Veselin Xanchev (1919-1966)

Veselin Simeonov Xanchev (4 aprel 1919, Stara-Zagora, Bolgariya — 4 noyabr 1966, Sofiya, Bolgariya) — bolgar shoiri, publitsist, dramaturg, tarjimon va munaqqid.
Veselin Xanchev kattalar uchun ham, bolalar uchun ham ijod qilgan. “Lirika”, “Qurollarga bitilgan she’rlar” kabi to‘plamlar muallifi. Uning she’riyatida nafis bo‘yoqlar ham, dog‘uli iztirob ifodalari ham o‘z aksini topgan.

TEMIR BILAN MEHR

Temir bilan mehr –
Oraga tushib men
Rosa azoblandim, rosa ezildim.

Po‘lat zotlar menga yaqin kelishib,
Maslahat berishdi:
Sen ham po‘lat bo‘l,
Ko‘zing kosasiga quy ikki qo‘rg‘oshin soqqa.
Tilingni xanjarga aylantir o‘tkir.
Odamlarga qo‘l cho‘zma
Ko‘rishmoq uchun –
Temir bolg‘alar va ombirlarni tut.
Seyf eshigidek qulflan sirtingdan,
Temir imorat qur,
Temir devorlar,
Temir derazalar,
Temir panjaralar ichida
Temir qushlar boq,
Temir gullar ek,
Temir so‘zlar ayt,
Temirdek qattiq bo‘l,
Temirdek sovuq.
Bosib o‘t,
Ezib o‘t barchani –
Zarb o‘tmas bo‘lasan,
zirhli bo‘lasan.

Erksiz va kuchsiz edim,
Temir zanjirlar bilan
bog‘langandi qo‘llarim.
Har tomonim ochiq edi,
biron to‘siq yo‘q edi
zarbalarga,
erkalashlarga,
o‘g‘irlikka,
tuhmatga,
shubha-gumon,
shafqatga.
Shunchalar nozik edim,
Chaqmoq yorug‘i ham,
Quyosh nurlari ham
Ko‘ksimdan o‘tardi bemalol,
Shunday ta’sirchan edim,
Ochiq, oqko‘ngil edim,
Biroq hech qanday temir
Yuragimga o‘tolmasdi,
Ko‘ksimni teshib
(Albatta, o‘qdan bo‘lak).
Judayam kuchsiz edim.

– Po‘lat zotlar, keting, – deya
shivirladim, o‘tindim.
Ammo ketmadilar.
Qudratli edilar bag‘oyat.
Qutqarmoqchi bo‘lishdi
Meni kuchsizligimdan.
Sekin yaqin kelishib,
Qo‘llarimdan ushlashdi.
Katta g‘amxo‘rlik bilan
Qo‘limni sindirishdi.
Elkamdan quchoqlashdi,
Muloyimlik bilan
Pachaqlashdi.
Xayrixohlik bilan
Yanchib o‘tishdi.
Taglariga bosib olib,
Ko‘kragimdan eza boshlashdi
Og‘ir.

Tipirchilab azoblandim
berahmlar bag‘rida.
Muzlab ketdim
temirlarning sovuq erkalashidan.
“Voy jonim!” deb zorilladim
xo‘rlanganimdan g‘oyat.
Og‘riq juda kuchli edi,
Og‘riq juda zo‘r edi.
Tirqirab yosh chiqib ketdi
Ko‘zlarimdan nihoyat.

Ko‘z yosh tomdi,
Anglab qoldim,
Ko‘zlarimdan yosh tomur –
Birdaniga zanglab qoldi
Yaltirab turgan temir.

Rus tilidan Rustam Musurmon tarjimalari