Boris Zaxoder (1918-2000)

Boris Vladimirovich Zaxoder (9 sentyabr 1918, Kagul, Bessarabiya — 7 noyabrya 2000, Moskva) — rus bolalar yozuvchisi, shoir, tarjimon, stsenarist. Rossiya Federatsiyasi davlat mukofoti laureati (1999).

NIMA GO‘ZAL DUNYoDA?

Bexosdan berib savol,
Bolapaqir qildi lol:
– Nima go‘zal dunyoda,
Hammasidan ziyoda?

Mana sizga masala!
Rosa qildim hafsala.
Varaqlab ko‘p kitobni,
Topolmadim javobni.

Har narsadan ziyoda,
Nima ekan, izlandim.
Kezib poyu piyoda,
Tabiatga yuzlandim.

Daraxtlar qildi xitob,
Maysalar dedi:
– Oftob!
Quyosh nuri dunyoda,
Hammasidan ziyoda!

– Zulmatdan zo‘ri yo‘q-ku! –
Huv-huvlab dedi Ukki.
Yapaloqqush, Ko‘rsichqon
Uni qo‘llashdi shu on.

Bo‘ri, Tulki qad kerib,
Dedi:
– Bepoyon o‘rmon!
Burgut ko‘kda charx urib,
Dedi:
– Musaffo osmon!

– Menimcha, bu joy dengiz, –
Deya Delfin pishqirdi.
– Dumim dunyoda tengsiz! –
Deb Tustovuq qichqirdi.

Kapalakdan so‘rasam,
– Gulchechak, kamalak, – der.
Gulchechakka qarasam,
– Albatta kapalak, – der.

Kimdir ulug‘lar ko‘lni,
Kim abadiy muzlarni.
Kim tog‘larni, kim cho‘lni,
Kim olis yulduzlarni.

O‘ylab qarasam asli,
Ularning barisi haq.
Qushlar, hayvonot nasli,
Daraxt, maysa haq mutlaq.

Mushkul savolga, afsus,
Javob yo‘q, alalxusus.
Nima go‘zal dunyoda,
Har narsadan ziyoda?

SAVOL

Mosh itni ko‘rgan mahal,
Doim boshlanar janjal.
It moshni ko‘rsa agar,
U ham jang bilan tugar.

Oh, nimaga,
Oh, nechuk,
Ular doim
It-mushuk?

MOShNING QAYG‘USI

Yo‘lakda yig‘laydi mosh:
– Xo‘jayinim bag‘ri tosh.
Sosiskadan bermaydi,
O‘g‘irlashga qo‘ymaydi!

Baqavoy dedi:
– Tingla,
Qo‘shig‘imizni angla.
Shaffofdir hovuzimiz,
Shundan sho‘x ovozimiz!

O‘RIK VA MEVALAR

Qaysi meva eng shirin?
Ona dedi:
– Apelsin!
O‘g‘il o‘rik, der nuqul,
Otaga tarvuz ma’qul.
Qiz uf tortib dedi:
– Bas!
Eng zo‘r meva – ananas!
Ananasmi?
Apelsin?
Tarvuzmi?
O‘rik shirin?
Bu savolning bichimi,
Shundoq bo‘lar yechimi:
Sarxil meva tozasi,
Shirin bo‘lar mazasi!

TULKI VA KO‘RSIChQON

– Horma, Ko‘rsichqon,
Uying zo‘r bo‘pti.
Faqat yo‘lagi
Biroz tor bo‘pti!
– Bilsang, Tulkivoy,
Yo‘lak joyida.
Yovni qo‘ymaslik
Bizda qoida!

IKKI QO‘ShNI

Yashar ekan mushtumzo‘r –
Ikki qo‘shni odamxo‘r.
Odamxo‘rni odamxo‘r
Ziyofatga chorlapti.
Lekin qo‘shni odamxo‘r
Mehmon bo‘lib bormapti.
– Ziyofat-ku yaxshi-ya, –
Odamxo‘r dermish kulib. –
Lekin bormagan yaxshi
Mehmonga yemish bo‘lib!

BEChORA ShER

Dadam sovg‘a qildi Sher,
Qo‘rquvdan tepchidi ter.
Ikki kun turdi butun,
Sindirdim uchinchi kun!

UKKI

Dunyoda eng dono qush Ukki,
Ko‘p tinglaydi, juda bilag‘on.
Lekin o‘ta kamsuxan, chunki –
Bilag‘onlik qilmas hech qachon.
Kamsuxanlik Ukkiga nisbat,
Ba’zilarda yo‘qdir shu xislat!

YoTAG‘ON TYuLEN

Tyulen uzzukun yotar,
Hamma hayratda qotar.
Nahotki tegmas jonga,
Qarab yotish osmonga?
Afsus, tyulen yurolmas,
Bizga hamroh bo‘lolmas!

KUChUKChA

Tinmay hurar kuchukcha,
Unda shunday tushuncha:
Kim ko‘p hursa, yutuq naqd,
Engib chiqar hamma vaqt!

VANKA-TO‘QIShOQ

O‘yinchoqlar egdi bosh,
Qo‘g‘irchoqlar to‘kdi yosh.
Gursillab tushdi shu choq,
Erga Vanka-to‘qishoq.

Matryosha yodga chopdi,
Darhol paxta-bint topdi.
Vanka o‘rnidan turdi,
Ayyorlik bilan kuldi:

– Buncha shovqin nimaga?
Kerak emas enaga!
O‘zim shunday yuraman,
To‘qishsam ham turaman!

EGOR HOVLIGA ChIQSA…

Hovliga chiqay desa,
Itdan qo‘rqadi Yegor.
Eshik oldiga kelsa,
Tishlab olsa-chi Trezor?

Uyga kirishga esa,
Qo‘rqib turibdi Trezor.
Mabodo uyga kirsa,
Xafa qilsa-chi Yegor?

YoMG‘IR

Yomg‘ir qo‘shiq kuylaydi,
Chak, chak…
Nelar deya so‘ylaydi,
Chak, chak?
Bu qo‘shiqni kim bilar?
Uni tushunar gullar,
Bahorning yaproqlari,
Yam-yashil o‘tloqlari!

QALDIRG‘OCh

Uchib ketgan qaldirg‘och,
Qayda bo‘lsang qaytib kel.
Biz tomonga tezroq shosh,
Eshik qoqmoqda aprel.

Bulutlar ko‘ksin tilib,
Shamollardan g‘olib kel.
Qaytganingda albatta
Bahorni ham olib kel!

Ruschadan Nurulloh Oston tarjimasi