Voqif Sultonli. Kul qafas (hikoya)

Nima bilandir mashg‘uldek ko‘ringan, uvadaga burkangan odamlar qovrilib kultepaga aylangan Yer bag‘rida timirskilanishardi. Xuddi kiyim-kechaklari singari aft-angorlari ham kulrang edi. Ular har-har zamonda boshlarini ko‘tarib befarq nigohlari bilan atrofni kuzatishar, keyin yana kultepaga qo‘shilib ketishardi. Uzoqlarda, ufq etagida saf tortgan mayda kul tepaliklar ko‘zga tashlanardi.
U to‘xtab kulga cho‘milyotgan bu odamlarni biroz tomosha qildi. Uni hech kim ko‘rmas, ko‘rsalar-da e’tibor qilishmasdi. Bu yerda go‘yo hamma bir-biriga begona edi. Vujudini muzlatayotgan bu sovuq nigohlar orasidan u biror tanish chehrani topishga urinar, topa olmay bezovtalik bilan atrofga olazarak termilardi.
Osmondan ham kul yog‘moqda edi. Kuyindi, kosov hidi dimog‘iga oqib kirdi. Gohida ko‘tarilgan shamol tepalarning kulini ko‘kka sovurib, havoni kulrang tuman qoplar, ko‘z-ko‘zni ko‘rolmay qolardi. Tuman tarqalib, osmon sal-pal yorishgach, kulga to‘lgan ko‘zlarini kaftining orqasi bilan ishqalar tozalarkan, yana yo‘lida davom etdi.
Bu yerlarga hech vaqt qadam bosmagandi. Dunyoning ana shunday maskani borligi xayolining ko‘chasiga ham kirmagandi. Bu yerga qachon, qanday kelib qolganini ham eslolmadi. Sal oldinda kimdir cho‘nqaygancha o‘chib qolgan o‘choqning kulini titkilab o‘tirardi. Uning yonidan indamay o‘tib ketmoqchi bo‘ldi, ammo nimadir uni to‘xtashga undadi. Xuddi shu lahzada haligi odam ham unga boshini ko‘tarib qaraganini ko‘rdi. Birldaniga esladi: axir uning bolalikdagi do‘sti-ku? Bu kutilmagan uchrashuvdan ich-ichidan taajjub aralash sevinch hissini tuydi.
Do‘stining yuz-ko‘zlari o‘zgarmabdi. Xuddiki, oradan shuncha yil o‘tmagandek, vaqt unga o‘z hukmini o‘tkazmagandek edi. Do‘sti o‘rnidan turib:
-Xush kelibsan, dedi va uning qo‘lidan tutib, o‘chib qolgan o‘choq boshiga o‘tqizdi. Keyin yana qo‘lidagi tayoq bilan kulni kovlashda davom etdi.
U hech narsani tushunmasa-da, do‘stining o‘choq kovlashini birpas kuzatib turdi. Do‘stini bir necha yil avval yo‘qotgandi. Uni avvaliga og‘ir bir jinoyatga aloqadorlikda ayblashgan, keyin esa, sirli tarzda o‘ldirilgandi. O‘lim xabarini kech eshitgani uchun dafn marosimiga ham borolmagandi.
Bolalikdan birga o‘sib-ulg‘ayishdi. Qishloqda yon qo‘shni bo‘lishgani uchun har kuni darsdan keyin uchrashib turishar, qosh qorayguncha yaqin oradagi daryo sohilida o‘ynashardi. Maktabni bitirgach, har kim o‘z yo‘lidan ketdi. Albatta uning o‘limidan xabar topgach, ancha qayg‘uga botdi.
Kul titib o‘tirgan do‘stidan hol-ahvol so‘ragan bo‘ldi.
-Bu yerdan hech kimdan hol-ahvol so‘ralmaydi, – dedi do‘sti. U sababini so‘ramoqchi bo‘ldi, ammo negadir sukut saqladi. Do‘sti unga boshdan-oyoq nazar soldi.
-Qachon kelding? – deb so‘radi.
U bir muddat o‘ylaib qoldi. Chamasi vaqt hissini yo‘qotgandi.
-Eslolmayapman, – dedi. Keyin do‘stining dafn marosmiga ishtirok etolmagani uchun uzr so‘ramoqchi bo‘ldi. Ammo, do‘stining yuzidagi begonalik ifodasini ko‘rib indamadi.
-Nega buncha hayajonanyapsan? – so‘radi do‘sti.
-Nimanidir yo‘qotdim shekilli.
-Nimani?
-Bilmayman, – dedi U. – Nimaligini eslolmayapman.
Do‘sti kul to‘la o‘choq bosho‘idan turib, undan uzoqlashdi. U ham ixtiyorsiz o‘rnidan turdi.
Ketib borarkan, jilovini yo‘qotgan xotirasining olis so‘qmoqlarida, qo‘rqinchli bir tush izmida yurgandek sezdi o‘zini. U noxush tushning bag‘ridan sitilib chiqishga qancha urinmasin, bajarolmadi. Avvallari ham bunaqa tushlarni ko‘rar, uyg‘ongach, biroz karaxt bo‘lib qolar, sekin-asta yana o‘zini qo‘lga olardi. Endi esa savil tush tugay demasdi.
Qorakuyaga aylangan tuproq ustida odimlab borardi. Havoni qoplagan kosov hidi dimog‘ini achishtirardi. Yon-atrofidan o‘tib qaytayotgan ayollarni chaqirib, ko‘zlariga kul purkayotgan bir ayolga duch keldi. Egniga kulrang to‘y libosini kiygancha, chirik to‘nka ustida o‘tirgan bu xotin kulni elab, yog‘och idishlarga solar, keyin undan bir hovuch kulni olib, odamlarning yuziga qarab puflardi. Ayol uni ko‘rishi bilan darhol oyoqqa turdi:
-O‘g‘lim, senmisan? Nuridiydam!
U quloqlariga ishonmadi. Balki hato eshitgandirman, deya yo‘lida davom etmoqchi bo‘ldi. Biroq, xotin u tomon yurdi:
-Nega qotib qolding, bolam? O‘z to‘qqan onangni tanimadingmi?
Onasidan juda erta ajralgandi. Sal ulg‘ayib oq-qorani taniy boshlaganda, eski hujjatlar oraisdan onasining sarg‘aygan suritin topib oldi. Hozir ham ayolning o‘zi chaqirmasa, uni tanimagan bo‘lardi. Ayolning qiyofasidan o‘sha, bolaligida ko‘rgan eski suratdagi chizgilarni qidirishga tushdi. Otasi ham onasi haqida gapirishni istamas, har gal bu haqda so‘z ochilsa, gapni boshqa yoqqa burardi. Onasining o‘limi sabablarini keyinchalik ammasidan eshitib bildi. Uni otasi o‘ldirgani, keyin jazo tariqasida to‘qqiz yil qamoqda yotganini eshitgach, hammasini tushunib olgandi.
Onasi uni bag‘riga bosdi. O‘qlovdek ingichka qo‘llari uning vujudi uzra chirmashdi. Umri davomida kechalari onasini o‘ylab uxlasa-da, o‘tgan yillar davomida biror marta uni tushida ko‘rmagandi.
-Meni qanday tanidingiz?
-Nega tanimas ekanman? Sen jonimning bir parchasisan. Baloga yo‘liqqur otang yosh jonimni uvol qildi, senga onalik ham qilolmadim.
Onasiga taskin berish uchun nimadir gapirmoqchi bo‘ldi. Ammo nima deyishni bilmasdan, sukutga toldi.
-Endi seni o‘zimdan uzoqlashtirmayman, – dedi onasi uning sokitligini o‘zicha tushunib. Keyin kul to‘la idishlardan birini qo‘liga oldi., – Kel, bolam, sening ham ko‘zingga kul puflab qo‘yay!
Itoat bilan onasining qoshiga egildi. Ayol idishdagi kulni uning ko‘zlariga pufladi. U kul to‘lgan ko‘zlarini uqalab, onasiga taajjub ila boqdi. Ayolning ko‘z yoshlari onasining yuzidagi kul qatlami orasidan ikkita irmoq hosil qilgandi. Ketmoqchi bo‘lganida, onasi uning izidan bir-ikki qadam yurdi.
-Qayoqqa ketyapsan, bolam?
-Biroz aylanib kelmoqchiman.
-Uzoqqa ketmap, hamma yoq kuldan iborat.
-…
Qayoqqa ketishni o‘zi ham bilmasdi. Yo‘l-yo‘lakay manzaralar o‘zgarar, ammo yonib kulga aylangan tuproqdan, kulga botgan odamlardan boshqa hech narsa ko‘zga tashlanmasdi.
Jandaga o‘ralgan bir chuvakkina kampir qo‘lidagi yog‘och tos bilan kul-hovuzda yuvinar, qoqsuyak barmoqlari bilan siyrak, patak sochlarini tarardi. Yuzi, bo‘yni, qo‘llari, yalang oyoqlari – hama-hammasi kul ichida edi. Aftida hayotlik chog‘idan yodgor bo‘lib qolgan azob va og‘riqlarning chizgilari aks etardi. Yonidan o‘tarkan, kampir bosh ko‘tarib, chuqur ajinlar bilan o‘ralgan ko‘zlarini unga tikdi, tishsiz og‘zini ochib nimadir deyishga chog‘landi, hamma gaplarini tushunib bo‘lmasdi.
Keyin yassi bir tosh ustida o‘tirgan yosh qiz va uning qarshisida navbat kutib turgan bir to‘da odamni ko‘rdi. U ham navbat oldi. Undan oldinda ancha odam turardi. Navbati yaqinlashganda, odamlarning boshidan kul sochayotgan qiz bilan nigohlari to‘qnashdi. Daf’atan oyoqlari yerga mixlandi. Axir bu… o‘sha-ku?
U qiz bilan yoshligida, shaharga kelgan ilk kunlarida tanishgandi. Bu tasodifiy muhabbat hayotini tamomila o‘zgartirib yubordi. Biroq, kunlarningsh birida qiz sababsiz Uni tashlab ketgan, shu tariqa Uning butun kelajagi kulga aylangandi. Qizning boshqa birov bilan qochib ketganini eshitgach, dunyo ko‘ziga qorong‘i ko‘rindi. Ancha payt o‘ziga kelolmadi. Ko‘p o‘tmay qiz sirli tarzda g‘oyib bo‘0ldi, undan biror xat-xabar ololmadi.
Hozir esa, qiz uni ko‘rib, hech narsa bo‘lmagandek uning pinjiga chuqildi:
-Seni juda ham sog‘indim.
U javob bermadi. Qiz tepaldikni ko‘rsatdi.
-Yur, anavi yoqqa chiqamiz.
Bir gala odam qo‘llaridagi belkurak bilan qoplarga kul to‘ldirishar, boshqa bir guruh kulni tepalikka chiqarib to‘kib qaytardi. Odamlar orasidan o‘tib, kuldan tiklangan tepalikka chiqishdi. Kul xuddi toshdek qotib qolgandi.
Tepalikdan hamma yoq kaftdek ko‘rinardi. Ular yonma-yon o‘tirishdi. Qiz boshini uning yeldkasiga qo‘ydi. U esa, qizning qo‘llarini kaftlari orasiga olgancha, hamma narsan unutdi. Daf’atan nimadir esiga tushgandek:
-Nega bu yoqqa chiqdik? – deb so‘radi.
-Kul tepalikni ko‘rsatmoqchi edim.
-Men kuldan tepalik bo‘lmaydi deb o‘ylardim.
-Men ham bir paytlar shunaqa o‘ylardim.
Oradan shuncha payt o‘tib ketgandi. Alhol bo‘lib o‘tgan voqealarni eslashni istamasdi. Faqat g‘ururi tilga kirdi:
-Nega mendan yuz o‘girding?
Qizning chehrasidan yengil bir tabassum uchdi.
-Sening sevgingga loyiq emasdim.
-Butun hayotimni ostin-ustun qilding…
-Bunaqa bo‘lishini bilmagandim.
-Nega nom-nishonsiz ketding?
-Boshqacha bo‘lishi mumkin emasdi. Sen ko‘r eding, meni farishta deb o‘ylarding.
Oraga antiqa sukut cho‘kdi. Bir muddat ikkisi ham jim qoldi. Faqat qiz bu jimlikni buzdi:
-Meni ko‘rganingdan xursand emasmisan?
-Bilmasam… ochig‘i kutmagandim.
-Endi har kuni ko‘rishamiz.
-Yo‘q, mening oilam, bolalarim bor.
-Nima qipti?
U birdaniga zerika boshlaganini his etdi.
-Uyga ketgim kelyapti, – dedi o‘zini qo‘lga olishga tirishib.
Qiz unga boshdan-oyoq nazar soldi:
-Buning iloji yo‘q.
-Nega? Nima sababdan?
-Bu yerdan ortga qaytilmaydi.
-Men qayerdaman o‘zi?
-O‘zingni qo‘lga ol.
-Men… o‘lganmanmi?
Qiz javob bemadi. Yerdan bir hovuch kul olib uning boshidan to‘kdi. U qizni nari surib o‘rnidan turdi. Tepalkni ustidan ufq qadar uzangan kul qoplagan dalalarni, yonib ko‘shmirga aylangan bepoyon o‘rmonlarni, osmonda osilib turgan kulrang bulutlarni, kulga botib, timirskilanayotgan son-sanoqsiz odamlarni ko‘rdi.
Daf’atan ichida nimadir portlagandek bo‘ldi. Hayoti oynadek chilparchin bo‘lib, oyoqlari ostiga to‘kilgandi…

30 aprel 2016,
Boku

Ozarboyjonchadan Rustam Jabborov tarjimasi