Ingrid Yonker (1933-1965)

Ingrid Yonker (Ingrid Jonker) olmos qazib chiqaradigan Kimberli yaqinidagi Duglasda, fermada tug‘ilib ulg‘aydi, afrikans tilida takror ijod qildi. Olti yoshidan boshlab she’r to‘qigan. O‘n yoshida onadan yetim qoldi va singlisi bilan otasi qo‘lida tarbiyalandi. O‘n uch yoshida “Yozdan so‘ng” nomli birinchi she’r to‘plami bosilib chiqdi.
Aparteid qonunlariga ko‘ra, Ingrid Yonker eziluvchilardan emas, ezuvchi oqtanlilardan edi. Otasi parlament noibi, aparteid siyosati tarafdori bo‘lgani uchun, Ingrid u bilan chiqishmasdi. U tsenzura qonunini joriy qilish hay’atining raisi etib tayinlanganda, Ingrid yigirma uch yoshida uyidan ketib qoldi va “Qochish” (1956) degan kitobini chiqardi, yoxannesburglik bir yigitga erga tegdi, yigirma to‘rt yoshida bir qiz ko‘rdi.Tez orada er-xotin ajrashishdi va u Keyptaunga qaytib keldi. Bir mahbubidan homilador bo‘lib, bolasini oldirgani uchun, ishi sudga tushdi va asab buzilganligi tufayli ruhiy xastalar kasalxonasiga yotqizildi (1961). Tuzalib chiqqach, 1963 yilda “Tutun va oxra (bo‘yoq)” degan kitobi bosilib chiqdi. Konservativ janubiy afrikaliklar jamoasi uni sovuq qarshi olsa-da, muallif katta mukofotga sazovor bo‘lib, Ovrupo bo‘ylab (Buyuk Britaniya, Niderlandiya, Frantsiya, Ispaniya, Portugaliya) sayohatga ketdi (1964) . So‘ngra Atlantik okeanga chiqadigan port shahar Keyptaunga qaytdi. 1965 yil yoz o‘rtalarida “Men shamollar bilan uchib ketaman” degan vasiyat she’rini yozib qoldirib, kechasi Atlantik okean ko‘rfaziga o‘zini otib, qaytishga imkon qoldirmay, uzoq-uzoqlarga suzib ketdi. Yozib qoldirgan xatida “Hech narsani o‘zgartirish qo‘limdan kelmaydi, bularning hammasiga ortiq chidolmayman” deyilgan edi.
Ingrid Yonkerning arxivi Greyamstaundagi adabiyot muzeyining mulki bo‘lib qoldi. 1965 yilda uning nomi bilan ataluvchi adabiy mukofot ta’sis etildi. 2004 yilda esa vafotidan keyin Ixaman milliy mukofoti bilan taqdirlandi. She’rlari bir qator Ovrupo tillariga tarjima qilindi, ko‘p she’rlariga musiqa bastalandi. U haqda hujjatli va badiiy filmlar suratga olindi. 2010 yilda “Qora kapalaklar” nomli biografik-badiiy film ishlandi, Ingrid rolini ijro etgan aktrisa Karis van Xaugen 2011 yilda juda katta nufuzli Traybek mukofotini oldi.

NYaNGADA ASKARLAR OTIB KETGAN BOLA

Bola o‘lmadi
“Afrika!” deb qichqirayotgan onasiga
mushtlarini do‘laytirib qo‘ydi,
qichqiriqda ozodlik nafasi va
yassitog‘da qurshalgan yuraklarning birligi.
Bola avlodlar jangidagi otasiga
mushtlarini do‘laytirib qo‘ydi
“Afrika!” deb qichqirardi avlodlar
qichqiriqda haq-huquq nafasi va
ko‘chalarda jangovar g‘urur qonlari.
Bola o‘lmadi
Langada ham Nyangada ham
Orlandoda Sharpevilda ham
Filippada politsiya posti oldida ham
Boshida o‘q bilan yotar u.

Bola bu miltiqli, to‘qmoqli askarlarning
qorong‘i soyasi
qonunchilar yig‘inida qatnashar bola
uy darchalariga onalar yuragiga ko‘z tashlar bola
Nyangada kunduzi faqat to‘p o‘ynamoqchi edi bola
endi hamma yoqda
butun Afrika bo‘ylab o‘tib borar ulg‘aygan bola
butun dunyo bo‘ylab borar eran bo‘lib yetgan haybatli bola

ruxsat xatisiz.

GUDVUNDAGI QIShLOQ XO‘JALIK KO‘RGAZMASIDA

Hurmat qilib mening oppoq yuzimni
Turmaga tiqishdi boplab o‘zimni.

Hozircha erkinlikda yurganlar, sirtdan
Kuzatishar holim xarobligin itdan

Osdilar qandaydir nishon siynamga,
Men, o‘jar, otildim aziz kulbamga.

Qochib zavq, mukofot ham maqtovlardan
Qochmasdim tog‘dagi haq chorlovlardan.

Kechki jimjitlikka uchib borardim,
Unda ot bermagan menga-da hech kim.

Unda men yashardim shonsiz, bekishan,
Osmagan edilar siynamga nishon.

* * *

Muhabbat men bilan qololgani yo‘q,
yig‘ilar-cho‘zilar yumshoqlashgan o‘q,

men hasratga cho‘mdim… aynan shu vaqtda,
duradgor yo‘nardi hovlida taxta.
So‘zim o‘rim chog‘i to‘kilgan boshoq,
juda kichik dondir o‘limim biroq.

AChChIQ MEVALI QUYoSh

Achchiq mevali quyosh
achchiq mevali hayot
sindiradi ko‘zguni
bunga yo‘q najot

qishloq yo‘lin qidirdim
shoshdim chorlarga
so‘qmoqlar adashtirdi
chalkash so‘zlarday

o‘zi oson edi bu
sokin ish xiyla
unutdim-da adashdim
uchrashib sen-la

engil xotira bilan
engil sukunat
adashib seni topgach
boshlandi hasrat

to‘tiqushning ovozi
meni jalb etar
lekin aldaydi faqat
meni g‘ash etar

na yo‘l bor na yechim bor
hech yerda hayhot
achchiq mevali quyosh
achchiq mevali hayot

SENI O‘YLAB YIG‘LAYMAN

Sening sho‘rlik mayiting uzra yig‘layman
ko‘zlarngday moviy olis sho‘r dengiz.
Mening qo‘lim hech nima
seni saqlab qololmaydi
dengiz o‘tlari sari yo‘nalgan izlaringni
chuqur izlaringga eltuvchi yo‘lni
arang o‘zgartishim mumkin.

Mening qo‘lim hech nima
qoyalarga qarshi hech narsa qilolmas.

Ammo chag‘alay qila oladi.

* * *

Muhabbat men bilan qololgani yo‘q,
yig‘ilar-cho‘zilar yumshoqlashgan o‘q,
men hasratga cho‘mdim… aynan shu vaqtda,
duradgor yo‘nardi hovlida taxta.

So‘zim o‘rim chog‘i to‘kilgan boshoq,
juda kichik dondir o‘limim biroq.

Rus tilidan Miraziz A’zam tarjimasi