Migel Otero Silva (1908-1985)

Migel Otero Silva (Miguel Otero Silva) Venesuela adabiyotining yirik vakili, “Navqiron 28-yil avlodi”ga mansub shoir va adib. 1925 yilda adabiy jurnalda ilk she’rlari e’lon qilingan. 1930 yilda uning “To‘mtoq simfoniyalar” deb nomlangan yumoristik she’rlari chop etilgan. “Suv va ariq” (1937), “25 poema” (1942), Andres Eloy Blankoga atalgan “Mungli qo‘shiq” (1958), “Ummon – halok bo‘lish demakdir” (1965), “Samoviy tuyg‘ular” (1965), “Bo‘sag‘a” (1966) she’riy to‘plamlari nashr qilingan. 1955 yili Milliy adabiyot mukofoti bilan taqdirlangan.

BURG‘I

Neft konlari bor yerni,
Venesuela yerini
chuqur-chuqur qazar burg‘i.

Qora terga botar ishchi.
Venesuelalik ishchi.

O‘kirib ishlaydi mashina,
Amerikada chiqqan mashina.
Do‘q uradi injener, sababi
u ham, mashina ham aslida – yanki.

Venesuelaning berch tuprog‘ini,
Venesuelaning metin toshini
mayda-mayda qilar mashina,
Amerikada chiqqan mashina.

Hindumi, habashmi, mulatmi –
Venesuelaning neftchisi
amerikalikning ochko‘zligini,
uning neftga o‘chligini
qondirish uchun
o‘z yurtining yurak-bag‘rini
burg‘i bilan tilka-tilkalab,
qora terga botadi.

Yanki – injenerlar do‘q urar,
Yanki – mashinalar o‘kirar,
Yanki – tsisternalar karvoni yelar.

Kumush quvurlarning ichidan
mushfiq Venesuelaning

neft daryosi oqadi g‘amgin.
Neftning qaynar bulog‘ini
kemalar bandargohida –
Venesuela bandargohida
yanki – tankerlar yutar.

Venesuela ishchisi
uyga qaytar yarim tun
horg‘in, och, ust-boshi kir.
Otasini qarshi olar
qorni och bola-chaqa
ostonada mung‘ayib.
Erning korjomasin olib,
kir yuvar ekan xotin
tog‘orada sasib ketar
badbo‘y moyli mag‘zava.
Ayol qo‘rqib yashar doim:
qo‘shnining navqiron o‘g‘lin
yankilarning mashinasi
qilgan edi juvonmarg.
Ayol qo‘rqib yashar doim:
bechoraning erini ham
yanki – mashina chaynab,
nobud qiladi bir kun…

Kechki ovqat uchun ayol
yarim kosa loviyani
er oldiga qo‘yadi.

Og‘ir tankir zo‘rg‘a siljib,
bandargohni tark etar…

Rokfellerlar daromadi
oshar, toshar, ko‘payar.
Londonda ishbilarmonlar
Parijga borib-qaytish
qulay bo‘lishi uchun
La-Mansh bo‘g‘ozi uzra
ko‘prik qurishni ko‘zlar.
Neft, bu – koni foyda, deydi
mazaxo‘rak bo‘lganlar.

Neftning sharofati bilan
kemalar, restoranlar,
avto, manto, palatstsolar,
janoblarning mundiriga
zar pagonlar, zar jiyaklar,
xonimlarning g‘oz bo‘yniga
shoda-shoda dur-marjonlar.
…Venesuelaning olis

qishloqlarida esa
kapalab-kapalab
tuproqni yeydi
ochlikdan shishib ketgan
norasida bolalar…

Aktsiyalar ko‘tarildi,
oshib ketdi dividendlar.
Venesuela neftining
sharafiga qarsak chaling.

Chuqur-chuqur qazar burg‘i
neft konlari bor yerni,
Venesuela yerini.
Yanki – mashinalar o‘kirar,
yanki – injener do‘q urar,
yanki – tsisternalar karvoni yelar.
…Qora terga botar ishchi.
Venesuelalik ishchi.

SENING OVOZING

Sening ovozing
Mening she’rlarim
jang qilayotgan handaqlarni
gullarga burkaydi.

Sening ovozing
mening ruhimning
mitti osmonini
musaffo kenglik,
charog‘on yulduzlar bilan qamraydi.

Sening ovozing
teran ko‘lning o‘rtasiga
mitti toshcha otilgan payt
suv chambarak mavj bo‘lib taralganidek
mening qonim dengizida
halqa-halqa bo‘lib tarqalar.

Sening ovozing
sukunatni buzgan chog‘da
mening yuragimdan otilib chiqar
qo‘ng‘iroqlar jaranggiyu
qushlar parvozi.

Tog‘dagi buloqlarning
sharqirashin jonlantirib
kuylashingni sevaman.

Gullagan bog‘ning
xushbo‘y iforini anqitgan
bahor shamolining titrog‘idek
musiqiy ovozingni sevaman.

Men hattoki,
sening jimjit
turganingni ham sevaman.
Chunki
qo‘shig‘ingning debochasi erur sukunat.

O‘lim kabi aniq, muqarrar
muhabbat bilan
Sening ovozingni sevaman.
Uzuq-yuluq so‘zlar bilan –
bahor va qon hidi kelgan
so‘zlar bilan,
adashgan bolalardek
tunda meni izlagan so‘zlar bilan,
olovning zangori tillari ila
vujudimni yalab, ruhimni tilib
kuydirgan so‘zlar bilan,
hatto so‘zga o‘xshamagan so‘zlar bilan,
biroq baxtga o‘xshagan erka so‘zlar bilan
mening quchog‘imga to‘kilgan ovozingni sevaman.

Sevgimizning bepoyon o‘rmonlarini
chulg‘agan yong‘in ovozingni,
kunduz kuni ham oqshom
yonimda har doimo
yurakdan chiqqan ovozingni sevaman.

Rus tilidan Rustam Musurmon tarjimasi