Sunita Reyna

G‘AZALLAR

Ming yillik tarixni yozmoq ne uchun?
Lahzalik holimni aytay men butun.

Ko‘ngil der: hayotga ishongil tugal,
Dil choki tikilsin, bo‘lmaylik dilxun.

Umrida tomchi suv ko‘rmagan qaqroq
Lablar tashnaligin yozay eng burun.

Ishqda vafo bo‘lsa muammolar hal,
Havasga sevmoq ko‘p aylaydi zabun.

O‘n to‘rt yil uzlatda g‘am tortdi Sita,
Ayol zoti uchun yetar shu junun.

Bir to‘g‘ram qora non muhtojlarining
Dardini, Reyna, yoz, loaqal bugun.

* * *

Mahrami roz yoki bir damsoz Masiho istaram
Balki undan mehribonroq yor, xudoyo, istaram.

Tobakay ummed dashtida kezarman darbadar,
Bu sifat ozodlikdan tarki dunyo istaram.

Lahza yo‘qki furqatingda kunduzim shom o‘lmasin
Tiyra osmonimga sendek bitta Zuhro istaram.

Kim sazovor o‘lmadi lutfingga, bo‘ldi xor-zor,
Men-da sendan kelmaguvchi ul mudovo istaram.

Bog‘u sahro birla mohu mehr emish yakson manga,
Bul jihatdan aylamak olamni barjo istaram.

Istagaymu ishq aro xurshed kabi kuymoqni ul?
Vahshatingdan ko‘nglim ichra o‘tli daryo istaram.

* * *

Barcha yo‘llar bunda to‘xtar, evrilishlarni unut,
Esda qolsin yaxshi ishlar, qolgan ishlarni unut.

Fikru zikrim senda erdi, goh umid, goh shubhada,
El pichirlab deydi: kelgil, barcha ishlarni unut.

Zarra nam yo‘q ko‘zda g‘amdan sen ketib ham, vo ajab,
Ul seni esdan chiqardi, qo‘y, yonishlarni unut.

Yo‘q na ul ko‘z, na-da ul xob seniki ermas edi,
Dil erur shaydo ko‘zingga, ko‘z yumishlarni unut.

Rahmating yomg‘uri o‘zga tom uza yog‘mish nechun?
Ey, dili g‘ofil, unutgil o‘sha tushlarni, unut!

Oy kabi kulgan edi ham soy kabi toshgan edi,
Ul visol daryosi erdi, bexud suzishlarni unut.

Hindiychadan Amir Fayzulla tarjimasi