Yustinas Martsinkyavichyus (1930-2011)

Yustinas Martsinkyavichyus (Justinas Marcinkevičius) – Boltiqbo‘yi mamlakatlari adabiyotining XX asrdagi eng yorqin yulduzlaridan biri. Litva xalq shoiri. “Menga so‘z bering”, “Non ushatayotgan qo‘l”, “Yog‘och ko‘priklar”, “Olovlangan buta”, “Hayotning huzurbaxsh qo‘li”, “Yasha va shukr qil”, “O‘n ikki bahor”, “Qon va kul”, “Devor”, “Ilm daraxti”, “Mindaugas”, “Ibodatxona” kabi to‘plamlari, dostonlari va she’riy fojealari jahon adabiyoti xazinasidan munosib o‘rin oldi.

KUTAYoTGAN AYoL

Bo‘sag‘ada turar uy sohibasi
Bo‘sag‘ada turar uy sohibasi
Deraza oldida yo‘l qaraydi u
Kutib olar kuzatib qolar
Chehrang to‘la umid,
Qo‘llaringda umid kechqurunlari
Qalbing to‘lib turar umidga
Dalalarning yo‘llarning ham naryog‘i umid!

Ketayotganlarga ko‘zing tushadi
Qaytmaydiganlarga tushadi ko‘zing
Oyoq ostidagi so‘qmoq
Qo‘lingdagi kalava ip ham –
Kutish kutish
Intizor kutish
Zoru zor kutish

Hamisha shundaydir –
Sen bor, sukut bor
Hamisha, hamisha
Sen bor, sukut bor

Zulmatning yuragin tinglab turasan

Qichqirsang-chi, qichqir
Mening ovozimni olib qichqirgin!

ILOVA

Har bitta do‘nglikning ortiga
Qo‘yib qo‘ydim bittadan quyosh:
Ular bari birdan chiqqanda
Bolalarning quvonchin ko‘ring!

Har bitta qayinning shoxiga
O‘tirg‘izdim bittadan kakku:
Kukulashgan paytda ko‘rasiz
Bo‘y qizlarning sevinishlarin!

Har bir bo‘z yigitning qalbiga
Ekib chiqdim bitta-bitta so‘z:
Ular vatan bo‘ylab ketganda
Yuraklari porillab yonar!

HAYoT

So‘zlarimni tinglab yotar quloq-quloq,
Ko‘zin uzmay kuzatadi yulduz-yulduz.
Uydan chiqsam tarqalaman butoq-butoq,
Uyga qaytsam to‘planaman ildiz-ildiz.

Rus tilidan Javohir San’at tarjimasi