Golland shoiri va dramaturgi Gerbrand Adrianson Bredero (Gerbrand Adriaensz. Bredero) Amsterdamda tasviriy san’at maktabida o‘qigan. Ammo 1608 yildan boshlab o‘zini butunlay adabiyotga bag‘ishladi. Uning ijodida Niderland xalqining hayoti har taraflama aks ettirildi. Bredero antik adabiyot va italyan uyg‘onish adabiyotining ta’siriga tushib qolmaslik uchun qattiq kurashib, golland adabiy tili taraqqiyotiga ham ulkan ulush qo‘shdi. O‘z ijodida hech hayiqmasdan oddiy mahalliy so‘zlar va xalq iboralarini ko‘plab ishlatdi. Shu tariqa golland realistik she’riyatining asoschisi bo‘lib qoldi.
XAYRLAShUV QO‘ShIG‘I
Xayr endi, sevgilim,
Shu og‘ir ajrashuv lahzalarida
Tangri bersin to‘zim –
Qo‘llasin taqdirning larzalarida.
Qalbu jismimizni asra doimo,
O‘zing qo‘lla, Xudo,
Qara sevgim ulkanligiga
Saxiy yel ato qil
Sevgilimning yelkanlariga;
Ketayotgan yeri – ko‘p uzoq manzil,
Yaxshi shamollarni unga hamroh qil!
Qo‘rqitmasin sirli to‘lqinlar
Qorong‘ida guvillab qahhor,
Iltijo qilaman, yog‘inlar
Mokisiga bermasin ozor…
Dengiz tubi,
Avayla uni!
Yovuz Nord shamoli, unga jang ochma,
Unga mehribon bo‘l, qahringni sochma!
Mumkin bo‘lsa agar,
O‘kirma, dovul!
Amsterdam kemalar turog‘ida
Bir kema turar juda ham g‘amgin,
Bunda bir pul ekan ma’buda…
Kir o‘rada zo‘rg‘a topildi o‘rin.
Faqat iflos o‘ra,
Yoqimsiz shovqin;
To‘lqinlar, ko‘piklar tinmaydi bir dam.
Xavotirim ortdi,
Yuragim ortga tortdi:
Yo‘lda unga berolmam yordam!
Paxmoq bulutlarni quyosh tilkalab
Tarqatdi hammasin.
Shu kemada ketar mening malikam –
Girdobga tushmasin.
Mening yuragim – lot
Silkinar bot-bot
Dengizning tubida – xavfli holatda.
Esdan ayrilyapman
Yolg‘on emas, chindan
Chidolmas shiddatga.
Bilasan-ku, axir, yaxshi bilasan,
Sen menga azizsan, juda ham aziz.
Nega ketayapsan?
Nechun yurakkinang shu qadarli muz?!
Ilhom qudug‘isan,
Nozik didlisan,
Men shohidman: senda ko‘pdir fazilat,
Har gapingdan
Hayratga tushadi odam,
Aylasa diqqat.
Sen esa to‘lqinlar aro vahshatli
Boqarkan, ko‘zingdan o‘tlar sachratma,
Bir o‘ylab ko‘r
Nedir ofatlar.
Sen bunday kemalar bilan o‘ynashma.
Qayiqni sur,
Yomg‘irlarsiz ellar sari yur.
Balki u yoqlarda “to‘lqin sardori,
Ma’budalar” yashar, qolmay xumori,
Odamlarga berishar faqat
Quvonch va baxt.
Ajrashuv oldidan senga qarab
ocharkanman qalbim og‘rig‘in
Ulgurmayman barini sanab,
Bari seniki bo‘lar, gapning ochig‘i.
Og‘ir-engil gaplarni unut,
Bu hijronning oxirini kut,
Meniki bo‘lib qol,
Axir
Ayriliqday og‘ir
Yuk yo‘q, bilib ol.
ASALARI
Al-kimyogar, uyal: bolari sirin
E-vohki, bandasi bilishi qiyin!
Har gul o‘rtasini hidlab, ho‘p-ho‘plab
Jon suvi, shirasin yig‘adi to‘plab.
Xartumchasi esa shu bilan birga
Gul rangi, atrini qo‘ymas zararga.
Ulardan yiltillab to‘kilgan illat
Qo‘ylar, sigirlarga bo‘ladi ovqat.
Al-kimyogar esa o‘tga sal tegsa,
O‘nggan somon bo‘lib qoladi maysa.
Yovuz san’atini qo‘llab ustalar
Gullab turgan joyni yuvundi aylar.
Bolari gul suvin olib ketgan dam
Qolgan gul bol berar yana qaytadan.
Rangi porlab turar, yashnar tobora,
Top-toza, yoqimli, nafis va barra.
Rus tilidan Miraziz A’zam tarjimasi