1948 yilda Chimboy tumanida tug‘ilgan. 1975 yilda Nukus Davlat pedagogika institutini tugatgan. “Oraliqlar”, “Vaqt minorasi”, “Unutilgan oy”, “Mening derazalarim”, “Oroldan keldim”, “Ko‘ngil mulki” kabi she’riy kitoblar muallifi. Ayni damda Qoraqalpog‘iston Yozuvchilar uyushmasi raisi. Qoraqalpog‘istonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist.
TUG‘ILGAN TUPROG‘IM SO‘QMOG‘I
Sovuq kuz ruhimga sanchilar chim-chim,
Bulutlar – kechikkan karvon emasmi?
Ufq jiyagida sarobdek ohim
Ko‘nglimdagi qat-qat armon emasmi?
Mana, mezon o‘tdi. O‘rladi aqrab,
Shimoldan izg‘irin shamollar esdi.
Negadir yuragim o‘rtandi qaqrab,
Chimboy so‘qmoqlari yodimga tushdi.
Bir ovchi yo‘qotgan po‘lat pichog‘in
Kutilmagan yerdan topgani kabi.
Yuz yil suv chiqmagan cho‘llarda tag‘in
Oqin suvlar toshib chopgani kabi.
Umr o‘tayotir bir shirin tushdek,
Ko‘nglimda orzular o‘sdi barq urib.
Xayolim misoli bezovta qushdek
Nimanidir izlab, uchdi charx urib.
Ko‘ngil alg‘ov-dalg‘ov, xotira og‘ir,
Shu olis yo‘llarda yo‘qotdim neni?
Dedi: “Qadamingga bosaman bag‘ir”, –
Chimboy so‘qmoqlari chaqirdi meni.
BOLALIK SO‘QMOG‘I
Xushbo‘yli maysalar, yam-yashil olam –
Bahorda to‘shalgan gul patli gilam,
Senga qaytgim kelib, qo‘msayman har dam,
Yalang oyog‘imga tor bo‘lgan so‘qmoq.
Shod edik. Kun uzun, ko‘ngil to‘q edi,
Loyqa ariqlarda suvlar ko‘p edi,
Yuraklarda sira g‘ubor yo‘q edi,
Yozda tuproq, qishda qor bo‘lgan so‘qmoq.
Uydan so‘ng bedazor, polizga dovur,
Ko‘z ilg‘amas olis-olisga dovur,
Kakku sayragandan, to kuzga dovur
Yugurib tovonim yorilgan so‘qmoq.
Azizdir tepasi, chuquri, qiri,
Yurakka tutashgan boshi-oxiri,
Sendan yurgan odamzodining bari,
Har kimga o‘zgacha yor bo‘lgan so‘qmoq.
Goh qumlardan o‘tib, goho soyadan,
Goho tut, qoratol bo‘lib soyabon,
Daraga tushsang ham, oshsang ham dovon,
Daryo kabi mehri bor bo‘lgan so‘qmoq.
Borib jo‘ralarning uyi qoshiga,
Burilib maktabga, ovul boshiga,
To‘qnashishin bilmay taqdir toshiga,
Chorrahaga borib chor bo‘lgan so‘qmoq.
Tor so‘qmoqda to‘qishtirgan boshlarin,
Sog‘inib kelganman, qayda do‘stlarim,
Ko‘z o‘ngimdan o‘tkazib bari-barin,
Seni quchoqlashga zor bo‘ldim, so‘qmoq.
YoShLIK SO‘QMOG‘I
Qachon yurgan edim, bilmam, izingdan:
Ko‘ngil bergan dushvor ko‘ngil topmog‘i,
Qancha orzu-armon ko‘rdim o‘zingdan,
O, meni chorlagan yoshlik so‘qmog‘i.
Uzoq o‘ylanibman sochimni tarab,
Bir kuni negadir oynaga qarab,
Yuragim o‘rtandi bir nima so‘rab,
Sarobdek porlagan yoshlik so‘qmog‘i.
Ko‘rsam qizil guldek nozanin qizni,
Xayol olib qochdi, unutdim o‘zni,
Go‘zallik mahliyo ayladi bizni,
Yurakka o‘rlagan yoshlik so‘qmog‘i.
Lol aylab, sumbul soch, lola yanog‘lar,
Qalam qosh, xipcha bel, g‘uncha dudog‘lar,
Sohibjamol qizlar – baland dimog‘lar
G‘o‘r qalbni “xo‘rlagan” yoshlik so‘qmog‘i.
Duch kelib muhabbat atalmish tuyg‘u,
Dildan orom qochdi, yo‘qoldi uyqu,
Ko‘kdan oyni olmoq – xomxayol qayg‘u
Necha yil o‘rtagan yoshlik so‘qmog‘i.
Uzoq sirlashuvlar, oshiq-ma’shuqlar,
Ko‘ngilda ochilgan oltin eshiklar,
Maktublar, ilk she’rlar, to‘ng‘ich qo‘shiqlar
Bulbuldek zorlagan yoshlik so‘qmog‘i.
Sog‘inchu hijronni solib oraga,
Orzuga ergashib ketgan qal’aga,
Qara, tanirmisan, qora bolaga,
Necha yil ko‘rmagan yoshlik so‘qmog‘i.
UMR SO‘QMOG‘I
Men bosib o‘tgan yo‘l, men yurgan ko‘cha,
Yillarim tuyalar misoli ko‘cha,
Qissamni so‘ylasam, necha ming kecha,
Badavlat karvonim – umr so‘qmog‘i.
Bu yo‘lda kimga or, kimga ot talosh,
Kimga hayot talosh, kimga zot talosh,
Necha tulpor talosh, necha ot talosh,
Kurashim, isyonim – umr so‘qmog‘i.
Sen telba dengizsan, ufurgan to‘fon,
Ko‘z yumib ochguncha boshlangan bo‘ron,
El-yurtim kechirgan ne davru davron,
Hasratim, armonim – umr so‘qmog‘i.
Kim otni qamchilab, dov boshlab keldi,
Kimdir to‘nin yechib, po‘st tashlab keldi,
Kim yig‘lab, o‘ksinib, ko‘z yoshlab keldi,
Hamrohim, hayronim – umr so‘qmog‘i.
Kimni yetaklading cho‘qqiga tomon,
Kimni manziliga yetkazding omon,
Tashvishing, azobing ko‘pligi yomon,
Murakkab dovonim – umr so‘qmog‘i.
Azaldan Yaratgan chizib bergandi,
Taqdir peshonaga yozib bergandi,
Kimga tor, kimga keng – jozib bergandi,
Makri ko‘p jononim – umr so‘qmog‘i?
Zimmamga yuk joylab turibman hozir,
Safarga ot shaylab turibman hozir,
Xizmatga bel boylab turibman hozir,
Davronim, zamonim – umr so‘qmog‘i.
KO‘KLAM YoMG‘IRI
Ko‘kni gumburlatib bir og‘ir karvon,
Yoppa yopirildi ellar ustiga.
Dovuli, quyuni, seli sho‘x, shodmon,
Chelaklab suv quydi cho‘llar ustiga.
Olloh marhamatli, mehrli g‘oyat,
Borliqqa “Uyg‘on” deb payg‘omi keldi.
Qumda bir gul ko‘rdim – kuylaydi hayot,
Yomg‘irda tabiat ilhomi keldi.
Ayoz tutqunidan qutuldi dunyo,
Tuproqqa jon bo‘ldi ko‘klam yomg‘iri.
Bosh ko‘tardi quyosh nuridan giyoh,
Tomirga qon bo‘ldi ko‘klam yomg‘iri.
* * *
Ko‘paya boshlaydi chorva o‘zidan,
Bepoyon kengliklar ochadi quchoq.
Maysaga intilgan sovliq izidan
Ma’rab yuguradi barra qo‘zichoq.
Cho‘pon do‘stim!
Sahar shoshilding qayga?
O‘t izlab yer hidlar yaylovda suruv.
Maysalar chiqdimi Qamishli uyga, —
Degan o‘y ko‘nglingga soldimi g‘ulu?
Ayvonga suyanib turgan belkurak,
Yuzing yaltiraydi misli oy kabi.
Suvchi do‘stim tezda uyg‘onish kerak,
Suvni sarflamasin Hotamtoy kabi.
Dehqon do‘stim!
Etdi deya fursati,
Temir tulpor tongda kishnaydi “dir-dir”,
G‘animatdir ko‘klam vaqti soati,
Qopda urug‘ dilgir, dalalar dilgir.
Hoy kayvoni singlim,
Ovsinlaringni
Sumalakka chaqir, qozon kavlasin.
Jamla ovul-elni, qo‘shnilaringni,
Baham ko‘raylik-da ko‘klamning oshin.
Qayerdasiz yoshlar,
Oshiq-ma’shuqlar,
Quyuq soya soldi tollar yaprog‘i,
Nega uchrashmaysiz aytib qo‘shiqlar,
Bahor oqshomida oy to‘lgan chog‘i?
Xey, shoir!
Qo‘lga ol yangroq toringni,
Chorla farishtangni, ilhom parisin.
Kuyla to‘lib-toshib dilda boringni,
Tinglab yurakdagi dardlar arisin.
* * *
Ko‘klam nafasidan uyg‘ondi gullar,
Daraxtlar ketma-ket uyg‘onaverdi.
Uyg‘ondi yuz yil suv ichmagan cho‘llar,
Olam o‘sma qo‘yib, bo‘yanaverdi.
Uyg‘ondi dalalar, uyg‘ondi bog‘lar,
Oq qalpog‘in yechib, terladi tog‘lar,
Yomg‘irlar suvidan yuvildi dog‘lar,
O‘rmonlar yashil to‘n – to‘yona berdi.
Suvlar loyqalanib, mavjlanib oqdi,
Cho‘llar hazorisband munchog‘in taqdi,
O‘rdak, g‘oz shoshilib qanotin qoqdi,
Ko‘llar ham chayqalib to‘lg‘anaverdi.
Yigit-yalang yechib qishki kiyimni,
Qiz-juvon qirmizi-yashil kiyindi,
Ranglardan dil quvnab, ko‘zlar suyundi,
Qarilar yoshardi, yosh yonaverdi.
Tuslandi dalalar, turlandi ellar,
Xushxabar yetkazdi shoshqaloq yellar,
Yaxshilar orzulab ekkan nihollar
Yaproq yozib, gulga cho‘lg‘anaverdi.
Boshi ko‘kka yetgan novcha oq terak
Osmonga ustundek, zaminga tirgak.
Chayqalib, tebranib, guvlab, gurkirab,
Nozli qiz misoli sollanaverdi.
Navbahor, nimasan? Afsungarmisan?
Olti oy qayerda eding? Bormisan?
Yo sog‘inganimdan bexabarmisan? —
Desam, qovoq uyib, do‘llanaverdi.
AYRONSAN
Kuvida chayqalib, kuvida toshib,
Moy qaymoqdan ayrilganga hayronsan.
Ota-bobom bilan asrlar oshib,
Oqlik deya noming ketgan ayronsan.
Ilk bor bug‘doy eding, balki o‘t eding,
Saharda sog‘ilgan oppoq sut eding,
Ro‘zg‘orga baraka, elga qut eding,
Bizning zamonlarga yetgan ayronsan.
Meshkobdan quyilib kuviga tushding,
Kuvi sopdan obdon tayoq yeb pishding,
Qaymokdan ayirib, yovg‘onga qo‘shding,
Ming bora elakdan o‘tgan ayronsan.
Momolar kelinu qizni jamlagan,
Sut-qatiq, ayronni saranjomlagan,
Bolalarga suzma, qurut g‘amlagan,
Qiz-kelinlar havas qilgan ayronsan.
Tush payti, ayni kun qizigan vaqtda,
Ekinzor boshida, bug‘doy o‘rokda,
Chayqalib qovokda, idish-tovoqda,
Chanqagan dehqonga darmon ayronsan.
Uydan quruq ketmas ayron so‘ragan,
Qo‘shnidan ovulga, elga taragan,
Oq bo‘lib, osh bo‘lib kunga yaragan,
Hamisha xizmatda turgan ayronsan.
Ushbu kun ayrondan ayirib moyni,
Kuvi pishgan kelin nega kamaydi,
El urfin unutma, yurtdosh og‘ayni,
Karimtekli, jonim qurbon, ayronsan.
Qoraqalpoq tilidan Rustam Musurmon tarjimasi
AYLADI
Falak kimni saru samon ayladi,
Ko‘nglimda har kuni fig‘on ayladi,
Ming yil quyosh nurin to‘kib zaminga,
Dashtu sahro-cho‘lni rayhon ayladi.
Olamga keltirdi tog‘larning toshin,
Odam goho kuldi, goh to‘kdi yoshin,
Qaddini tik tutdi, ko‘tardi boshin,
El-yurt berib, davru davron ayladi.
Goho qanotsizga zo‘r parvoz berdi,
Kimga nozik ko‘ngil, yana soz berdi,
Chayqalgan ko‘llarga so‘na – g‘oz berdi,
Yaxshini gohi dam yomon ayladi.
Shodlik bilan birga in’om etdi g‘am,
Hasrat to‘la jomda qatra quvonch kam,
Inson taqdirida barin etib jam,
Tag‘in yuz ming sirin pinhon ayladi.
Qo‘shqanot bermadi, berdi zabonni,
Uchqur xayol berdi va berdi jonni,
Ishq berdi sevsin deb, Vatanni, nonni,
Yana olamlarni kayhon ayladi.
Bizga ham dunyoda navbat kelibdur,
Ming faylasuf o‘ylab sifat beribdur,
Qismatdoshlar bir tashvishga sherikdur,
Ne avlodlar qaddin kamon ayladi.
INONMA
So‘zlarga inonma, so‘zlar aldamchi,
Ko‘zlarga inonma, ko‘zlar aldamchi,
Quyosh bo‘lib boqqan yuzlar aldamchi,
Faqat yuragingga ishongil, jonim!
So‘z bilan suyganlar pand berib ketar,
Ko‘z bilan suyganlar termulib o‘tar,
Chin oshiqlar ishqning qadriga yetar,
Faqat yuragingga ishongil, jonim!
Bahorda ko‘z yorgan yaproqlar yashil,
Kuzda sarg‘ish tortib aylanar fasl,
Toza ishq yurakda yashar muttasil,
Faqat yuragingga ishongil, jonim!
Bul davron o‘tkinchi, o‘tkinchi dunyo,
Orzuga roz aytar turlangan samo,
Sevgining har oni bir mehrigiyo,
Faqat yuragingga ishongil, jonim!
QALPOG‘IM
Magar dard, qayg‘udan bo‘lgansan qora
Yoki bir qushmiding – ko‘ksida yara,
Iqbol daragini moziydan so‘ra,
Taqdiri tarixga ko‘chgan qalpog‘im.
Seni qancha mardlar kiygan esa-da,
Ipagingni qizlar suygan esa-da,
Naqshing olov, cheting kuygan esa-da,
Qoraqalpoq yurtim oshgan, qalpog‘im.
Otingga aylangan xalqimning oti,
Erkinlik qo‘msagan, turkiydir zoti,
Eng ulkan meros sen – bobolar yodi,
Kiyganimda ko‘nglim o‘sgan qalpog‘im.
O‘lchab ko‘rdim seni ne-ne boshlarga,
Odat bo‘lolmading, afsus, yoshlarga,
Kiygizayin desam yoru do‘stlarga,
Ko‘kayimni gumon kesgan, qalpog‘im.
Xalqimning boshida qalpoq cho‘g‘ kabi,
Qalpoq haqida so‘z – qalbim matlabi,
To‘rt burjida titrar gullarning labi,
Nomardlar boshidan yechgan qalpog‘im.
Seni boshga kiygan turkiyning uli,
Doim erkin, yolg‘iz ollohning quli,
Qatimingda talaq zamon dovuli,
Guvillab-guvillab esgan, qalpog‘im.
QAYTADI
Ko‘kda “qur-qurey”lab turnalar qaytdi,
Shamollar sog‘inish qo‘shig‘in aytdi,
Seni, qorako‘zim, nelar munglatdi,
Munglanma, bahoring keladi yana.
Nega ko‘ngling dog‘li, ko‘zlaring yoshli,
Muhabbat bir totli azobdir, asli,
Gullar g‘uncha bog‘lab oshiqlar fasli,
Jonajon bahoring keladi yana.
Soy bo‘yiga boshlab qildek so‘qmoqlar,
Tag‘in gul ochilib, uyg‘onar bog‘lar,
Nafis yomg‘irlarga chayilib dog‘lar,
Sen kutgan bahoring keladi yana.
Aytgil, vafo bormi toju taxtlarda,
Tonggi dardlarni ko‘r tungi baxtlarda,
Dunyodan umidni uzgan vaqtlarda,
Sog‘ingan bahoring keladi yana.
Qoraqalpoq tilidan Salim Ashur tarjimasi
DARG‘A
Toshqin daryo,
Omonat qayiq,
Uriladi qirg‘oqqa to‘lqin.
Yana yelkan qanotin yoyib,
Dovullarni chaqirar betin.
Chayqaladi
Qayiq tinimsiz,
Vahimali yeladi shamol.
Ko‘k ufqida bulut qo‘nimsiz,
To‘sar quyosh yuzini alhol.
Ko‘ngillarda havotir, hadik
Chayqaladi to‘lqinlar kabi:
“Bir omonat qayiqdan qoldik.
Ketmoq kerak bir manzil sari”…
Uyg‘onadi shunda bir havas
To‘lqinlarning shashtidan o‘zgan:
– O‘tiringlar! Vaqtimiz oz, bas,
Fursat yetdi, jo‘naymiz tezdan.
Bu darg‘aning duosi erur!
Ishontirar qalbimni manim,
Qo‘l siltanglar, dillarda surur,
Manzil olis, oshiqing, qani!
Suza boshlar omonat qayiq,
Atrof to‘lqin, misoli tuyg‘u.
Ko‘ngillarda umidlar to‘liq,
Chekinadi nariga qayg‘u.
Manzil olis, saflarda suzmak –
Manglayimga bitilgan taqdir.
Orzularga to‘ladir yurak,
Menga armon tin bermas, axir.
Shundan turib har tongda, sahar
Fikrim ulug‘ safarda, olg‘a.
Safni olis manzilga boshlar
Yo‘l boshlovchi,
Yashasin darg‘a!
O‘ZGALARNING…
O‘zgalarning izidan bordim,
Emroga ham o‘xshagim keldi,
Kuylariga dil havas berdi,
Oshiqlarga mengzadim, boqdim,
Qalam yo‘nib, jonimni yoqdim,
Dil Emroday bo‘lolmas edi.
Bo‘lgim keldi Ajiniyozday,
Shirin suxan, jarangli sozday.
Tamom o‘zga chiqdi ovozim,
Yozganlarim qora so‘z yo jim,
Qo‘shiq emas, soxta pardozday.
Shunda sayrab bir qush qalbimda,
O‘xshagim kelmadi hech kimga.
Yozganimdan hech or qilmasman,
Kamim bo‘lsa, bezakdir menga.
O‘zga o‘zga, o‘zga bo‘lmasman,
O‘zgalarday ayta bilmasman.
UNUTIB KETDING
Qadam qo‘ysam
Qadim so‘qmoqlar,
Tovonimni qitiqlab, deding:
Qora bola, qaylarda eding?
Yodingdami u ajib choqlar,
Axir, bizni unutib ketding!
Bog‘da qari olma daraxti
Yaproqlari sochimni silar,
Shivirlashib o‘tadi yellar,
Taskin berar, ko‘z yoshi shahdi
Oqqanida bunda sel bo‘lib:
Qani go‘zal damlaring, o‘tding,
Sen bizni ham unutib ketding!
Ozod ovul, oltmish xonadon,
Der oqsoqol, so‘zimni kesib:
Seni qo‘msab yashaymiz hamon,
Dim ko‘rinmay ketganing nesi?
Bu yil mana yetmishga yetding,
Sen ovulni unutib ketding?
Qadim so‘qmoq,
Shovullagan bog‘,
Sarkash yellar. Ozod ovuli,
Men sizlarni unutmam,
har choq
Sizni desam, mum kabi bag‘rim
Erib ketar.
Qaytaman bir kun
O, o‘tmishim!
Sen mening qalbim!
Seni qanday unutish mumkin?
Qoraqalpoqchadan Humoyun tarjimasi
VATAN HAQIDA
Olam kezib, dengiz, ko‘llarni ko‘rdim,
Ko‘z ilg‘amas sahro, cho‘llarni ko‘rdim,
Nur-ziyoga tashna ellarni ko‘rdim,
O‘zingdan a’losin ko‘rmadim, Vatan!
Insonning onasi tanho bo‘ladi,
Mardlarning Vatani yakto bo‘ladi,
Sen uchun yuragim daryo bo‘ladi,
O‘zbekiston menga jonajon Vatan!
Do‘stlik, bag‘rikenglik azal-aslingdir,
O‘zbek mehnatkash xalq – qo‘li oltindir,
Eng buyuk boyliging – eling, xalqingdir,
Ona O‘zbekiston – jonajon Vatan!
TEBRANADI BIR TUP QARAG‘AY
Yolg‘izoyoq yo‘lning so‘ngida
Tebranadi bir tup qarag‘ay.
Shamol bilan sirlashar tanho,
Oqshomlari tepasidan oy.
Qarag‘ayning ostida bitta
Bir o‘rindiq turar mung‘ayib.
Yo‘lga dilgir boqar ohista,
Vasl istar barisi g‘oyib.
O‘rindiqqa til bitsa birdan
G‘am-g‘ussasin so‘ylardi yona.
Qanday ayro tushdi diydordan,
Tunga aytar edi afsona.
Oh, kechmishning tilsiz guvohi,
Ma’yus qarar oyning nuriga.
Kim kelsa-da, ochib quchog‘in,
Peshvoz chiqar u huzuriga.
Borsam har gal Do‘rmon bog‘iga,
Chorlar bir tup qarag‘ay meni.
Xushvaqt diydorlashuv chog‘ida
Shu o‘rindiq eslatar seni.
Shovullaydi bir tup qarag‘ay,
O‘tgan kunlar qo‘shig‘in aytib.
Olis diydor kechmish, hoynahoy,
Bilgum, endi kelmaydi qaytib.
KARVON VA IT HAQIDA
Rivoyat
Katta yo‘ldan tinmay karvon,
Kecha-kunduz yurar ekan.
Ola ko‘ppak kuydirib jon,
Shu karvonga hurar ekan.
Karvonboshi o‘z manzilin
Ko‘zlab yo‘lda borar shoshib.
Ola ko‘ppak bilmay holin,
Huraverar haddan oshib.
Bu bir qadamiy rivoyat,
Ming yillarkim aytiladi.
Hoy, birodar! Bu chin hayot,
Goh-goh unga qaytiladi.
Umring – sinov, sirli manzil,
Bu yo‘lda yo‘lovchi inson.
Manzilga yetguncha har xil
Itlar uchrar, bo‘lma hayron.
Yo‘ldan karvon o‘taverar,
Goh sokin, goh jadal yurib.
Hayot davom etaverar,
Qolaverar itlar hurib.
Itlik qilib hurmasa u,
Ajablanib qarar edik.
Gapimizga berib urg‘u –
Essiz shu ham itmi derdik?..
Shuning uchun har bir zamon,
Karvon kelib-ketaverar.
Ranjib xafa bo‘lma, inson,
It-itligin qilaverar.
NAVOIY HAZRAT
Kim u – qushlar tilini bilgan?
So‘z ishqida bag‘rini tilgan,
Ovozasi bizgacha kelgan,
Aytaman, u – Navoiy hazrat.
Qo‘li ochiq, yuragi saxiy,
Bir shoirkim, qalbi ilohiy,
Yakqalam Dun nazmi saroyi,
– Kim u? – desang, Navoiy hazrat.
So‘z ummonin o‘ktam darg‘asi,
Zamon osha ortar havasi,
Qo‘llab turar bizni nafasi,
– Kim u? – aytay, Navoiy hazrat.
Qalb sandig‘in elga ochgan kim?
So‘z durlarin dilga sochgan kim?
Mol-dunyodan chetga qochgan kim?
– Kim u? – desang, Navoiy hazrat.
Dovruq solib eldan ellarga,
Nomi doston biyron tillarda,
Gul undirgan shaydo dillarda,
– Bu kim? – desang, Navoiy hazrat.
Turk suluvi sochlarin tarab,
Oro bersa til loldir, qarab,
Hayron emish ajamu arab,
– Kim u? – desang, Navoiy hazrat.
Sira tinmay yuk ortilgan nor,
Sas-tovushi so‘nmas jarangdor,
So‘z mulkida buyuk, betakror,
– Kim u? – bilgin, Navoiy hazrat.
SINOAT
Yam-yashil barglarning sarg‘ayishi bor,
Shodlikning ortidan kelar g‘am-g‘ussa.
Oqqan daryo doim oqadi takror,
Yillar o‘tgan sari cho‘kkaydir jussa.
“Tongda chiqaman”, deb botadi quyosh,
Ko‘nglimni titratar ko‘zda tomchi yosh.
Mahshar kuni qayta tirilmoq ayon,
Dunyoda bir marta yashaydi inson.
TAVAKKAL QAYIG‘I
Tavakkal deb qayiqqa mingan odam
Toqat qilmoqdan yo‘q o‘zga chorasi.
Dovuldan yelkanlar titragay har dam,
Ajal domi – suv bilan o‘t orasi.
Bo‘lmasa qayiqning eshkagi, demak,
Baxti – tavakkaldir inson bolasi.
Qo‘llovchi – Allohdan yetsa gar ko‘mak,
To‘kilmas boshidan bir soch tolasi.
AYTGIL, JIYENBAY
Bu dunyo nimadir? Karvon saroymi?
Kelgan-ketganlardan xabar so‘raymi?
Bir fursat to‘xtab, men ortga qaraymi?
Bilsang, javobini aytgil, Jiyenbay.
Qani g‘uncha ochgan gul, bahor fasli?
Ko‘ngil gullarining qizil, yashili,
Sarg‘ayib pishdimi kuzning hosili?
Ortda qancha yo‘llar qoldi, Jiyenbay?
Ranjiganmiding yo desak, yosh shoir,
Nelarga qodirsan chehrangda zohir,
Yosh shoir! – biz uchun armondir, axir,
Ortda qancha yillar qoldi, Jiyenbay.
Adabiyot misli sirli bir jahon,
Azaliy chin oshiq oshgaydir dovon,
Eldan olib elga etdik armug‘on,
Goho nim, goho ko‘ngil to‘ldi, Jiyenbay.
Yo‘l boshlar hamisha karvonning nori,
Sochimizga qo‘ndi yillarning qori,
Buzilmasin sira safi-qatori,
Tanilding eng avval elda, Jiyenbay.
DUNYo IShI
Ey birodar, anglay bilsang,
Asli dunyo butun emas,
Bu maskanda hech bir kimsa
Boqiy qolar ustun emas.
Bundan karvon kelgan, ketgan,
Doim manziliga yetgan,
Yaxshi-yomon – bari o‘tgan,
Dardi olov – tutun emas.
Oy-kunlarning pinhon siri,
Tong otsa kamayar biri,
Oltin-kumush qo‘lning kiri,
Bog‘lab qo‘ygan iting emas.
Orzuing tog‘, havas minor,
Seni omad, sabring sinar,
Umring shisha yanglig‘ sinar,
Misli po‘lat metin emas.
Turfa shakli, rangi-tusi,
Teng kelmas hech tarozisi,
Emassan ko‘ngil qozisi,
Vaqt kelsa yuz-beting demas.
Goh jahling, goh kelar kulging,
Tortib olar bergan mulkin,
Qo‘lingdagi kalit-qulfing
Sandig‘ing yo seyfing emas.
Karomatli dunyo uchun,
Ko‘rib, lol qoldingiz kuchin,
Ketib borar karvon – ko‘ching,
Bir lahza to‘xtayin demas.
ELIM MENING
Meros ota – bobolardan,
Tilim, urfim, naqlim mening.
Amu so‘ngin makon qilgan,
Qoraqalpoq – xalqim mening.
Senda tomgan kindik qonim,
Mehring simirdim men qonib,
Toleim yulduzi yonib –
Tug‘ilgan yurt – elim mening.
Bosgan izim muhrim – tamg‘am,
Boqolmayman senga beg‘am,
Qutlug‘ shonim, rizq-nasibam,
Ota makon – ko‘nglim mening.
Shoir qalbim jon-jahoni,
Musaffodir keng osmoni,
Kiyik-jayronlar makoni,
Dashtu yobon – cho‘lim mening.
Fidodir yurtga jonlari,
Odobli qiz-juvonlari,
Oqsoqol – kayvonilari,
Bag‘rimdagi gulim mening.
Har giyohing Haqdan tortiq,
Odamlaring vazmin, bosiq,
Tomchi suving bolday tansiq
Chanqab kelsam ko‘lim mening.
Qoraqalpoq der nomingni,
Ota yurtim, elim mening,
Karimtekli, shoningni,
Yonib so‘zlar – tilim mening.
DARG‘A
Toshqin daryo,
Omonat qayiq,
To‘lqinlar urilar qirg‘oqqa.
Elkanlar ham qanotin yoyib,
Dovullarni chorlar bu yoqqa.
Tebranadi
Qayiq betinim,
Vahimali uvillar shamol.
Bulut kunning yuzin bekitib
Yashiradi bag‘riga darhol.
Ko‘ngillarda kin va adovat,
Chayqaladi to‘lqinlar misol.
“Qayiq titrab turar omonat,
Qochoqlarga bo‘lgaydir timsol…”
Yangrab qolar shu payt bir ovoz,
To‘lqinlarning sasidan o‘ktam:
– O‘tiringlar! – Vaqt tig‘iz, oz
Fursat yetdi, g‘animatdir dam.
Qarshimizda turibdi darg‘a!
Mag‘rur tikiladi u ko‘lga.
“Qo‘l siltanglar xavfu xatarga,
Manzil uzoq, shoshiling yo‘lga!”
Suzib borar omonot qayiq,
To‘lqinlar-ki… junbushli tuyg‘u,
Ko‘ngllarda uyg‘otib umid,
Chekinadi xavotir – qayg‘u.
Manzil uzoq, suzish serxatar,
Qismat-azal bizga noayon.
Dilda dardim tobora ortar,
Tinchlik bermay qiynar bir armon.
Shu boisdan turib tong sahar,
Otlanaman tag‘in safarga.
Qo‘rqitolmas uni xavf-xatar,
Yo‘l boshlovchi –
Yashasin, Darg‘a!
Qoraqalpoqchadan Ochil Tohir tarjimasi

