Sharlotta Bronte (1816-1855)

Sharlotta Bronte (Charlotte Brontë) atoqli ingliz yozuvchisi hamda shoirasi, o‘smirlik chog‘idanoq adabiyotga dadil qadamlar bilan kirib kelib, ingliz adabiyotida yaratgan durdona romanlari tufayli dovruq qozongan mashhur opa-singil Brontelarning eng to‘ng‘ichidir. Sh.Brontening Kurrer Bell taxallusi ostida yaratgan “Jeyn Eyr” nomli romani yozuvchi nomini butun dunyoga tanitgan eng shoh asari hisoblanadi. 1849 yili “Sherli” nomli kitobi dunyo yuzini ko‘rgach, adabiy jamoatchilikda erkakcha “Karrer Bell” taxallusi bilan oddiygina o‘qituvchi ayol ijod qilayotgani haqida mish-mishlar tarqaladi va Sharlotta adabiy davralarda mashhur bo‘lib ketadi. 1853 yili “Villett” romanining chop etilishi xalq orasida uning obro‘sini yanada oshiradi. Brontelar xotirasini abadiylashtirish maqsadida Merkuriydagi kraterga ularning nomi berilgan.

TUN DARSLIGI

O, inson yuragi, inson yuragi,
Sen buncha betizgin, abadiy jumboq.
Xayolu umidi, orzu istagi –
Qadimdan olamga javobsiz so‘roq.
Kunlari o‘tsa-da kulguga lim-lim,
Tunlari boshlanar vijdonda isyon:
“O, inson, sen nahot boylik tufayli
O‘tgan kunlaringni unutmoqchisan?”

Kechalar shundayin berahm hakam,
Oromin o‘g‘irlar havoyi qalbning.
Sodiq qushchalarday hislar bo‘lib jam –
Yurakka yog‘ilib kelishar keyin.
Keyin dil to‘kilar, hasrat to‘kilar,
Dard g‘anim bo‘lmagay ko‘ngilga hech vaqt.
Tunlari vijdonga azob yog‘ilar,
Tunlari ko‘zlardan quyiladi dard.

Tuyg‘ular, qayg‘ular jo‘sh urar shiddat,
Xotirga tushadir insof, diyonat.
Nahot oniylik bir lazzat etib zabt
Inson o‘z qalbiga etsa xiyonat…
O! Ko‘ngil yarador, ko‘ngil qon to‘kar,
Axir u yaralgan edi-ku oppoq!
Ko‘mib borar uni tumanli yillar,
Og‘ir, juda og‘ir endi yashamoq!

Endi yurakning bir hamrohi xilol,
Unsiz kechalar va g‘arib yolg‘izlik.
Valek tun solmagay ko‘ngilga malol,
Va chekinib borar shum umidsizlik.
Faqat ko‘ngilning eng chuqur yerida
Xo‘rsinib yashaydir yagona niyat.
Faqat tunlarimas, endi har onda
Odamday yashasin bor Insoniyat!

AYRILIQ

Yig‘lamagin
va kuyunmagin,
Bizlar ajralishdik,
bu – taqdir.
Faqat, sevgim, shunga sevingin –
Axir shirin xotira bordir…

Peshonada bori shu ekan,
Ayblasak-da o‘z-o‘zimizni,
Nafrat bilan, muhabbat bilan
Eslagaymiz bir-birimizni.

Ijozat et, hijron g‘arq etsin
Mayli, jami ko‘ngil uyimiz.
Ko‘zlarimiz har kun yosh to‘ksin,
Begonaday bo‘lsin kulgumiz…

Goho do‘stday, goho g‘animday
Muhabbatim, achchiq qismatsan!
Eslaysanmi sen ham biror dam,
Buncha azob, buncha g‘urbatsan!

Hayotimning har bir onida
Shonlidirsan hamda sevimli…
Mudom borsan qalbim to‘rida,
O‘limgacha hayotsan, bilki!

Oysiz tunlar seni o‘ylarman,
Yolg‘izlikda, hijronda tanho.
Qalbim sening pok qalbing bilan
Samolarda uchadir go‘yo…

Kel, uzaylik zanjirlarni, kel,
Sevgimizni etaylik ozod!
Huzurimga o‘sha on shoshil,
Va qo‘limdan tutgil umrbod!

Lek…
Yig‘lama va kuyunmagin,
Netaylikki, shu ekan qismat…
Ishon, taqdir bizlarni bir kun,
Uchrashtirar mashharda albat!

HAYoT QADRI

Inoning, hayot bu tush emas,
Donolar aytganday ko‘p g‘alat.
Qaysidir kunimiz xayrli,
Qaysidir kunimiz mashaqqat.
Goh quyun bosganday qora g‘am
kelgan chog‘ yig‘lamoq ne uchun?
Shodlik ila, tabassum ila
Qarshi olmoq kerakdir barin!
Hayot bu mukofot Tangridan,
Minnatdormiz bizlar bir umr!
Nogoh ajal yo‘qlagan onda
judo etar hayot taxtidan,
Tark etarmiz qayg‘u, quvonchni,
Bari tamom bo‘lar daf’atan.
Yaxshiyamki, umid asraydi,
Yaxshiliklar sog‘inar umid.
Qani, ayting, biz bu olamga
Yaralmoqdan ne uchun keldik?
Odam kabi, chaqaloq kabi
Oxiratga borarmizmi oq?
Inoning, hayot bu tush emas,
Chindanam, ko‘p g‘alat yashamoq…

TAASSUF…

Ko‘p yillar ilgari istardim:
“Uyimdan olisga ketsaydim!…”
Ko‘p yillar ilgari o‘ksirdim –
O‘z uyim bunchalar g‘alati…
Yillar o‘tib, musofir elda
Kezarkanman dilimda sog‘inch.
Xotiralar azob berganda
Oqaverdi ko‘z-yoshim betin.

Bilganlarim – shoshqaloq umr
va tuganmas ro‘zg‘or tashvishi.
Ortimga bir tashlasam nazar –
Olis kelar uyim tovushi!
Hayotning cho‘ng, tez o‘zanida
Topolmadim uyimday maskan.
E-voh, endi to‘lqinlar ichra
Sarosarman, bir darbadarman.

Alvido, ey, yorug‘ xotira,
Vido sizga, sodiq sohillar.
Nahot endi ko‘rolmam sira
O‘z tug‘ilgan uyimni takror!
Qani endi ortimga boqsam
Tashvishlardan voz kechib bir on.
Qani endi kimdir chaqirsa –
Biron tanish ovoz, qadrdon.

O‘sha lahza yuragim to‘xtab
Jannatdayin sezgum o‘zimni.
Xudo! Sog‘inch ko‘nglimni o‘rtab
Mangu yoshga ko‘mdi ko‘zimni.
Yo‘q, endi na ro‘zg‘or, na bir ish
Band etolmas umrimni zarra.
Bir kun qalbim topar osoyish –
Men uyimga qaytarman yana!

Ingliz tilidan Qandilat Yusupova tarjimalari

* * *

Ishon, aslida hayot – o‘yinmas aslo,
O‘rmonzorlar haqida matal yo ertak.
Tong chog‘lari maydalab yoqqan yomg‘irdek,
Yangi kun goh mo‘jiza tutarkan andak.
Mayliga osmon biroz tunddek ko‘rinsa,
Gar qoplasa bulutlar ko‘k yuzin sokin.
Sharros quygan yomg‘irdan so‘na boshlagan,
Atirgulu chechaklar jonlanar sekin.
Qara, qancha telbavor, qaytmas bu kunlar,
Hayotning daraxtidan uzilib ketdi.
Qanchalar xush, yoqimli, g‘animat damlar
Goh shirin diydordek bizni tark etdi.
Mayli-da, gar o‘limning umr oralab,
Quvib yurganlari ham, tabiat amri.
Hech o‘ylab ko‘rganmisan, g‘ussalar qachon
Qo‘rqinchli, gar bir umid bermasa Tangri.
G‘am-azoblar kelganda umid g‘unchasi,
Dilga quvvat baxsh etar har nafasida.
U xuddi xotirjamlik berguvchi qanot,
Yangi ko‘z ochgan buloq kabi aslida.
O‘kinma, parvo qilma, goho to‘siqdek
Oyog‘ingga chirmashsa qayg‘uli damlar.
Sen esa, azizim, hech noumid bo‘lma,
Keladi saodatli farahbaxsh kunlar.

Rus tilidan Dilorom Abdurahmon tarjimaci