Alen Boske (1919-1998)

Alen Boske (Alain Bosquet), haqiqiy ismi Anatoliy Aleksandrovich Bisk (28 mart 1919, Odessa — 8 mart 1998, Parij) — frantsuz yozuvchisi va dramaturg. Ko‘plab she’riy to‘plamlar muallifi.
Shuningdek, uning qalamiga “Quyuq zulmat”, “Hayosiz”, “Baxtsizlikka mahkum”, “Kichik manguliklar”, “Burjuycha muhabbat”, “Ezgu intilishlar” kabi ijtimoiy-psixologik romanlar, tanqidiy asarlar, san’atga doir esselar, adabiy portretlar mansubdir.
A. Boske she’riy tarjimalar borasida ham samarali mehnat qilib, frantsuz tilida amerika, kanada, rumin, rus poeziyasi anatologiyalarini yaratdi.
Alen Boske ijodiy faoliyati Frantsiyaning — Katta she’riyat mukofoti, Frantsiya akademiyasi romani Katta mukofoti, Giyom Appoliner va Sent-Byov, Enterale mukofotlari kabi yirik adabiy sovrinlariga sazovor bo‘lgan.

ILTIJO

Menga qudratingdan bergin, jilovlay —
Minglab mahluqotin ushbu kitobning;
nuringdan ato et — yog‘dular solay
zulumot chohiga so‘ngsiz azobning;
qonimga baxsh ayla idrok va otash
ajib ertaklarning ohangi ila;
men uchun oliy baxt — unutmay yashash
sening kumushqanot qo‘shig‘ing sira;
shiddat ber, qutqoray uchqur tulporni —
shitob quvib borar kometani, bas;
va joyla qalbimga so‘nmas viqorni,
bergin shoirona iqtidor, havas;
ato et bir lahza nutqi a’moling,
asov bo‘ronlarning shahdin sindiray;
ruhingni ber menga — shuldir kamolim —
uni satrlarim aro singdiray!

NON RANGI

“Non qora”, — dedi
yuragiga qora qarg‘ani
yashirgan odam.
“Non qizil”, — dedi
hamma-hammadan
nuqul nolib yuruvchi kimsa.
“Non yashil”, — dedi
firibgar, daraxtlarga mahliyo
sobiq shoir.
“Non ko‘m-ko‘k”, — dedi
elkasiga qanot chiqishin
orzu qilib yurgan odam.
“Non hamisha oqdir, garchi tami g‘alati,
garchi boshqa rangda bo‘lsa ham”, —
dedi mehnat bilan
ulg‘aygan odam.

SIZIF

Har kim zimmasida o‘z ko‘ch-ko‘roni.
Sening mitti kiftingda —
tund tongning zalvarli bulutlari,
elkalaring yag‘ir
yukning zo‘ridan,
unda g‘arib kulbang — to‘rt bolang,
hech qachon laylaklarni ko‘rmagan ular,
ko‘rmaganlar musiqaga quchoq ochgan
ko‘m-ko‘k osmonni.
Men esa axtaraman eng zalvarli so‘zlarni
uchib o‘tayotgan hayotni
muhrlab qolmoq uchun;
xayolimdan
oqsoqlanib qochayotgan timsollar
qari yo‘lbarslarga o‘xshar —
ortiq hech kim ovlamay qo‘ygan:
shu qadar ayanchliki ular raftori,
bekor urinaman malham topmoqqa
allaqayoqlardan ular uchun men.
Har kim had-hududsiz hasratin
orqalab borar
ham undan yengilroq
orzu-umidin.

NEChUN YoZAMIZ?

Ba’zilar o‘limni aldamoq uchun yozadi.
Men esa yozarman hayot bayotin,
lekin u qaysi hayot — o‘zimniki yoki siznikimi,
yoki mana bu daraxt hayotimi,
kuchli shamol essa
har daqiqa yiqilishi mumkin bo‘lgan.
Birovlar yozadi shon-shuhrat uchun.
Men esa yozaman baxt haqqi,
lekin bilmayman — o‘zimning
bezovta baxtim haqqimi
yoki sizning nurli saodatingiz haqqi,
yoki mana bu chuvalchang zurriyodin
anglab bo‘lmas baxti haqqi.
Boshqa birovlar — o‘zlarin nihoyat
tushunib yetishlari uchun yozadi.
Men esa yozaman, yozaveraman
va mudom kutaman — tushuntirib berishlarini
nima uchun va nega yozishimni.
Tushuntirib bering menga —
tosh tosh bo‘lgani uchun haq emasligi,
sa’va qush bo‘lgani uchun haq emasligi,
kunchiqar shamolining shamol bo‘lganligi uchun
haq emasligi singari —
haq emasligimni mening ham.

* * *

Har ayyom bizga tuhfa etadi
daraxtlarni, otlarni, tabassumni.
Xasislik qilmaydi bizga hech narsada:
ega bo‘lamiz o‘z nasibamizga,
shuurimizdan o‘tadi nur seli.
Xohishlarimiz bizning ulkan emas:
qoshimizga yaqinlashar ma’buda,
shamshiri bilan ochar oyning qopqog‘ini,
ming‘ildoq arini haydar nariga.
Bizga huquq berilgan
mana bu daraxt va mana bu tosh orasida,
mana bu qo‘shiq va mana bu sukunat orasida
orzu-havaslarimiz niholini o‘tkazmoqlikka.

HAQIQAT

Mening she’rlarim —
hamisha quyosh monand,
goho toshdek metin,
goh suvdek zangor.
Mening so‘zlarim —
hamisha ko‘zgudir,
unda timsollar tug‘yon solar,
yillar — uch kundan qisqa.
Mening gumonlarim —
hamisha jirafalardir,
achchiq kometalar bargini yamlab
bo‘yinsiz qolgan.
Mening haqiqatim,
teran ishonchim —
goh topilmas axtarganimda:
o‘g‘irlab olishga to‘g‘ri keladi
ularni har tong.
Do‘stim,
haqiqating sening sodda bo‘lsa gar,
non kabi, muhabbat kabi,
nigoh kabi, bo‘sa kabi, yerdagi tosh kabi,
menga qarzga berib tur.

* * *

Eman shovullardi xotirasin tiklamoq uchun.
Tepalik uyqudan hech ocholmas ko‘z.
Daryo sevib qoldi oqshomni
man qilingan muhabbat bilan.
Miltillagan shamning soyasi bilan
olis bolalikdan so‘ylar rivoyat.
Ko‘chadagi yashil rangli afisha
tun ichra tovlanib
o‘lgisi kelmasdi sira.
Yo‘q, ega emasmiz
ularchalik hissiyotga biz.

* * *

Robert Sabatega

Til bu — metin,
til bu — alanga,
zero daraxtlar tanasida
shivirlaydi u,
zero jumla jonzot qonida
ajib qo‘shiq kuylaydi,
duolar aytadi.
Shamol ham — til,
tuproq ham til,
aytar takror-takror
vulqonlar so‘zini,
vodiylar shivirini —
vahm imdodlarin,
sevgi izhorlarin.
U do‘nishi mumkin qora emanga,
do‘nishi mumkin fil suyagiga,
yovuz baliqning qora yelkasiga;
burgutning sariq tumshug‘ida
tug‘ilar o‘tli unlar.
Baxt haqqi gapirmoq kerak.
Sirlar haqqi gapirmoq kerak.
Til bu — yulduz uchqunlari,
til bu — oyning yog‘dusi,
ba’zan — tizza,
ba’zan — sag‘ri,
zero uchqur tulpor ham,
sassiz haykal ham
so‘zlamoqqa majbur.
Suvsar o‘zin zohir qilar,
olmaxon esa — yo‘q.
Til bu — ilohiy homila.
Til bu — muqaddas nasl.

INSONNI YaRATISh

Ular saxovatda hotam benazir.
Yo‘lbars dedi:
“Men unga
ko‘zlarimni beraman”
Kungaboqar:
“Yo‘li uning mayli, mashriqdan
mag‘ribga bo‘lsin”.
Ummon dedi:
“Chekinsin u,
faqat yana qaytmoqlik uchun iziga”.
Ilon:
“Mening zirhim bilan
u o‘z nishidan saqlasin-chun jon”.
Quyosh:
“Ko‘kragida olib yursin
armonlarning o‘tli tuhfasin”.
Tog‘:
“Men unga o‘sishni o‘rgataman”.
Sa’va: “Qo‘shig‘imni, mayli,
ola qolsin u”.
Ko‘mir:
“Yuz million yillardan so‘ng
bo‘lar u xuddi men kabi”.
Orxideya: “Unga gulbarglarning
nozikligini hadya etgum,
bo‘lsin u nafis”.
Yulduz:
“Menga yetolmasligi
intilish tuyg‘usin singdiray unga”.
Asalari:
“Uni o‘rgataman men mehnatga”.
Vaqt: “Oshiqmagay,
saodatning yorqin yo‘li shu”.
Kenglik:
“Bo‘lsin u mo‘jaz, epchil,
eh, men bo‘lolmadim mitti va chaqqon”.
Shoyi:
“Men unga tilayman
men kabi bo‘lmoqlikni”.
Daryo:
“Unga tortiq qilgum
jilg‘alaru shahobchalarim,
bilsin — qoni qay tarzda aylanmog‘ini”.
Xudo:
“Beraman bor qudrat, iqtidorimni,
mayli, mening o‘rnimni bossin”.

* * *

Tasavvur qiling bir zum —
so‘zlar ham go‘yo bizlar kabi.
“Ot” so‘zi ertalab turib
sutli qahva ichadi.
“Kuz” so‘zi qarshidagi uyda
dush ostida turib,
eslaydi hali ta’til uzoqligini.
Bir qavat pastda
“yasmin” so‘zi
“sholg‘om” so‘zi bilan
visolga otlanayotib,
kiyar yangi ko‘ylagin
va berar o‘ziga atay loqayd tus.
“Laylak” so‘zi
tushib qora terga
rizqi uchun mehnat qilar —
bir parcha non uchun.
“Zavol” so‘zi,
“bog‘” so‘zi
va “quvg‘in” so‘zi
o‘tmishni yodga solar
va umid tug‘dirar yaxshi kunlarga.
“Ummon” so‘zi —
birdan-bir baxtli so‘zdir:
dunyo bo‘ylab kezar u
hayotga ko‘milib,
tashvishsiz delfin kabi.
“Sevgi” so‘zi
ishdan qaytar yo‘talib,
beli og‘riqdan sirqirab
va tamaddisiz yotib olar to‘shakka.
So‘zlarga mehrli bo‘ling —
ular nafaqaga chiqmaslar…

* * *

Mehnat birjasiga
har tong keladi o‘rta yoshlardagi —
she’rlar
va taklif qilarlar o‘z xizmatini.
Birlari xazin bog‘lar ichra
oyni sayr qildirishi mumkin.
Boshqalari toshlarga ertak aytishlari,
onalari yakshanbalik otalarga topshirgan
bolalar injiqligidan
uzilgan tushlarni yamashlari mumkin.
Uchinchilari — egasiz qolgan ishqning
xo‘rsiniqlarin
ta’mirlashga kirisharlar hatto.
Har oqshom she’rlar
to‘ldirarlar ishsizlar safini.

MENING O‘G‘LIM

Mening o‘g‘lim
kallapo‘shni oy deb o‘ylaydi.
Mening o‘g‘lim,
ufq sho‘rvada suzib yuribdi,
deb xitob qiladi.
Mening o‘g‘lim ta’kidlaydi,
qovun boshim bo‘lib
pishib-etilganin.
Mening o‘g‘lim
she’rlarimni o‘qib,
tollar xaxolaganini aytadi.
Mening o‘g‘lim
suyukli itiga
yulduzlar shodasin qiladi va’da.
Mening o‘g‘lim
kashf etadi o‘z dunyolarin —
yuzta, ikki yuzta, uch yuzta
va bu dunyolar o‘ch olmoq uchun
uni
ulg‘aytirib qo‘yarlar.

* * *

Aragonga

Jo‘shar ehtiroslar. O‘zini xudo
Sanar bor ashyolar. Eshiklar lang ochiq,
Oynalar aksirar. Juma-bog‘ go‘yo
Yaralangan, mungli. “Yordamga shoshing”, —

Irmoqlar chorlar. Muqaddas soddalik.
Sirdan keyin sirlar. Zo‘r mavjlar uzra
Nahangning och raqsi. Bo‘shliq un solib,
Bezanar yaltiroq, soxta nufuz-la.

Afsona davomlar. O, qabih asr!
Sabog‘ing: xarsang dod-faryodi, badniyat.
Polapon qon ichra, zamona — basir,
Taxtlarni qutqara bilmas she’riyat.

Haqiqat — oppoq qand kabi erir ro‘yoda,
Oy botib, chiqar oy. Qo‘g‘irchoqdan ham
Odam chandon arzonr. Qo‘rquv ziyoda.
Kazzoblar oshig‘i olchidir har dam.

Sayyora basharning zindoni bu kun.
Yulduzdan so‘ng yulduz yonadi tinmay.
Kitoblarimizga qayg‘urmas ochun,
atom musodara qilar tortinmay.

* * *

Men musiqa bo‘lgim kelar ba’zan, shamolda
O, ketolsam o‘zimni tark etib ufqlarga —
daryo uzra kalxatlar charx urgan ma’volar,
daraxtlar jim o‘tlayotgan qishloq joylarga.

Bo‘lgim kelar mening ba’zan ko‘chki faryodi,
buzsam qo‘ng‘ir qoyalarning qadim sukutin
va so‘rasam — nega ular qayg‘uli hargiz
osmonlardan enayotgan yulduzlar yanglig‘.

Bo‘lgim kelar chuvalchangning anduhi ba’zan,
sariq qurtning xo‘rsinig‘i — olmayu nokni
erinmasdan ilma-teshik qiluvchi makkor.

Ba’zan qo‘shiq bo‘lgim kelar — avj naqorati
jo aylasin o‘zida shan tuyg‘ular ila
uqubatli turmushni va hur hayot shavqin.

Mirpo‘lat Mirzo tarjimasi

SAVOLLAR VA JAVOBLAR

– Bobojon, ayting, nega
Soqolingiz ko‘p katta?
– O‘h-ho‘, unga qaranglar,
Deyish uchun albatta!

– Chaqmoq chaqadi nega,
Yomg‘ir yog‘adi nechun?
– Bolajonim, kemachang
Suvda suzmog‘i uchun!

– Yulduzlar ko‘kda g‘ujg‘on,
Oymoma kerak nega?
– U bizlarni kuzatib,
Boqib turadi Yerga.

– Ayting, vaqt bu – nimadir?
– Tinim bilmas kemadir!
Ulg‘ayganda vaqt kelib,
Barin olasan bilib.

So‘ng demassan har kuni,
“O‘h-ho‘, qaranglar uni!”
Sen voyaga yetgan dam,
Savol bo‘lmas, soqol ham!

URUG‘ChA

Yotaverib zerikdi
Mitti urug‘cha.
Pirillab uchib ketdi
Dunyo ko‘rishga!

Uchaverib tunu kun,
Qo‘ndi dalaga.
Sayohat yoqib qoldi
Mitti bolaga.

Nur sochib bobo quyosh
Qizdirdi Yerni.
Uxlab qoldi urug‘cha
Nishladi burni.

Urug‘ ochsa ko‘zini
Yozibdi tomir.
Ko‘kka tikka bo‘y cho‘zib
Qad bo‘pti savr.

Fursat o‘tib aylandi
Ulkan daraxtga.
Sabr bilan erishdi
Bunday sharafga.

Endi o‘tgan kunlarni
Eslamas sira.
Urug‘cha unib-o‘sdi,
Qoldi xotira.

Rus tilidan Nurulloh Oston tarjimasi