Leonard Koen (1934-2016)

Leonard Koen (Leonard Cohen) – Kanadaning Uestmount shahrida tug‘ilgan. Shoir, yozuvchi, qo‘shiqchi (bard). 1951 yil Makchilla universitetini tugatgan. O‘zi yozgan she’rlarni ijro etish bilan shuhrat qozongan. “Gitler uchun gullar” (1964), “Mehribonlik kitobi” (1984), “Notanish odamning musiqasi” she’riy to‘plamlarining, “Sevimli o‘yin”, “Ajoyib omadsizlar” romanlarining, qo‘shiqlari to‘plangan bir necha disklarning muallifi.
2011 yilda Asturiya shahzodasining adabiy mukofoti bilan taqdirlangan.

TILLA SIMZANJIR

Tunda xat yozmoqdaman. Dekabr. Eng so‘nggi kun.
Sen sang‘ib yurgandirsan, manglayi qora akam.
Shahar sovuqdir ancha? O‘tin yoqishar dam-dam
Jaranglab to‘kiladi derazadan ohang, un…

Eshitdim, tubkonlarning tubida yurganmishsan.
Tashlab barcha ishingni.
Baxt kulib boqsa yaxshi – umidim shudir bilsang,
Topdingmi, allaqachon dilga yaqin kishingni.

Bilib qo‘y, Jeyn kennoyim sen bergan tillasimni
Hamon bo‘ynidan yechmay taqib yurar tumordek.
Tillasim esga solar sening ilk havasingni,
Sen-chi, “barcha ko‘prikni yoqdim”… deb yuribsan, eh!..

Xo‘sh, endi ayt-chi, ko‘ngling tinchidimi oz-moz, sal?
Akang ketib qoldimi? – deb so‘raydi ko‘rsa kim.
O‘zingni anchagina oldirib ham qo‘yibsan,
Huv bir kun uchrashganda dahvatan payqab qoldim.

O‘sha kuni vokzalda tinmay rosa izg‘iding,
Yirtilib tushdi oxir yomg‘irpo‘shingning yengi
Vokzalda yurib-yurib, bir o‘zing qaytib kelding,
Ikkovlon kelarsan deb kutib yotdim men jinni.

Maysa chaynab turding so‘ng eshikda behafsala
Xuddi sayoq jo‘giday.
Jeyn kennoyim tongsahar yo‘llaydi senga salom,
Ayol desang, vafodor yorim desang – deguday.

Men senga nima yozay baxtning jallodi – akam,
Hayot zeriktirdimi seni, yoki sinadi?!
Bularning bari balki yaxshilikkadir, qaydam?
Xayolga balki bir kun qaytish fikri keladi… –

Xayolda bo‘lsa agar, aka, uyingga kelmoq,
Ko‘r, kennoyim yotibdi o‘zni tashlab to‘shakka.
Baxtlimi u, bilmadim, uni baxtga yor qilmoq
Faqat sening qo‘lingdan keladigan ish, aka.

Bilsang, kennoyimdagi o‘sha tillasim zanjir,
Doim seni eslatar qachon o‘tirsa-tursa.
Seni qaytib kelar deb hamma umidvor axir,
Sen-chi “barcha ko‘priklar yondi…” deb yurgandirsan.

San’at Javohir tarjimasi