Vole Shoyinka (1934)

Akinvande Vole Babatunde Shoyinka (Vole Soyinka, Akinwande Oluwole “Wole” Soyinka, 13 iyul 1934, Abeokuta) — nigeriyalik dramaturg, yozuvchi, poet. She’rlarini yoruba tilida, nasr va dramani ingliz tilida yozadi. Nobel mukofoti laureati (1986).

TELEFONDAGI MULOQOT

Bu uy – narxi arzon, qatnovga qulay,
Rosa menbop, jonga huzur berguday.
Uy bekasi uchib-qo‘nar, shod edi,
“Siz qachon kelsangiz, uy tayyor!” – dedi.
Omad kelib men ham shod-xurram bo‘ldim,
Og‘zimdan chiqqanin bilmayam qoldim:
“Minnatdorman, rahmat, yolg‘onga yo‘qman,
Aytib qo‘yay, xonim, afrikalikman…”
Suv bosdi dastakning naryog‘in shu tob,
Uni o‘chdi-qoldi bekaning shitob.
Ko‘z oldimga keldi surati uning,
“Nima deb qo‘ydim men”, – o‘yladim alhol;
Tilla tish, qip-qizil lablar orasin
Bazo‘r yorib o‘tdi shunday bir savol:
(Ohangi o‘zgarib) – “Sizning rangingiz
Qoraparangroqmi yoki… judami?”
Men izoh berguncha, sezdim, bekaning
Sira yetmayapti toqat-chidami.
Xonimning bu nima degani ekan?
Lol qoldim, etlarim ketdi guvullab.
Tashqariga boqsam, ulkan avtobus
O‘tib borayapti yo‘lda zuvillab.
Men-ku o‘rganganman bu xil savolga,
Baribir g‘alati… uyaldim, bo‘rtdim.
Jim-jit turganimcha xonim-bekaning
Shu savolga izoh berishin kutdim.
Xonim yana so‘roq qila boshladi,
Gap ohangi tamom o‘zgacha bir sas:
“Rangingizni menga aniqroq ayting,
Qop-qoramisiz yo unchalik emas?..”
“Nimani nazarda tutyapsiz, xonim,
Afrikalikman-u, qanday bo‘lay oq?
Qay rangda bo‘lishim kutyapsiz, xonim,
Sutrangli deyay yo shokaladrangroq?”
“Qaniydi…” – shu bir so‘z jarroh tig‘iday
Oramizni kesib tashladi, hay-hay.
Eshitgach qadrimni yer qilgan so‘zni,
Kibor ohanglarga sozladim o‘zni.
Tilim jiddiy tutib dedim men arang:
“Tusim – afrikalik rangidayin rang”.
Bo‘yoqlar olamin xonim xayolan
Kezib chiqdi, keyin esa u birdan
Qo‘chib qo‘yaqoldi rostiga: “Aniq
Ayting rangingizni, qorasizmi-yo‘q?”
“Oq-sariqdan kelsam…” Xonim der: “Essiz,
Qurum kabi kuygan qop-qoramisiz?”
“Ja unchalik emas, xonim, masalan,
Yuzlarim jigarrang bo‘lgani bilan,
Siz aytganday, kuyib ketmadim tamom,
Oqqa monand joylar bordir menda ham…
Kaft, tovon, ya’nikim oyoqning osti
Oq odam rangiga o‘xshaydi, rosti.
Hafsalangizni pir qilib netayin,
Bir xijolat joyim aytib ketayin.
Ishlatilaverib qanchadan-qancha,
kuntegmas joylarim qoraygan ancha…”
Sezyapman, dastakning naryog‘i hozir-
Hozir portlab ketar gumburlab zir-zir!
Yaraning ustiga tuz sepgan kabi
Men dedim: “Xonim-a, o‘zingiz balki
Tekshirib ko‘rarsiz…”

Karim Bahriyev tarjimasi