Alda Lara (1933-1961)

Alda Lara (Alda Ferreira Pires Barreto de Lara Albuquerque) 1933 yili Angolada tug‘ilgan, 1961 yili vafot etgan. Portugal tilida ijod qilgan.

MEROS

Shaffof billur sirg‘alarimni
eng tuban ko‘chadagi
fohishaga berishni
vasiyat qilaman.

Xayolida
qasrdagi shahzoda kelib
bag‘riga bosishini kutayotgan,
iffatli qari qizga
jimjimador
nikoh ko‘ylagimni meros qoldiraman.

Xudoning borligini
bir umr inkor qilib kelayotgan
do‘stimga vasiyat qilaman tasbehimni.

Kimningdir xavotiri
tasbeh donasiday qator tergan
kitoblarimni
hali bir satr ham o‘qimagan
kamsuqum kimsaga qoldirarman.

Telbavor she’rlarimni,
chorasiz,
muqarrar
og‘riqdan tug‘ilgan,
otash umidlarimga qorishgan
satrlarimni –
senga vasiyat qilaman, sevgilim!

Sokin, taxayyul og‘ushida cho‘kib,
bo‘shab qolgan kulbamga
ruhim adashib kirib qolgan
va sening ko‘zlaringni sekin o‘pgan soatda
sen ko‘chaga chiqqin,
bolalarga sovg‘a qilgin
she’rlarimni
sokin kunlarda…

Karim Bahriyev tarjimasi