Mustay Karim (taxallusi; asl ism-sharifi Karimov Mustafo Safig) (1919.20.10, Boshqirdiston, Chishmin tumani Klyashevo qishlog‘i – 2005.25.9, Ufa) — boshqird yozuvchisi. Boshqirdiston xalq shoiri (1963). Boshqirdiston pedagogika institutining adabiyot fakultetini tugatgan (1941). 2-jahon urushi qatnashchisi.
«Bahor sadolari» (1940), «Mening tulporim» (1943), «She’rlar» (1944), «Qaytish» (1947), «Tanlangan asarlar», «Evropa— Osiyo» (1954) va boshqa she’riy to‘plamlar muallifi.
Mustay Karimning «To‘y davom etadi» (1947), «Yolg‘iz qayin» (1950), «Qiz ug‘irlash» (1959), «Aytilmagan qo‘shiq» (1961), «Oy tutilgan tunda» (1964), «Oygul Vatani» (1969) kabi pesalari zamonaviy va tarixiy mavzularda yozilgan bo‘lib, ularda boshqird xalqining turmush tarzi o‘z ifodasini topgan.
«Uzundan-uzoq bolalik» (1974—78) avtobiografik qissasi va «Olovni tashlama, Prometey» (1976) tragediyasi bor.
Alisher Navoiy, Oybek, H. Olimjon, Zulfiya haqida bir qancha makrlalar yozgan. «Oy tutilgan tunda» asari Zulfiya tomonidan o‘zbek tiliga tarjima qilinib (1972), O‘zbek milliy akademik drama teatrida sahnalashtirilgan.
QIZ QO‘ShIG‘IN EShITIB QOLDIM
Quyosh nuri taraldi asta
Bulutlar osha.
Qayerdadir bir qiz kuylardi
Yuragi tosha.
Yiroqlarda aks-sado berar
Aks-sado elda.
Ham jarangdor, hamda shirali—
Jonajon tilda.
Qizil etdi behi yuzini
Quyosh nurlari.
Qulog‘imga chalindi qo‘shiq —
Tanish so‘zlari.
Ot o‘ynatgan chavandoz kabi
Uchqur bu qo‘shiq.
Olislarga tarqaladi tez
Mavjlanib, jo‘shib…
Otim to‘xtab, yo‘l oldi darrov
Yashil o‘tloqqa.
Men ham sokin, jim borar edim
Ona qirg‘oqqa.
Atrof sokin. Havo beg‘ubor,
Sevinchim cheksiz.
Ona yurtim haqida kuylar
yiroqda bir qiz…
1945
BU QO‘ShIQNI KUYLAGAN ONAM
Bu qo‘shiqni kuylagan onam,
Boshim uzra alla aytgan choq.
Bu qo‘shiqni kuylagan onam
Yo‘lga meni kuzatib quvnoq.
Bu qo‘shiqni kuylagan onam,
Endi undan men juda yiroq.
O‘sha qo‘shiq yodimda har dam,
O‘sha qo‘shiq yangrar balandroq.
Uchqundan yaralar ulkan alanga —
Barcha biladi.
Uchqun-ku yo‘qolar, men aytsam senga
Lek kul qoladi.
Tomchiga tomchilar qo‘shilsa agar,
Daryo bo‘ladi.
Tomchiga tomchilar qo‘shilmasa gar —
Tamom o‘ladi.
Odamlar jam bo‘lib qadam tashlasa,
Ko‘cha to‘ladi.
Bir gul gar yagona bo‘lib yashasa,
Erta so‘ladi.
Yo‘llarda topilgan shuhrat ketidan
Quvmagil aslo.
Shamolda so‘ngan sham kabi o‘chasan,
Qolmas hech ziyo.
Tomchi ham yasholmas, aslo kulmaydi
Daryo bo‘lmasa.
Utloqda qoldirgan iz ham bo‘lmaydi
Dunyo bo‘lmasa!
Bu qo‘shiqni kuylagan onam,
Boshim uzra alla aytgan choq.
Bu qo‘shiqni kuylagan onam
Olis yo‘lga kuzatib quvnoq…
1951
* * *
Har qachon muloyim qarab qo‘yasan —
Sen meni yo‘llarga kuzatar chog‘da.
Boqasan nenidir aytolmay qolib,
Boqasan nenidir aytolmay dog‘da.
Sening boqishingda — yonish va umid,
Qalbingni kuydirgan narsa muhabbat.
Yonish ham, o‘t sevgi, umid ham bo‘lgan,
Bu hislar o‘lmaydi, bo‘ladi har vaqt!
Juda ham istardim ketar oldimda
Aytsang sen aytolmay qolgan so‘zingni.
Usha so‘zlaringga mushtoqman — mushtoq,
Boshimga ko‘taray, erkam, o‘zingni!
To‘lqin tarjimasi