Mechislava Buchkuvna (1924-2015)

Mechislava Buchkuvna (Mieczysława Buczkówna) – polyak shoirasi, tarjimon.

* * *

Sensiz
Quyosh botar erta
Har bir shu’lasi
Seni izlar har yoqdan
Boshlab borar meni
Yana va yana tabassumdan olisga
Shunday kutaman maktub
Va qo‘llaringni kechagiday
xayolga berilishini
Va charaqlashi hamon
Senga borib yetishga ulgurmagan
Bo‘salaringni kutaman.

* * *

Bir kuni oqshomda,
Yo‘q – tong mahal,
Dengizda – yo‘q – cho‘qqilarda,
Qizil – yo‘q – oq atirgul,
Sevgan edim – yo‘q – sevmadim.

* * *

Suv tinib qolar
va qora jimlikdan
taralib kelar bulbullar sasi.
Ifor so‘qmog‘idan
ketib borar atirgul.
Barmoqlaring
gullay boshlar kaftlarimda.

* * *

Banogoh bir-birimizni va oltinchi tuyg‘ularimizni topib,
biz har burchakda gullay boshlagan
benihoya o‘sib ketgan vaqtimizni
va borliq ko‘zgularini
ne qilishni bilmas edik.

Bu boshqa sayyora edi
Ularning mavjudlik shakli
yolg‘izlik tuyg‘usidan sirpanar edi.

Yanada yaxshi va qiziqarliroq bo‘ldi,
biz esa hayron va ishonchsiz
ro‘yo va ishonchni yonma-yon qo‘ydik,
biz umidlar ufqida borgan sayin yaxshilanib borayotgan
go‘zallikni qo‘rqitib yubormaslik uchun
kuchliroq qo‘rqardik nafas olishdan.
Kashtanlar shu’lasi olisga imlar
va eng erta bahorda
biz, adirdan, kuzgi ekin nishlari ustidan
orzudagi unutilmas o‘lka sari shahardan qochardik.
Dalalar yelkadan pasayib qo‘shilib ketardi ranglarga.
Labim tegishi bilan,
men qayta va qayta
bu olamning mavjudligini tasdiqlar edim.
Va agar bugun,
bugun va erta
men senga shunday qarasam,
sen esa menga –
demak, biz aldanmaganmiz.

Rus tilidan Davron Rajab tarjimasi