Ramiz Tamkin (1960-2022)

Asqarov Ramiz Pirverdi o‘g‘li – Ramiz Tamkin (Ramiz Təmkin) 1960 yilda Ozarboyjonning Toshkeskan rayonining Qovoqtepa qishlog‘ida tug‘ilgan. 1986 yil Ozarbayjon san’at institutini bitirgan. Uning qator she’riy kitoblari chop etilgan. “Pirsultan” va “Ganca qapisi” jurnallarining mas’ul muharriri vazifasida ishlagan. Ozarbayjon yozuvchilar birligi a’zosi.

NIZOMIYNING RUHIGA BOSh EG…

O‘zing yolg‘iz tirik ushbu jahonda,
Men ham jonlanaman sen jonlanganda.
Nizomiy Ganjaviy

Duch kelma, kul etar, o‘ti-otashi,
Bosh eg, Nizomiyning ruhiga bosh eg.
San’at dunyosining so‘nmas dunyosi,
Bosh eg, Nizomiyning ruhiga bosh eg.

Butun fasllarda so‘lmagan bog‘dir,
Tog‘larning ichida eng baland tog‘dir.
Ziyorat joyidir, pirdir, o‘choqdir,
Bosh eg, Nizomiyning ruhiga bosh eg.

So‘zi donishmonand bir tushunguncha,
Sog‘lom yurtda bo‘lar sog‘lom tushuncha,
Ganja-Nizomiydir, Nizomiy-Ganja,
Bosh eg, Nizomiyning ruhiga bosh eg.

Shoirlik ne’matin, javharidir u,
Ziynati, oltini, gavharidir u,
Ming yillar o‘tsa ham, basharidir u,
Bosh eg, Nizomiyning ruhiga bosh eg.

Ishqli dengiz, nurli bir shondir,
O‘zi payg‘ambardir, o‘zi qu’ondir,
O‘tdan yaralgandir, turkdir, Turondir,
Bosh eg, Nizomiyning ruhiga bosh eg.

* * *

Zamon ko‘lkasidir dor og‘ochining,
Bilmasman bahorda va qishda ham man.
O‘zimman sezguvchi og‘riq-achchig‘in,
Ko‘zini yummagan qorishgan ham men,
So‘nggi qo‘shig‘imga hali ko‘p vaqt bor.

Yo‘qsa, daryolarning tubiga enib,
Qaydadir taqdirim yozilgan quti?!
Mendan uzoqlarda baxt turar yonib,
Ko‘ksimga tegadi sevgi tobuti,
So‘nggi qo‘shig‘imga hali ko‘p vaqt bor.

Etib kelaqolgin, ey ovchi, qani,
Ey, odam qaydasan?! O‘q-yoyni tortib…
Insonning tolehi, taqdir azali,
Dorda o‘ynayotgan dorbozmas ortiq,
So‘nggi qo‘shig‘imga hali ancha bor.

Hislarim aqlimga to‘kilgan qonim,
Bandaman, insonman, yaratgan ham man,
Sunniylik, shialik asli dushmanim,
Desinlar aslida musulmonman man,
So‘ngi qo‘shig‘imga hali ancha bor.

Goho teskaridir, bugun dunyomiz,
Insonman, insonga toshlar otmadim.
Osmon otamizdir, bu yer onamiz,
Bir ona yig‘lagan oqshom yotmadim,
So‘nggi qo‘shig‘imga hali ancha bor.

Dilbar Haydarova tarjimasi