Emili Bronte (1820-1848)

Emili Bronte (Emily Jane Brontë) o‘zining “Balandliklar” romani bilan ingliz adabiyotida o‘ziga xos o‘rin tutadi. Shuningdek, shoiraning “Meniki emasdir imonsiz yurak”, “E’tiqod”, “Mahbus”, “Ko‘hna matonat”, “Xotiralar qo‘shig‘i”, “So‘zla, sevgilim” va boshqa ko‘plab she’rlari to hozirgi davrgacha millionlab she’riyat ixlosmandlari tomonidan hanuz sevib o‘qib kelinmoqda. Emilining “Ellisa” nomli she’rlar to‘plami adabiyotshunoslar tomonidan yuqori baholangan. Shuningdek, uning “Momaqaldiroqlar dovoni” romani ham shuhrat keltirgan. Angliyada bugun ham Emili Brontening she’riyatiga bo‘lgan ehtiyoj katta. “Xotira” , “Tutqun” va boshqa she’rlari Bleyk, Shelli, Bayron she’rlari kabi jahon adabiy davralarida e’tibor bilan tilga olinadi.

UMID O‘LKASI

Umid, mening yagona do‘stim,
Qaylardasan?
Bergin-a ovoz!
Qara, taqdir bunchalar zolim,
Kular, kular…
U – masxaraboz!

Chaqir ekan hayot so‘qmog‘i,
Quruq kunlar o‘tar izma-iz.
Umidsizlik tutar qiynog‘i –
Nahot mendan o‘girgansan yuz!

Shum raqibday aldovga otib,
Pinhondirsan, xilvatda jimsan.
Yig‘layotsam, ko‘z-yoshga botib –
Kuladirsan…
Ayt, o‘zi kimsan?..

Umid,
dushman bo‘lmagin aslo,
Yuraklarim ezilgan, kuygan.
Qayg‘u holim qilar tomosho,
Hayotimga g‘am hokim bo‘lgan.

Umid, sensan yolg‘iz ilinjim,
O‘zing malham dardimga har vaqt.
Yana meni yashashim uchun
Bir kun qaytib kelasanmi, ayt?

MUHABBAT VA DO‘STLIK

Muhabbat bu – eng chiroyli gul,
Do‘stlik esa qadrdon daraxt.
Suyganim shu qizil atirgul,
Suyanganim bo‘lsa sarbaland.

Ko‘klam chog‘i ochilgan gulim,
Yozda bo‘lgay yana-da so‘lim.
Lek qahraton chog‘ida meni
Tashlab ketmaysanmi, sevgilim?

Kimdan topay jonimga qadr?
Yuragimga sodiq qay inson?
Hayotimga kirar dekabr –
va boshlanar zarur imtihon.

MANGU OROMGA QADAR…

Men mangu oromga ketar chog‘imda
Ohkim, na hayajon va na bir g‘ussa –
ruhim to‘ldirolmas…
Ucharman asta,
na yomg‘ir va na qor yog‘ar boshimda…
Taqdir atamasin hech bir in’omin,
Yashadim goh baxtli, goh baxtsiz bo‘lib –
Ko‘zlarim yumarman huzurga to‘lib,
Xudo nari qilg‘ay jahannam domin!

Shunday tilak qildim, hamon tilarman –
Umrim so‘nggigacha asrasin Olloh!
Bu ikki olamga sig‘magan bir ruh
va bir xasta dil-la tun-kun ucharman.
O‘lim ajratgaydir tandan bu jonim,
Valek majruh dardim qolgay ichimda.
To so‘nggi nafasim – o‘lar chog‘imda
O‘zimda qolgaydir shu pok imonim!

Men mangu oromga ketar chog‘imda
Ohkim, na tabassum va na tomchi yosh –
endi hayotimga bo‘lmagay yo‘ldosh…
Bari savdo tugar g‘arib boshimda!..

MENIKI EMASDIR IMONSIZ YuRAK

Meniki emasdir imonsiz yurak,
Qoraygan olamda yashamasman men:
Ko‘rarman Xudoning jamolin porloq,
Ishqim meni Haqqa yetkazur tayin.

O, kuyuk ko‘ksimga jo bo‘lgan Rahmon,
Parvardigor, sensiz yashashim harom.
Hayot bu qo‘shqo‘llab berilgan ehson,
Hayotsiz bo‘lsam ham oshiqman tamom!

Ming-minglab majruh dil to‘la yer yuzi
Arang aylanadir koinot uzra.
Bir ishqsiz o‘tarlar o‘shalar bari,
Vaslingdan umid yo‘q ularga zarra…

Gar qalbda tug‘ilsa badniyat, shubha
Sendan uzoqlashib bo‘lgaymiz shakkok!
Yo, Tangrim, ishqingdan ayirma sira –
Tokim huzuringga boraylik oppoq!

Bu ikki olamga sig‘mas dard ila
Ruhim istayverar go‘zal jamoling.
Shukrkim, bizlarni aziz etding-da
Yaratding, o‘stirding va qismat berding.

Gar yerda qolmasa biror tirik jon
Va Quyosh to‘xtasa, Olam to‘xtasa,
Sening hukming ila jonlanib osmon,
So‘zingdan yaralur yana har maysa.
Alqissa, O‘limga yo‘qdir hech muhlat,
Hech bir kuch-da unga kela olmas bas.
Tangrim, sen abadiy Ulug‘san, albat,
Sening borliging bu – Hayot va Nafas!

Ingliz tilidan Qandilat Yusupova tarjimalari

* * *

Sadoqatli do‘sting – ko‘ngilga ishon,
Taqdir yuziga hech ko‘z yosh-la boqma.
Qaylarda bo‘lmayin, sen-la qolurman,
Mening dilafshonim, qalbingni yoqma.

Faqat shu joydami, aytgil nohaqlik,
Yo yolg‘on va’dalar uchrab turarkan.
Ardoqlab, asragan qalbing bir pulcha
Qadr topolmasa, alam qilarkan.

Nahot men o‘zimga qildim xiyonat,
Nahot men shunchalar beparvo bo‘ldim.
Osmoni falakda go‘yo bevatan,
O‘zimni unutib, tiriklay ko‘mdim.

Ammo bir tog‘liq-chun bedazor, yaylov,
Behishtdek joylardan afzal ko‘radi.
Qadrdon dalasin ko‘klam chog‘lari,
Bir qarich qoldirmay, mehrin beradi.

Men uchun begona bundagi gullar,
Men uchun begona o‘zga go‘zallik.
O‘zga nigohlar ham xuddi olisdan,
Shunchaki mo‘ltirab boqib turgandek.

Ammo bir nurafshon qalbimning nuri,
Qadimdan qizg‘onib, asrayotganim –
Bu sening yodingdir, hatto har gardi
Qalbimni nurafshon aylayotganim.

Rus tilidan Dilorom Abdurahmon tarjimaci