Artur Rembo (1854-1891)

Artur Rembo (Jean Nicolas Arthur Rimbaud) — jahon adabiyotidagi simvolizm oqimining eng yorqin namoyandalaridan biri. U 1854 yilning 20 oktyabrida Frantsiyaning shimolidagi Ardenler provintsiyasidagi Sharlevil shaharchasida tug‘ilgan.

U hali 16 yoshidayoq oilasidagi kelishmovchiliklar tufayli uyidan qochib, Parijga ketadi. Shu taqlid yana ikki marotaba qochib ketishiga qaramay, parishon va aftoda bir holda uyiga qaytib keladi. Shoir ana shunday alg‘ov-dalg‘ov hayot va ruhiy ziddiyatlar iskanjasida she’rlar yozar, Parijning mashhur kafelarida o‘sha davr san’ati va siyosati haqidagi qizg‘in bahs-munozaralarda ishtirok etardi. Natijada u ichkilik va giyohvandlikka ruju qo‘yadi. Eng oxirgi marta uyidan qochganida, u maktub va she’rlar orqali tanishgan do‘sti Pol Verlenning uyidan qo‘nim topadi.

Ayni shu davrda yozgan she’rlari yetuklik pog‘onasiga ko‘tarilib, jahon adabiyoti durdonalariga aylanadi. Uning ilk she’riy to‘plami 1873 yilda “Jahannamda bir mavsum” (“Une Saison En Enfer”) nomi bilan nashrdan chiqadi. Keyingi “Do‘zaxdagi yoz”, “Ravshanlik” kabi asarlari o‘quvchilar tomonidan zo‘r qiziqish bilan qarshi olinadi. Uning yigirma yoshida yozgan “Sarxush kema” she’ri shoir ijodining gultoji bo‘lib qoldi.

Bu ikki shaxs (Rembo va Verlen) o‘rtasida boshlangan ishqiy mojarolar uzoq davom etib, Pol Verlenning qamoqqa tushishi bilan yakunlanadi. Oldingi bema’ni hayotidan qutilishni istagan Rembo Yevropa bo‘ylab piyoda sayohatga otlanadi. 1976 yil mayida esa u Gollandiya kalonial armiyasiga oddiy askar sifatida yollanib Indoneziyaga boradi, ammo, tez orada qochib, yashirincha vataniga qaytadi.

U 1878 yilda Marseldan Iskandariyaga ketadi, keyinchalik bir muddat Kiprda yashaydi. O‘zi ishlayotgan tashkilot yopilgach, yana sarguzasht izlab Afrikaga yo‘l oladi. 11 yil mobaynida Misr, Habashiston va Yamanda qahva,shirinliklar, teri, qurol-aslaha va odam sotish bilan shug‘ullanadi.

Rembo o‘ng oyog‘idagi og‘riq kuchayib borayotgani tufayli 1891 yilning fevralida Frantsiyaga qaytadi. Bu yerda oyog‘ida xavfli o‘sma borligi aniqlangach, tibbiy muolojadan so‘ng oyog‘idan ajraladi. 1891 yilning 10 noyabrida shifoxonada vafot etadi.

OFELYa

I

Yulduzlari uxlagan, sassiz bir zulmat
To‘lqin uzra Ofelya – ulkan nilufar,
Suzadir yopinchig‘i ko‘pikli hilqat…
Oh, u “ovchi quvurlar” kuyiga oqar!

Ming yildirki, Ofelya hanuz parishon,
Suv yuzida kafan kabi suzib yurar.
Ming yildirki, kecha-kunduz anbarfishon,
Huzunli ertagini yellarga so‘ylar.

Sollona yopinchig‘in suvlarga yoygan,
Ul oppoq siynasidan shamollar o‘pmish.
Elkasiga majnuntol shoxini eggan,
Yig‘lamoqda uyquli taqdirga qamish.

Atrofida g‘amgusor nilufargullar,
“Olxa”ning uyqusin qochirar Ofelya.
Nogahonda nam shohin silkitsa tollar,
Buzilgay yulduzlar kuylagan ariya.

II

Sen, ey so‘lg‘in Ofelya, qor kabi go‘zal!
Suvlarga kelin bo‘lding ko‘hlik chog‘ingda!
Norvegiya cho‘qqisida esgan shamol
Go‘yo achchiq bir hurlikdir dimog‘ingda:

To‘zg‘itmish rangpar quyuq kokillaringni,
Ulg‘ayarding tushlarning yo‘nalishida.
Tinglar eding borliqning qo‘shiqlarini
Og‘ochlar, kechalarning tovlanishida .

Endi telba dengizlarning bo‘g‘iq sasi
Bu shirin go‘dakning ko‘ksiga urilar.
Aprelning tongida, horigan bir otliq
Poyingga tiz cho‘kkancha sassiz o‘tirar.

Samo! Ishq! Hurlik! Bu qanday tush Telba Qiz!
Quyoshning tig‘ida qor kabi eriding.
Qizgina! O‘rgatding ishqni bizga sassiz,
O‘sha moviy ko‘zlaring-la so‘zlar eding.

III

Hazin kuylagay mashshoq: Oydin kechada,
Ofelyaginam, gul-chechaklar to‘plarsan.
Mangu suzaver shunday oq libosingda,
To‘lqinlar tebratgan beshikda uxlarsan.

UNLILAR

“A” – qora, “E” – oq, “I” – qizil, “U” – yashil, “O” – moviy; Unlilar!
Aytadurman bir kuni tug‘ilishingiz haqida
Qorong‘u orollar, qora pashshalarga o‘xshar “A”
Badbo‘y va yoqimsiz hidlar uzra qo‘nib-ucharlar!

Qir chechagi, bug‘, par, chodir kabi oppoqdir “E”lar!
Misoli o‘tkir muz nayzasi, oq otli shahzoda
Qonli “I”, u – qizg‘aldoq, ol dudoq, qirmizi boda
Ayriliqlar, pushmonliklar, g‘azab yonma-yon kelar!

Yashil “U”, atrof-muhit, zangor dengizlar to‘lqini
O‘tloqlarning gurkirashi, ajinlarning bosqini –
Alkimyoning keng manglayga tamg‘a urgan yolqini!

Ilohiy nay – “O”, ajnabiy suhbat, kulgularidur
Malaklarning, ochunlar qa’riga cho‘mgan sukutdur
– Sen ey, OMEGA, “O” – ko‘zingdan taralgan moviy nur!

VOQELIK

Moviy yoz oqshomlarida, beparvo kezarman,
Poyimda g‘ichirlar namxushlik, salqin dalada
boshoqlaridan tutib, poyalarni ezarman,
Yuvib tozalaydi taqir boshimni shabada.

Na bir so‘z, na bir tuyg‘u, adog‘i yo‘q shunday tush
Yuragimda jo‘sh urar bitmas sevgi umidi,
Bariga qo‘l siltab ketarman misoli darvesh
Tabiat qo‘ynida, go‘yo bir malak-la, baxtli.

QIR TANGRISINING BOShI

Ichida o‘pichlar uxlagan
Ko‘rkam chechaklar-la bezanmish,
Yaproqlarni naqshinkor o‘ygan
Javohir sandig‘i – oltin bosh.

O, sadaf tishli Qir Tangrisi
Qirmizi chechaklarni totar!
Og‘zida sharob, qon qutqusi
O‘z kulgusidan chatnab ketar.

Qochar yaproqlar orasidan
Yurakda qahqaha qo‘rqinchi
Bekinarkan o‘z qorasidan
O‘rmonlarning oltin o‘pichi.

SARXUSh KEMA

O‘lik suvlaridan kechayotgandim daryoning,
Boqdim, yetakchilarim arqonimni kesmishlar.
Chirildoq hindular nishonga olmoqlik uchun,
Barchasin olib ola ustunlarga qoqmishlar.

Menga nima, irqlar ahamiyatli emasdi,
Paxta, bug‘doy, Nilerlandiya va Angliyaga.
Kemamda shovqin-suron, tasir-tusirlar tindi,
Olib ketdi meni suv ko‘nglim tusagan yerga.

Dolg‘a tingan mahal, telbadek to‘lqinlar uzra
Chopdim, go‘dak aqli kabi hayratda, o‘tgan qish
Orollarning qora libosin yechgan bir kunda.
Er yuzi hech bundayin alg‘ov-dalg‘ov bo‘lmamish!

Dengizda kuchli hayajonla ochdim ko‘zimni,
O‘lim karvonining to‘foni chiqdi qarshimga
Zamburug‘dan yengil, rosa o‘n kecha, bepisand:
Boqmadim fonarlarning telbavor ko‘zlariga.

Bolalar xushlagan nordon olmalardan totli,
Qarag‘ay kemamga oqizgan yam-yashil suvlar.
Na sharob dog‘i, na bir qusuq, bari yuvildi,
Palubam – temir, rul neki bor vayron sarosar!

O‘sha payt ko‘mildim butkul dengiz girdobiga,
Ichu sirtim sutday oq ko‘pikdan, yulduzlardan
Yorganim ko‘m-ko‘k moviylikning tubi-domiga
Bir o‘lik oqib o‘tar, parishon bu hollardan.

So‘ng birdan moviylikni qoplar shundayin yog‘du
Chaqmoqning chaqinida, taram-taram bir parda,
Ichkilikdan kuchli, musiqadan jarangdor bu
Orzu, achchiq va qizil, ko‘pirar dengizlarda!

Ko‘rdim chaqmoq zarbidan chatnagan osmonlarni,
Girdoblar, quyunlarni mendan so‘rang oqshomni,
Kaptar galasi kabi to‘zg‘igan erta tongni.
Ko‘rdim hatto insonga sirli bo‘lgan bir damni!

Quyoshni ko‘rdim, pastda, qonli bir marosimda,
Yoymish nurlarin uzun, safsar rang laxtalarga.
Eski drama sahnasiga o‘xshar go‘yo, cheksiz,
Hayqirib uzoqlashgan to‘lqinlar, lahzalarga!

Zangor kechani ko‘rdim, yalt-yult yongan qorlarni,
Oppoq o‘pichlar chiqar goh dengizning ko‘ziga.
Ketma-ket uyg‘onardi, fosforlar, moviy, sariq,
Noyob sharbatlar oqar qaytib bot-bot iziga!

Suzgich buqalar kabi qoyalarga shoh urgan
To‘fonlar sudrab yurdi oylab meni har yonga.
Kutmadim Bibi Maryamning qutlug‘ tashrifidan
Quturgan dengizlarning kelishini imonga!

O‘lkalar ko‘rdim antiqa, gulu chechagiga
Ko‘zlar qamashar, yuzi inson ko‘zlari yo‘lbars.
Cheksizlikka cho‘zilgan ulkan kamalaklari
Qoramol suruvi bog‘langan tizginga qiyos!

Botqoqliklar ko‘rdim, bepoyon, viq-viq qaynagan,
Qamishzorda chirigan juda ulkan ajdarho,
Mo‘tadil havoda ham suvlar kamayar birdan,
Cheksizliklar sharillab to‘kilar girdoblarga!

O, kumush quyosh, marjon osmon, sadaf to‘lqinlar,
Jirkanch o‘laksa uyumidan ko‘llar bulg‘anchiq.
Hashoratlar kemirgan, dev ilonlar yiqilar
Egilgan daraxtlardan, qorayib hidi anqib.

Angrayib qolardi bolalar moviy suvlarda
O‘sha oltin, o‘sha kumush baliqlarni ko‘rsa gar.
Yurdim oppoq ko‘piklar uzra uyqularimda,
Goho qanotimda bir behisht shamoli esar.

Ba’zan jonimga tegar, qutubu qit’asi ham,
Dengiz shaloplab qurshar, chayqatar edi bot-bot.
Za’faron chechaklarni to‘shar to‘rt tarafimga,
Tiz cho‘kkan ayol kabi to‘xtab qolardim hayhot!

Chayqalgan bir orol uzra vahshiy kushlarning
Bol rangli ko‘zlari, chug‘urlari, ahlatlari.
Oqshom esa chirigan iplarimdan uyum-uyum
O‘limtalar tushardi uxlab qolgan singari.

Men, u suv o‘tlar o‘sgan ko‘llarda yotgan kema —
Shunday zarbla otildim qush uchmas kenglik tomon.
Qirg‘oq bo‘ylab suzarkan, suvda sarhush jismimga,
Jangchilarning kemasi e’tiborsiz umuman.

Qurshaldim tumanlarga, egasiz va darbadar,
Yorib chiqdim qarshiga qirmizi samo sari
Palubamda shoirga turli maxsus yemaklar:
Quyosh o‘tlari-yu, go‘zallik meduzalari!

Chopdim, tutam-tutam nurlarga o‘ralgan kemam,
Telba kemam, ortda bug‘doyrang dengiz otlari.
Javzoning quyoshida to‘kilardi shovullab,
Jizg‘anak vakuumga ko‘m-ko‘k bir samo qa’ri!

Titrardim uzoqlardan ingroq tovushi kelsa,
To‘lg‘ongan Begemotlar, qo‘rqinchli Girdoblarning
Ammo men, o‘sha moviy dunyolar darbadari,
Avvalgi hislarini sog‘indim Yevropaning!

Yulduz quchgan orollar, qit’alar ko‘rdim jo‘shqin,
Ko‘k toqida kezarsan istagancha, beminnat.
U adoqsiz kechada bekinib uxlaysanmi?
Millionlarcha oltin qush, sen ey, Kelajak Qudrat!

Etar endi shuncha yig‘laganlarim, bas, to‘ydim!
Subhidam, quyosh, oy – bari og‘riq, bo‘sh, tubsiz.
Ishqning iztirobi to‘lmish ichimga, sarhushman,
Yorilsin endi bu kema, olsin meni dengiz!

Ko‘nglim Yevropaning loyqa, sovuq, chuqurlikda
To‘planib qolgan suvida, anqigan, oqshom vaqti
Suvning bo‘yida cho‘kkalagan g‘amgin bir bola
Suzdirar qog‘oz kemasin may kapalagidek.

Men siz bilan sayohat qildim sarmast, to‘lqinlar,
Paxta yukli kemalar ortida kezolmayman.
To‘ydirolmas meni bayroqlaru, yo‘lboshchilar,
Mahkum kemalarining suvida suzolmayman.

JAHANNAMDA BIR MAVSUM

Yanglishmasam, bir paytlar hayotim — oldiga
butun ko‘ngillar dasturxonday ochilgan, yo‘llariga
butun sharoblar to‘kib-sochilgan bir ziyofat edi.
Bir oqshomda Go‘zallikni izza qildim – qayrilib
qaramaydigan bo‘ldi – ayab o‘tirmadim men ham.
Namoyishga chiqdim adolatga qarshi.
Bosh olib qochdim. Ey sehrgarlar, ey, siz baxtsizlik,
ey nafrat, xazinam sizga omonat!
Jazm qildim, so‘ndirdim ichimdagi insoniy hislarning
barchasin. Bir yirtqich hayvon vajohati bilan tashlandim
bo‘g‘moqlik uchun jami shodlikning ustiga.
Jallodlarni chaqirdim, g‘ajiyin deya o‘layotib kundaning
bandlarini. Chaqirdim o‘latlarni bo‘g‘sinlar dedim, qon ichida,
qum ichida meni. Musibatga sig‘indim. Bo‘g‘zimga qadar botdim balchiqqa.
Haqoratning ayozida qurutdim o‘zimni.
Umid qila-qila oxir yengdim telbalikni.
Bahorning menga keltirgan jirkanch bir devona qahqahasidir bu.
Shunday derkan, bir oz avval, shu payt boqdim-ki, qiqirlab kulgim
kelayotgandi, o‘yladim, ehtimol yana boshqatdan orzu qila boshlayman.
Ro‘yo emish, magar-ki, o‘sha kalitning nomi ma’lum bo‘ldi – men tush ko‘rayotgandim.
“Sen yirtqich hayvon bo‘lishing kerak…” Falon-pismadon…
Baqir-chaqir qila boshladi boshimni bu vasvasalar bilan
aylantirgan shayton.
“Ordona qolsin bu nafsing, xudbinliging,
barcha kechirilmas gunohlaring.”
Oh, jonimdan o‘tdi, bolalab ketgan shayton, makkor nazar,
sen uchiga chiqqan pastkashliklarning g‘oya muallifi va
o‘rgatuvchisi, bu ish uchun soliq to‘lamaslik tarafdorisan,
sen uchun qo‘pordim la’nati kundaligimdan bu omadsiz varaqlarni.

Gulbahor Sattorova tarjimalari

BEG‘UBOR TONG XAYoLI

Tong otmayin hali, yozning kunlari
Uyqu shirin, ishqiy tush og‘ushida.
Oqshomgi ziyofat islarin juda
Tarqatadi shafaq nurlari.

Ammo, u yoqlarda, ko‘kka tashlangan
Osmono‘par yangi uylar tomonda,
Usta duradgorlar, allaqachonda,
To‘xtab qolgan ishin boshlagan.

Engillarin yechib, aytmay bir so‘z ham,
Ular ishlashyapti sahro bag‘rida,
Mahobatli kentlar toshlar sehrida
Qotib qolar tabassum bilan.

Tark etgil, Venera, axir, ularni,
Tark etgil sen, hech qursa bir dam
O‘zing nazar qilgan, tolei kulgan
Lazzat totin tatiganlarni.

Cho‘ponlar parisi! Sen sharob bilan
Qo‘lla fidolarni o‘zing! Ularga
Kuch-quvvat ber, toki, otash kunlarda,
Keyin dengiz qiladi bardam.

SEHRLANGANLAR

Qor tumandan yerto‘la darchasiga
Boqishadi oq shu’la parchasiga
Va mo‘jiza kutar.

Besh bolakay – o, sen beshafqat qismat!
Tiz cho‘kib o‘tirar, tikilar faqat
Non qanday yopilar?

Bu joydan sira ko‘z uzib bo‘lmaydi,
Novvoy yog‘li xamirdan non yasaydi
Va asta olib,

Uni mahkam tutib, pechga joylaydi,
To‘qlikdan ko‘zlarin yumib, kuylaydi,
Xirgoyi qilib.

Bolalar bo‘lsachi, yutib nafasin,
Ko‘z uzmay bu kuchli bilaklardan, jim
Boqar barchasi.

Axir, qachon issiq, oltin, billurday
Pishgan shirin nonni u pechdan uzgay
Yarim kechasi.

Chigirtka tim qora gumbaz ostida
Xilvat burchaklarda jo‘shganda juda,
To‘lib-toshganda.

Hayot nafasiga bu o‘ra, chuqur,
Bolalarning qalbi, ust-boshi juldur,
Zavqdan jo‘shganda.

Rohatlanar, a’zoyi badanin sezmay,
His etmay, ayozli oq qirov qanday
Sochlarin qoplar.

Panjaraga bosib jajji yuzlarin
Va allakim asta muloyim, mayin
Ularga kuylar.

Va bolalar borar juda suqlanib,
Samo haqidagi qo‘shiqqa qonib
Va issiq haqida.

Hilviragan ko‘ylaklari yirtilar,
Bechoralar izg‘irinda dildirar
Ayoz qahrida.

MENING DARBADARLIGIM

Ilma-teshik cho‘ntakda isitdim muzday qo‘lim,
Ustim yupun, bir ahvol, egnimda juldur chopon,
Ilhom parisi, senga yo‘ldosh bo‘ldim, sargardon
Va – la-la! Ertakdagi sevgini orzu qildim.

Yirtiq-yamoq sholvorim, mana, tomoshatalab,
O‘zi mitti bolaman, qofiyaga shoshqaloq.
Tunashga Katta ayiq joy berdi menga bu choq,
Yulduzlari osmondan pichirlashar erkalab.

Mezon oqshomi edi, yo‘l bo‘yida o‘ltirib,
Eshitdim yulduzlarning shivirin, labim titrab
Shabnamdan, sarxush qilar, eski sharob kabi ol;

Bulutlar uzra uchdim, qofiya izlab injiq,
Chiltorday sovuq qotgan tizzamni quchib, injib,
Etigimning qo‘njini chertib-chertib tor misol.

IShQ

I

Bosiqlik yarasharmi o‘n yettiga kirganda?
Qadahu kosalarni bir oqshom tashlab ketib,
Shovqin qahvaxonayu yorqin chiroqni bunda?
Jo‘kazor soyasida sayron paytingiz yetdi.

Javzo kuni xushhavo jo‘kalarning soyasi,
Ko‘z yumib olging kelar, qanday go‘zal barchasi.
Shahar olis emasda, kelib turadi sasi,
Shamolda esa xushdir giyoh ham sharob isi.

II

Birdan sezasan unda, bir parcha boshing uzra,
Qorayar parcha osmon, hoshiyasi novdalar.
Miltiragan yulduzlar chambari uni bezar,
Asta titrab bir lahza o‘tarkan tinib qolar.

Javzo! O‘n yetti yoshlik! Gullagan shox sharbati –
Shampan sharobi kabi gangitadi hoynahoy!
Labingizda mitti jon, besabr muhabbatni
Titratar otash bo‘sa, so‘zlar esa poyma-poy.

III

Yolg‘izlikning asiri telba ko‘ngil shikasta,
Yo‘q, mana go‘zal xonim, nozikki ramaqijon,
Xira fonus nurida o‘tarkan asta-asta
Va otasi soyaday ergashadi begumon.

Soddadil qiz nigohi sizni topgan lahzada,
Ko‘zlarin olib qochar, go‘yo sizga beparvo,
O‘tib ketar, labingiz besabr titrar, zada,
Yangramay so‘nib qolar dildan kelgan bir navo.

IV

Siz sevibsiz telbaday. Oyna ortida mezon
Sonetingiz ustidan qahqaha otayotir.
Do‘stlar tashlab ketishdi. Siz g‘amgin. Keyin esa
Yor maktubin yuborib, baxtli etmoqchi, axir!

Shunday kecha… borarsiz qahvaxona, yorqin nur,
Unda mushtoq qadahlar, kosalaru shovqinlar.
O‘n yettida yarashmas bosiqlik, ko‘ngul qurg‘ur
Va keldi jo‘kazorni tomosha qilar kunlar.

TUYG‘U

Maysalar qoplab yotgan ko‘rinmas so‘qmoq bo‘ylab,
Moviy oqshom bag‘rida kezgum yolg‘iz, darbadar.
Shamollar yelar yalang boshim silab, erkalab,
Oyog‘im ostida ham beg‘uborlik naqadar.

So‘ngsiz mehru muhabbat joylanadi ko‘ksimga.
Sukut saqlarman, unut so‘zlarim, yo‘q ixtiyor.
Lo‘lilarday ketarman, olis-olis yo‘limga,
Tabiat suluv juvon, birga bo‘lgum baxtiyor!

Rus tilidan Humoyun tarjimasi

HUKMDOR G‘AZABI
(sonet)

Sayhonlikda turar gung, g‘amgin nigohli odam,
Egnida qora frak, labida esa sigor.
Ichida – Tuilriyla bog‘liq xotiralari,
Ko‘zlarida – yildirim uxlab yotgan samo bor.

Ha, tortib olinmagan yigirma yildan beri,
Imperator puflasa Ozodlikni: “Qo‘y, so‘nsin!”
Bu Erk sira o‘chmagan… Shamdek ziyo sochsa ham,
U shammas-ku puflasang zumda zulmatga do‘nsa.

U mashala. G‘azabla o‘t sochsami paydar-pay,
Lol dudoqlar ostida qaysi so‘zlar ko‘ringay?
Bilmaymiz? So‘ng ne yog‘gay g‘amgin nigohlar osha…

Mehribon xaj otasi balki tushib yodiga…
U sigor tutunining boqar oppoq qatiga –
Go‘yoki Sen-Kluda ketmoqda zo‘r tomosha.

HIYLAKOR AYoL
(sonet)

Qorong‘u mehmonxona ichra yorug‘likdayin,
Ovqat va meyvalarning hidi jonimga singdi.
Dasturxonga sin solsang, dimog‘ingni qitiqlar,
Kayfiyat majlisiga aylantirar ichingni…

Soat yurar… Tinglasam, lazzatla taomlanib,
Birdan eshik ochilar.
Qarayman jondan ozib.
“Mehribon qiz”, bilmayman, nega tashrif buyurar,
To‘zg‘igancha sochlari, qo‘llari titrab nozik…

Nozikkina barmog‘i asta siypalar yuzin,
Toza gunohning hissi qoldirgan unda izin.
Dudog‘i shishib-bo‘rtib go‘yo yonardi beso‘z.

So‘ng egildi yelkamga…
Ehtimol, sinar edi,
Yana bo‘sa istardi. Sekin shivirlar edi:
“Sen bir qara, kel, qara, labim muzlamoqda, muz…”

Rus tilidan Rahmat Bobojon tarjimasi