Beste Sakalli Shimoliy Qibris Turk Jumhuriyatida tug‘ilgan. G‘ozimag‘usa Turk Maorif kollejini tugatgach, Sharqiy Oqdengiz universiteti Ta’lim fakultetining ingliz tili va adabiyoti bo‘limida tahsil olgan. 2001-2006 yillarda aspiranturada o‘qib, doktorlik ilmiy ishini yoqlagan.
Shoira o‘zining “İhlal” (2009), “Bir Sen Vakti” (2006), “İnadına Sevdalı” (2003), “Kar Yanığı” (2002), “Papatya Seferleri” (2001), “Barış Tüten Mavilik” (2000) nomli she’riy kitoblari bilan she’riyat muxlislari e’tirofiga sazovor bo‘ldi.
***
va
yoza boshladim
“bunday boshlanmaydi” dedilar
“va ikki gapni bog‘lar” dedilar
“va deb boshlab bo‘lmas” dedilar
boshladim
tinglamadim ularni
“va” ila boshladim
aslida so‘ngsiz bo‘shliq bor avvalida
ular ko‘ra olmadilar
ular faqat uqtirilganni bilishar
meni aslo tushunmaslar
***
“va” bilan boshladim
chunki davom etish ovozimdir “va”
“va” dedim o‘zimga
“va” dedim aqlimga
“va” dedim qalbimga
uyg‘otdim ularni
siltadim
sug‘urib oldim mudroq
ko‘zlaridagi allalarini
***
uyquda ham tushlarimda ham
“va” deb aytdim tinmadim
“va” baqirdim
“va” so‘zladim
“va” bastaladim
ham bir marta emas
yuz marta aytdim
hatto oxiriga bir “a”ni qo‘shib
“vaa” dedim
hayajonga solmoq istadim
hayajoningdan
qonib qonib ichmoq istadim
***
chunki yozmasam
unutardik barcha barchasin
unutardik orzularni ham
umid bermoq uchun
qildim atayin
***
bog‘da toshni yorib ungan zarif o‘t ishontirdi meni
qoyalarni teshib oqqan suv
Ernst Xemenguyeyning “Chol va Dengiz”
asaridagi kubalik baliqchi
“12 yillik asorat” filmidagi Solomon Nortup
har doim shu yerda turguvchi uyim
bu stol
bu qalam
menga darddosh bo‘lgan eski o‘yinchog‘im ishontirdi
bo‘lmasa men ham yo‘q edim
bo‘lmasa men ham bo‘lmasdim
***
ammo yozdim
“va” dedim
***
topdim “va”ni
hatto topganim on bo‘ldim “va”ni
ko‘paysin deb boshlang‘ichlar
ko‘paysin deb davom etish ehtimoli bo‘lgan hayotlar
nafas olsin deya joy ochdim
“va” dedim
***
qorong‘u tunlarni yoritdim “va” bilan birga
vaqtlar oqdi tun va kun ila
dunyodagi hamma qumni oqittim pastga
umr bir yo‘ldir dedim
umid bir uydir
davom et.
JAZO
sen ham bilasan
har kun boshqa bir kundir
har kun boshqa bir umid
quyosh chiqar
uyg‘onadi mahallaning mushuklari
va yog‘a boshlar oqcharloqlar qiyqirig‘i
ko‘chalar o‘sha-o‘sha, insonlar boshqa bo‘lsa ham
boshqa bulutlardan hayqirsa ham yomg‘irlar o‘sha-o‘sha
tong oqarar o‘sha-o‘sha
hammasi davom etar
yana qolgan joyi bir
men unutdim derman ammo
eslatguvchi hayotdir…
ayb menda emas.
Turk tilidan Ma’rufjon Yo‘ldoshev tarjimasi