Avetik Isaakyan (1875-1957)

Isaakyan Avetik Saakovich (Ավետիք Սահակի Իսահակյան) [1875.19(31).10, Kazarapat – 1957.17.10, Yerevan] — arman shoiri. Armaniston Fanlar akademiyasi akademigi (1943). Seminariyada o‘qigan (1889—92). 1911—36 yilda chet elda yashagan. Armaniston Yozuvchilar uyushmasi boshqaruvi raisi (1946—57).
Dastlabki she’r va dostonlarida ijtimoiy zulmga qarshi kurashgan xalq qahramonlari madh etilgan, inson taqdiri, kelajagi haqidagi fikrlar bayon etilgan («Qo‘shiqlar va jarohatlar», 1897; «Abul A’lo al-Ma’arriy», 1909—11 va b.). «Sasma Mger» dostoni (1919, 1937 yilda qayta ishlangan) arman xalq eposi «Sosunli Dovud» mavzusi asosida yaratilgan.«Bizning tarixchilarimiz va bizning gusanlar» (1939), «Vatanimga» (1940), «Arman me’morchiligi» (1942) va boshqa turkum she’rlari mashhur. 2-jahon urushi yillarida yozgan jangovar ruhdagi she’rlari («Qalbim mening tog‘lar cho‘qqisida», 1941; «Ulug‘ g‘alaba kuni» 1945 va b.) xalq qo‘shiqlariga aylangan.
Ayrim asarlari («Poema va she’rlar», 1961; «Abul A’lo al-Ma’arriy», 1976) o‘zbek tiliga tarjima qilingan.

* * *

Men dafn etildim tog‘ qiyasiga,
Ustimga tortilgan ho‘l, og‘ir tuproq.
Na tanish, na bilish olar esiga,
O‘t ko‘mgan murdamni!
Qalbimda firoq.
Bir mahal tush aro keldi bir nido:
Chaqirar hurriyat janglari sari,
Ayg‘irlar kishnaydi, kuy berar sado,
Hilpirab bayroqlar undar ilgari.
Xalq bosar odimin dadil, mustahkam,
Qurollar jarangi ko‘kni tutadi.
Titratib qabrimning tuprog‘ini ham
Olamon va sado menga yetadi.
Eh, yana qalbimda jo‘sh urdi qonim!
Eh, qani qabrimdan tursamu shu on
Ot surib jang qilsam yana bearmon
Va yana bo‘lsaydim jang aro qurbon!

Shuhrat tarjimasi

* * *

Tila, hasrat shabnami bo‘lib
Ko‘zyoshingdan tiniq nur sochay,
Yo shabada — hamdaming bo‘lib
Sochlaringni bittalab ochay.

Gar istasang atirgul bo‘lib
Bezantiray sening ko‘ksingni,
Yo tongotar sochgan nur bo‘lib
Shu’lalarga chulg‘ayin seni.

Yo majnuntol bo‘layin, sening
Uyqungni men qo‘riqlay tunlar.
Qush bo‘laymi, alla aytsinmi
Oshiq dilim taratgan unlar.

Tila, barin men bajo aylay,
Faqat osmon, yeru oy emas,
Shamol, dengiz dolg‘asi bo‘lay,
Sevishingni faqat aytsang, bas!

* * *

Qayg‘urarman, dilim abgor,
Yig‘la, gulim, sumbulim,
Yig‘la, osmon, yig‘la, zangor,
Yig‘la, sen ham, bulbulim.

Erdan qaro osmonim, oh,
Yolg‘iz faryod urarman.
Yori jonim ketdi yiroq,
Dashtda tanho yurarman.

Dilimga o‘t yoqdi jonim,
O‘zi ketdi yiroqqa.
Ko‘ksim yara, oqar qonim,
Tashlab ketdi firoqqa.

Qayg‘urarman, dilim abgor,
Yig‘la, gulim, sumbulim,
Yig‘la, osmon, yig‘la, zangor,
Yig‘la, sen ham, bulbulim.

* * *

Yorginamning sochin xushbo‘y
Isin olib kel, shamol!
Dilimni yoz, g‘amimni ol,
Xabar olib yel, shamol!

Gulob to‘la jomni olu
Huzurimga kel, soqiy!

Dil — bog‘ingdan xush so‘zlarni
Uzib-uzib olib kel!
Atirgulu  bo‘salarni
Qanotingda olib kel!

Gulob to‘la jomni olu
Huzurimga kel, soqiy!

* * *

Dilim manim bir bog‘ edi:
Unda gullar yashnardi,
Muhabbatim yangroq edi,
Bulbul bo‘lib yashardi.

Suluv, aytding: «Asirlikda
Qanday sayrar bulbuling?
Qanday go‘zal! Rozimisan,
Uzib olsam bir guling?»

Men yosh edim, bebosh edim,
Ishonardim so‘zlarga,
«Gulmas, butun bog‘ senga!» — deb
Aytdim ayyor ko‘zlarga.

Zolim, bog‘da labda kulgu,
Toptading barcha gulim.
Anorimni sindirdingu
O‘g‘irlading bulbulim.

* * *

Ikki qoshing jallod tutgan
Qilich kabi egilgan…

Bu dunyoda farog‘at yo‘q,
Yolg‘on, makr qahr bor!
Ammo, labing sharobini
Ichsam, mayli, boshimni
Qilichlaring  kessin, yor.

Ikki qoshing jallod tutgan
Qilich kabi egilgan.

* * *

Agar men shamol bo‘lsam,
Eng go‘zal gulning sochin
Silab, o‘rib chiqardim
Qatini bir-bir ochib.

Agar men ohu bo‘lsam,
Sen esa muzdek buloq,
Tashnaligim qonmasdi
Bo‘salaringdan, biroq.

Agar men ohu bo‘lsam,
Sen-chi, olov — ko‘yingda
Oh, yonib kul bo‘lardim
Quchog‘ingda, qo‘yningda.

Xurshid Davron tarjimasi

***

Tunlar bog‘imda ko‘z yosh
To‘kayotir majnuntol.
Qayg‘udan ko‘tarmas bosh,
Iztirobda g‘amg‘in tol.

Yarqirar tong hur misol
Qo‘ng‘iroq soch boshini
Silkib, artar majnuntol
To‘kkan achchiq yoshini.

***

Tog‘ cho‘qqisi ortida quyosh,
G‘ira – shira olisda o‘tloq.
Tindi qushlar kuyi — da yuvvosh,
Mening uyqum kelmaydi mutloq.

Tom oralab oy boqadi, gul
Barglarida ko‘chadi mezon.
Salqin havo torqilaydi yo‘l
Tun toqida yulduzlar tomon.

O, mayin yel, yulduzli dunyo,
Qani bu tun aziz dildorim?
O, yulduzlar, tanhosiz, tanho,
Qayda kezar tun bo‘yi yorim?

Tong otadi, eshik ochilib,
Tuman bosar, yog‘moqda yomg‘ir.
Yolg‘iz qaytar ot ham dil tilib,
Oh, yor uyga qaytmaydi, axir!

ONAMGA

Ona yurtdan olis – olisda
Sargardonman – na uy, na orom.
Ona, qoldim ayrilib sizdan,
G‘arib sayyoh kabi beorom.

Tog‘dan uchgan bu qushlar bilar:
—  Onam yo‘lda yo‘lamadimi?
Dengiz bo‘ylab shovdirar yellar:
—  Onam salom yo‘llamadimi?

Ko‘chib ketdi shamollar besas,
Janubga yo‘l oladi qushlar.
Yuragimga zar sochib havas,
Janubga ko‘z soladi qushlar.

Yuzlaringiz, shirin so‘zingiz
Sog‘inaman, aziz onajon!…
Aylansaydim tushga izingiz
Topar edim albat, begumon.

Tunlar tushsam dilingiz tomon,
Quchsam – go‘yo hushi yo‘q tuman.
Ketsam – kulib, yig‘lab, onajon,
Yondirguvchi sog‘inchlar bilan!

***

O‘lsam, ko‘ming meni Alagyaz
Tog‘idagi shohsupaga, to
Essin Mantash cho‘qqisidan soz
Boshim uzra eng sarin havo.

Toki qabrim yonida iyib
Bug‘doyzorlar tebrangan sayin
Majnuntollar sochini yoyib,
Ko‘z yosh to‘ksin jimgina,mayin.

***

Tushlarimda – sho‘r suvlar bo‘yi,
Qalbda og‘riq, yonboshlayman jim.
Allalaydi tushlarim kuyi,
To‘lqinlarni ichib to‘ymas qum.

Tushda – yonlab o‘tar do‘stlarim,
Quvnab, kuylab, hayqirar betin.
Menga boqmas, chorlamas hech kim,
Sukutdaman, tortaman g‘amg‘in.

***

Mendan uzoqlarda o‘zga yurtlar bor,
Unda yashayotgan dillar men kabi
Gohida yolg‘izu, mahzun va bedor,
Yonib – kuyar, menga talpinar qalbi.

Shunda tuyuladi ul olis qo‘lga
Yo‘llayman otashin, sirli o‘tinchim.
Qo‘lim uzataman oltinsoch gulga,
Sochlarini silay boshlar sog‘inchim.

***

Qanotlari uchqur qoramtir burgut
Osmondan tushganday ko‘ksimni o‘yar.
Tishida – yuragim, parvozida o‘t,
Eng baland cho‘qqini aylanib suyar.

Tog‘larni qiyalab uchar, ko‘k ichra
Qalbimni irg‘itar ilkis qonatib.
Shundan qulog‘imdan ketmaydi sira  —
Shovullab turadi burgut qanoti.

***

Tong nuriga yog‘ilar titroq  —
Qutlayotir to‘rg‘ay bu damni.
U zulmatdan, g‘amlardan yiroq,
Yonib kuylar sevgi, olamni.

Qorong‘ulik ichra yo‘l ochib,
Yurak to‘kar zarralab o‘kinch.
Bo‘zto‘rg‘ayning navosi sochib
O‘tar egik bosh uzra sevinch!

***

Tushimga kiribdi: totli kuy chalib,
Tebranib, eshilib ketmoqda karvon.
Tog‘ oralab, o‘rlab, qalbga o‘t solib,
Nurlarga qo‘shilib ketmoqda karvon.

Karvonda boradur suyukli dildor,
Ko‘zlarida jilva, libosi hasham…
Ortidan qolmayman, sog‘inchim bisyor,
Karvon qalbim tilib,kul etar tanam.

Dil yara, belanib changu tuproqqa,
Yolg‘iz qoldim yutib hasratli o‘yim.
Karvon o‘tib ketdi uzoq  —  uzoqqa,
Mayin jaranglatib qo‘ng‘iroq kuyin.

Oygul Suyundiqova tarjimasi

ONAIZORIMGA

1

Vatanimdan ketdim ko‘p uzoq,
Men quvg‘indi, uysiz darbadar.
Mushfiq Onam chekadi firoq,
Ozurdaman, uyqusiz tunlar.
Tog‘u dengiz uzra charx urgan
Shabbodalar, qushlar, aytingiz:

Men daydini sog‘inib yurgan,
Onam nahot, uchratmadingiz?!
Ey, dengizning moviy to‘lqini,
Ey, qalbimdek tug‘yon beorom,
Balki onam qo‘msab o‘g‘lini,
Siz orqali yuborgan salom?!

…Shabbodalar yeladi besas,
Qushlar uchar janub tomonga.
Men g‘amboda, g‘aribga birpas
Qayrilmasdan, ko‘mar – armonga…
…Nurli chehra, xush kalomingiz
Sog‘inganman munis volidam.
Koshki, anglab tush-xayolingiz,
Yoningizga qaytolsam bir dam…

2

Xayolimda oydin oqshom, sukunat,
Tomlar osha shaffof tutun o‘rlaydi.
Tanish majnuntollar shivirlar faqat,
Qaydadir chigirtka shod chirillaydi…
Munkillagan Onam o‘choq boshida,
Nabirasin quchib o‘tirar sipo.
Bolajonim uxlar, shirin tushida
Meni ko‘rar… Onam o‘qiydi duo…

“Iltijom qabul et, Yaratgan egam,
Bemor, g‘ariblarni o‘zing qo‘llagin.
Mayli, eng oxiri ko‘rsatib karam,
Darbadar o‘g‘limni uyga yo‘llagin”.
Osuda uy uzra tutun o‘rlaydi,
Onam duo o‘qir bolam boshida.
Qaydadir chigirtka shod chirillaydi,
Majnuntol yosh to‘kar Onam qoshida…

* * *

Araks sohilida bo‘lsa chorbog‘im,
Ekardim majnuntol, atirgul, lola…
Soyada bir chayla qurib, haryog‘in
Obod qilar edim, bor mehrim ila.

Toki shu kulbamning so‘nmay chirog‘i,
Farah va huzurga ko‘milsin har dam.
Cho‘g‘dek yonib tursin Shushan dudog‘i,
Otash hislarimni ko‘rganda baham…

Birgina shu orzu, shu tilak uchun
Borlig‘im men fido qilishga shayman.
Shul niyat umrimga baxsh etgay mazmun,
Uni ro‘yob etmoq uchun yashayman…

* * *

Tog‘da uchgan qora lochin
Nishon qilib ko‘kragim,
Tig‘dek o‘tkir tumshug‘i-la,
Uzib oldi yuragim…
So‘ng qoyaga qilib parvoz
Otdi niliy ma’voga,

Shundanmikan dilda ixlos,
Talpinarman samoga.
Shundan buyon ohanrabo
Kabi tortadi osmon,
Yuragimda berar sado
Lochinqush solgan suron…

* * *

Tush ko‘rdim: tushimda chayqalib, mudrab,
Karvon ketib borar, jarangi mayin.
Tog‘u adirlarda bir-birin sudrab,
Ilondek o‘rmalar, tinim bilmayin.

Karvon o‘rtasida – taxtirovon xos,
Unda tebranadi go‘zal mahliqo.
Ko‘zlarida quvonch, kelinchak libos,
Nigohi yuragim qiladi ado…

Men-chi, yuragimda to‘la dard-fig‘on,
Chang yutib ortidan kuzataman jim…
Karvon olis ketar, ko‘zlardan nihon,
Qo‘ng‘iroqlar sasi mayindan-mayin…

* * *

Tun chog‘i osuda bog‘imda
Yosh to‘kar yig‘loqi majnuntol.
Vujudi hasratlar dog‘ida,
Sho‘rlikni yupatmoq ko‘p mahol…
Tong otgach, parivash subhidam
Mehr-la olamni yoritdi.
Sochiga o‘rilgan ishq bilan,
Majnuntol yoshlarin aritdi…

* * *

Nur ila siylasa subhidam,
Mastona sayraydi bo‘zto‘rg‘ay.
Bilmaydi na anduh va na g‘am,
Hayotni olqishlar u tinmay.
Ne jonlar hasratning dastida,
Dunyoga alam-la qaraydi.
Boshi xam mazlumlar ustida
Bo‘zto‘rg‘ay mastona sayraydi…

Rus tilidan Muhiddin Omon tarjimasi