Grigol Abashidze (1914-1994)

Abashidze Grigol Grigorevich [გრიგოლ გრიგოლის ძე აბაშიძე; 1914.19.7(1.8), Chiatura – 1994] – gruzin yozuvchisi. Gruziya Fanlar akademiyasi akademigi. (1979). Dastlabki she’rlari 1938 yilda matbuotda e’lon qilingan.

Ilk poemasi «Qora shaharda bahor» 1938 yili nashr etilgan. «Dushmanlar» (1941), «Georgiy Oltinchi» (1942), «Bayroqlar» (1943), «Engilmas Kavkaz» (1943) poemasi va boshqa asarlari 2-jahon urushi haqida.

Abashidzening «Birinchi tbilisiliklar haqida afsona» (1959), «Uch davrga sayohat» (1961) poemalari, «Oltin uzumzor» (1969) to‘plamiga kirgan she’rlari zamonaviy mavzuda. «Lasharela» (1957), «Uzoq tun» (1963), «Karnali» (1969) tarixiy romanlarida Gruziyaning 13-asrdagi hayoti aks etgan.

Abashidze Gruziya Davlat gimni hammualliflaridan.

TOG‘LAR MADHI

Qoyalarning rangiga monand –
Goho qiyin erur ajratmoq.
Ona qishloq turar omonat –
Cho‘qqi uzra misoli qalpoq.
Yonbag‘irlar ko‘m-ko‘k maysa o‘t,
Quroq-quroq hovlilar, bog‘lar,
Ko‘kda kezar bir parcha bulut,
Nurga cho‘mgan yaqin-yiroqlar.
Chor-atrofda to‘lqinlar go‘yo –
Tog‘lar turar saf tortib, qator.
Ba’zilari sokinu ammo,
Ba’zisida ajib shiddat bor.
Bulutlarga bosh qo‘ygan biri,
Pahlavonday turar qad kerib.
Hu boshqasi – zamin asari,
Yotar yerga ko‘ksini berib.
Tog‘lar safi karvonga o‘xshar,
Bir karvonki, uzilmas keti.
Bolalikda so‘nggi cho‘qqilar,
Dunyo cheki tuyular edi.
O, tog‘larim, ko‘nglim sarvari,
Garchi ba’zan yiroqsiz ko‘zdan.
Yuksaklarga hamda nur sari,
Intilmoqni o‘rgandim sizdan.
Buyuklikni qilardim orzu,
Cho‘qqingizga boqqancha masrur.
Asli sizdan bu she’riy tuyg‘u,
Siz tufayli qalbimda g‘urur.
Tog‘ oldida qarzdor yurtdoshlar,
Tikilingiz, u emas ro‘yo:
Tuman ichra cho‘qqilar safar –
Kemasiga o‘xshagan goho.
To‘fonlarni qilmasdan pisand,
To‘siqlarni, g‘ovlarni tilib.
Kezsam deyman u bilan payvand,
Mangu qorlar yelkanin ilib!
Kelmoqdaman, quchog‘ingni och,
Ey, sevimli tog‘lar diyori!
Madhing kuylay, qalbimda quvonch,
Yangrashga shay tuyg‘ular tori.

Nosir Muhammad tarjimasi

BAHOR GULI

Kutmoqdaman seni axir,
Qaydasan, gulbahorim!
Topdim, mana, topdim oxir,
Men seni, ey nahorim!

Tun bo‘lmasa kun qadri yo‘q,
Yuragim tin olar, lekin –
Qalbimda o‘t doim yoniq –
Shu’lasiga chaygum bu kun.

Sen – yasharish, baxt hamisha
Intilmoqlik darkor senga.
Ko‘nglim o‘lka, yurtlar osha
Talpinajak takror senga.

Odimlaring yengil, qutli,
Soy kuyiday yangroq toring.
Ko‘zim giryon seni kutib,
Ey, sen mening ilk nahorim.

TOK NIHOLI

U hali navnihol, feruza rangli
Kimxoblar egniga bo‘lmagan libos.
Shipshiydam novdani bezay deb yangi
Kurtaklar muguzday bo‘rtibdi, xolos.

Lekin tez, tez kunda kurtak barg yozib
Palapon qushlarday ko‘kka intilar.
Novdalar sunbulsoch qizday bo‘y cho‘zib
Jingala sochlarin so‘rtokka ilar.

Mana shu tokzor deb jon bergan askar,
Sevinchdan porlardi ko‘rsa bu holni.
Kuygan bog‘ o‘rnida qolgan taqirlar
Yashnatmoqda yana diyor jamolin.

Aziz xalqning shonli mehnati takror
Tuproqdan jon olib gullamish, mana.
Kimgaki mangulik bo‘lsa daxldor
Yovuzlik ustidan qilar tantana.

Mukarrama Murodova tarjimasi