Iran G‘ayib (1947)

Iran G‘ayib – Iranbek Abitay o‘g‘li O‘razbayev (Iran-G‘ayыp Әbіtayulы) 1947 yil Qizilo‘rda viloyati Sirdaryo tumanida tug‘ilgan. Shoir, dostonnavis. Politexnika institutining Tog‘-kon fakultetini tamomlagan, Moskvadagi Oliy adabiyot kurslarida o‘qigan.
«Qo‘rqitning qabri» kitobi uchun Qozog‘iston Davlat mukofotiga sazovor bo‘lgan.

SAKKIZLIKLAR

Attang-ay!
Barin kech bildim, –
Sehr taratgan sozmiding?
She’riday o‘tli Pushkinning,
Iforlar sochgan yozmiding?
Yashirgan qayg‘u-nolasin,
Uloqday uchrading, o‘, qanday!
Yotsinib, hurkib qarashing, –
Dantesning otgan o‘qinday!

* * *

Endi, qalqam, yo‘q odamsan men uchun,
Men ham yo‘qman, baxting-taxting kelishsin.
Bir tuproqdan yaralganmiz ikkimiz,
Topishdik-u, topolmadik baxt uchin.
“Menikisan…”, “Senikiman…” dedik chin,
Izimizda nelar qolgan, o‘ylagin.
Yo‘q duldulga minib olgan yuragim,
Ko‘p zorlanmay, yupat deb ham so‘ragin.

* * *

O‘tgan umrim – ko‘rgan tush,
O‘tdi, ko‘rdim, bas qildim.
Tushdagilar o‘ngmi deb,
O‘tgan kunga tikildim.
O‘tgan kunlar – o‘kinch,
Kelyotgan kun – ajoyib.
O‘kinchlar ko‘paymoqda,
Ajoyiblar ozayib.

* * *

O‘lmaslik-chun kurashaman o‘la-o‘lguncha,
Qani kim bor kurasha olsa xuddi mencha.
Emlanaman, emlayman jon yarasin,
To bo‘ynimga vaqt quruq ilmaguncha.
Men umr surgim kelmas o‘lmoq uchun,
Ibrat bo‘lib qolsin, mayli, mening ishim.
Sutdan oq, qordan oppoq bo‘lmog‘im shart
Qora yerning ostiga kirmoq uchun.

* * *

Kelmoq uchun ketmoq kerak, deding sen,
Qadrimga ham yetmoq kerak, deding sen.
Yo‘lin topib, qilov solmay ko‘ngilga,
Qilko‘prikdan o‘tmoq kerak, deding sen.
Ko‘p gaplarni aytmoqchiyding, to‘silding,
Chorasizda chiqqanin ko‘r esimning.
Taqdir muhri peshonamga bosildi,
Taqdir muhri – qora xoli ko‘ksingning.

Muzaffar Ahmad tarjimasi