1953 yilda tug‘ilgan. Qoraqalpog‘iston xalq shoiri. Nukus Davlat pedagogika institutining filologiya fakultetida o‘qigan. Shoiraning “Yoshligim mening”, “Uch ovoz qo‘shig‘i”, “Parizod”, “Azizim” singari she’riy to‘plamlari hamda pesa va qissalardan iborat qator kitoblari chop etilgan.
Nabiyra Toreshova ayni paytda, “Amudaryo” jurnali Bosh muharriri o‘rinbosari lavozimida ishlamoqda.
O‘ZLIGIMIZ
Dunyoda millat ko‘p, dunyoda xalq ko‘p,
Bari – odam o‘g‘li, lekin farqi ko‘p.
O‘zlik amali yor, fe’lli, zalvorli,
O‘zlik kelbati bor, nomusli, orli.
Har bir xonadonning tutimi o‘zga,
Libosi, bezagi, yer, qumi o‘zga.
Yon qo‘shning – jon qo‘shning, deyishar bizga,
Har birining mehmon kutumi o‘zga.
Barimiz – ildizi bir turkiy avlod,
Har birimiz tuzdik bir makon obod.
Ota meros g‘urur, sha’nimiz birdir,
To‘lib-toshgan o‘zlik – qalblarda nurdir.
Qoraqalpoq qalpog‘idan bo‘ylashib,
Ko‘hna yo‘llar kechayotib so‘ylashib,
Ming yilliklar o‘tayotir siylashib,
Qadim-qadim tomirlarni iylashib.
Orolbo‘yin ota makon aylagan,
Issiq qoni yuraklarda qaynagan.
O‘z uyini qushlar tashlab ketmadi,
Bobolarim ko‘zim yoshlab ketmadi.
Biroq, ketgan qaytdi tuproqqa yana,
Ajdodlar chorlagan quchoqqa yana.
O‘zga yurtda topolmadi chin makon,
Topolmadi bunday havo, bu osmon.
Bu makonga tinchlik urug‘in sochib,
Elboshilar elim, deya yo‘l ochib,
Shu yo‘l tortib, yetib keldik hurlikka,
Nima yetsin bu jahonda birlikka?!.
Xalqim, yorug‘, to‘kis, to‘lin oylaring,
Sening bilan ezgu ishga boylandim.
Tengligimiz dunyo turgunicha, bil,
Qoraqalpoq otli oltin zarkokil!
USTOZ ZULFIYaGA
Odamzod makoni shu ona yerdan,
Gullolasi kabi yaralding nurdan,
Ko‘ngillarga yorug‘ his solib sirdan,
Yulduzli osmonda javlon urgan qiz.
Ko‘p ekan dunyoning g‘alayonlari,
Goh og‘uli, goho shirin onlari,
Bitaversa, qani, dil armonlari,
Barisi qalbida yig‘lab turgan qiz.
Bahor gullaganda ishq yolqinida,
Yordan ayro tushib, qora toshqinda,
Yuragi o‘rtanib, kun ila tunda
Olimjonni yodlab, qo‘shiq yozgan qiz.
Ikki qo‘lda, ikki farzand yetaklab,
Yana xalqqa kuylar to‘kding etaklab,
Yor ixlosin yuragingga madadlab,
Sadoqatning suvratini chizgan qiz.
Neki og‘ir yuklar ortingda endi,
Baxt – iqbol yulduzi yarqirab yondi,
Vatanini suyub, har dam suyundi,
El mehrini ich-ichidan sezgan qiz.
Barcha onalarning onasi kabi,
Muhabbat gultoji, donasi kabi,
Qo‘shiq dunyosining lolasi kabi
Zulfiya ismli davru davron qiz.
* * *
Mehrda ham noz qalqir
Ko‘zingning qiyig‘ida.
Yuzlaringda yoz qalqir
Nur o‘ynab miyig‘ingda.
Sozga berding kuch va his
So‘ylattirmoq ishqida.
Yuzga berding toza tus
Sir olmoqlik mashqida.
Sabrlaring sitarman
Kimligimni bildirib.
Qarmog‘ingga ketarman
Naq tilingdan ildirib.
YaXShI SO‘Z
“Yaxshi so‘z – jon ozig‘i”, –
Ko‘ngillarning yozig‘i.
Hech kimsani ko‘zdan qochirmay
Band etarlik qozig‘i.
“Yaxshi”, desa qizingni,
Yuzing yashnaydi gul-gul.
Ardoqlasa qo‘shningni
Dildan dard arir butkul.
“Yaxshi”, desa o‘g‘lingni,
Bo‘lkillaydi bovuring.
Elkangdagi yuklarning
Bilinmaydi og‘iri.
“Yaxshi”, desa yoringni,
Butun olam gullaydi.
Ayamaysan boringni,
Sevinchlaring sellaydi.
“Yaxshi”, desa ishingni,
Yana toshib ketasan.
Charchoq nima sezmasdan
Manzilingga yetasan.
Yaxshi so‘z – jon quvvati,
Yuragingni toshtirar.
Yaxshilik – qo‘sh qanotli,
Dunyoga gul ochdirar.
Qoraqalpoq tilidan Oygul Suyundiqova tarjimasi.
AZIZIM
Turkum
* * *
Umr fasli ham qiyomdan o‘tdi,
Oldda turar qo‘l yetguday yer.
Tosh, temirni yemirgan vaqt ham
Bizning umrimizni yemirar.
Xizmat etdik yaxshilik uchun,
Biz tiladik toza yurakni.
Ham uchirdik halollik qushin,
Yozib unga orzu-tilakni.
Hali oldda ko‘pdir ishimiz,
Kutayotir yukning yarmisi.
Bitirish shart sarflab kuchimiz,
Sabab – zarur xalqning olqishi…
Azizim!
* * *
Yaxshi ketib boradir,
Yomon ketib boradir.
Yolg‘on dunyo – bepoyon,
Tolgan ketib boradir.
Kimlar yetdi manzilga,
Kimlar yo‘lda yiqildi.
Umr degan hazilmi:
Kim uqmadi, kim uqdi?
Es-aqlli butunni
Mehnat ila siyladi.
Chalalarga do‘q qilib,
Pishmaguncha qiynadi.
Dunyo munis onadir,
Taqdir sinchi otamiz.
Farosating panadir,
Uysizlig‘ing xato ish.
Ardoqlaylik dunyoni,
Qadrlaylik umrni.
Yaxshiliklar makoni –
Jam qilolsak ko‘ngilni…
Azizim!
* * *
Bu dunyoda kerak emas odam yo‘q,
Bu dunyoda tushuniksiz zamon yo‘q,
Lek, bandasin, tushunguday chaman yo‘q,
Sabab, dunyo rangi alvon-alvondir.
Maqsadsiz yaratmas bitta daraxtni,
Yaratganning juda hazili qattiq,
Bir kunning yarmi – bulut, yarmi – yoqti,
Sen – qilichsan, ular esa polvondir.
Bekorga kuyasan, bekorga yonib,
Qiyin kechmishingdan nolib tuyinib,
Ko‘rsang aql bilan agar o‘ylanib,
Shu qiyin kunlaring senga darmondir.
Xom sut emgan banda, xomlik etarsan,
Jahonga sig‘mas manmanlik etarsan,
Tor yerlarga sig‘may torlik etarsan,
Oqibat barchaga mehnat armondir.
Sen undan ranjima, ziyon etdi deb,
Ko‘p yillarim xorlik bilan o‘tdi deb,
Yo‘qotganingdan ham topganlaring ko‘p,
Ish odamdan, bir Ollohdan farmondir.
U ham yozmishining buyrug‘in qilar,
Yo‘llarda shaytonning o‘yinin qurar,
Taqdir egang seni o‘shandoq sinar,
Uni g‘anim degan o‘ying yolg‘ondir.
Bor ishin tushunmoq qiyin falakning,
Sen ham bilay degan biri halakning,
“Dunyo behisht bo‘lsa…” deb ta’ma etding,
Avval-oxir dunyo shunday qolg‘ondir…
Azizim!
* * *
Taqdir yo‘lim xo‘b saboqli,
G‘arib qalbim ming quroqli,
Sobit dilimda saboqli
Shirin jonim toshdan ekan.
Har qadamda ming bir so‘roq
Boshga qorday yog‘ar har choq,
Javob beray desam, biroq
Izohlari doston ekan.
Savollarga javob izlab,
Haqqa to‘g‘ri yo‘lni ko‘zlab,
Yurayin Haq so‘zni so‘zlab,
Nasibamga sochgan ekan…
Azizim!
* * *
Qayg‘umni hech bilmas dema,
Ko‘rib ko‘zga ilmas dema,
Girdoblarga tushsa kema
Qayg‘u atanni cho‘ktirarkan.
Ishlaganing el xizmati,
Senga ko‘p izzat-hurmati,
Yaxshining kelsa kulfati –
Umr sinovdan o‘tkazarkan.
To‘ntarsa taqdir qayig‘ing,
Kimga qo‘yarsan ayibing,
Qani qadim Edil – Yoyig‘ing,
Haq hukmini bitkazarkan?!.
Ko‘rganimiz, ko‘rarimiz,
Bilganimiz, bilarimiz,
Oydin bo‘lsa borarimiz,
Manzilga ham yetkazarkan…
Azizim!
* * *
Sinovning kattasi oldinda ekan,
Og‘zimga boqadi ming-minglab ko‘zlar.
Biroq, sen qisinma azizim, erkam,
Xomak so‘zni aytib ko‘rmadik bizlar.
Kuzatgan ko‘zlarga, nurlarim berib,
Umr guzarlarin oydin etarman.
Taqdirning bebaho durlarin terib,
Sening hayotingni bezab ketarman…
Azizim!
Qoraqalpoq tilidan Muzaffar Ahmad tarjimasi