Surnay sadosi xuddi sirli bir tilsim kabi odamlarni to‘yxonaga chorlardi. Sona kampir chodir tutilgan to‘yxonaning bir kunjida qo‘llarini qo‘yniga solgancha o‘yga cho‘mgan. To‘y ohanglari uning ham ichida bir po‘rtana uyg‘otdi. Biroz avval ham u ham o‘z yotog‘idan turib, odamlarga qo‘shilib shu tarafga ohista yo‘l olgandi. Ammo hozir uning qulog‘iga surnay sadosi emas, olis o‘tmishdagi allanechuk tovushlar oqib kirmoqda edi.
Uni hech kim to‘ylarda ko‘rganini eslolmasdi. To‘yxonaning eshigi oldida biroz turib, quloq tutar, kein zim-g‘oyib bo‘lardi.
Kampir hozir o‘sha sirli ovozga bog‘lanib qolgan, boshqa hech narsani eshitmasdi. Bu ovoz qayerdan kelyapti o‘zi? Beixtiyor xayol qanotida u olis bolaligi tomon uchdi
…Quyoshli yoz kuni. Sona o‘zi bengi qizaloqlar bilan bekinmachoq o‘ynardi. Birdan qochib, tut daraxtining shapaloq bargli novdalari orasida yashirindi. Uni hech kim topolmadi. Bolalar uni izlayvkrib holdan toyishdi. Hamma endi uy-uyigna tarqalmoqchi bo‘lib turganida, Sona sharaqlab kulgancha novdalar orasidan o‘zini pastga tashlaganida, kuylagi shoxlarga ilinib yiqilgan, bo‘yni va beli biroz lat yegani ham hozirgacha esida.
Tuzalib ketgach, yana bekinmachoq o‘ynayverdi. Yillar o‘tar, bolalar basma-bas ulg‘ayib borishardi. Faqat Sonpanig bo‘yi o‘smadi. Aksincha, yiqilgan paytida belida paydo bo‘lgan do‘ngalak kattalashardi, xolos.
Hozir ham o‘sha kunlarni sog‘inib eslarkan, to‘yxonaga o‘g‘rincha ko‘z tashladi. Kelin-kuyovni kuyovjo‘ralar o‘rtaga olishgandi. Kampir o‘zi tanigan bilgan odamlar orasida allachechuk yolg‘iz his etdi o‘zini. Ortiga, yotog‘iga aytmoqchi bo‘ldi, ammo yana o‘sha sirli tovushning izmiga tushdi. Bu ovozni ko‘pdan beri eshitmagandi. Ovoz tobora uning qalbiga, rug‘iga singib borardi. U o‘zini yosharib borayotganini payqadi. Yo‘q, bugun Samad qoraning o‘g‘li Latif bilan O‘lmas podachining qizi Gulsumning to‘yi emas, balki uning va yetimcha Ismatning to‘yi bo‘lardi go‘yo.
Oy yorug‘ida belangan avgusit oqshomida bir paytlar o‘zi yiqilib tushgan o‘sha keksa tut ostida yetimcha ismat u bilan xayrlashgandi. Urushga otlanayotgan Ismat “men albatta kut, men qaytb kelaman, ishlab pul topaman, uy quramandang‘illama to‘y qilib senga uylanaman” deb uni ishontirib ketgandi. Hozir kampir Ismatning urushdan qaytib kelmaganini ham, kuta-kuta bukri beli yanada bukilganini ham esidan chiqargandi.
Sonaning teng-to‘shlari allaqachon o‘tib ketishdi. Faqat u Ismatni kutish uchun ajaldan muhlat so‘ragandi. Mana, o‘sha muddat ham o‘tib ketdi, Sona olti oydirki, yo‘lga ko‘z tikmay qolgan, dunyo bilan rozi-rizolashib, o‘lim to‘shagiga yotib olgandi.
Surnay sadolari tinmasdi. Qiz-juvonlar qo‘lni-qo‘lga kelib raqs tushardilar. Sona kampir hech kimni ko‘rmas, uni ham birov payqamasdi. To‘y navolari uning botiniga kirib borar, suyaklari raqs tushishga moyil edi.
Surnayning sho‘x kuylariga raqs tushib charchagan mehmonlar harib charchab, davrani tark etishardi. Davra deyapli bo‘shab qoldi. Surnaychi Qoravoy endi hazin bir kuyni chala boshladi. Hamma shu mahzun navoning sehriga bog‘lanib, jim qoldi.
Nihoyat surnaychi chalishdan to‘xtadi.
Sona kampir joyida tek turolmay qolgandi. Oyoq-qo‘llari o‘z-o‘zidan raqsga tushib ketdi. Yuragi, ko‘zlari, yelkalari tinimsiz o‘ynardi. O‘zini to‘xtatolmasdi. Bir paytda u davrada bitta o‘zi o‘ynayotganini ko‘rdi. Bukri kampir kuysiz-navosiz o‘ynardi. Surnaychining ham hayratdan og‘zi ochilib qolgan, kulishni ham, yig‘lashni ham, chalishni ham bilmasdi. Bu kuyni chalish uchun biror bir sozning kuchi yetmasdi.
Sona kelinning qarshisiga kelib muqom qilishga tushdi. Xuddi kelinni to‘yxonadan siqib chiqiarmoqchidek yoki uning yonida yotirmoqchidek ko‘rinar, ammo bunday qilmasdi.
Kelin uni ko‘rib yum-yum yig‘lardi. Amo to‘rparda ortida bu yoshlar ko‘rinmasdi. Kimdir Sonaning qo‘lidan tutib, to‘yxonadan opchiqishi kerak edi. Ammo, hech kimning jur’ati yetmadi. Hamma bu raqsning oxirini hayajon bilan kutardi.
Kampir hamon o‘ynardi, Kutilmaganda, u kula boshladi. Avval past ovozda, keyin qahqaha otib kula ketdi. U butun dunyoni unutib qah-qah otardi. Sekin asta odamlar ham bu kulguga qo‘shilishdi. Butun to‘yxona kulguga to‘ldi. Kampir o‘ynab-o‘ynab to‘yxonadan chiqdi. U qishloqni kesib o‘tgan yo‘lda ham o‘ynab borardi.
To‘yxonadagilar kampirning ortidan tushishdi. Sona kampirning kalishlari tushib qolgan, yo oyoqyalang raqs tushardi. Eski qora ro‘moli ham bo‘ynidan tushib qolgandi. Chakkasida bir tutam oq scholari tushib turardi.
Qoravoy surnaychi o‘zining cholg‘usini chala-chala kampirga yetmoqchi bo‘lar, ammo yetolmasdi. Odamlar Sonani to‘xtaishga urinishar, ammo u to‘xtamasdi. Birdaniga o‘ynayotgan kampir qaddini g‘oz tutdi. Belidagi bukrisi qayoqqadir g‘oyib bo‘lgandi. U endi qaddini adl tutib, raqs tushar, bukri kampirdan qaddi raso juvonga aylangandi.
Kampirning qaddi tiklanishi bilan surnaychinng navosi lablarida, barmoqlarining uchida qotib qoldi. Endi Sona kampirnning quloqlari ostida o‘sha kuy qaytadan jaranaglamoqda edi. Sona kampir o‘sha telbavor raqsi bilan go‘yoki bu telba dunyodan chiqmoqchi, sehr singari, ruh singari ko‘zdan g‘oyib bo‘lishni istardi.
* * *
Ertaga yer yuziga dunyodagi eng g‘aroyib oqshom cho‘kadi. Kechqurun boshlangan kuz yomg‘iri bir hafta tinmasdan, uylar, ko‘chalar, dalalar, yo‘llarni bo‘ktirib tashlaydi.
Sona kampir buni bilmasdi.
Ertaga kechqurun yetimcha Ismat uni kekcha tut daraxti ostida chaqiradi, uning qo‘llaridan tutib, shu yerda ertalabgacha sirlashib chiqishadi.
Sona kampir buni ham bilmasdi.
Ertaga kechqurun sovuq kuz yomg‘iri ostida keksa tut eng so‘nggi qovchiragan bargini to‘kadi va qayta yaproq yozmaydi.
Sona kampir endi buni bilolmasdi.
1985, Boku
Ozarboyjonchadan Rustam Jabborov tarjimasi