sira imkon —
Biroq, go‘zallikning pinhon siyrati
Uning har so‘zida bo‘lar namoyon.

Shunday ekan, ayting, go‘zallik nima,
Nechun odamlarga ilohiyat u?
Go‘zallik — ichi bo‘sh shishami yoxud
Shishaning ichida porlagan yog‘du?

BOLERO *

Bolero raqsini boshlaymiz, Ravel!
Ohangni qalamga alishmagan dil
Baxtiga bor erur bu bayram, bu to‘y —
Sivizg‘a taratgan sokin, g‘amgin kuy
Va olam titrashi — erlar raqsidan…
Ispaniya! Sen bilan men tag‘in mastman!
Ilohiy orzular gulin erkalab,
Viqorli Pireney qirralarida
Sening siymong yana turibdi porlab.
Afsus, hayot tindi Madrid bag‘rida,
Tindi u bo‘ronlar girdobi aro,
Dolores Ibarruri unda yo‘q,ammo
Tirik xalq qo‘shig‘i! Omondir boshi!
Raqs et, Ravel!
Boshla, qudratli raqsing,
Raqs et, Ravel!
Raqs et, ey ispan do‘stim!
Sen ham aylan, tarix — tegirmon toshi.
Tegirmonchi bo‘lgin shunday vaqtda sen!
O, bolero, qutlug‘ janglarning raqsi!
______________
* Bolero (isp. Bolero) — taniqli frantsuz kompozitori Moris Ravel (1875 — 1937) tomonidan 1928 yili katta orkestrga mo‘ljallab yozilgan, ikki asosiy ohangning qayta-qayta takrorlanishi, har safar yangi cholg‘ular qo‘shilishi tufayli eshituvchini rom etadigan sehrga ega va ijro maromidan kelib chiqib 15-18 daqiqa davom etadigan o‘ta shiddatli musiqiy asarning nomi.

HALI QIShLOQ UZRA OQARMADI TONG

Hali qishloq uzra oqarmadi tong,
Hali bog‘da uxlar shoxlar soyasi,
Hali oy ostida cho‘milar bu on
Muzlagan daraxtlar, o‘tlar dunyosi.
Juda erta tushdi yangroq qish bunda,
Shaffof nur qo‘ynida edi chorbog‘lar, —
Aqldan ozdiyu shamollar tunda,
Qor tushib, oqardi yana yaproqlar.

Boqaman o‘ylarga cho‘mib, darchadan
Qo‘shni mahallaning tomlari tomon.
Tip-tiniq gulxanga o‘ranib olgan
Quyosh chiqib kelar erinchoq, bejon,
Keksa qayinlarning qora shoxlarin
Oppoq shohilarga o‘raydi qorlar.
Olislardan kelar bo‘ron lashkari,
Sovuq billurlarga chulg‘anar bog‘lar.

Mening qari itim sergak va hayron,
Oyning shu’lalari yaltirar qorda.
Sezaman: yuragim bilan sovuq tong
O‘rtasida sirli bog‘liqlik borday.
Qishning ayni shunday uzun kunlari
Muzlayotgan o‘tlar qo‘ynida har on
Ilhomning abadiy kuch va qudrati
Butun erki bilan bo‘lar namoyon.

Xurshid Davron tarjimasi