Irakliy Abashidze (1909-1992)

Abashidze Irakliy Vissarionovich (ირაკლი ბესარიონის ძე აბაშიძე; 1909.10.11, Kutaisi gubernyasi Xoni qishlog‘i — 1992) — gruzin shoiri va jamoat arbobi. Gruziya Fanlar akademiyasi akademigi (1960). Gruziya Yozuvchilar uyushmasi boshqaruvi raisi (1953—67). Gruziya Entsiklopediyasi bosh muharriri (1967 yildan).
Asarlaridagi asosiy mavzu — shoirning insonparvarlik burchi, Gruziyaning hozirgi va o‘tmishdagi taqdiri («Guriya yashnayapti», 1950; «Yaqinlashish», 1966; «Bu qo‘shiqlar ham — Gruziyamga», 1971; she’riy to‘plamlari, «Rustaveli izidan» poemasi, 1966 va b.). «Yuksak mahorat uchun»(1959), «Do‘stlar, yo‘llar, o‘ylar» (1979) kitoblari muallifi.
Oybek, G‘afur G‘ulom va boshqa bilan ijodiy muloqotda bo‘lgan. Zulfiya she’rlarini gruzin tiliga tarjima qilgan. O‘zbek tilida «She’rlar» kitobi nashr qilingan (1962).

QARDOShLIK

Bir tug‘ishgan qardosh do‘stlar bizda g‘oyat mo‘l,
Men, Zakavkaz daryosining o‘g‘liga har chog‘
Qardosh turkman mehri jo‘shib uzatadi qo‘l,
Qardosh o‘zbek quvnab-qutlab, ochar keng quchoq.

Umum maqsad yo‘li bizni yaqinlashtirdi,
Do‘stlik ipi bog‘lab qo‘shdi qalblarimizni.
Azaldanoq qardoshlikka chorlab chaqirdi
Rustaveli, Maxtumquli, Navoiy bizni.

Bir maqsadda birlashganmiz bitta safga zich.
Qardoshlikning ipi bilan qo‘shilgan dillar.
Uzolmadi bu ip uzra solsa ham qilich,
Temirlangu Jaloliddin kabi johillar.

Qo‘shin tortib, bizni yanchdi hukmron xoin,
Shahar-qishloq, dalalarni yoqib kul qildi.
Boshimizda qilich sindi. Biroq xalq doim
Qardoshligu mangu do‘stlik uchun intildi.

O, naqadar baxtiyorman, qardoshlarim mo‘l,
Uzoq daryo o‘g‘illari menga do‘st-inoq.
Qardosh turkman mehri jo‘shib uzatadi qo‘l,
Qardosh o‘zbek quvnab-qutlab ochar keng quchoq.

Qardoshligu do‘stligimiz mangudir, mangu,
Sovuq hasad oramizga sololmas soya.
Partiyamiz chin do‘stlikning bayrog‘idir, u
Qardosh xalqlar ittifoqin qilar himoya!
1947


QAYSI ELU, QAY DIYoRDA KEZMAYIN…

Qaysi elu, qay diyorda kezmayin, har chog‘,
Qay manzara nigohimni asir etmasin,
Men shu yerda his qilaman o‘z ona tuproq
Va tug‘ishgan ona tog‘u, daryom nafasin.

Go‘zal oltin Farg‘onani sayr etib, ko‘rib,
Chiroyiga maftun bo‘lib ko‘z tikkan vaqtim —
Alazani vodiylarin kezgandai bo‘lib,
Go‘yo yana Gremida bahorga boqdim.

Bu yerda ham Kaxetida kabi sarbaland
Tok chirmashgan ishkomlaru uzumzor bog‘lar,
Bu yerda ham Kartlidagi kabi oynaband
Uy yonida shitirlashib kuylar yaproqlar.

Men unutdim tog‘ va suvning boshqaligi-yu
Va bu yerning Gruziyam emasligin ham.
Axir Amu daryosining suvi-ku, bu suv,
Tyan-Shanning muzlari-ku, bu ko‘k muz qatlam.

«Bo‘lak baxtli, shonli yurtni izlamayman ham»,—
Men bu so‘zni asta aytib qo‘ydim ko‘nglimda,
Uzbek yurtin kezarkanman o‘z Gruziyam
Ko‘ringanday bo‘lib turdi doim o‘ngimda.

Qaysi elu qay diyorni kezmayin har chog‘,
Qay manzara nigohimni asir etmasin,
Men shu yerda his qilaman o‘z ona tuproq
Va Liaxvi, Gomborining iliq nafasin.
1948


MEN ShU YeRDA YaShAMOQChIMAN

Shunda yashab qolmoqchiman.
Bu go‘zal diyor, —
Bu o‘lkaga mehmon bo‘lib kelsin do‘stu yor,
Bilamanki, bor olamni kezib izlab ham
Topolmasa kerak bunday el-yurtni odam.

Boshligimni boshga kiyib, bostirib olib,
Men boraman Dzimiti bo‘ylab yo‘l solib,
Bu quloqchin go‘yo menga azal-abaddan
Sovg‘a-meros qolgan kabi bobo-ajdoddan.

Shunda yashab qolmoqchiman!
Biroq ona tog‘ —
Obrel tog‘in unutolmas qalbim! O‘sha yoq,
O‘sha yerda, tuqqanlarim, qavm-qondoshlarim.
O‘sha yerda kindik qonim, vatandoshlarim.

Qanday qilib Rioni mavj urib oqqan yer,—
Ilk xayolu, orzularim qanot qoqqan yer,—
Ilk bor bosgan poy izlarim saqlanib turgan, —
Bu diyorni tashlab ortda qoldirarkinman?

Ko‘z o‘ngimdan ketmay turar dam o‘tgan sari
Dengizlarday mavjli Odish ekinzorlari.
Maysa-giyoh, shivirlagan ona vodiyim
Xayolimdan ketmas, doim undadir yodim.

Men shu yerda yashab qolar edim-ku, biroq
Alazaning suvlari-yu, osmonga teng tog‘,
O‘rmonday keng uzumzor bog‘, ona kolxozim,
Ona yurtim dalalarin qiyarmi ko‘zim?

Vatanimning hamma yeru, hamma eli ham
Mening uchun tug‘ishgandan afzalki har dam,
Vatan bo‘ylab yo‘lim tushsa, qachon, qay tomon,
«Yurtim men-la birgasan!» deb dadil aytaman.

Qay yerdaki bo‘lsam, o‘sha yerdan baxtiyor,
Usha yerdan go‘zal yerni bilmayman zinhor.
Va jar solib: «Men shu yerda yashamoqchiman,
Shu yerda!» deb qasam ichgim keladi chindan.
1950

Shunqor tarjimalari

VATANGA

Butkul, deding,
Butkul, deding,
Menga baxsh et o‘zingni,
Talabing shu bo‘ldi, Vatan,
Shunday bo‘ldi talabing.
Men baxshida etib turdim
Shirin-shirin so‘zimni,
Faqatgina shirin so‘zni
Baxsh etmoqqa yaradim.
Lekin hali jarohatlar
Sirqiratar vujudni,
Bunga faqat shirin so‘zdan
Malham izlash — bekordir.
Faqat meni sen bag‘ringdan
Judo qilma
Va kutgil,
Senga hali ko‘p narsani
Qurbon qilmog‘im bordir!

NASLING SO‘ZI SO‘Z

Yaxshimisan, yomon,
Oqmisan, qora,
Maqbulmi ishlaring
Eki nomaqbul?
Faqat naslinggina berolgay baho,
Nasling ne desa shu,
Boshqasi bir pul!

Ne olib ketasan —
Rahmatmi, la’nat,
Ne nom qoldirasan —
Nodonmi, oqil?
Naslinggina berar bahongni faqat,
Nasling ne desa shu,
Boshqasi bir pul!

Noming yashaydimi mangu,
Toabad,
Barq urib turarmi qabring uzra gul?
Naslinggina buni hal qilar faqat,
Nasling ne desa shu,
Boshqasi bir pul!

Bugun shohsan,
Erta bo‘lgaysan unut,
Bugun gado,
Erta manguga doxil.
Sen faqat naslingning bahosini kut,
Nasling ne desa shu,
Boshqasi bir pul!

Ruschadan Mashrab Boboyev tarjimalari.

ShARQ ShOIRLARIGA

Sharqda yuz til bor: go‘zal, yo‘q mini,
Sanab ko‘rsang, qiziq, katta ish bo‘lar.
Bir oqimning yuzta kuychi to‘lqini,
Yagona til bo‘lib qo‘shilar ular.

“Til turli”, – deb yonmas odam oqili,
Shoir zoti qardosh, asli tutash jon.
Bizning umumiy til – muhabbat tili,
Uning har bir so‘zi tanish, qadrdon.

Ey Sharq shoirlari! Tuzdir oshga tot,
Yuz tilni asraymiz qo‘shiq tuziday.
Biz, muhabbat haqqi, unga ichdik ont,
Ilhom, o‘yimiz bir yigit so‘ziday.

Sharq yeri bo‘ronni rizq qildi bizga,
Va hamisha g‘olib Tinchlikning tili
Umumiy til bo‘ldi qo‘shig‘imizga,
Uni barcha anglar ham yayrar dili.

Sharqning turli, jami yuz tili aro
Hammaga umumiy tilda, qalban shay,
Biz qasamyod etdik, turguncha dunyo
Erkin asrarmiz ko‘z qorachig‘iday.

Erksevar umidu tushda ayon dil,
Xalqlarning orzusin uqdik dam-badam.
Ohang-jaranglari turlicha yuz til
Ozodlik tilida uyg‘unlashib jam.

Toydirmas shoirlar tilini na charx,
Na evrilgan ohang, na singan satr.
Sening yuzta – turli tillaringdan, Sharq,
Biz paydo eturmiz ming-ming rang, atir.

O‘rmonlar, dalalar, tog‘lar yam-yashil –
Bizlarni kuylatgan yuz til so‘zidir.
Vatan – Baxti uchun yangrayotgan til
Yuzta – turli tilning aynan o‘zidir.

Xavfu xatar osha, odamlarga u
Qo‘shiq nurin eltar demay erta-kech.
Yakdil, hamnafasmiz – odatimiz shu,
Bizni ajratmoqning iloji yo‘q hech.

YuLDUZLAR

Bo‘lsa avvalgi holim –
sayqal berib naqdimga,
Bo‘lardim hayot suvi –
orzuga yana qardosh.
Bo‘lsa avvalgi holim –
zoye qilgan vaqtimga,
Qaytarardim ilohiy
bir barakat, cho‘ng bardosh.

Bo‘lsa avvalgi holim –
samoga amirona:
“Tong, ot!” – derdim, kun chiqib,
qilar edi tunni kul.
Bo‘lsa avvalgi holim –
zangin artsam, yarq yona
Bolaligimdagiday
chaqnar yulduzlar butkul.

Mukarrama Murodova tarjimasi