German Yevgenevich Vlasov 1966 yili Moskvada tug‘ilgan. Moskva davlat universiteti filologiya fakultetini tamomlagan. Ingliz, belorus, gruzin, ukrain, o‘zbek adabiyotidan tarjimalar qilgan.
LAYLAK
Men ko‘za emasman
tiqmoqchi bo‘lgan
jigari tumshug‘ingni
ushlaymanu qirqaman
oppoq qanotlaringni
shunda yostiq jildida
dog‘i qolgan qaynoq qonlaring ila
kim bo‘lib uyg‘onarsan
* * *
Ortga qaytmas bir tongotarda
ifodada so‘zlar behuda,
vodarig‘ki xuddi stol ustida
oq sichqonlardek bo‘lganmiz juda.
Biroq ko‘zni qamashtiradigan
keskir shu’la taralsa shu zum.
Nima qildik bo‘g‘ib o‘ldiradigan
o‘lim yo‘q bo‘lsa-chi, o‘lim?
Faqat tajriba – qiyos o‘g‘li,
va taxmin qilmoqlik oxiri:
hayratsiz kechmagay umr yo‘li,
bolakay, tushunasanmi buni?
Nima gaping bor qo‘riqchiga
ikki yengli maxluq beozor,
qo‘rqqaningda daming ichingga
ruhga tilmoch bo‘lolmas izhor.
* * *
Yasnaya*dan ketmoq muqarrar yozig‘
abadga xayrlashing tiriklar so‘ngbor
olqish senga muzlab yotsang-da oziq
g‘ildiraklar yo‘lni o‘lchaydi qahhor
oy yo‘llarni hali kumushlantirar
ayoz kokillarni bo‘yaydi oqqa
temir yo‘l ohanrabo oldga intilar
qaychi ham yo‘q bu yo‘llarni kesmoqqa
chechan bichiqchining mohirligi sir
qor ko‘ylagin qanaqasin tanlaysan
yashash ari inin siyraklamoq kabidir
qish rohati abasligin anglaysan
evoh fursat o‘tdi iz qoldi faqat
oynalarda paravoz tutuni kezar
ostiga olgancha yelar temir musibat
narkoz bermasdan kesar
indamay ketolmadi ketayotgan zot
sutrang qor Astapovo*ni tashlagan ko‘mib
xohlamas ketayotgan bermoqqa javob
donishmand haqiqatdan ko‘z yumib
____________
*Yasnaya – Yasnaya Polyana L.Tolstoy tug‘ilgan va yashagan, umrining oxirida tashlab ketgan qishloqning nomi. Shoir so‘zning lug‘aviy ma’nosiga ham e’tiborni qaratadi.
*Astapovo – temir yo‘l bekati, Lev Nikolayevich yo‘lda, poyezdda shamollab qolib, shu joyga tushishga majbur bo‘ladi va tuzalmasdan vafot etadi.
Rus tilidan Vafo Fayzulloh tarjimasi