Rodrigo Verdugo (1977)

Rodrigo Verdugo Pisaro (Rodrigo Verdugo) 1977 yil 9 yanvarda Chili poytaxti Santyago shahrida tug‘ilgan. Bir necha yildan buyon ispan tilida nashr etiladigan “Oqim” va “Aqiq lablar” jurnallarining hammuharriri vazifasida ishlab kelmoqda. Ilk she’riy to‘plami “Parda ortidagi yalang‘ochlar” deb nomlanadi. She’rlari italyan, portugal, polyak, arab va frantsuz tillariga o‘girilib, turli antologiyalarda bosilgan. Rodrigo “She’riyat do‘stlari” nomli uyushma tashkil etgan tanlov g‘olibi bo‘lgan. Jahon shoirlari uyushmasi a’zosi sifatida u chet mamlakatlarda o‘tkaziladigan she’riyat bayramlarida faol ishtirok etib kelmoqda. She’rlari o‘zbek tiliga birinchi bor o‘girilmoqda.

ShUNDAN BUYoN SEN-LA UYG‘ONGUM

Diana Kamacho Brisenyoga

Haqlisan,
Bu kech qonimizga kirar mangulik,
Seni anglamoqqa urinarkan bot
Vujding qoplashga uringum chunon.

Esingdami, ko‘krak ifori ila
To‘lib ketganiga parvo qilmasdan
faqat biznikiydi sehrli o‘rmon?

Yonib,
shundan beri sen-la uyg‘ongum
Suvlar unut bo‘lmay oqar biz tomon
Ana, oxiri yo‘q sharshara misol
Kunduz va tun ikkov saqlanur hamon

U KUNDAN SO‘NG

Dushmanona sayohat uchun zamin musiqasin chalarkan
Ular narsalarning o‘rnin o‘zgartdi
Dengiz ko‘tarila boshladi asta,
dahshatli davralar qolmoqda ortda

Yo‘limiz ko‘zlarni izlaydi, izlayur toshlarni bir yo‘sin.

Qandoq jo‘r bo‘lishni biladi ular,
Voqif har narsaning teskarisidan
Boshlandi barchasi tomchi-tomchilab, yana nomba-nom
Uydirma bargdayin oyoq ostida.
Ular yaxshi bilar, o‘lgan kimsalarni tasvirlashmaydi
Etarli dunyoning nargi tomoni
qo‘zg‘alashi daraxt va suvlarga qarshi
Ashyolaru hayotga hamda
Yulduz jasorati bo‘lmagan istalgan og‘riqqa qarshi.

Ular yaxshi bilar,
Nimanidir to‘lab
Bolishlar ichida yongan qalamlarni tutarkan,
xulosalab tasavvurlarni
Shu tariqa kelishgan edi
Shu tariqa joylashishgandi
tomchiba-tomchi, nomma nom

Narsalar odamlar-la cheklanmasdan avval
Ammo vaqt tosh bilan, nur bilan o‘lchangan mahal
Tosh va qon nurni qonuniylashtirishni o‘ylardi
Go‘zallik daryolarni kavlagan zamon
Va nihoyat
qo‘llarida tasodiflar novdasin ushlab
Parvardigor kutardi bizni.

A’zam Obidov tarjimasi