Leonidze Georgiy Nikolayevich [გიორგი ნიკოლოზის ძე ლეონიძე; 1899.15(27). 12, Patordzeuli qishlog‘i — 1966.9.8, Tbilisi] — Gruziya xalq shoiri (1959). Gruziya Fanlar akademiyasi akademigi. (1944). Gruziya Fanlar akademiyasi Shota Rustaveli nomidagi Gruzin adabiyoti inti direktori (1957 yildan).
«Ninotsmind kechasi», «Qipchoq bilan uchrashuv», «Sesarka», «Kalila va Damana» kabi lirik asarlar yaratgan (1924—25). Kishilarning mashaqqatli mehnati, nozik dil kechinmalari Leonidze ijodida bosh mavzu bo‘lgan. 30-yillarda yozgan she’rlari, asosan, zamondoshlarining hayoti, insoniy go‘zallik, xalqlar do‘stligi haqida. 2-jahon urushi yillarida yaratgan asarlari gruzin jangchilarining qahramonliklariga bag‘ishlangan.
«Samgori» (1950), «Portoxala» (1951) kabi dostonlarida xalq tarixi aks etgan, bularda nozik lirizm ko‘zga tashlanadi. «Sehrli daraxt» (1962) xotiralar kitobi esa Kaxetiyaning o‘ziga xos manzaralarining jonli tasviridir. Leonidzening «Oq cho‘qqilar» asari o‘zbek tilida nashr etilgan (1973).
MATENADARAN
Quyosh favvorasi,
Erevan,
Matenadaran.
Solnomalar ustida qora kiprik shitiri.
Tarix sening quroling hech kimdan so‘rmas izn.
Garchand bergan bo‘lsang ham qancha shaharlar
Ko‘rib,
Bir chekkasidan yana qulatib chiqding o‘zing…
Sen tortgan jafolardan o‘rtanib bormoqda tan
Solnomani qo‘ygin-u, menga qara bu choqda.
Zevarnotsning xoklari ustida quyuq tuman.
Araks to‘lqinlari loyqalanib bormoqda.
Xanjarlar tig‘i bilan yer haydab qo‘yilgandir.
Qora ko‘zlar ko‘miri yondirmoqda tanimni.
Sening jazolaring ko‘p, yuragimni tilgandir
Yaralarim bitmasdan hamon qiynaydi meni…
Quyosh…
Matenadaran…
Assorgadon…
Ulug‘ poytaxtlar…
Ular poyida yotar vayronalar bosh urib,
Solnomalar ustida qora kiprik shitiri!
Halima Xudoyberdiyeva tarjimasi