Dulse Mariya Loynas (1902-1997)

Shoira va adiba Dulse Mariya Loynas (Dulce María Loynaz) 1902 yil 10 dekabrda Gavana shahrida tavallud topgan. Asl ismi – Mersedes. “Suv o‘yinlari” (1951), “Bir xonadonning so‘nggi kunlari” (1958), “Nozik to‘rlar” (1993), “Mashaqqatli so‘qmoqlar” (2001) va boshqa to‘plamlar, “Tenerifeda yoz” (Tenerife – Kanar orollari tarkibidagi orol) yo‘l xotiralari (1958), “Bog‘” romani (1951) muallifi. Ko‘pgina adabiy mukofotlar, jumladan, adabiyot bo‘yicha Kuba Milliy mukofoti (1987), Garsia Lorka mukofoti (1993) va ispantilli dunyoning eng yuksak adabiy ehtiromi – Migel de Servantes mukofoti (1992) bilan taqdirlangan. Kuba Til va adabiyot akademiyasi hamda Ispaniya Qirolligi akademiyasi a’zosi bo‘lgan.

BEMAVRID KELGAN SEVGI

Bemavrid kelgan sevgi,
oromimga ber oro.
Yo‘l yurgandan mo‘l yurib,
adashib qoldingmi yo?
Chaqirganim yo‘q edi,
so‘ng manzil imlar ekan:
Dilim kuydirgan ne bor –
sen aytishing shartmikan?
Adirlar muzlab, bejon –
men shunchaki oy – behol…
Atirgul emas, menga
tun dengizin yo‘llay qol.
Qorang ko‘rsatmading… bod –
ketdi qo‘shiqni olib.
Jimlik, firoq sevgisi,
qo‘y, ko‘z yosh to‘kma nolib.

ATIRGULLAR

Bog‘imdagi atirgullar
bu olamda boshqa yo‘q.
Lekin so‘lar tezda, husni
ko‘nglimga tashlamay cho‘g‘.

Bog‘imdagi qushlar sayrab
taratar billuriy sas,
Ammo tezda tinadi u –
bu senga kerak emas.

Bog‘imdagi bolarilar
uzzukun uchar g‘uv-g‘uv,
Ammo tezda erir boli –
nazaringga kirmas bu.

Sevarsanu baqoni sen,
bebaqoni biror dam –
Sen qaydan ham qadrlarding,
anglarding sen qaydan ham
va quruq qo‘l bilan chiqqung
qutlug‘ bog‘dan behadya.
O‘z yo‘lingdan ketu endi
yo‘ling bu yoqqa burma,
Ajalliga – o‘lguvchiga
hech vaqt tegina ko‘rma!

OLAMNING YaRALIShI

Azalda suv bor edi…
Ayqirgan, yovvoyi.
Hali unda baliqlar
oyqulog‘in titratgancha suzmas,
siqib –
to‘lqinlar tinchini buzmas
qirg‘oqlar hali.
Azalda suv bor edi…
Hali
qa’rlarni kergancha qalqib chiqib,
tayanchga aylanmagan Yer.
Cheksiz-chegarasiz yopishqoq loyning
sirpanchiq siri –
loyqayu qum
bilchillar, xolos.
Na toshar to‘lin oy shu’lasi,
na orollar sochilib yotar,
faqat
yosh suv bag‘rida
ba’zan qimirlab qo‘yar bir-birin turtib
hali tug‘ilmagan qit’alar.
Olam tongi! Ilk uyg‘onish!
So‘nar suvosti so‘nggi qaynoqlari.
Tubsiz qora samovot ostida
besaranjom namlikning qandoq dengizi
o‘ynoqlar!
Azalda suv bor edi…

ISTAK

Nur, soyani aylagancha esh
Ayrilmasin og‘ush og‘ushdan.
Sarhaddir u: tashqarida hech
Hayot yo‘qdir – o‘chmasin hushdan.

Axtararkan o‘lim betoqat,
Sirtdan topmay qoramni mening,
Yondirmoqqa urinsin faqat,
Mayli, o‘ting ichida sening!

KO‘K KO‘ZA

Zulmat, nur uchma-uch kelib,
cho‘qqida sirpanar soya,
Yig‘gum – ko‘k ko‘za-la yelib,–
shu’la topguncha nihoya.
Tik so‘qmoqqa suv fayz berib,
oyna tutar sokit, tiniq
ko‘k aksin jilvalantirib,
jonlantirib ko‘k aksini.
Nur so‘nar payt kelganda duch,
sustlashadi suv mavjlari.
Qo‘l cho‘zaman aksdagi g‘uj,
shaffof ipak to‘rlar sari.
So‘nggi nur xayr-xo‘sh qilib,
ko‘zbo‘yovga parda osar,
Hasratga hasrat qo‘shilib,
tumanni tumanlar bosar.
Unda, zulmat to‘zg‘iy boshlar,
ipak nurdan to‘rar olam,
Tushga kirgan yo kirar har –
ne bor – bari, ushbu to‘r ham,
O‘zga hayot bilan to‘lib,
yaynaguncha feruzada –
Qalqima to‘lqinlar bo‘lib,
chayqalsin deb ko‘k ko‘zada.

Rus tilidan Muhammadali Qo‘shmoqov tarjimasi