Vosifi Boxtariy (1942)

Afg‘onistondagi hozirgi zamon forsiy — dariy adabiyotining zabardast vakillaridan biri – olim, shoir, yozuvchi va tarjimon Ustod Vosifi Boxtariy (استاد واصف باختری‎‎) hisoblanadi. U 1942 yil Balxda tug‘ilgan. Ilk ma’lumotni shu yerdan olib, 1967 — yil Kobul institutining fors tili va adabiyoti fakultetini tugatgan. 1975 — yilda bilimlarini oshirish maqsadida AQSh dagi Kolumbiya institutining ta’lim – tarbiya sohasida ham o‘qigan. Hozirda Amerikada yashaydi.
Bugungi kunda Boxtariy forsiy — dariy adabiyoti va tarixi ilmi bo‘yicha tengsiz olim hamdir. Uning Firdavsiy, Jaloliddin Rumiy va Gurgoniyning “Vis va Romin” – i haqida yozganlari muhim ilmiy ahamiyatga ega. Shoir g‘azal yozishda ajoyib fors shoiri Malikushshuaro Bahor va yangi she’r ijodida Mahdi Axavoni Solis bilan teng martabada turadi.
Shoirdan hozirgacha yettita she’riy to‘plam va bitta saylama chop ettirilgan. Bular «…Va oftob namemirad» (…Va quyosh o‘lmaydi)(1983 y.), «Az me’od to hargiz» (Uchrashuvdan hech vaqtgacha), «Az in oinai bishkastai torix» (Bu tarixning siniq oinasidan), «To shahri panj zul’i ozodi» (Ozodlikning besh shahri tomonigacha), «Debochai befarjom» (Tugallanmagan muqaddima), «Dar usturai fasli shikastan» (Afsonada sinish haqidagi bob), «Mo‘yahoi Isfandiyori gumshuda» (Yo‘qolgan Isfandiyorning nolalari) va «Darvozahoi bastai taqvim» (Taqvimning bog‘langan (yopiq) darvozalari) — lardir. Shuningdek bir necha ilmiy asarlari Afg‘oniston va xorijiy davlatlarda nashrdan chiqqan.

GUL TABASSUMI

Lola sachratar uchqunin g‘amgin ul oshiq diliga,
“Bog‘-u chaman qafas erur qanoti yo‘q bulbuliga”.

Dil seni yuzlaring ko‘rib nola – yu faryod chekar,
Qichqiradi xo‘roz agar, boqsa quyoshning yo‘liga.

Sening qo‘lingga gar dilim bo‘lsa- chi tuproq, ne ajab,
Hech kishi parvo qilmagay yerga tomar yosh holiga.

Yig‘laganimda kulganing, erur shodlikka bir sabab,
Bahor havosi yaxshidur gul butasi kamoliga.

Bu chamanni nargisi gar bo‘lsa zardin maktub bitar,
G‘uncha shunda kiyarmidi yirtiq libos niholiga?

 

G‘AZALDAN JAVOB

Bu sahroda biz bir necha ediku ketdik,
Zavq o‘roqi bilan tikon o‘rdiku ketdik.

Ikki – uch dam ajal ko‘zin uyqu bosganda,
Behuda cho‘pchaklar to‘qib yurdiku ketdik.

Chaqmoq yanglig‘ borliqning eski daftariga,
Ismimizni yozdik va o‘chirdiku ketdik.

Ey sel, pichan — tikon mushtiga ne kularsan,
Bizmiz, sening yo‘lingni bir ochdiku ketdik.

Umidimiz boshi oxirga tutashmadi,
Bu sahifaga bir so‘z orttirdiku ketdik.

Bizning sukutimiz jarchilargadir javob,
Ulki loyiq edi, madhin etdiku ketdik.

 

JANGOVOR BIR G‘AZAL

Kim sitam shamsherini boshimiz uzra tutgan,
Asir qildim deb o‘ylab, kimligimiz unutgan.

Vatanim, boq o‘g‘loning, ana jang maydonida,
Sitam o‘qin oldiga ko‘ksini qalqon etgan.

Har kim tarbiyalanmish sening dur etagingda,
Ettinchi osmonda ham seni ixtiyor etgan.

Sening aylanar diling, shonning uchar qomati,
Naqadar yorishgan – u, naqadar o‘zib ketgan.

Mergan bo‘lsa ham garchi sardoru sarkardalar,
Sovut oldiga Alburz nayzasini tik otgan.

Sening tog‘ing, vodiying, ekinzoring, jangaling,
Boshdan oyoq jahonga dodu – faryodi yetgan.

Shod bo‘lsin uning yuzi jahonmardlar safida,
Har kimki senda sening odating bilan o‘tgan.

Fors tilidan Shahzod Kenjayev tarjimasi