Erkali O‘sko‘nali (1958)

Erkali O‘sko‘nali (Erkalы Өskөnaliyev) – 1958 yilda tug‘ilgan. Qirg‘iziston milliy universitetini bitirgan. Shoirning “Yillar – daryo”, “She’rlangan oy” to‘plamlari nashr etilgan.

* * *

Yurak yomg‘ir to‘kkanda,
Ey qiz, chodir tashlarsan,
Bir joduli jilmaysang,
Yil bo‘yi shod yasharman!

Oppoq libos kiygan yer,
Unda o‘zing men suygan.
Asra, senday oychalar,
Ko‘pni avrab o‘ltirgan.

Moviy libos kiygan yer,
Bunda o‘zing men suygan.
Esla, senday kunduzlar,
Ko‘pni aldab o‘ltirgan.

Yurak yig‘lab turganda,
Yuzing burma sen buncha.
Bir o‘ptirib qo‘ysang, bas,
Baxtiyorman o‘lguncha!

* * *

Qulog‘ingga tunda shivirlab,
Gul suratin chizdim so‘z bilan.
Qo‘ynimizda yulduz shig‘irlab
Qanot yozib uchdik ko‘k bilan.

Ko‘ksingdagi oppoq olmani
Ehtiyotlab, qo‘lim yayradi.
Lablaringga labim tekkanda
Eh, muhabbat qushi sayradi.

Qor sochadi tashqarida qish,
Sen aprelni mendan qizg‘anding.
Oqarmagan tunlar oqargay
Oydek yuzi bilan qizlarning!

Qirg‘iz tilidan Shahriyor tarjimasi