Paruyr Sevak (1924-1971)

Paruyr Sevak (Պարույր Ռաֆայելի Սևակ) 1924 yili bir tomonida quyosh, bir tomonida Ararat yarqirab turgan Chanaxchi qishlog‘ida Rafael Kazaryan oilasida dunyoga keldi. Sevak uning taxallusi bo‘lib, talantli shoir Ruben Sevak familiyasidan olingan.
P.Sevak o‘rta maktabni a’lo baholar bilan tamomlab, universitetga o‘qishga kiradi. So‘ng Sayat-Nova ijodidan nomzodlik dissertatsiyasini yozadi. Himoya paytida unga to‘g‘ridan-to‘g‘ri filologiya fanlari doktori unvoni beriladi.
P.Sevakning ilk she’riy to‘plami “Yashasin nur!” deya nomlangan. U ushbu to‘plamidayoq dunyoga yangi novator shoir kelganligini ko‘rsata bildi, zero u o‘z she’riyati bilan arman poeziyasiga U.Uitmen, Mayakovskiy, P.Neruda ruhi singari yangi ruh bilan kirib keldi.
P.Sevak qisqa umri davomida ko‘pdan-ko‘p o‘lmas she’rlar hamda “So‘nmas qo‘ng‘iroq” nomli shoir va kompozitor Komitas ijodiga bag‘ishlangan dostonini yaratdi.
U 1971 yili hayotdan bevaqt ko‘z yumdi.

UCh OVOZLI QO‘ShIQ

BIRINChI OVOZ

O, Vatan!
O‘ttiz yilki takrorlayman sening tilingni
va bari bir sen haqingda sen o‘zing bilan
gaplashmoqqa qiynalaman —
dovdirayman, yo‘qotaman aytar so‘zimni
hayajonning zo‘ridan har gal!

Erta bahor
sayraganda hamisha kakku
tuyuladi menga — go‘yo u
ushbu onlar to‘liqib-toshib,
yuragimning tarjimonidek —
tuyg‘ularim ifoda aylab,
qutlar seni mening nomimdan
Yana qaytgan bahoring bilan!

Hatto yozgi ko‘lankalaring
osmoningga — moviy, munavvar
qalbimning eng teran hislarin
izhor qilar sassiz-sadosiz,
muhabbatning shoyon qo‘shig‘in
kuylar ular ehtiros ila —
alanganing qora tilidek,
goh uzayib
gohi qisqarib…

Kuzda durkun bog‘laring aro
yaltillasa nuqra tomchilar
ayon erur har kimga — sening,
ne’matlaring shukronasiga
to‘lgan qalbim jarangosi bu.
So‘ylar qorlaring ham xuddi shu haqda
olis bolaligim hidin ufurib!
U ham mening kabi senga oshufta,
mangu oshuftadir mendek — so‘zsiz, lol!..
Sen bilan
so‘ylashgan lahzalarda ham, —
ijod bilan yongan
damlarda hatto
tansiq so‘zlarim-la cho‘mgum sukutga
ishonch hosil qilmoq uchun qaytadan
so‘zlarim naqadar ojizligiga
va sening sukuting buyukligiga…

O, Vatan!
Sen mening toabad unvonimsan.
Men esa…
O, men yashay olsam edi shundayin,
Sen menga ism berganing uchun
chekmasang xijolat hech qachon!
Axir, mag‘rur o‘lmoq — umr sharafi!
Ko‘z yumsam edi men shundoq,
toki… sen yig‘lasang shahid o‘g‘lingga!

IKKINChI OVOZ

O, Vatanim mening!

Men senga hech narsa, hech narsa bera olmayman:
neki bermayin men,
bari o‘zingning
menga bergan sovg‘alaringdir!
Menda oldingda qarzdorlik hissi ham yo‘q hatto:
axir — sochimdan to tovonim qadar — qarzdordirman men!
Ishonch qozonmoqdan cho‘chisa kimki,
ko‘proq urinadi ishontirmoqqa.
Menga — ont ichmoqlik oldingda hatto
o‘yimda ham yo‘q:
men — sening ishonchingman,
yorqin ishonching!

O, Vatanim mening!

Menga seni o‘rganmoqni da’vat qilarlar.
Behuda va’z bu! —
sening hayotingning zarrasiman — men.

Men — qora yo‘sinman
sening qadim va yangi ko‘priklaring toshlarida,
zilol chashmalaring yonboshlarida o‘sgan,

Men — sening dardingman, so‘zda — yalong‘och,
begona tillarda tarjimasi yo‘q.

Men — tutunman
kechagi loy,
bugungi temir mo‘rilardagi,
balki olovingdan ayroman, lekin
tug‘ilganman sening shu olovingdan.

O, mening Vatanim!

Sening chamanlaring, vodiylaringning
mangu mavjlanuvchi jilvalaridan
bezanganman,
xuddi alvonrang
shafaq kabi osmoningdagi.
Menda barmoqlaring izi bordir ko‘p,
tungi samo yulduzlaridek.

O, mening Vatanim!

Men senga hayotim qurbon qilmadim,
sening janglaringda qatnashganim yo‘q,
lekin senga eltar yo‘ldan
chekinmadim yarim qadam ham
mening ibtidom senda va sen bilan yakunlanaman
tutashgani yanglig‘ doira…

Sening suvlaring yuksakdan pastga oqar,
men esa pastlikdan cho‘qqilarga ko‘tarilaman,
ko‘tarilgani kabi hovur.
Va yana bahoring sepin yoygan chog‘
ajib taqlid bilan qalbim tubida
gullarga chulg‘anar eski orzuim;
qurigan shox uzra yongan chechakdek,
metin tog‘ ko‘ksida giyoh misoli
sening shukuhingga qo‘sholsam surur,
aytardim:
“Behuda yashamadim”, — deb!

UChINChI OVOZ

Ota yurtim mening!..
Mendagi bu kalom — faqat sen uchun,
topolmas o‘zgalar bundoq go‘zal so‘z,
hozircha o‘zim ham topolganim yo‘q!

Ular menda bordir,
lekin yo‘q menda, —
qa’ringdagi kuchli oqimlar yanglig‘
Ular lov-lov yonar,
kuydirgay hatto, —
novdangdagi maygun tomchilar yanglig‘!

Ular juda yaqin,
Biroq juda olis
tug‘rongda aks etgan yuksak tog‘simon!

ShOIR HAYoTI

U Araratga birodar:
tovonini kuydirar yoz harorati,
biroq boshi esa suzar osmonlarda.

U misli raketa,
uni olov lavalari kuydirar,
biroq har so‘zi, har o‘yi bilan intilar olg‘a.

Uning so‘zi sokin,
qiynalib talaffuz qilar ularni,
biroq yuragida — ko‘chkilar, qalbida — tug‘yon.

Mayli, dunyo-la ishi yo‘q,
shuhratlidir lekin odamlar aro.
maqolga aylansa basdir har so‘zi.

ILDIZLAR

O, zamin bag‘rini o‘rgansang butkul —
qit’aning qa’rida, tuproqda ne bor,
er sharin burg‘ulab yuruvchi nuqul
kon izlovchi kabimas zinhor
yoki qadimshunos kabimas — parcha
ko‘za sinig‘iga boqqanidek lol,
Sen uni o‘rgansang — termulib kaftga
uning chiziqlarin o‘qigan misol…

O, zamin bag‘rini o‘rgansang teran,
xuddi ildizlardek tashnalik bilan!

YoLG‘IZ DARAXT

O‘rmon chekkasida —
yuksalgan eman,
taqir tepalikda turar xo‘mrayib.

G‘ujg‘on barglari-la
devordek o‘sgan
butun o‘rmon uning ustidan kular.

Boisi — cho‘ng daraxt
jinqarchilarning
mayda hayot tarzin tan olmagandi.
Boisi —
etmasdi maydalar kuchi
uni o‘z bag‘riga
chirmab olishga.

Yolg‘iz daraxt,
nima ramzi u —
buni sira ilg‘ay olmaydi o‘rmon.

Aslida u eman —
yashinqaytargich.

DUNYoGA TOZALIK KERAK

Dunyoga tozalik kerak, ha, kerak —
Qahramonlar siymosida — g‘ussanok,
Adoqsiz tashvishlardan g‘amlarga mahkum…
Ayollar siymosida — tirikligida
Dunyo erkaklaridan faqat bittasin bilgan…

Erkaklar siymosida — vujudlari tarang
Yurishlari odmi, yelkalari g‘amgin,
O‘zining mustaqil fikriga ega…

Tabassum shaklida kerak tozalik,
Toki kiraylik biz uning bag‘riga,
Asalari o‘z uyiga kirgani kabi.

Tozalik jarangdor kulgi qiyofasida kerak —
Birdan jaranglab ketsin tevarak-atrof.

Tozalik chinnigullar shaklida kerak
U mixlab quysin yerga ezgu narsalarni,
Bir-biriga yelimlasin yer va havoni
Va ularga yelimlasin chinnigul atrin.

Tozalik bulbulning qo‘shig‘iga kerak,
Faqat ungagina, eng go‘zal qushgagina ayon harflarda
Uchsin samolarga salomlar faqat,
Balki u yoqlardan javoblar kelur —
Jiddiy, sirli, yulduzlar tilida…

Tozalik kerak.
Hatto metin toshlar ham
Sezsin o‘zlarini ichdan, avvalgi suyuq holatida…
Hatto giyohlar hidlay bilsin quyosh nurlarini…

Inson kelajakda — tuysin o‘zin biram erkin,
Tabiatning buyuk ehromidagi ajib musiqa kabi,
Gul kabi — tabiatning ulug‘ asaridagi,
O‘yinchoq kabi — tabiat zurryodin qo‘lidagi…

Dunyoga go‘dak qalb… tozaligi kerak
Hatto har kuni
Eng manfur,
Eng yomon odamlardan tug‘iluvchi
Go‘dak qalb tozaligi…

Chunki… dunyoga tozalik kerak!

ShOIR XAVOTIRI

Mening o‘z tashvishim emas — bezor qiladigan har tun;
Mening hayotim nima bo‘pti — kerak bo‘lsa,
hoziroq o‘lishim mumkin.
Xavotirdaman men — chashmalarga,
Ostida toshlar uchqunlanib,
Odamlarning ko‘zidek yongan.
Mudom ular ishonch bilan boqarlar tevarakka,
Men ularga do‘stim, birodarim kabi qarayman,
Birdan yo‘qolib qolishlari ham
Mumkin, axir…
Men qayg‘uraman zamin uchun —
Ki fojiaviy aktyor ustida turib:
“Yashash yo o‘lim?” deya
Ulug‘ savolin qo‘ygan.
Endi esa uchar bu
Sarin yellar qanotida ham
Tobora dahshatli, tobora mudhish
(Shamol zero olib kelishi mumkin
Tuyqus ajal yoki u haqda xabarni),
Yomg‘ir ham ko‘zyosh to‘kar shu haqda
(Bilki har bir yomg‘ir rishtasi —
Zaharga iylanib eshilgan ipdir…).

Tirik ekanman, menga tuyuladi, yerga qutqu
qo‘rqinchli emasdek,
Biroq xavotirdaman — mening ketishim bilan
Yo‘qolar olis yulduzlarning shu’lalari,
Teran ummonning moviy ko‘zi,
Telefondagi —
shodlik va zavqning mavji yanglig‘
“Allo!” degan so‘z,
Va qizlarning azal-azaldan
Dillarni titroqqa soluvchi go‘zalligi;
Va qorong‘i g‘orlardan chiqib kelishi
Tafakkurning! Inson tafakkurining!..
Va u zaiflashib, omonat bo‘lib qolar
Mana shu, yuz yillar ilgari
“O‘lish yo qolish!” deya keskin savol qo‘ygan
donishmand yashagan zamin ustida.
Hamma ushbu dunyoda o‘ziga,
Eshityapsanmi, o‘ziga
Loaqal eshituvchi talab qilar
Eshityapsanmi, talab qilar o‘ziga
Loaqal eshituvchi…
Bular bari meni solar xavotirga
Yo‘qki, o‘lishim mumkin hoziroq.

* * *

Shafaq bulutlarga olov eshkaklarin botirgan mahal
Paxmoq kuchukchadek yugurib chiqar shabada yerni hidlagani,
U har birimizga,
har bir novdaga, har bir yaproqqa
tegizar tumshuqchasin…
Oqshomning muzdek izg‘irini
kibrlanib, muskullarini o‘ynatganda,
So‘kina boshlaganda yoqalarni yopishga majburlab…

Baxmal tupning og‘ushidan eshitilmaganda kunduzgi
tashvishlarning ingrog‘i,
noyob chiroqlar jilvalantirganda
qadimgi kunlarning zarrin naqshlarin, —

Men shu soniyalarda
go‘daklarcha soddalik bilan
o‘lishimga ishonaman
oddiy, tabiiy, o‘z ajalim bilan…

SALOM!

Salom!
Shu birgina so‘zni aytaman
Pasport kabi hamma davrlar-chun muhrlangan, haqiqiy,
Mana shu so‘zdadir mening tarjimai holim,
So‘rovnomam mening.

Istardim men,
Juda istardim,
Umumjahon pasportiga aylansa
Bu so‘z
Hamma uchun.

Istardim men,
Juda istardim
Bu sehrli so‘z
Dunyodagi hamma eshiklarni ochib,
Saodat bilan ta’minlasa.

“Salom!” — debsan sen tezyurar poyezdga,
Kemaga yoki uchoqqa,
Hojat qolmas boshqa chiptaga.

“Salom!” — deysan sen notanish ayolga,
Va u seni sevib qolar
Yo jilmayar hijolatda,
Agar senga qadar kim bilandir
Salomlashgan bo‘lsa.

“Salom!” — deysan sen tiniq osmonga
Va yog‘ar undan ajoyib yomg‘ir.
“Salom!” —
Deysan yalang‘och sahroga,
Boshoqlar egilib olarlar alik.

“Salom!”
Deysan sen o‘limga,
Shunda o‘lim o‘zi anglab yetar
Kelib qolganligin bemavrid.
Salom — demak bu “Sim-sim, och!..”
“Salom!” —
Desang agar ayiqqa,
Bolalarimiz bilan o‘ynashgaydir u.
Band o‘yinchoqlar bo‘lmas dunyoda.

Va ayiq ham shirin xo‘rakni kutmas.
Faqat burama ayiq buzilishi mumkin.
Mo‘ysafid tutishi mumkin aso o‘rni ilonni
Jomadon bo‘lishga rozi bo‘lar timsoh bajonudil.

Bug‘ular ilgichlar o‘rnini bosishi mumkin.
Bo‘ron faqat sahnada guvillagan bo‘lardi.
Inson haqiqiy insonga aylanardi o‘shanda.

Xayrli dam, xayrli kun, xayrli asr! —
Ezgulik dunyoda topsa gar qaror
Va u tilimizdan tutmasa zinhor.

Salom!
Mana sizga — mening pasportim,
Tarjimai holim,
So‘rovnomam.
Shu bir so‘zda bari mujassam
Men
Va sen,
Sizlar,
Ular,
Insoniyat, salom!

Imkon erur imkonsizlarga,
Dunyoning har burchida bizlarga
Ertagamas — yo‘q, hozir, hozir
Birgina so‘z — qodir, qudratli:

Salom!

Mirpo‘lat Mirzo tarjimasi