Shoir Kim So Vol (김소월) Seuldagi Amerika kolleji va Tokiodagi tijorat institutida o‘qigan. Dastlabki ijodida frantsuz simvolistlarining ta’siri seziladi. “So Vol” (“Toza oy”) taxallusi bilan bitgan she’rlari koreyaliklar ko‘nglidan chuqur joy olgan. 1925 yili shoirning she’riy to‘plami chop etilgan. So Vol ijodida inson umrining qisqaligi, ortga qaytarib bo‘lmas vaqt kabi falsafiy tushunchalar bilan birga ayriliq, hijron, tabiat mavzulari ifodasi yetakchilik qiladi. Shoir 1934 yili o‘z joniga qasd qilgan.
AZALIYa*
Mendan toliqib
ketar oningda
qo‘yib yuboraman jim.
Yaksan tog‘lari, Yonbon qirlari aro
bir quchoq azaliya
teraman – poyingga sochmoq uchun.
To‘shalgan yo‘l
gullar,
Keta turib bosib o‘tasan yengil.
Mendan toliqib
ketar oningda,
Naqadar qiyin bo‘lsa-da,
Yig‘lamasman ortingdan biroq.
____________
* Azaliya – gul nomi.
ANChA KUN O‘TIB
Garchi necha kun o‘tib, kelarsan yonimga tag‘in,
Shunda senga bir so‘z deyman: “Unutdim”.
Balki meni koyirsan qalbingda uzoq,
Takrorlayman: “Qayg‘u chekdim, biroq unutdim”.
Va ginalaring sanchilsa-da xanjardek yana.
Men uchinchi bor deyman: “Ishonmayman – unutdim”.
Xoh kecha, xoh bugun – eslayman sen-la kechgan kunlarni,
Biroq ancha kun o‘tib deyman: “Unutdim ko‘pdan”.
Rus tilidan Shermurod Subhon tarjimasi
AZALIYa
Agar zerikkan bo‘lsang, ketishing mumkin,
Bir so‘z qotmasman.
Dunyodagi eng go‘zal archagullar gulini terib,
Yo‘lingga sochgayman.
Har qadam uchratib ushbu gullarni,
Gulbarglarin bir-bir bosib o‘tgin sen.
Agar zerikkan bo‘lsang, ketishing mumkin,
O‘lsam ham… ko‘z yoshi qilmayman.
TOG‘DAGI GULLAR
Tog‘da — gullar.
Tog‘da gullar gullar, gullar gullar.
Kuzmi, yozmi, bahormi — bari bir gullar gullar.
Tog‘da,
Tog‘da ochilar gullar, yolg‘izgina bo‘lsa ham ochilar.
Tog‘da biram ko‘pdir sayroq qushchalar!
Gullar — istaganingizcha.
Tog‘da yashang!
Tog‘da gullar xazon bo‘lar, to‘kilar.
Kuzmi, yozmi, bahormi — bari bir gullar to‘kilar.
QALB NIDOSI
Ism chil-chil sindi! Sochilib ketdi qorong‘ilikka!
Chaqiraman, lekin ismning egasi yo‘q!
Chaqiraman va men shu ism bilan o‘laman!
Qalbimda birgina so‘z qoldi
So‘ngigacha aytilmagan.
Bu — sevgilim!
Bu — sevgilim!
Qizil quyosh mag‘rib tog‘larin taroqlariga ilindi,
Ohular to‘dasi ham g‘ussanok bu dam.
Yuksak tog‘ cho‘qqisidan ismingni aytib chaqiraman.
Ovozim uzoq uchar aks-sado berib,
Osmon va yer orasi bunchalar uzun!
Agar shunda toshga aylanib qolsam-da,
Chaqiraman va o‘laman shu ism bilan!
Bu — sevgilim ismi!
Bu — sevgilim ismi!
Mirpo‘lat Mirzo tarjimasi.
AZALIYa
Sen jimgina ketding – dahshat edi bu,
sen jimgina ketding – men jim yashadim;
osmon chirpanardi qora qush kabi…
Men sening yo‘lingga gullar to‘shadim…
Seni kutar edim tog‘ yonbag‘rida;
azaliya guli qoplagan dunyo –
gul terdim ko‘zlaring quvonsin deya…
Sen-chi, u gullarni ko‘rmading ammo…
To‘kilgan gulimni toptagan kabi,
to‘kilgan dilimni ezding, seviklim…
Yarim tun – yig‘lagan qalbim ohidan
titroqqa tushmoqda bu yetti iqlim…
Sen ketib borasan… Boqib izingdan
so‘lmoqda gullarim ezilib, qaqshab…
Lekin ko‘z yoshimni ko‘ra olmassan!
Sassiz o‘laman shu gullarga o‘xshab…
NASTARIN
Sen mendan charchading,
ketyapsan sekin.
Sendan ayrilyapman-u
sassizman lekin.
Yonbyon vohasi,
Yaksan tog‘larin
maysalar qopladi,
gullar nastarin.
Yo‘lingga bir hovuch
gullarni sepdim,
bir shoshgan yo‘lovchi
ezg‘ilab ketdi.
Sen mendan charchading,
ketding-ku sekin…
Yuragim og‘riydi,
yig‘im yo‘q lekin.
Rus tilidan Karim Bahriyev tarjimasi