Biz turadigan qizlar yotoqxonasiga yigit zotini yaqin yo‘latishmaydi. Mabodo, biror qizni chaqirish kerak bo‘lsa, shu yerda turadiganlardan biriga xona raqami va chaqiriluvchining ismi aytilsa bas. Yuqoriga ko‘tarilgan talaba chaqiruvchining eshigini qoqib o‘tirmaydi, dahlizdan chaqirib qo‘ya qoladi.
Har qalay bizning yotoqxonada azaldan qoida shu. Faqat ba’zi-ba’zida bu qoida buzilib turadi. Agar pastdan kimnidir chaqirib qolishsa, yotoqxonaning har beshala qavatiga bu ovoz eshitilishi tabiiy.
Yotoqxonaning hayoti juda g‘alati edi. Har kechqurun kimnidir, nimagadir pastga chaqirishsa, hammamizning yuragimiz dukillab turardi. Pastga chaqirilgan, hovlida bir-birining pinjiga kirib pichirlashib turganlarga hasad bilan qarardik. Ularning ismlarini bilmasak-da, yuzlari bizga yaxshi tanish edi. Kimni, qachon, qaysi xonadan chaqirishlarigacha bilardik. Falonchi qachon qarama yotoqxonaning tagida kuymalanib yuradi. Pistonchini esa, birov yo‘qlab kelmaydi. Chaqirilmagan qizlarga ich-ichimizdan achinardik. Chunki ularning na sevgilisi, na tanish-bilishi, na shaharda yashaydigan qarindosh-urug‘i bor.
Har oqshom yotoqxonaning eshigi yopilishiga bir soat qolganda, kelib-ketuvchilar siyraklashardi. Bunaqa paytda qizlarni chaqirib keluvchilar juda kamayib qolardi. Faqat bittasi bundan mustasno.
Yotoqxonaning eshigi yopilishiga bir soat qolganda, doim bir yigit kelardi. Va butun yotoqxona ahli uning 48-xonada turadigan bir qizni chaqirishini bilardi. Qizlar ham uning tashrifiga o‘rganib qolishgandi. U kimgadir aytsa-da, aytmasa-da, uni ko‘rishlari bilan koridordan turib o‘sha qizni chaqirishardi. Lekin qizig‘i shundaki, yigit o‘sha qizni o‘z ismi bilan chaqirmasdi. Faqat “qirq sakkiz”dagi qizni chaqirvoringlar” deb iltimos qilardi. Biz esa, kimni chaqirishni yaxshi bilardik. Chunki, har oqshom bir vaqtda koridor bo‘ylab bir xil chaqiriq yangrardi:
-“Qirq sakkiz”dagi qiz qaravorsin!
Har bir xonada to‘rttadan qiz turardi. Ammo ushbu undovdan keyin pastga faqat qo‘ng‘ir sochli qiz tushib ketardi. Balki, yigit bu qizning ismini tilga olishga ham jur’at etolmas, uyalardi.
Ba’zan bizni ham kursdoshlarimiz shu taxlit chaqirishardi. Biroq biz kimni nima maqsadda kelganini, kim kitob uchun, yana birov imtihon biletlarini olib kelganini yaxshi bilardik. Shunda pastga qay birimiz bo‘lsak ham tushaverardik. Ammo bu qiz bizga o‘xshamasdi.
Yotoqxona hovlisida, eshikdan sal narida yosh akatsiya daraxti o‘sardi. Ular ikkisi doim ana shu daraxt ostida suhbatlashishardi. Qorovul ayol ham ularni tanirdi. Yotoqxona eshigi yopilishidan sal oldinroq ayol ularni ogohlantirib qo‘yardi.
Shu tariqa oylar, yillar o‘tardi. Agar bola bir kun ko‘rinmay qolsa, hammamiz uni sog‘inar, hatto undan ranjirdik. To soat o‘n ikkiga bong urib, eshik yopilgunga qadar, qulog‘imiz tashqarida bo‘lardi. Turib, ro‘paradagi bolalar yotoqxonasiga qarab qo‘yardik. Chunki, har kuni kechqurun qo‘ng‘irsoch qizni chaqirib keluvchi o‘sha yigit aynan qarshimizdagi yotoqxonada yashardi.
Hatto xonasining derazasini ham tanirdik.
Ancha vaqt yotoqxonaning uzun koridori bo‘ylab eshitiladigan o‘sha tanish chaqiriqni eshitmadik. Yo yigitning tobi qochib qolgan yo qiz bilan oralarida nimadir bo‘lgan, degan turfa xayollarga ham bordik.
Kunlar o‘tar, ammo yigitdan darak yo‘q edi. Yigitning yo‘liga hammamiz ko‘z tika boshladik. Chunki uning kelib-ketishi ham, chaqirig‘i ham, qizning qo‘ng‘ir sochlari ham, hovlidagi tanho akatsiya daraxti ham, bizning nazarimizga g‘ayrioddiy ko‘rinardi.
Har kechqurun o‘sha paytda derazadan akatsiyaning ostiga qarardik. O‘sha ikki qadrdon chehrani ko‘rolmay, ko‘nglimiz cho‘kardi. Ularning taqdirini o‘z qismatimzdan ayro tasavvur etolmasdik-da!
Qorovul ayol ham har oqshom eshikni yopishdan avval akatsiya ostiga qarab qo‘yardi. Demak u ham biz singari bu ikki yoshning kechki uchrashuvlariga o‘rganib qolgandi. Endi ular bo‘lishmasa-da, o‘n ikkiga yaqin o‘sha tarafga hammamiz ko‘z tashlab qo‘yadigan bo‘ldik. Bu odatni hech birimiz tark etolmasdik.
Biroq vaqt o‘tib, kunning turli vaqtida haligi qo‘ng‘irsoch qizni o‘z ismi bilan chaqirib kela boshlashdi. Biz bunday chaqiriqqa o‘rganmagandik. Nazarimizda u qizni ismi bilan chaqirish mumkin emasdek edi. U qizni ismini aytmay chaqirish lozimdek tuyulardi. Ismi bilan chaqirilganda, u qiz o‘z latofati, qo‘ng‘ir sochlari esa jilolsini yo‘qotardi go‘yo…
…Bu yigit talabaga o‘xshamasdi. Bo‘yi baland, yelkalai keng, o‘z kiyim-boshlariga tiqilib turardi go‘yo. Endi ular daraxt ostiga bqinib suhbatlashishmas, yigitning xuddi qizning sochlariga o‘xshash qo‘ng‘irtob mashinasi bag‘ridan joy olishardi. Ko‘pincha u qizni kun botishidan sal avvalroq kelib, mashinasida olib ketar, yotoqxona yopilishiga oz fursat qolganida, qaytarib kelardi. Ba’zida qiz ertalabgacha qaytib kelmasdi.
Qoramag‘iz yigitning ko‘rinmay qolishi bilan hammasi o‘zining sehrini, jozibasini yo‘qotgandi. Endi akatsiya ostida mutlaqo boshqa juftliklar sirlashishardi. Ammo, akatsiya baayni o‘sha qoramag‘iz yigit va qo‘ng‘irsoch qizning bo‘y-bastiga moslab bichilgandek edi. Boshqalar unga yarashmasdilar. Akatsiya ham o‘sha qadrdon pichirlashlarga o‘rganib qolgandi go‘yo. Boshqalarning sirli suhbatlari unga og‘ir botadigandek edi.
…Keyin ma’ruzalar tugab, imtihonga hozirlik boshlandi. Boshqa narsalarni o‘ylashga vaqt qolmadi. Bo‘lib o‘tgan voqealar esa, xotiramizning olis puchmoqlariga singa boshladi. Biroq…
…Biroq, bir oqshom qizni xuddi o‘sha vaqt, o‘sha ohangda chaqirishdi. Xuddiki sokin dengizda kuchli dovul turgandek bo‘ldi. Quloqlarimizga ishonmadik. Deraza tomonga oshiqdik.O‘sha qormag‘iz yigit akatsiya ostida turardi. O‘tgan vaqt ichida ancha oriqlabdi, o‘zini oldirib qo‘yidi – arang tanidik.Xuddi uzoq davom etgan kasallikdan so‘ng oyoqqa turgandek edi.
Biz o‘sha qizning hech narsa bo‘lmagandek yana pastga tushib kelishi, yigit ikkovi akatsiya panasida uzoq sirlashishini, soat o‘n ikkiga yaqin qorovul ayol ularni ogohlantirishini kutgandik. Yana…
…Ammo qiz pastga tushmadi. Yigit to yotoqxona yopilgunicha kutib o‘tirdi. Keyin og‘ir qadamlar bilan nari ketdi.
Shundan so‘ng o‘sha chaqiriqni qaytib eshitmadik…
1982, Boku
Ozarboyjonchadan Rustam Jabborov tarjimasi