Yulian Pshibos (Julian Przyboś; 5 mart 1901, Gvoznitsa-Dolna, Avstro-Vengriya — 6 oktyabr 1970, Varshava) — polyak shoiri, esseshunos, tarjimon va publitsist. Diplomat.
QIShLOQQA QAYTISh
Varshava ko‘chalari qo‘yib yubordi meni,
O‘zining ezgu va aldamchi niyatlari-la,
Endi men yaxshisi daraxt bo‘lg‘uvsi nihol o‘tqazaman!
Tun o‘tdi sayyor bulutlar ostida.
Oyog‘im ostida kaklik kabi
cho‘chib yeldi shabada.
Ne qilyapman bunda men tubsiz samo ostida
dala va tog‘ aro aqldan ozib?
Otam tikka tog‘ qiyalikda to‘xtatdi o‘z omochini,
Birpas xayolga berildi;
mening qulog‘imga u
yil sayin mashaqqat bilan
erga silkitib tashlamoqchi bo‘lgan
ko‘hna haqiqatlarni aytmoqchimasmikan?
Nima ham qildim, men ularning
kulrang yulduzlarini
ufq egati yoqalab qiyamasiga
quzg‘unlarni quvib sixmolalayman.
OQShOM
Xuddi shunday,
O‘sha yulduzlar balki
Yog‘ar edi zaminga
Xohla kaftingga ol ularni.
Xuddi shunday kech g‘ira-shira oqshomda
U menga gapirdi muhabbat haqida.
Og‘ochlar ko‘lankasi,
Egilib bukilib
Turar edi tongga bo‘y cho‘zib.
Qorong‘i ko‘chalarda yaratib makon
Tuynuklardan chiqib keldi shu’lalar.
Bog‘lar etdi ozod daraxtlarini
Va bug‘oq nahrida suza boshladi uylar,
Quyi sohillarda qandog‘och ichra suzardi hasrat,
Va hilol pardasin tushirib samodan
Xotiralar sari olib boruvchi
Yoritdi mening olis yo‘limni.
Sening kafting yorug‘lantirar ikkimiz aro poyonsizlikni.
Rus tilidan Davron Rajab tarjimasi