Gaston Bakero (1914-1997)

Kuba she’riyatining taniqli namoyandalaridan biri Gaston Bakero (Gastón Baquero) 1914 yil 4 mayda Xolgin viloyatida tug‘ilgan. O‘tgan asrning 40-yillarida Xose Lesama Lima boshchiligidagi “Orixenes” (bu so‘zni “manbalar”, “ildizlar”, mazmun-mohiyatiga ko‘ra esa, “azaliy”, “asoslar” deb ham tarjima qilish mumkin) jurnali atrofidagi adabiy guruhga mansub bo‘lgan. “O‘z qilichi tig‘idagi Saul” (1942), “Ispaniyada yozilgan she’rlar” (1960), “G‘oyib she’rlar” (1991) va boshqa she’riy to‘plamlar, ko‘pdan-ko‘p esselar muallifi. Shoir 1997 yil 15 mayda Ispaniya poytaxti Madridda vafot etgan.

KULGI

Muallim tomon yaqinroq surilib,
“Mangulik nima?” – deb so‘radik bizlar.
Bizga uzoq tikildi chol ginaomuz,
so‘ng, nihoyat, kaftiga tikilganicha,
dona-dona qilib dedi:
“Mangulik nimadir – fanga ma’lum emas.
Biz butun bir mangulik davomida
bosh qotirganimiz-qotirgan
shu masala ustida.
Xo‘sh, tushunarlimi?”
Biz bunday aniq javobga qoyil qolib –
“butun bir mangulik davomida” –
o‘zimizni bosib ololmasdik hech,
ichaklarimiz uzilgudek bo‘lib
xoxolardik, xoxolardik.

FLAMENKO MAVZUIDAGI RAPSODIYa

O‘lim bilan suhbatlar – g‘aroyib ehtiyotsizlik!
Jununvashlik emasmi tubsiz jar labida –
beshikdan to tobutgacha kuylash?
Darvoqe, dastavval ona nazorati,
keyin esa, yorning maftunkor nigohi –
ko‘z o‘ngida voqe
asrlar osha
hammasi o‘sha-o‘sha
umidsizlikning jazavali udumi,
engib o‘tish tutumi
raqsu qo‘shiq –
nazardan xoli qilib taqilgan tumor sehri ila
undan xalos bo‘lish iloji topilsa edi –
lekin yo‘q: bunga ojizdir
chevar qo‘llar ham,
jonhalak nola ham!
To qaynab oqar ekan tomirlarda qon
ko‘ngil kul bo‘lishiga yo‘l qo‘ymas –
bundan ham kuchli boshqa olovni yoqar
alhol uning alangasi
va burishtirar soxta topinchlar basharasin.
Raqsu qo‘shiq – ma’budlarning unutilgan tili,
jahannam qa’riga cho‘kayotgan mayoq yog‘dusi-yu
o‘lim bilan ayovsiz olishuv,
niyatingga yetmaysan, yo‘q, meni yengolmaysan –
oromga da’vat va ilhombaxsh rahmat,
o‘z kohinlari qah-qahalari tig‘ida parchalanib
sochilib ketgan qadimgi sanamlarga xizmat.
Bu – ichdan yonib o‘rlayotgan dod, dafn
vaqti aytilgan ashula,
qadimgi ovoz – Davidning sarson-sargardon qabilalari
etkazib kelgan uni,
bu – sinagoganing tasalli topmas yig‘isi: unda ming yillik
qashshoqlik, halokatga mahkumlik, sirli muhabbat,
go‘zallik va nasl daryolari, taqiqlangan ehtiroslar oqimlari,
buni kuylar o‘ynagancha
haydab burchakka tiqilgan,–
taqdir o‘z quturgan itlariga g‘ajitadigan–
qochqin jinoyatchi,
ma’sum nilufarlar soyasiga
sig‘ingulik holga tushgan tajovuzkor.
Zavol egizagi, bu, raqsu qo‘shiq bosh chanog‘idan
chiqqan yorug‘ga,
bu, jannat qopqasidagi do‘zaxiy bayram,
beldan pastga uruvchi fe’ldor, tantana va parvoz –
nima bo‘pti o‘limga bepisandlarcha nafrat! –
yuqoriga ko‘tarilar shunday shitob
adyolda silkitib havoga itqitilgan latta qo‘g‘irchoq –
tanfurush buzuq tannozga,
hasratga, gunohga to‘la bo‘lsa-da, muhabbat qo‘ygach jonlangan –
o‘sha, ichiga paxta tiqilgan masxaraboz.
Hayotbaxsh, rangsiz qonini yerga tomchi-tomchi oqizib,
ko‘kka irg‘itarlar bechorani beshafqat
“xi-xi”, “xo-xo”lari chiqar avjiga,
va nihoyat, dami qisilgan, holsiz damida
uloqtirishar
neki bor yamlamay yutguvchi
takabbur bo‘shliq qo‘liga.
Bu raqsu qo‘shiq – isitma aralash alahlash,
bir vaqtlardagi ajoyib solning abjag‘i chiqqan qoldiqlari,
va – to dunyo turguncha! – Misrning muqaddas mushuklari:
yuqori ko‘tarilgan qo‘llar halqasidan sakrab o‘taru ular
raqqos tanasini yulqalar yutoqib.
Jozibning avliyo Sebastyanni teshib o‘tgan zaharli o‘qlari bu,
beligacha olov o‘rlagan jinlar bazmi.
Tanaga majusiy alqovu
gitaraning tiyiqsiz giryasi,
ehtiros va azob sannovi to‘xtab,
o‘limoldi qo‘rqinchi ko‘zni ola-kula etganda esa,
yashirinib tun zulmati aro,
uchib ketar va uxlar tonggacha
unutilgan olis mozorda
bu raqsu qo‘shiq.
Bu qo‘shiq
va raqs bardavom, yana va yana, ertagacha,
tonggacha, hamishagacha, adog‘gacha,
zamon oxir bo‘lgunigacha.

Rus tilidan Muhammadali Qo‘shmoqov tarjimasi