Yakub Kolas (1882-1956)

Konstantin Mixaylovich Mitskevich — Yakub Kolas (belor. Kanstantsіn Mіxaylavіch Mіtskevіch) hozirgi Stolbtsevskiy rayonida o‘rmonchi dehqon oilasida tug‘ildi.
Yakub Kolasning ijodi 1906 yildan she’r yozish bilan boshlandi. Yigirmanchi yillarda shoirning Belorussiyada yuz bergan katta ijtimoiy o‘zgarishlar haqida yaratgan bir necha she’rlar to‘plamlari, shuningdek, «Yangi yer» (1923) va «Simon muzikant» (1925) dostonlari bosilib chiqdi.
1949 yilda Yakub Kolasga uning «Baliqchining xatasi» (1941) dostoni uchun Davlat mukofoti berildi. 1926 yilda Yakub Kolas «Belorussiya SSR xalq shoiri» degan faxriy unvonni olishga sazovor bo‘ldi.
Ikkinchi jahon urushi yillarida shoir Toshkentda yashab, ijod etdi. Uning O‘zbekiston maveusida yaratilgan «Chimyon», «Solor», «O‘zbekiston» kabi she’rlarida xalqlarning metindek mustahkam do‘stligi ulug‘lanadi.

SOLOR

Durlar sochib quyosh botadi,
Bulut orti yop-yorug‘ olam.
Solor oppoq to‘lqin otadi,
Salqin yeli huzurbaxsh biram!

Ikki yoni bora-borguncha
Qator daraxt — yam-yashil yaproq.
Yashar jimlik suhbat qurgancha,
Nima haqda — bilmayman biroq.

Bir mitti qush boshin egib, boq,
Keng anhorga boqib turadi.
To‘lqinlar-la bo‘lsa ham inoq,
Suvdan bir oz hayiqib turadi.

O‘rilmagan sero‘t qirg‘oqda
Qadimgiday gul-chechak gilam.
Malla suvin otar har yoqqa
O‘ynab Solor — toshlar usti nam.

O‘t ketganday kulrang teraklar
Osha qalqib turar bir havo.
Dalalardan issiq yel kelar,
Salqin Solor ularga ravo.

Kech kiradi. Qiyaliklarga
Dov-daraxtlar shivirlar asta.
Ko‘rshapalak uchadi jarda,
Tim qora suv jimirlar pastda.

Bu jimgina xomush bir palla
Kech kirishning yaxshi tuhfasi.
Uzoqlarda na sas, na yalla,
Faqat tinmas Solor na’rasi.

G‘azab bilan boqaman g‘arbga,
Menga og‘ir. Bilib qo‘y, albat:
Bu alanga, tutunlar qalbda
Ona yurtim timsoli faqat.

Yolg‘iz qolib, bizning darbadar
Shum taqdirni o‘ylaymak hamon.
Senga ketar xayolim battar,
Ey, ona yurt, qayg‘um bepoyon!

Solor uzra yulduzlar yondi,
Nur sochadi sirli, tilsimkor.
Bilasanmi, oqshom cho‘kkanda,
Nimalar deb so‘ylaydi Solor?
1943.

O‘ZBEKISTONGA

Vaqtim yetdi, O‘zbekiston,
Seni tashlab ketar bo‘ldim.
Sen qanchalik oromijon,
«Xayr!» demakni og‘ir bildim.

Boshim uzra o‘zga osmon
Chodir yozar keng, bearmon.
Bahor yashnab kelgan zamon
Ko‘z oldimda sen namoyon.

Sevib qoldim bog‘u rog‘ing,
Keng cho‘llaring olov ko‘rkin,
Shu’la sochsa tongdan tog‘ing,
O‘pdim uni, olib bo‘rkin!

Esimdadir serzavq shahring,
Bahor ko‘rkli park, xiyobon.
Ariq gashti, Solor — nahring,
Teraklaring tik soyabon!

Yodda bo‘lur sokin orom,
Oppoq qorli, go‘zal Chimyon.
Sen o‘zingga qilolding rom,
Ey, tog‘ yurti O‘zbekiston!

Shum urushning og‘ir yili
Panoh topdim senda men ham.
Kuyga monand o‘zbek dili,
Qo‘shiq aytdik birga, hamdam.

Bir qilichni birga toblab,
Birga bo‘ldik elga darmon.
Mehring berding nurga qoplab,
Ey, jigarim, O‘zbekiston!

Yana nafas urdi bahor
Bizning ona tuproqqa ham.
Shu kuy bilan ko‘zimda nam:
Yaxshi qol, ey nurli diyor!
23 oktyabr. 1943.

ONA YeRLARDA

Besh yil o‘tdi. Yana qaytdim Ustega omon.
Yuragimga yaqin bu yer — aziz xilvatgoh.
Menga tanish unda o‘sgan daraxtu giyoh,
Qachonlardir dam olganman bunda bearmon.

Tepalikka asta, bir-bir tashlayman qadam…
Oq chelakka qo‘nib olmish mitti kapalak…
Xotiralar xayolimni chulg‘asa kerak,
Boshim o‘tda qolgan keksa eman kabi xam.

Uzoqlarga ko‘z tashlayman jimgina tolib,
Tanish yerlar ko‘zlarimga xuddi begona.
Daraxtlari siyrak tortmish, qarang-a, ana,
Yurtim ko‘rki odamlardek eulmatda qolib.

Hech kimsa yo‘q, atrof jim-jit. Tanish kulbalar
O‘rilmagan o‘t-giyohga ketgan ko‘milib.
Kuyib-bitgan xarobalar aro gul bo‘lib,
Yosh bir to‘qay shoxlaridan to‘kar ko‘lkalar.

Balachanka tomon ketgan qiya so‘qmoqdan
Na qolibdi biron belgi, na nomu nishon.
Faqat mening xotiramda uradi javlon,
G‘oyib bo‘lib yo‘qolibdi kungay o‘tloqdan.

Og‘a-ini, qo‘shni bo‘lgan ne-ne odamdan
Bittasi yo‘q: to‘zib ketgan ko‘z tushgan tomon.
Yo xoch turgan tepalikdan topgandir makon,
Evga qarshi kurashda yo o‘tgan olamdan.

Ba’zilarin esa urush quvgan yot elga,
O‘z yurtiga qaytgani yo‘q qali barchasi.
Shum qullikda azob chekib qancha-qanchasi,
Choru nochor bosh qo‘ygandir begona yerga.

Bu urushning dahshatlarin olsang esingga,
Har qadamda aslo o‘chmas bir belgisi bor.
Lek qayotga olqish aytib, yashnab purviqor,
Yosh o‘rmonlar tashlanadi chanqoq ko‘zingga.

Kundan-kunga kuchga to‘lgan g‘olib qadamni
Na bir Gitler yo‘lin to‘sib, bo‘lg‘ay to‘g‘anoq.
Yana hayot ildiz otib, ko‘karib inoq,
Yana qayta barpo etar nurli olamni.

Men bilaman: bu jarohat bitar begumon,
Kul ostidan bosh ko‘tarib yashnaydi elim.
Haqiqatning nuri bilan charog‘on yo‘lim,
Baxt cho‘qqisi uzra chiqar yana xalq omon.
1945. 8—9 iyul.

Shuhrat tarjimalari.

QADRDON MANZARALAR

Jondosh o‘lkam manzaralari,—
Shodligim ham, qayg‘um ham o‘zing!
Yurak talpinadi sen sari,
Muncha issiq sening yulduzing.

Daryo, bog‘lar, qo‘rg‘on, adirlar,
Dala hamda qadrdon o‘rmon…
Achchiq qayg‘u zo‘r hasrat ichra
Motamsaro sizni ko‘rurman.

Charchoq asirlarni o‘tkazgan
Shaharlarda hokim sukunat.
Sevikli lavhalar, jon bag‘ishlayman,
Uchib keling, qoqingiz qanot.

Sarg‘aygan maysazor yelda shuvillar,
Dalalardan chiqar hayotiy tovush.
Qorong‘i o‘rmonlar tinmay guvillar,
Qayin yaproqlarin kuylari — na hush!

Ey jondosh lavhalar, yetimsiz, sizni
Ko‘raman, qishloqlar, insonlar, bu dam.
Hasratli, qayg‘uli qo‘shig‘ingizni
Tinglayman, hech qachon unutmayman ham!
1908

Mirmuhsin tarjimasi