Antonio Arrais (1903-1962)

Antonio Arrais (Antonio Arráiz) Venesuela she’riyati avangardchilarining “Navqiron 28-yil avlodi”ga mansub shoiri hamda folklorchi va nosir, shuningdek, hindular mavzusining asoschisi sifatida tanilgan. Uning “Shiddat” (1924), “Simfoniyalar” (1939) va boshqa she’riy kitoblari dunyo yuzini ko‘rgan. 1945 yilda bolalar uchun “Qoplon amaki va Quyon amaki” ertak kitobi chop qilingan.

HINDU MALIKA

Eshigimni taqillatar bir kuni
sohibjamol qiz.
Naqadar chiroyli,
naqadar go‘zal…
Ruhimda uyg‘onar musiqiy tovush.
U mening hayotim,
u mening taqdirim ekanin
his etaman yuragim bilan.
Unga yuragimni etaman izhor:
“O, mening Malikam,
Hindu jononim!”

Qoramag‘iz gulim,
Qorako‘z ohum,
Qorasoch go‘zalim,
Xipchabel mohim,
Bilaklari yumshoq,
Qo‘llari mayin,
Hindu Malikam, deb
atayman uni.

Uni deya har nega tayyorman mudom,
Kerak bo‘lsa, jonim eturman fido.

Ov boshlanar daf’atan.
Qora terga botaman,
uchqurqanot o‘qimni
kamonimdan otaman.

So‘ng bor vahshiy o‘kirib,
Jonsiz qulaydi yo‘lbars.
Mayin mo‘ynasi bo‘lur
Malikamga poyandoz.

Hunarmand zargarning
ustaxonasiga bostirib kiraman,
kuchli barmoqlarim,
qattiq changalim bilan
qarigan qiltiriq tomog‘idan bo‘g‘aman,
chiroyli ko‘zalarni ham,
antiqa idishlarni ham,
betakror nur sochib tovlangan
qimmatbaho toshlarni ham
tortib olib ketaman-da
Malikamning oyog‘iga sochaman.

Olis-olis,
Baland-baland tog‘ cho‘qqilaridan
Ming tusda jilolangan
Ilohiy toshlarni
Izlab topaman.
Olmos, oltin, gavharlar
qamashtirar ko‘zini
har qandayin ayolning.
Bebaho toshlar. Noyob toshlar.

Tog‘dan asal topib kelaman.
Xushbo‘y gullar olib kelaman.
Tovus patin yulib kelaman.

Jarangdor, sho‘x, dilrabo
ashulalar aytaman,
qo‘shiqlarimning barin,
biram nozik, chiroyli
oyog‘iga tiz cho‘kib,
unga atab kuylayman.

U esa hadya etar menga muhabbatini,
qanoti sinib, yerga qulagan
kabutar singari
tortinib pitirlaydi.
U ovutuvchi so‘z kabi
haroratli, yoqimli.

U tropik o‘lkaning
jazirama quyoshidek
qizdiradi tanamni.
Uning peshonasi oftobday nurli,
ko‘ngli paxtaday oppoq.

U albatta
hadya etar menga muhabbatini.
Yuragimni izhor etib,
chorlayman uni:
“O, qayerdasan, hindu Malikam!”

Rus tilidan Rustam Musurmon tarjimasi