Alfonso Reyes (1889-1959)

Alfonso Reyes (Alfonso Reyes Ochoa) – meksikalik harbiy va siyosiy arbob, 1913 yilda mamlakat prezidentiga qarshi qo‘zg‘olonlarda halok bo‘lgan Bernard Reyes oilasida tug‘ilgan. Huquqshunoslik sohasida o‘qigan. Milliy universitetda dars bergan. Keyinchalik Kuba va Ispaniyada yashagan va turli matbuot nashrlarida ishlagan. 1939 yilda Meksikaga qaytib, Milliy kollejga rahbarlik qilgan. Shoir Meksika Til akademiyasi, Ispaniya Qirollik akademiyasining a’zosi bo‘lgan. Uning Meksikada 26 jildli asarlar to‘plami chop etilgan.

QO‘RQUV

Alvon yongan lolajon, lola,
nozu ishvang buncha alamli.
Ol yanog‘ing olovday yonar,
ko‘zlaringga surding qalamni.
yoqimlidir o‘tkir islaring,
tillashasan of(i)tob bilan.

Lolajon, hoy, tabiat qizi,
Bir malakni hamon qo‘msayman:
o‘zingga naqadar o‘xshash,
kipriklari timqora, uzun,
gullardan ham nozik gulbadan..
Alvon yongan lola, lolajon,

bir malakni eslayman hamon,
(men qo‘rqaman tegishga senga,
va botaman so‘ngsiz xayolga.
G‘unchalaring achchig‘i chiqsa,
aylanar deb o‘shal ayolga).

NOXUSh BELGI

I

Keksayganim eshitsang qachon,
toliqsam gar kitob va she’rdan
dono so‘zlar bo‘ysunmay tilga
hech keraksiz tuyulsa birdan;
ta’na gaplar so‘ylab orqamdan
meni aslo qilmagin ermak.

Rizqim olib o‘z tomorqamdan
shukur qilib yashagum, beshak.
Bilasanki, bahor tashrifi
bog‘-rog‘larni gulga chulg‘ar bot.
O‘tgan yilgi danakni ko‘mib
undan qayta undirar hayot…

II

Bog‘bon kabi mo‘min,toqatli
har kun hosilin kutarman.
Vaqtimni taqsimlab mehnatga
Har lahza zahmatla o‘tarman.
Zarardan qo‘rqmayman,
boylik kutmayman,
ishim yo‘qdir ularda aslo.

To‘xtamasdan va shoshilmasdan,
shudgorimga urug‘ sepaman.
Er bilan hamisha banddirman.
Ko‘tarish-chun kuzakda xirmon,
Erni sug‘oraman, o‘toq qilaman,
qachon qo‘ldan tushganda so‘qa,
bu olamdan ketgan bo‘laman.

Rus tilidan Abdumajid Azim tarjimasi