Uolter de la Mar (Walter de la Mare, 25 aprel 1873, London — 22 iyun 1956, London) — ingliz shoiri, yozuvchi va romannavis. O‘zining bolalar uchun yozgan asarlari va fantastikasi bilan dovrug‘ qozongan.
YO‘QOLGAN BOShMOQ
Jo‘y ismli qizaloq
Raqsga tushayotib
Tuflisining bir poyin
Qo‘ydi sho‘rlik yo‘qotib.
– Qoldimikin? – deb bordi
Muzqaymoq yegan joyga.
Topolmadi u yerdan
Izlashdan bormi foyda…
Afsuski, yo‘q, nachora,
Chorbog‘da ko‘rishmagan,
Ko‘ldagi baliqlar ham
Xabardor bo‘lishmagan.
Eh, attang, o‘sha boshmoq
Dom-daraksiz yo‘qolgan.
Ko‘cha-ko‘yda, yo‘lakda
Nainki izi qolgan.
Bechoraning holi tang,
O‘chgan qizning rang-quti.
Ko‘rmabdi quyon, qarg‘a,
Hatto tog‘ning burguti.
O‘yinqaroq shamollar
Sho‘xlikka to‘yishmagan.
Boshmoqni ko‘rgan balki,
Shivirlab qo‘yishmagan.
Bir poy tufli sayr etib,
Yurgandir Daniyada.
Yoki Yunonistonda,
Balki Ispaniyada.
Yuzlab shaharga bordi,
Erinmadi rosti gap.
Ko‘rinmadi hattoki
Okeanning ostida.
Parvoz etdi osmonga,
Shabboda xomush qutlar.
Yulduzlardan sado yo‘q,
Churq etmadi bulutlar.
Bir oyoqda hakkalab
Sakrar cho‘lni oralab.
Tog‘u tosh, jarliklardan
O‘tar edi panalab.
Tovoni yerga tegmay
O‘rmonlarda izg‘idi.
Yakshanba kunlari ham
Na uxladi, mizg‘idi!..
Bu tinchimas qizchadan
Olmang aslo xavotir.
Chunki bir poy boshmog‘in
U hamon izlayotir…
ZARRABIN
Gapga soldim zarrabinni,
Sehrgarday shaylanib.
Mayda toshlar qoldi, tavba,
Tizma toqqa aylanib.
Maysa, chimlar – cheksiz o‘rmon,
Bulutlarni bo‘ylashar.
Gazli suvlar g‘ujg‘on bo‘lib,
Arilarday o‘ynashar.
O‘rgimchakni kuzataman,
Er sharini yasaydi.
Dorbozlarday epchil, chaqqon,
Azal shunday yashaydi.
To‘rga tushgan kapalakka
U arslonday tashlandi.
Tabiatda qonun shunday,
Lekin ko‘nglim g‘ashlandi.
Zarrabinni behudaga
Maqtamadim toshirib.
Chumolini filday qilib
Ko‘rsatadi oshirib.
Osmon uzra qarasangiz,
To‘lqinlanib ketasiz.
Hech lofi yo‘q, hatto oyga
Bir soatda yetasiz.
TEGIRMONChI VA UNING O‘G‘LI
Meri kuylar nozik arfada,
Jon mandalin chertadi jo‘shib.
“Tegirmonchi va uning o‘g‘li”
To‘g‘risida bu g‘amgin qo‘shiq.
Sayr qilishar otayu o‘g‘il,
O‘rmon sokin, sirli g‘aroyib.
Nogoh uchib o‘tdi uch kaptar,
So‘ng qaygadir bo‘lishdi g‘oyib.
Tegirmonchi so‘zlar o‘g‘liga:
“Kaptarlarning ortidan chopgin.
Ular bilan olamni kezib,
Iqbolingni, baxtingni topgin”.
“Xo‘p otajon, yo‘lga tushgayman,
Bu taqdirning buyrug‘i demak.
Ammo, qushlar meni ortimga
Kuzatishib qo‘ymasa kerak”.
Otasini quchoqlab, o‘pib,
“Xayr” deya o‘g‘lon yo‘l oldi.
Kaptarlarning ortidan chopib,
Bir umrga ko‘zdan yo‘qoldi.
Olislardan cholning uyiga,
Kelar edi yig‘loqi nola.
Tegirmonning atroflarida,
Qanot yozdi qip-qizil lola.
Tuman bosgan namchil o‘rmonda,
Uchta yulduz yonar isinib.
Tegirmonchi yolg‘iz o‘g‘lini,
Topolmasdan giryon izini.
Kakkular ham nolon-u zada,
G‘amgin edi dalalar, gullar,
Behudaga zorlanmas tongdan,
Sarkash qushlar, mayna, bulbullar.
Motamsaro tegirmonchi chol,
Uyqu qochgan, oy-ku botmaydi.
Tegirmon ham eskirib qoldi,
Ancha bo‘ldi, bug‘doy tortmaydi.
To‘rt tomondan sado keladi:
“Sen kaptarim, ko‘kda yulduzim!
Derazamda ochilib turgan,
Qizg‘aldog‘im, erkatoy qo‘zim.”
“Qaylardasan qaytgin, dilbandim,
Judolikka malham qay ta’rif!
“Otajonim, o‘sha kaptarlar,
Uchmas ekan meni qaytarib!”
Meri kuylar nozik arfada,
Jon mandalin chertadi jo‘shib.
“Tegirmonchi va uning o‘g‘li”
To‘g‘risida bu g‘amgin qo‘shiq…
UCh OG‘AYNI
Uch quvnoq aka-uka,
Uchta dehqon og‘ayni.
Ahd qilishdi dunyo kezib
O‘ynab-kulish chog‘ ayni.
Qidirmoqchi bu olamni,
Shoshilmasdan-shoshmasdan.
Niyat qilib sayohatdan,
Qaytishni adashmasdan.
Ahillikda hikmat ko‘pdir,
O‘zgacha buning gashti.
Yo‘lning xarji tayin bo‘lgach,
Shartnoma imzolashdi.
Sho‘x yigitlar safar payti,
Charchab-tolmaslik uchun
Etiklarin poshnalari,
Tushib qolmaslik uchun
Losh-lushlarin erinmasdan,
Sandiqchaga joylashdi.
Ostonadan hatlamasdan,
Non sindirib, choylashdi.
Xolis niyat er yigitga,
Yo‘lchi yulduz – mayoqda.
Og‘aynilar yo‘lga tushdi,
Faqat yalang oyoqda.
Ilon izi, yolg‘iz so‘qmoq,
Yoshlik zavqi gupurar.
Yashil dala, pichanzordan,
Yalpiz hidi ufurar.
Yayrab-yashnab, dala-dashtda.
Sal-pal charchab horishdi.
Chegaradan o‘tib bo‘lgach,
Tampenda dam olishdi.
Bir chaqirim oradagi,
Yo‘l belgisin qoldirib.
So‘ngra Vixem, Vika bo‘ylab,
Dovonga yo‘l soldirib,
Ovqatlandi Vachetaga,
Yaqin qolgan kenglikda.
Mahobatli yetti cherkov,
Turar edi do‘nglikda.
Vachetadan to‘ppa-to‘g‘ri,
Vayaga yetgan mahal.
Uchchovini charchoq bosib,
Esnashardi galma-gal.
Ular o‘ngga burilganda,
O‘xshab xuddi posbonga
Zar kokilli oy ko‘rindi,
Yarim tunda osmonda.
Jahongashta uch og‘ayni,
Tushida ham o‘ynashar.
Chumolilar qurgan minor,
Soat yanglig‘ bo‘ylashar.
Qancha qishloq, shaharlarni,
Bosib, ortda qoldirib,
Charchoqlarga o‘zlarini,
Qo‘yishmadi oldirib.
Qisqasi bu sayohatdan,
Yoshlar ko‘ngli chog‘ edi.
Ro‘paradan dengiz chiqdi,
Ortida-chi, tog‘ edi…
* * *
To‘ng‘ich Artur so‘z boshladi:
– Toliqibman, tolibman.
Aybim o‘yinqaroqligim,
Ancha charchab qolibman.
Talmovsirab g‘o‘ldiraydi
O‘rtanchasi Renalda:
– Kechiringlar, sababi men,
Suzishni bilmaymanda.
Kenja o‘g‘lon tavakkalchi,
Sho‘xligini qo‘ymaydi.
Oppoq, nozik qo‘llarida,
Suvni sochib o‘ynaydi.
Zimdan boqib lol qolasiz,
Kelbatiga, tarziga.
Kenja botir maqomini
Unga bersa arzigay.
Tun qorong‘i, dengiz sokin,
Yulduz suvning aksida
Suv pariylar qurshovida,
O‘ynar ular raqsiga.
Sirli ohang Bertranni,
O‘z bag‘riga chorlaydi.
Adog‘i yo‘q dengiz uzra,
Cho‘lpon yulduz porlaydi.
Tong ham otdi, suv sathida.
Quyosh nuri balqiydi.
Bertranning shlyapasi,
Chappar urib qalqiydi.
Artur, Renald ukasini,
Yo‘qlashib bo‘ldi xalak.
Bandargohda shamol izg‘ir,
Bertrandan yo‘q darak.
Akalari oh-voh qilib,
Qirg‘oq bo‘ylab baqirar:
– Qayoqlarda yuribsan, – deb
Kenjatoyni chaqirar.
Beshik-beshik to‘lqin qalqib,
Pinagini buzmaydi.
Baliqchi qush – chag‘alaylar
O‘ljadan ko‘z uzmaydi.
Alamzada Artur, Renald,
Suvga yaqin kelishib
Bertranga g‘oyibona,
O‘ksib, salom berishib:
– Bizlar sendan bexabarmiz,
Ukam hozir qaydasan?
Balki dengiz ostidagi,
Sirli go‘zal joydasan.
Sayr qilib yurgandirsan,
Eng chiroyli shaharda
Jahonni kez, tomosha qil,
Imkon topsang agarda.
Jigarbandmiz. Naql borkim:
– Qarab yurgin ko‘zingga…
Shartnomada belgilangan
Oltin yombi o‘zingga…
“Yamoqdir yoqa yengga”.
Shartnomada belgilangan,
Oltin yombi sovg‘a senga…
Ukajonim! O‘z yo‘lingdan,
Adashmagin, og‘magin.
Bu olamni kezib chiqib,
Bir-biriga bog‘lagin…
Rus tilidan Tursunboy Adashboyev tarjimasi
BAHOR
Boychechaklar ochildi,
So‘ng lolaga yetdi gal.
Oq libos kiydi nargis,
Za’faron guli zarhal.
Bog‘lar gulga burkandi,
Dala-qirda gul atri.
Har tomon yashil, alvon,
Kelmoqda bahor fasli!
Rus tilidan Nurulloh Oston tarjimaci