Demetrio Korsi (1899-1957)

Panamalik shoir Demetrio Korsi (Demetrio Korsi) ijodida vatanparvarlik g‘oyasi muhim o‘rin tutadi. U xalq tili, maqolu matallaridan unumli foydalanadi. Shoirning “Kaliforniya quyoshi” (1924), “Tog‘ shamollari” (1926) va boshqa she’riy kitoblari dunyo yuzini ko‘rgan. Demetrio Korsi she’rlari o‘zbekchaga ilk bor tarjima qilinmoqda.

PANAMA MANZARALARI

Habashlar, zanjilar…
beor gringolar…
“Otelu bar”lardan
baxtini izlar.
Goh omadi chopar,
goh g‘amga to‘lar −
Chola, ya’ni
metis va mulat qizlar…

Dengizchi navkarlar.
Piyoda askar.
Ummon oshib kelgan
Evropalik boy.
Mayxonalar,
Yarimyalang‘och qizlar…
Jannatga tenglanar bu joy,
hoynahoy?!

O‘lkada har narsa
sotilar oshkor.
Panama – saxiy yurt!
Har ne suvtekin.

Azim shaharlarin
mezoni bozor,
Markazidan
anhor o‘tgandir, lekin.

Qora-quralarga,
oqu sarg‘ishga…
Tan sotib kun ko‘rar
yurt suluvlari.

Go‘yo
boshimizga tushgan qarg‘ishga
O‘xshasa, ne qilay
bul sho‘rish bari?
Boyvachcha mehmonlar.
Xorijiy pullar.
Gullar o‘zin pullar…
Keladi qahrim.
Jilpanglar diltanglar,
Qilpanglar qullar,
Habashlar, zanjilar…
Bechora shahrim.

KUMBIYa

Mashhur Pancha Mancha mayxonasida
Kumbiyaga o‘ynar bir metis-chombo.
Karashma aylar u habashchasiga,
Raqsga jo‘r bo‘lar timbo, kilombo.

Shu raqsni kashf etgan bobolariday
Zanji atalganning bari qiziqqon.
Lekin o‘ynay olmas biron qarchig‘ay
Kalambuning qizi Memeday chaqqon.

Kumbiyaga har kim raqs tusha olar,
Chepigange yoki Choko singari.
Nog‘ora yig‘laydi, Chimbombo yig‘lar,
Raqqosga to‘la yurt mayxonalari.

Chimbombo Memening ishqida yonar,
Chimbombo chapani, chayir bir o‘g‘lon.
Undan zir titraydi qahvaxonalar,
O‘ta o‘r yigit u, lek – mardi maydon.

Kumbiya avjida, nog‘ora yangrar,
Gringo band aylar ul huriliqoni.
Chimbombo qo‘ynida xanjar jaranglar,
Tishlari g‘ichirlar, qaynaydi qoni.

Yigit alam bilan nog‘ora qoqar,
Barmog‘i qontalash, tirnoqlari qon.
Qasos alangasi qalbini yoqar,
Ichinda o‘rtanib kelar bir isyon.

Raqs tugar, Memeni mamnun chet ellik
Quchoqlab ovloqqa olib ketadi.
Kechirilmas, axir, bunday surbetlik,
Gringo o‘z boshiga o‘zi yetadi.

Ayab o‘tirmadi o‘z munisin ham,
Qasos nashidasin surdi Chimbombo.
Avval unisining, so‘ng bunisin ham
Ko‘kragiga xanjar urdi Chimbombo.

Ha, qasos olindi yurtdoshlar uchun,
So‘ng g‘oyib bo‘lganmish ul oshiq mashshoq.
Axir, muhabbatsiz bu ko‘hna ochun
Anchayin g‘aribdir, anchayin qashshoq.

Mulat qiz Meme yo‘q, endi ul shavq yo‘q,
Yo‘qdir bu yerlarda mutrib yigit ham.
Endi Kumbiyada avvalgi zavq yo‘q,
Mayxonani quchmish qayg‘u ham alam.

Shundan sayilgohlar so‘lg‘in bir qadar,
Bulbulsiz qolganday bu bog‘, bu chaman.
Otashin yigitlar yo‘q bo‘lsa agar,
Qolganlarga bayram tatimas ekan.

Rus tilidan Yahyo Tog‘a tarjimasi