Demetrio Errera Sevilyano (1902-1950)

Demetrio Errera Sevilyano (Demetrio Herrera Sevillano) – realizm maktabining hassos vakili. Uning she’rlarida Panama aholisi turmush tarziga oid oddiy hayotiy haqiqatlar katta mahorat ila badiiy haqiqatga aylanadi va o‘quvchini shu yurtning turfa manzaralariga oshufta etadi. “Mening ilk qo‘shiqlarim” (1924), “Asir qo‘shig‘i” (1947), “Deraza” (1950) kabi she’riy kitoblar muallifi. She’rlari o‘zbek tiliga ilk bor tarjima qilinmoqda.

YuRT BURChAKLARI

G‘ira-shira tuman,
Kurtak murtaklar.
Sal yorishar bu dam
Burchak-burchaklar.

Quyosh nuri tushmas
Zax va qorong‘u −
Etim bolalarning
Tor burchagi bu.

Yo‘qsillik timsoli
Uvada bulut.
Sovuq o‘choqlarda
Chorqirra sukut.

Tomir tortishishi,
Tumov, ko‘kyo‘tal…
Faqirlik atalgan
Burchakdan cho‘tal.

Bir mast bezoriday
Eshik qoqar sil.
(Kimga kerak ul?)
Bu burchak shundoq ham
So‘lg‘in, majmag‘il.

G‘ira-shira tuman,
Kurtak murtaklar.
Sal yorishar bu dam
Burchak-burchaklar.

Quyosh nuri tushmas
Zax va qorong‘u −
Etim bolalarning
Xor burchagi bu.

SEN MUDOM “XO‘P” DEYSAN

Panamalik
mening qondoshim,
sen mudom “xo‘p” deysan,
mudom “xo‘p”, “xo‘p”.
“Yo‘q” demakka
izn bermaydi go‘yo
xo‘jayinning
qo‘lidagi xalacho‘p.
Panamalik
mening qondoshim,
sen mudom “xo‘p” deysan,
mudom “xo‘p”, “xo‘p”.
Arzimas maoshga ham −
“xo‘p”, “xo‘p”, “xo‘p”.
Boshga tekkan toshga ham −
“xo‘p”, “xo‘p”, “xo‘p”.
Panamalik
mening qondoshim,
sen mudom “xo‘p” deysan,
mudom “xo‘p”, “xo‘p”.
Nihoyat, “yo‘q” degin,
nihoyat, “yo‘q” degin.
Doimiy “xo‘p”
o‘rniga “yo‘q” de.
Biroq bu “yo‘q”ni sen
“xo‘p”dayin aytma.
“Yo‘q” dedingmi,
“yo‘q” de,
gapingdan qaytma.
Gap-so‘zdan qo‘rqmagin,
mutelikdan qo‘rq.
“Yo‘q” dedingmi,
“yo‘q” de,
“Yo‘q!” “Yo‘q!” “Yo‘q!”
“Xo‘p”ni yoddan chiqar,
“Yo‘q”ni qattiq tut.
“Yo‘q” dedingmi,
“yo‘q” de,
“xo‘p” so‘zin unut.
“Yo‘q” dedingmi,
“yo‘q” de,
“Yo‘q!” “Yo‘q!” “Yo‘q!”

Biroq, bu “yo‘q”ni sen
“xo‘p”dayin aytma.
“Yo‘q” dedingmi,
“yo‘q” de,
gapingdan qaytma.

Panamalik
mening qondoshim,
sen mudom “xo‘p” deysan,
mudom “xo‘p”, “xo‘p”.
Bu millat bo‘lgaydir
tobakay tobe…
Yo‘g‘-e,
qilinajak ishlar
hali juda ko‘p.
Panamalik
mening qondoshim,
tobakay “xo‘p” deysan,
tobakay “xo‘p”, “xo‘p”?

Arzimas maoshga ham −
“xo‘p”, “xo‘p”, “xo‘p”.
Boshga tekkan toshga ham −
“xo‘p”, “xo‘p”, “xo‘p”.
Panamalik
mening qondoshim,
sen mudom “xo‘p” deysan,
mudom “xo‘p”, “xo‘p”, “xo‘p”…

Rus tilidan Yahyo Tog‘a tarjimasi