Akakiy Sereteli (1840-1915)

Akakiy Sereteli (აკაკი წერეთელი) gruzin adabiyotini hamisha nurlantirib turuvchi, hamisha xalq e’zozi va alqovlarida yashab kelayotgan shoir. XIX asr II yarmi gruzin adabiyoti taraqqiyotiga – Ilya Chavchavadze, Vaja Pshavela kabi ulkan san’atkorlar qatorida – bu shoir ham muhtasham hissa qo‘sha oldi.
“Qo‘shiqlar qo‘shig‘i”, “Tong” she’rlari Akakiy Sereteli she’riyatining durdonalaridan hisoblanadi.

QO‘ShIQLAR QO‘ShIG‘I

Bir-biri-chun ichsin boshqalar, mayli,
O‘z baxtimdan mastman men sharobsiz ham,
Qadah jarangimas, shavqim tufayli
Noyob, sayqal topgan bu yorug‘ olam.

Gashtida, shashtida
G‘urub otashida
Uzoqlar vidoday yarq etdi – yondi!
Tun nafasin sezib,
Amirona kezib,
Tog‘ cho‘qqisi sari eltar yel jonni.

Hayron qolarli tez
His qilaman har kez
Olamni quchguvchi qardoshlik, bu – sir.
Gar aql chaqqon, xo‘p
Lek xatosi ham ko‘p
Boshga qaraganda, ko‘ngil haqroqdir.

Yuragim berar dov:
Ko‘k – cheksiz, beo‘lchov
Adog‘i yo‘q ne bor, hisga berk emas.
Olam, bu – mo‘jiza,
Borliq azza-bazza
Yaratganni alqab, yangrar qutlug‘ sas.

Oy dardida goh-goh
Yorir uzoq-uzoq
Oy dardida qovoq solgan samovot.
Yulduz g‘ujg‘onida
Jahon ayvonida
Xorovod kezadi uyqu bilmay bot.

“Koinotga balqish,
Hech misli yo‘q olqish”, –
Shu’lalar, qanotlar go‘yo shunday der.
Yulduz qatoriga,
Quyida, boriga –
Qo‘shiqqa qo‘shiq-la javob aytar Yer.

Bu kuy-navolarda,
Anqir havolarda
Hayotdan mast bog‘lar tarqalgan cheri,
Tongning tozaligi,
Yoz ovozaligi,
To‘lqin shovullashi, gullar atiri.

Nikoh to‘y qo‘shig‘i
Sel qildi oshig‘in
Zavq-shavqimni qandoq saqlayin pinhon,
Qo‘shiqqa jo‘r bo‘lib,
Sezdim, ko‘nglim to‘lib,
Xudomonandman men, Inson.

Ko‘zimni ochgan kim? Hayotni, jo‘sha
Ertak, tush aylagan qaysi bir oqil?
Qanotsiz mahluqning qismati osha
Meni yuksaklarga kim etdi doxil?

Bu sensan, muhabbat. Sen sabab.
Bularni sen qilding oyoqqa qalqa.
Ko‘k, Yerni – barchasin jamlab, rosalab,
Birlashtirgan halqa!

Yozig‘ingkim, senga qilishar tuhmat,
Nomingga taqashar istasa neni:
Hayvonsifatligu har baloyu bad,
Buzuqlik, qabihlik deb ayblar seni.

Kim seni kuylashga qo‘psa, haqqi rost,
Tilin tishlar, hang-mang bo‘lar harakat.
Ulug‘lik kuchingga tasvir bormi mos,
Ey, ko‘klardan ingan tuhfa-barakat?

Lekin oqqush ko‘ngli ilg‘agan – qazo
Uni bo‘zlatganday bulutlar osha,
Shohona viqorli, bu – she’rim-sazo
Noming boqiy qilsin unutlar osha.

Misli ko‘rilmagan husningga xiroj –
Olding tabiatning bor-yo‘q tozasin.
O‘g‘irlading bulbul ovozin deb boj,
Qoldirmading gullar qirmiz g‘ozasin.

– Tushim, orzum o‘zing! – Bo‘lgancha qoyil,
So‘z kelar madhingga sezib ehtiyoj.
Sen, sen muhabbat deb sharafga noil,
Barcha ezgulikning boshidagi toj.

… Bir-biri-chun ichsin boshqalar, mayli,
O‘z baxtimdan mastman men sharobsiz ham,
Qadahmas, muhabbat sirim tufayli
Sayqal, sayqal topgan bu yorug‘ olam.
(1882)

TONG

Mtatsminda ko‘zi to‘la mung,
Termular tong yulduzi tomon.
Nurga to‘lgan go‘ri – kunga o‘ng,
Tinch uxlaydi shonli qahramon.

Kamgap, bir so‘z demas baralla –
Tog‘ poyida shovqinlar Kura,
Qahramonga aytadi alla,
Tongga qadar kuylar, oh urar.

O‘g‘li qabrin quchoqlagancha,
Mtatsminda qilar tilovat,
Gruzinni qo‘rigan qancha
Jangda o‘lgan mardlarga abad.

Shoir, ajib hislar ichra shod,
Yuksaklarda, har taraf boqib,
Yaratadi qo‘shiq-munojot,
Go‘zal yurti chirog‘in yoqib:

“Osmonlari feruza monand,
Vodiylari zumrad nishona –
Ona yurtim! Jonsarak, dardmand –
Qaytdim yana bag‘ringga yona.

Jonday go‘shalardan olisda,
Yuragimni burdalab azob,
Keldim – mehring saqladim esda,
Hijroningga berolmadim tob.

Samovotda quyosh jonajon
Kulib boqdi menga o‘sha dam,
Balqdi butun tabiat, g‘ujg‘on –
Yulduzlarning nurin etib jam.

Tag‘in ko‘nglim birdan charaqlab,
Barham berdim qayg‘u-alamga.
Meni xazon bo‘lmoqdan saqlab,
Ruhim qutlug‘ etding olamga.

Qurboningman, feruza osmon,
Zumrad vodiy – yurtim, makonim,
Men sen bilan tirikman har on,
Men sen uchun beraman jonim.

Voz kechmagil mendan sen faqat, –
Mayli, tirik yo o‘lik bo‘lsam, –
O‘zing menga aylayu madad,
Vasiyatim unutma, o‘lsam:

O‘tinchimni inobatga ol,
Tuprog‘ingdan joy olsin tanim.
Osmonlari feruza misol,
Vodiylari zumrad vatanim!”
(1892)

Muhammadali Qo‘shmoqov tarjimasi