Viktoriya Tokareva. Bo‘lmagan narsa haqida hikoya

Nihoyat, shunday kun keldiki, otasi bolakay Dimani yetaklab hayvonot bog‘iga olib bordi va unga yo‘lbarsni ko‘rsatdi. Yo‘lbarsning ko‘zlari yashil va qorachig‘i bo‘ylamasiga joylashgan, qora terili tumshug‘i atrofida qora rang halqa, boshining ikki yonboshidagi dikkayib turgan quloqlari teng yonli uchburchakka o‘xshardi.
– Dada, – dedi Dima, ular qafasdan uzoqlashishgach, – shu yo‘lbars meniki bo‘lishini xohlayman.
Otasi esa o‘z xayoli bilan ketardi.
– Da-da… – tortqiladi uni Dima.
– Nima deysan? Nima? – dag‘allik bilan so‘radi otasi.
Agar Dima kattaroq bo‘lganda edi, bunday vaziyatda ish yuzasidan gaplashish samara bermasligini tushungan bo‘lardi. Ammo Dima bor-yo‘g‘i olti yoshda edi va shuning uchun ham u istagini bayon etdi:
– Men yo‘lbars bizning uyda, men bilan yashashini xohlayman.
– Uyda faqat kuchuklar va mushuklar yashaydi, – javob berdi otasi. – Yo‘lbarslar esa odamlar bilan yashamaydi.
Va oradan yigirma yil o‘tdi. Dima shoshilinch yordam markazida shifokor bo‘lib ishlardi. Odamlar og‘ir holatga tushganlarida Dimani uyga chaqirishar va uning tashrifidan juda xursand bo‘lishardi. Ularning ahvoli yaxshilanib, Dima ketgach esa uni mutlaqo unutishardi. Aslida odamzot tabiatan shunaqa bo‘ladi.

Dimaning ishi ijodiy emas, bir maromda edi. U bilan to‘qnash kelgan odamlar ham bir xil edi. Agar odamning bir yeri og‘risa, u shifokor bilan faqat shu mavzuda gaplashadi, boshqa narsaning unga qizig‘i bo‘lmaydi.
Biz gapirib bermoqchi bo‘lgan kunda Dimani ichi og‘riyotgan mijoz ayol chaqirgan edi.
– Aynan qayeringiz og‘riyapti? – aniqlik kiritmoqchi bo‘ldi Dima.
– Ichim og‘riyapti, – javob berdi bemor.
Dima esa uning ichida hech qanday kasallikni aniqlay olmadi, ayol juda xafa bo‘ldi va tibbiyotga, umuman, Dimaga nisbatan ham munosabatini o‘ziga xos tarzda ifoda etdi. Albatta, Dima unga e’tiroz bildira olardi, ammo ularga bemor bilan tortishish taqiqlangan. U o‘zining kichik qora sumkasini yig‘ishtirdi va chiqib ketdi. Ammo sochilmagan g‘azabi ich-etini parmaladi va eshikka yo‘nalarkan, faqat bitta so‘zni aytdi:
– Ot.
Dimaning Lyalya ismli ma’shuqasi bor edi. Lyalya sartaroshxonada ishlar va har ikki haftada uning soch rangi o‘zgarib turardi. U goh qora, goh zarg‘aldoq, goh havorang tusga kirardi.
Dima navbatchilikdan qaytib, sartaroshxona derazasi yonida to‘xtadi. Oyna butun bir devor bilan barobar, u yerda, oynaning ortida esa odamlar xuddi akvariumdagi kabi sekin harakatlanishardi. Bularning hammasi sekinlashtirilgan kadrni eslatar, Lyalya erkatoy bolaning tantiq yuzi singari qiyofasi bilan Bridjit Bardoga ikki tomchi suvday o‘xshardi.
Biz sizga gapirib bermoqchi bo‘lgan kunda Lyalya har galgidek ko‘chaga chiqdi va Dimaga loqaydlik bilan boqib, o‘ziga gapirganday dedi:
– Boshqa shapka sotvolishing kerakmikan…
Bu hurmatsizlik edi.
Dima uyiga qaytdi, uyda esa undan so‘rashdi:
– Finlarning kir yuvish mashinasini oldingmi?
– Yo‘q.
– Nega?
– Do‘konga bordim, “yo‘q”, deyishdi.
– Nega Zamskiylarga “bor” deyishdi?
– Bilmasam.
– Men esa bilaman, – dedi Dimaning onasi. – Bolaligingda hamma qatori oddiy bezorilikni ham eplolmasding, endi esa hatto tanballar kabi oddiy orzu qilish ham qo‘lingdan kelmaydi. Senda hech narsa yo‘q va hech qachon bo‘lmaydi ham.
So‘zining davomida onasi qo‘shib qo‘ydiki, Dimani bo‘yniga arqon bog‘lab ishlatish qulayroq ekan, chunki undagi bu o‘ziga xoslik – tug‘ma, otasidan meros bo‘lib o‘tgan emish.
Dima chuchvaraxonaga bordi va yuqoridagi so‘zlarning alami bilan rosa ichdi. Agar uning kayfiyati yaxshi bo‘lsa, ichgandan so‘ng yana oshar, yomon bo‘lsa battar tushib ketardi.
Hozirgi ahvoli esa hatto battardan ham yomon edi. Dima qovog‘i osilgancha marmar stolga, aniqrog‘i, shu stol atrofida turgan yangi tanishlariga qaradi. Ulardan biri keng gardishli qalpoq kiyib olgan, ikkinchisining esa ko‘zga tashlanadigan hech qanday belgisi yo‘q edi.
– Sen ko‘proq nimani xohlarding? – so‘radi belgisi yo‘g‘i qalpoq kiyganidan. – Orzung nima?
– Mening orzuyim – uzoq yashash va kasal bo‘lmaslik.
– Mening orzuyim esa – artist Filippov kabi mashhur bo‘lish.
– Nega?
– Ko‘chada ketayotganimda odamlar to‘xtab, “Ana, Oxrimenko ketyapti”, deyishlari uchun. Men Filippovga xat jo‘natdim. Javobini kutyapman.
– Siyqasi chiqqan orzu, – suhbatga suqildi Dima.
– Sizniki qanaqa? – mulozamat bilan so‘radi Oxrimenko va barmoqlari bilan labining chetini artdi.
Dima o‘ylanib qoldi va dedi:
– Men uyimda yo‘lbars yashashini xohlayman.
– Uyda kuchuk va mushuklar yashashadi, – dedi mulohaza bilan qalpoqlisi.
– Tushunaman, – astoydil uni quvvatladi Dima va chuqur nafas oldi. – Men bevaqt dunyoga kelganman. Ortiqcha odamman. Fojiali shaxs. Engels aytgan: “Fojia nima? Fojia – istakning cheklangan imkoniyat bilan to‘qnashuvi”.
Hech kim tanimaydigan Oxrimenko Dimaga qarab achinib ketdi va dedi:
– Siz hayvonot bog‘iga borib ko‘ring. Balki u yerda ortiqcha yo‘lbars bordir…
Va Dima hayvonot bog‘iga bordi. Oxirgi marta u bu yerga yigirma yil oldin, otasi bilan kelgandi. Qafaslar yonidan o‘tarkan, bu yerga katta bo‘lib qolgan bolalar kelmasligi kerak, deb o‘yladi.
Ilgari, yigirma yil avval Dima faqat burgutni ko‘rgandi. Hozir u burgutni qafasda ko‘rdi. Qafasning tepa qismi ochiq va burgutning boshi uzra osmon ko‘rinib turardi. Ammo burgut uchib ketolmasdi, chunki uning qanotlari qirqilgandi. U xo‘jalik ashyolari do‘konida sotiladigan yog‘och haykalcha atrofida biroz aylanib, so‘ng keng to‘ngak ustiga kemtik qanotlarini osiltirgancha o‘tirib olardi.
Yo‘lbars esa o‘z qafasida yonboshlagan ko‘yi, panjalarini cho‘zgancha uxlab yotardi. Nafas olganda qorni ko‘tarilib tushardi, balki shu damda u tushida kengliklarni ko‘rayotgandir.
Dima shunday yirtqich hayvon kengliklarning sirini yashirgancha uning xonasida ko‘ndalangiga uzala tushib yotishini tasavvur qildi va ko‘nglida allanechuk jasorat tuydi. Uning uchun qolgan narsalar ahamiyatsiz edi go‘yo.
Hayvonot bog‘i ma’muriyati sayroqi qushlar bilan bitta binoda joylashgan edi. Aftidan, hayvonot bog‘ida ham turar joy bilan bog‘liq muammo borga o‘xshaydi.
Direktor stoldagi qog‘ozlar ustida engashib qandaydir, ko‘rinishidan zerikarli narsalarni o‘qib o‘tirardi. Chunki Dima kirishi bilan uning ko‘ngli ochilib ketdi va protez kabi benuqson va havorangga moyil tishlarini ko‘rsatgancha kulib qarshi oldi.
– Salom, yaxshimisiz? – nazokat bilan so‘rashdi Dima.
– Menga qanday xizmat bor? – shunday nazokat bilan so‘radi direktor.
– Ayting-chi, mabodo sizda, – Dima “mabodo” so‘ziga urg‘u berdi, – ortiqcha yo‘lbars yo‘qmi?
– Nima?
– Yo‘lbars…
– Siz qaysi tashkilotdansiz?
– Men tashkilotdan emasman. O‘zim uchun keldim.
– Sizga yo‘lbars nima uchun kerak?
– Shunchaki.
– Hatto qarg‘a ham shunchaki qag‘illamaydi, – unga ishonmadi direktor. – Har holda u sizga nima uchundir kerak…
– Yo‘lbars uyimda yashashini istayman.
– U sizni yeb qo‘yishi mumkinligidan qo‘rqmaysizmi?
– Men uni qo‘lga o‘rgataman.
– Nima uchun? Oqibati nima bo‘ladi?
Direktor Dimaga zamonaviy yoshlarning vakiliga qaraganday qarab turdi va ehtimol bu yoshlar kattalar bilmaydigan nimanidir bilishar, deb o‘yladi. Ammo Dima hech narsani bilmasdi.
– Oxir-oqibat hammada bir xil, – dedi Dima. U buni shifokor sifatida bilardi. – Bu haqda bosh qotirishning nima keragi bor?
Direktor iljayib turgan lab-lunjini yig‘ishtirib oldi va tishlarini yashirdi.
– Bizda ortiqcha yo‘lbars yo‘q, – dedi u. – Bo‘lishi ham mumkin emas. Axir bu qimmatbaho jonivor.
– Men sotib olaman, – va’da berdi Dima.
– Bu sizning imkoniyatingiz doirasida emas, – tushuntirdi hayvonot bog‘i direktori.
Dima eshik tomon bir qarab oldi-da, so‘ng direktorning qulog‘iga shivirlab nimadir dedi. U fin kir yuvish mashinasi sotadigan joyda orttirgan tajribasini qo‘llagandi.
– Rostdanam bizda yo‘lbars yo‘q, – ochiqchasiga tan oldi direktor. – Siz tsirkdagi hayvon o‘rgatuvchiga boring, balki ularda bordir…
Hayvon o‘rgatuvchi Dimaga eshik ochdi va uning masalasini eshitgach, uyga kiritmadi. U Dimani savdoyi yoki vosvos degan xulosaga keldi. U bitta shunaqasini bilardi – o‘sha savdoyi juda kirishimli edi va suhbatdoshining paltosidagi tugma teshigidan kalit shodasini o‘tkazardi. Xayrlashayotganda esa yana o‘tkazardi, faqat endi teskari tomonga. U go‘yo suhbat boshida hamsuhbatining qulfini ochar va suhbat tugagach uni yopib qo‘yardi. Shunaqa vosvos edi u.
Hayvon o‘rgatuvchi Dimadan o‘zini uzoqroq olib, unga qiziqsinib qaradi. Dimaning qo‘lida kalitlar shodasi yo‘q edi, u hayvon o‘rgatuvchining qarshisida karam kapalagining qanotiga o‘xshash oqish va tik kipriklarini pirpiratgancha, qurolsiz turardi.
– Siz meni kalaka qilmayapsizmi? – so‘radi ehtiyotkorlik bilan hayvon o‘rgatuvchi.
Gohida uning yoniga odamlar aynan shu maqsadda kelishardi. Bunday odamlarning nazarida hayvon o‘rgatuvchi yo‘lbarsni bichib qo‘ygan-u, bu yo‘lbarslar uy mushugidan faqat qiyofasi bilan farq qiladi.
– Men sizni kalaka qilmayapman, – dedi Dima jiddiy ohangda.
– Siz uni qo‘lga o‘rgatmoqchimisiz?
– Yo‘q. Hech narsa qilmoqchi emasman.
– Unda yo‘lbars sizga nima uchun kerak?
– Orzu…
– G‘alati orzu, – taajjublandi hayvon o‘rgatuvchi.
– Har kimning o‘z orzusi bor.
– Siz qayerda ishlaysiz?
– Shifokorman.
– Jarrohmi?
– Yo‘q, terapevt.
– Ayting-chi, nima uchun uyqudan turganimda qovog‘im ostida xalta hosil bo‘ladi? – jonlandi hayvon o‘rgatuvchi.
– Sababi har xil bo‘lishi mumkin, – dedi Dima. – Balki yurakdan, balki buyrakdan…
– Ha, tushunarli, – hayvon o‘rgatuvchi Dimaga endi ishonch bilan yondashdi va o‘ylanib qoldi. Insonlarni davolab, yo‘lbars haqida orzu qiluvchi odam haqida o‘yladi. Hayvon o‘rgatuvchi esa hech qachon buni orzu qilmagandi. U butun umr qaynonasidan ajrab chiqib, alohida yashashni va uning ko‘zidan uzoq bo‘lishni orzu qilardi.
– Menda siz uchun yo‘lbars yo‘q, – dedi hayvon o‘rgatuvchi o‘ziga kelib. – Bori o‘zimga yetmayapti.
– Menga faqat bittagina kerak, – o‘tindi Dima.
– O‘nta emas, faqat bitta kerakligini tushunaman. Lekin u sizdan ko‘ra menga ko‘proq kerak. Siz uchun orzu, men uchun esa u mehnat quroli.
– Nima qilsam bo‘ladi?
– Bilmadim, – dedi hayvon o‘rgatuvchi kallasini qashlagancha. – “Tabiat burchagi”ga borib ko‘ring-chi, balki u yerda bordir…
“Burchak”dagi rahbarlarning hech biri joyida emas ekan. Direktor xonasida telefonda sekin ovozda so‘zlashgancha, kotiba qiz o‘tirardi. Dima kirgach, u telefondagi suhbatini to‘xtatdi va Dima tarafga e’tibor va muloyimlik bilan boqdi. Uning surma tortilgan ko‘zlari juda chiroyli edi.
– Salom, – dedi Dima.
– Salom, – javob berdi qiz jilmaygancha, faqat Dimaga emas, suhbatdoshiga murojaat qildi.
– Sizda yo‘lbars yo‘qmi? – so‘radi Dima. U qizning ajablanishini va undan qaysi tashkilotdan ekanligini-yu, yo‘lbars unga nima uchun kerakligini so‘rashini kutgandi. Ammo qiz ajablanmadi ham, hech narsa so‘ramadi ham. Tizzasiga go‘shakni qo‘ygancha, muloyimlik bilan javob berdi:
– Bizda quyonlar, kaptarlar va yonut bor. Akvarium ham bor, ammo yo‘lbars yo‘q.
Qiz go‘shakni tizzasidan olib ko‘zlarini yerga tikkancha yana sekin so‘zlasha boshladi.
– Xayr, – dedi Dima.
Qiz yerdan ko‘zini uzib, jilmaygancha bosh siltab qo‘ydi, ammo Dimaga emas suhbatdoshiga.
Dima ko‘chada ketib borar ekan, odamlarga mutaxassisligi nuqtai-nazaridan qarab tashxis qo‘yardi. Yo‘lda unga ikkita gipertonik va raxit alomati bo‘lgan, hali yoshiga to‘lmagan bola uchradi.
Uyda arzimagan sabab tufayli telefonda Lyalya bilan tortishdi va hech bir sababsiz onasi bilan urishib qoldi. Otasi esa divanda o‘tirib gazeta o‘qirdi. Uni ko‘proq dunyoning taqdiri qiziqtirardi.
Uyda qilarga ish yo‘q edi va Dima qo‘shnisi Reginanikiga o‘tdi. Regina pastki qavatda, yolg‘iz yashardi. U ikki marta erga tekkan va ikki marta ham munosabatlar muvaffaqiyatsiz yakun topgandi: Regina erlarga butun qalbini, yoshligini, pulini tikdi, ammo ular minnatdorchilik evaziga Reginadan hech bir ortiq joyi yo‘q ayollarga ketishdi va hech narsa tikishmadi.
Regina eshik ochib, burnini ro‘molchasi bilan berkitgancha, Dimaga boshdan-oyoq zimdan razm solib chiqdi.
– Ha, bu senmi? – dedi u hafsalasi pir bo‘lib. – Kir, faqat gapirma. Men ishlashim kerak.
Dima divanga o‘tirib, Reginani kuzatdi. Regina birovning qo‘lyozmasini varaqlarkan, – u musahhih bo‘lib ishlardi, – uning flanel xalati ostidan kuraklari harakati sezilib turardi.
Xona toza va shinam, Reginaning qomati esa tik va go‘zal, ammo afsuski, bu yoqimtoylik va go‘zallikdan hech kim foydalanmayotgandi.
– Kayfiyat rasvo, – g‘udrandi Dima.
Regina sukut saqlagancha keyingi betni ochdi.
– Insonning miyasida bitta tugmacha bo‘lsa yaxshi edi: shunday bossang-u, unutging kelgan narsani o‘chirib yuborsang… – Dima yo‘lbars haqida unutishni istayotgandi.
– Quloq sol, – o‘girildi Regina, uning yuzida jonlanish aks etdi. – Mening belim zirqirab og‘riyapti. Nega ekan-a?
– Bilmadim, – quruqqina javob berdi Dima. Ertadan kechgacha kasallik haqida eshitish uning joniga tekkandi. Hamma undan yordam kutadi, ammo hech kim unga yordamlashishni istamaydi.
– Bilmayman, – qaytardi u. – Balki buyrakdir, balki radikulit.
– Nega bilmaysan? – hayron bo‘ldi Regina. – Sen shifokorsan-ku…
– Peshobni tekshirib ko‘rish kerak, – dedi Dima va uyiga qaytdi.
Miyada haqiqatan ham tugmacha bo‘lmasa ham, telepatiya bor. Odam bir narsa haqida tinmay o‘ylar ekan, uning miyasidan to‘rt tarafga to‘lqinlar tarqaydi. Bu to‘lqinlar avval xonani to‘ldiradi, unga sig‘may qolgach, derazadan oqib chiqadi. Derazadan ular tepaga va atrofga tarqalishadi, natijada antennaga borib urilishadi. Bunaqangi antennalar uyning tepasida ko‘p, xuddi chizilgan odamchalar tayoq-qo‘lchalarini ko‘tarib turishganga o‘xshaydi. Bunday odamchalar hamisha qo‘llarini ochib turishadi va dunyodagi hamma narsa – so‘zlar, musiqalar, fikrlarni qabul qilishadi. Ular dunyodagi hamma narsani qabul qilib olishadi va priyomniklar orqali uylardagi odamlarga tarqatishadi. Musiqa va so‘zlarni albatta, eshitsa bo‘ladi, fikrlarni esa yo‘q. Fikrlar eshitilmaydi, ular his etiladi. Agar bir odam juda ham qattiq xafa bo‘lsa, boshqa bir odam, u hatto dunyoning narigi chetida bo‘lsa ham hech narsadan hech narsa yo‘q, kayfiyati buziladi.
Dima divanda yotib, yo‘lbars haqida o‘ylardi, uning boshi atrofida esa ko‘zga ko‘rinmas biotoklar gardish hosil qilishdi. Xuddi shu vaqtda telefon jiringlab qoldi. Dimaning maktabdosh o‘rtog‘i, hozirda geolog Vasya telefon qilayotgandi. Vasya salomlashgach, yaqinda Ussuriya taygasidan qaytib kelgani, u yerdan qadimgi mamontning qovurg‘asini topgani, qovurg‘adan tashqari, qiziga yo‘lbars bolasini sovg‘a qilib keltirgani haqida so‘zlab berdi. Xotini esa, negadir uzil-kesil bunday sovg‘ani rad etibdi va yo‘lbars bolasini yo davlatga, yoki biror odamga berib yuborishini talab qilayotgan emish.
Va orzu amalga oshdi!
Oxrimenkoning orzusi amalga oshmadi, umuman to‘qson to‘qqiz foiz odamning orzusi amalga oshmaydi, Dimaniki esa amalga oshdi! Va uning xonasiga yirik boshli yo‘lbars bolasi kelib joylashdi. Uning ko‘zlari yashil va qorachig‘i bo‘ylamasiga joylashgan, qora terili tumshug‘i atrofida qora rang halqa, boshida dikkayib turgan quloqlari teng yonli uchburchakka o‘xshardi.
Dima baxt va cheksiz zavqni his etishi lozim edi, ammo negadir u yorqin zavqu-shavqni his etmadi. Shunchaki, u birinchi marta orzuning ro‘yobga chiqishini boshdan o‘tkazdi va bu hayrat, sokinlik va halovat tarzida namoyon bo‘lishini bilib oldi.
Dima pastga tushdi va Reginaning eshigi qo‘ng‘irog‘ini bosdi. Regina eshik ochib, burnini ro‘molchasi bilan berkitgancha, Dimaga boshdan-oyoq razm solib chiqdi.
– Ha, bu senmi? – dedi u hafsalasi pir bo‘lib.
Dima indamay pidjagining “Starka” arog‘i chiqib turgan ichki cho‘ntagini ko‘rsatdi. Regina o‘girilib xonaning to‘riga qarab yurdi, Dima pidjagiga burkanib, uning ortidan ergashdi.
Regina servantdan ryumka va taqsimcha oldi.
– Nima munosabat bilan? – so‘radi u va qanaqadir hapdorini ichdi. Reginaning allergiyasi bor edi, shuning uchun aroqni faqat doridan so‘ng ichardi.
– Orzu uchun, – taklif qildi Dima.
– Yo‘q, buning uchun ichmayman, – rad etdi Regina.
– Ammo orzusiz yashab bo‘lmaydi.
– Orzu qilaver, – dedi ayol. – Men senga hech narsa deyayotganim yo‘q.
Regina ichdi va ro‘molchasiga burnini qoqdi. Uning yuzi rangpar edi. U birovlarning qo‘lyozmasini o‘qiyverib juda charchagandi.
Dima ham ichdi va kayfiyati ko‘tarildi.
Agar inson xursand bo‘lsa, u mehribonroq bo‘lib qoladi va boshqalarga baxt istaydi. Dima o‘zi tanigan va tanimaganlarning hammasiga baxt tiladi. U bu baxtni o‘zining charm jomadonchasida olib yurib, uni tez yordamga chaqirgan har bir xonadonga ulashishni istadi.
Dima uyiga qaytdi. Yo‘lbars bolasi uyning o‘rtasida panjalarini uzatgancha uxlab yotardi. Uning qorinchasi nafasi maromida ko‘tarilib tushardi, uchburchak quloqchalari titrab qo‘yar, aftidan u Ussuriya o‘rmonlarini tush ko‘rayotgandi. Dima bir muddat unga tikilib turdi, so‘ng deraza yoniga borib, pardani ochdi.
Deraza ortida xuddi har xil chiroqlar ilingan yangi yil archasiga o‘xshab derazalari turfa rangga bo‘yalgan uylar turardi. Ulardan pastda esa g‘ira-shirada bazo‘r ko‘rinib turgan omborlar bor edi.
Dima deraza raxiga suyangancha, hali yosh ekani va hayotining katta qismi oldindaligi, bu hayot turli hodisalar va uchrashuvlarga boy ekanligi haqida o‘yladi. O‘sha yakshanba hayotidagi eng baxtli yakshanba edi.
Bu baxtli kunning yakunini esa onasi buzdi. Onalar shunaqa, ular hammadan boshqacha sevadilar, xuddi shuningday, tabingni tirriq ham qila oladilar, bu ham hammadan boshqacha.
– Dima! – uning qat’iy ovozini eshitib Dima o‘girilgan edi, onasi barmog‘i bilan unga burchakni ko‘rsatdi.
Dima nigohini burchakka qaratdi va yo‘lbarschaning yonida g‘alati shakl­dagi ko‘lmakka ko‘zi tushdi.
– Art! – buyurdi onasi va barmog‘ini tushirdi.
Bu holat Dimaning bugungi kayfiyatiga sira mos tushmasdi. Masalan, bu voqea kinoda bo‘lganida, rejissyor kelib mana shu epizodni lentadan qirqib tashlagan bo‘lardi. Ammo Dima qirqib tashlolmaydi, shuning uchun indamay vanna tomon yo‘l oldi. Vannadagi isitish quvuri ustida ayrimlari eski ishtondan va yana ayrimlari yaroqsiz qoplardan qilingan pol lattalar osilib turardi.
U lattani ko‘lmak ustiga tashlab, ustiga oyog‘ini qo‘ydi va o‘zidan nari-beri surib arta boshladi. Dimaning ro‘parasidagi uy derazasidan qaragan odam uni tvist raqsiga tushayapti, deb o‘ylagan bo‘lardi.
O‘zining “tvist”ini yakunlagach, Dima lattani ikki barmog‘ining uchi bilan ushlab vannaga olib bordi va isitish quvurining yoniga tashladi.
Shu bilan bu epizod o‘chirildi, ammo xonaga qo‘shnisi kirib keldi:
– Xayrli kech!
– Salom, – so‘rashdi Dima. U qo‘lini sochiqqa artdi.
– Mening lattamdan foydalanishingizga qarshiligim yo‘q, albatta, – dedi u. – Ammo uni ishlatgandan so‘ng yuvib tozalash va qayerdan olgan bo‘lsangiz, o‘sha joyiga ilib qo‘yish kerak.
Ha, mantiq bor edi bu gapda. Dima yuvinish xonasiga qaytdi va lattani quvur yonidan olib, sovuq suv tagiga tashladi. Suvda latta to‘q qo‘ng‘ir rangga kirdi. Dima qo‘li bilan yuvayotib, uning allaqanday yopishqoq va ayni paytda sirpanchiq ekanini his etdi.
– Sovun bilan yuving, – maslahat berdi Dimaga nima qilishni o‘rgatish uchun ortidan kuzatib borgan qo‘shnisi.
Dima sovunni olib lattaga kuch bilan ishqaladi, lattada sarg‘imtir sovun izi paydo bo‘ldi. Suv mana shu izdan oqa boshladi, Dimaning qo‘liga allaqanday qum va mayda toshlar ilashdi.
– Issiq suv bilan, – boshqarib turdi uni qo‘shnisi.
Dima issiq suvni ochdi va uning qo‘li issiqqina bo‘ldi, sovun ham ko‘pirdi, suv esa po‘rtanaga o‘xshab oqa boshladi. Endi vanna to‘q qo‘ng‘ir tusga kirdi, latta esa rangini topdi.
Bu jarayon Dimani hayron qoldirdi va ayni damda uni xursand qildi. U qo‘shnisiga minnatdorchilik bilan qarab, lattani tashlagisi kelmadi va to‘rtburchak sovun tuxumsimon shaklga kirmaguncha yuvaverdi.
Dima uxlashga yotish uchun taraddud ko‘rar ekan, eshikdan boshqa bir ayol qo‘shni mo‘raladi. Yechingan erkakni ko‘rib, ichkariga kirmaslikka qaror qildi va peshonasinigina ichkariga kiritdi, xolos. Bu qo‘shni bir vaqtlar sochini olti oylik jingalak qildirgandi, ammo olti oy allaqachon o‘tgan va sochlar yoyilib, hozir taralgan yungga o‘xshab qolgandi.
Qo‘shni ayol ovozini ko‘tarmasdan va ayni damda tushirmasdan ham, kech bo‘lganiga qaramasdan, Dima uning sovuni bilan kir yuvganini, boz ustiga ortidan vannani tozalamaganini, hammadan kutsa ham buni aynan Dimadan kutmaganini aytib, shikoyat qildi.
Yakshanbadan keyin dushanba, dushanbadan keyin seshanba, seshanbadan keyin esa chorshanbaning kelishi tayin. Chorshanba – haftaning o‘rtasi, bu yakshanbaga yaqin degani va ishlayotgan odamning bundan kayfiyati ko‘tariladi.
Dima uchun bu hafta boshqacha bo‘ldi. Yakshanbadan so‘ng yana dushanba keldi. Dushanbadan keyin – yana dushanba va butun umri to‘liq dushanbalarga aylandi.
Uning orzulari yo‘lbars bolasi timsolida tunlari miyovlab chiqar va Dimaning karavotiga sakrardi. Uni kilosi ikki so‘m turadigan go‘sht bilan boqish lozim edi. To‘g‘ri, yo‘lbarschaga asosan suyaklarni tashlashardi, ammo suyaklar ham go‘sht bilan birga sotilardi va shuning uchun ularning narxi bir edi.
Qo‘shnilar turar joyni boshqarish idorasiga arz qilishdi va militsioner hamda qorovulni boshlab kelishdi.
Ma’shuqasi Lyalya ruhiy jihatdan sog‘lom odamlar uyiga yo‘lbars yetaklab kelmasliklarini aytdi. Lyalya bu uyga kelmay qo‘ydi – u endi yo‘lbarsdan ham, Dimadan ham qo‘rqa boshlagandi.
Yaqin va uzoq tanishlar yelka qisib, beo‘xshov kulib qo‘yishdi. Ular bu yerdagilarga nisbatan o‘zlarida afzalliklarni his qilayotganliklari ko‘rinib turardi.
Onasi televizorni o‘chirmay qo‘ydi – u chiroqsiz o‘tirishdan qo‘rqardi. Oqshomlar bu oilada zerikarli o‘ta boshladi va onasi ana shu bo‘shab qolgan vaqtni otasiga ginalab o‘tkazadigan odat chiqardi. Otasi esa avvalgiday, jim o‘tirib, gazeta varaqlasa-da, ilgarigidek diqqat bilan o‘qimasdi. U stulda oyog‘ini yig‘ib olib, tizzalarini engagiga tiragancha o‘tirar, vaqti-vaqti bilan polga va atrofga ko‘z yugurtirib qo‘yardi.
Bu vaqtda esa hech narsadan bexabar yo‘lbars bolasi ulg‘ayib borardi. Uning asosiy xususiyatlari ehtimol ichida yashirindir, ammo tashqaridan hech narsa bilinmasdi. Yo‘lbars bolasi xuddi mushuk kabi Dimaning stetoskopini yumalatganicha, burchakdan burchakka sakrab yurardi. Bu mashg‘ulot joniga tekkanida esa, orqa oyoqlarida turib, oldingi panjalari bilan divanning qoplama jildini yirtardi. U kelajak uchun tirnoqlarini charxlar edi.
Onasining bundan nihoyatda jahli chiqardi, ammo noiloj, yo‘lbars bolasini tergab bo‘larmidi. Ammo jim ham tura olmasdi, onaning hamma dakkilarini yo‘lbarschaning o‘rniga Dima eshitardi.
Dima onasidan gap eshitarkan, hayvonot bog‘i direktorining yuzini va uning savollarini esladi, onasining so‘zlaridagi, shuningdek, Vasyaning xotini harakatlaridagi mantiq bir xil ekanini his etdi.
Bu hadik tug‘dirdi. Hadik ham kasallikka o‘xshaydi. Uni ham xuddi hamma kasalliklar kabi aniqlashtirib, vaqtida davolash kerak, shunda u asoratsiz o‘tadi. Ammo Dima hadigini e’tiborsiz qoldirdi, oqibatda bu “kasallik” ikki oy uni kemirdi va oxiri asoratini qoldirdi. Ilgari Dima uni faqat ko‘krak ostida va odatda tunda his etardi. Endi esa u tunda ham, kunda ham his eta boshladi. Nafaqat ko‘krak ostida, balki yuragida, miyasida, hatto og‘zida ham his etayotgandi. Yeydigan taomini avval har tomondan ko‘rib chiqar, hatto hidlab ko‘rar va shundan so‘nggina og‘ziga solardi.
Hayotining eng muhim jabhalarida hadikning ishtirokini his etarkan, Dima go‘shakni oldi va sobiq maktabdosh do‘sti, hozirda esa geolog Vasyaga qo‘ng‘iroq qildi. Dima u bilan nazokat ila salomlashdi va mabodo yo‘lbarsni qaytarib olmaysanmi, deb so‘radi. Dima, xuddi olganidagidek, yo‘lbars evaziga hech narsa so‘ramaslikni va’da qildi.
Vasya salomlashdi va sovg‘asini hech qachon qaytarib olmasligini, shuningdek, Dima kabi orzu qiladigan birortasini ham tavsiya qilolmasligini aytdi.
– Hayvonot bog‘iga murojaat qilib ko‘r, – maslahat berdi u. – U yerda senga yaxshigina pul to‘lashadi va hatto qo‘lingni o‘pishadi.
Dima hayvonot bog‘iga bordi, ammo uning qo‘lini hech kim o‘pmadi.
– Bizga kerak emas, – dedi hayvonot bog‘i direktori. – Bizda unga qafas yo‘q.
U Dimaga e’tiborsizlik bilan qaradi, shu bois direktor uni tanigan yoki tanimaganligini Dima anglolmadi.
– Men sizning oldingizga ilgari ham kelgandim, – nazokat bilan eslatdi Dima.
– Yodimda, – dedi direktor ham xushmuomalalik bilan.
U Dimani eslagandi, faqat buni namoyon qilmagandi, xolos. Bir vaqtlar, hali tishlari butun bo‘lganda, direktorning boshidan ham xuddi shunga o‘xshagan voqea o‘tgandi: u uylanish haqida juda ham orzu qilgandi, orzusiga erishgach esa, bunday qilish shart emas ekanligini anglagandi.
– Axir siz uni qimmatbaho jonivor, degandingiz, – eslatdi Dima.
– Albatta, qimmatbaho, – quvvatladi direktor. – Shu bois biz unga yashash uchun qulaylik yaratishimiz kerak. Ammo bizda buning imkoni yo‘q. Axir tushunasiz-ku, turar joy masalasi – hozir dolzarb muammo.
Direktor jim bo‘ldi va Dimaning ketishini kutdi.
– Xayr, – dedi Dima.
– Salomat bo‘ling, – xayrlashdi direktor. – Bilasiz-ku, hayvonlar ko‘p, hayvonot bog‘i esa, bitta. Sirkka borib ko‘ring, balki ularga kerakdir.
Hayvon o‘rgatuvchining xonasiga gulqog‘oz o‘rniga turli afisha va ­e’lonlar yopishtirilgandi. Stol tepasida qalamda chizilgan katta portret osig‘liq va unda hayvon o‘rgatuvchining yon tomondan favqulodda ko‘rkam qiyofasi aks etgandi.
Go‘zallik – santimetrlarda. Aftidan, rassom mana shu jihatni hisobga olgandi. U haqiqiysidan ko‘zni yarim santimetr kattaroq, burunni yarim santimetr kaltaroq qilib chizgandi. Muhimi, santimetrlarning umumiy yig‘indisi o‘zgarmay qolgandi.
– Siz meni kalaka qilmayapsizmi? – so‘radi ehtiyotkorlik bilan hayvon o‘rgatuvchi Dimaning gaplarini eshitgach. Uni kalaka qilishlarini yoqtirmasdi.
Dima indamadi. U stulda yaxshi oilada tarbiya topgan o‘smirga o‘xshab ozg‘in va xomush bo‘lib o‘tirar edi.
– Qiziq, – ajablandi hayvon o‘rgatuvchi. – Axir o‘zingiz orzu qilgandingiz…
– Ha, ammo… – va Dima hamma “ammo”larni sanay boshladi.
– Men ham go‘shtni ikki so‘mdan sotib olaman, – dedi hayvon o‘rgatuvchi.
– Sizning yo‘lbarslaringizni davlat boqadi, – eslatdi Dima. – Buning farqi bor.
Bu haqiqatan ham bir xil narsa emas edi.
– To‘g‘ri, – dedi hayvon o‘rgatuvchi. – Lekin sizning yo‘lbarsingiz rejada yo‘q. U smetaga kiritilmagan.
– Axir siz uni “qimmatbaho jonivor”, degandingiz.
– Bo‘lmasam-chi… – dedi parishonxotirlik bilan derazadan qaradi. Xuddi inson kasalliklari Dimaning joniga tekkani kabi, yo‘lbarslar ham uning hiqildog‘iga kelgandi.
Eshik ochilib, yoshi o‘tgan va labi ustidagi tuklari o‘sib ketgan ayol kirib keldi.
– Salomlashing, – shoshib shivirladi hayvon o‘rgatuvchi.
– Salom, – dedi Dima itoatkorlik bilan.
Ayol indamadi va kibr ila eshikni qars etib yopib chiqib ketdi. Dima hayvon o‘rgatuvchiga savol nazari bilan qaradi.
– Ko‘rdingmi? – so‘radi u allaqanday mahzun qiyofada.
– Ko‘rdim, – tasdiqladi Dima.
– Butun umr shunday…
Dima odob yuzasidan indamadi. U hayvon o‘rgatuvchi nima haqida gapirayotganini tushunmadi, aniqrog‘i, bu uni qiziqtirmasdi. Hayvon o‘rgatuvchini esa, ayni damda yo‘lbarslar qiziqtirmasdi. Yo‘lbarslar, xuddi odamlarga o‘xshab turfa, shu bilan birga bir xil mavjudot edilar. Umuman olganda, yo‘lbarslarning ko‘proq yoki kamroq bo‘lishining farqi yo‘q edi unga.
– Tabiat burchagiga borib ko‘ring-chi, – maslahat berdi hayvon o‘rgatuvchi. – Ehtimol ularga yo‘lbars kerakdir.
– Yo‘q, bizga yo‘lbars kerakmas, – dedi kotiba qiz.
U bitta katta daftardan ikkinchi katta daftarga nimanidir ko‘chirish bilan band edi. Uning yuzi qizargan, ko‘zlari bo‘yalmagan, kiprigi shu qadar rangsiz edi-ki, xuddi qovoqlari yalang‘ochday tuyulardi.
– Bizga bolalar keladi. Bu xavfli.
– Axir bu qimmatbaho jonivor-ku, – uqtirmoqchi bo‘ldi Dima.
– Biz qimmatbaho jonivorni ushlab turolmaymiz.
– Direktor qayerda? – so‘radi Dima.
– U yo‘q.
– Qayerda u?
– Qayerda, qayerda… Yo‘q, tamom. U sizga nimaga kerak?
– Gaplashish uchun.
– Nimani gaplashasiz? Men sizga hammasini tushuntirdim.
Dimaga qo‘pol muomala qilishsa, u hayiqardi va mana shu hayiqish tufayli o‘zi ham qo‘pollashardi.
– Yo‘q, tamom emas.
– G‘alati odam ekansiz, – taajjublandi kotiba. – Avval sizga yo‘lbars kerak, keyin esa kerak emas. Nima, qiladigan ishingiz yo‘qmi? Boshimni qotirmang.
U kichkina qutini surdi va u yerdan uchinchi katta daftarni oldi. Ko‘rinishidan, Dimaning muammosi uning muammolari oldida sariq chaqa bilan barobar edi.
– Nega turibsiz? – so‘radi qiz.
– Nima qilay? – yelka qisdi Dima. – Axir uni haydab yuborolmayman-ku…
– Haydab nima qilasiz? Uni veterinarga olib boring. Yo‘lbarsga uxlatuvchi ukol qilishadi, tamom-vassalom.
Odamning boshiga ish tushsa, uni sevgan va unga ishonadigan kishining oldiga yuguradi. Dima Lyalyaning oldiga yugurib ketdi.
Qizning yelkasiga yoyilgan sochlari bu gal sariq rangda edi. Agar hozir uning yoniga Bridjit Bardoni qo‘ysa, ularning qay biri Bridjit Bardo-yu, qay biri Lyalya ekanligini ajratib bo‘lmasdi.
Kun bahoriy, ko‘prikning yarmi quruq va yorug‘, soya qismi esa nam va qorong‘i edi.
Dima yorug‘ tarafda turardi. Suv quvuri yonida quyoshga yuz tutgancha turarkan, o‘zida shunday charchoqni his etdiki, go‘yo u og‘ir jomadon ko‘tarib, butun shaharni piyoda kesib o‘tganday edi.
– Seni tushunaman, – dedi Lyalya Dimaning ozg‘in yonog‘ini kafti bilan silab. Ha, qiz uni tushunardi va achinardi. U haqiqiy ayol edi. – Orzuingni o‘zgartir.
– Axir bu xiyonat! – xitob qildi Dima xuddi ibodat qilishga chog‘langanday, uch barmog‘ini bukib.
– Nega endi xiyonat? – ajablandi Lyalya. – Ro‘yobga chiqqan orzu endi orzu emas.
– Agar men yo‘lbarsni asrab qolmasam, bilmadim, buni senga qanday tushuntirsam ekan, hayotimning eng muhim qismini yo‘qotaman.
– Agar sen uni asrasang-u, u ulg‘ayib, seni paqqos tushirsa, bir qismini emas, butun hayotingni yo‘qotasan.
Lyalyaning kaftlari Dimaga sovuq va dag‘al tuyuldi. Dima uning kaftini yuzidan oldi va qaddini ko‘tardi. Yuziga ham, yelkasiga ham shamol urildi.
Veterinariya shifoxonasi insonlar davolanadigan poliklinikadan farq qilmas ekan. Shuning uchun Dima o‘zini o‘rgangan joyiga kelgandek his etdi.
U garderobda paltosini yechdi va “Ma’lumotxona” deb yozilgan darcha yoniga keldi.
– Siz birinchi martami? – so‘rashdi u yerdagilar.
– Birinchi marta, – javob berdi Dima. – Va oxirgi marta.
– Bunisi bizni qiziqtirmaydi, – uqtirishdi ma’lumotxonadagilar. – Ro‘yxatga olish bo‘limiga boring, u yerda sizga varaqa ochishadi.
Dima ikki qadam o‘ngga yurdi va yondagi darchadan boshini suqdi.
– Laqabi? – so‘radi qayd etuvchi qiz. Bu yerda qisqa va lo‘nda gapirishar ekan. Faqat asosiy masala haqida.
– Kimniki? – tushunmadi Dima.
– Kimniki, deb o‘ylaysiz? Sizniki emas, har holda…
Dima qovog‘ini uydi.
– Yo‘lbars, – dedi u.
– Mushukmi?
– Yo‘lbars, – takrorladi Dima.
– Men itmi, mushukmi, deb so‘rayapman.
– Mushuklar oilasiga mansub, – mavhum javob berdi Dima. Qayd etuvchi qiz nigohini Dimaga qadadi, so‘ng yelkasini qisib qo‘ydi-da, varaqaga nimalarnidir yoza boshladi.
– Familiya?
– Kimniki?
– Kimniki, deb o‘ylaysiz? Mushukniki emas, har holda.
– Korostishevskiy.
– Yo‘lbars Korostishevskiy, – o‘zicha takrorladi qayd etuvchi qiz va Dimaga talon uzatdi.
Yo‘lakda bir necha xonalar bor edi. Odamlar o‘rindiqlarda o‘tirib, kutishardi.
Dima ham och jigar rang bo‘yoq bilan bo‘yalgan o‘rindiqqa o‘tirdi va o‘z navbatini kuta boshladi. Undan oldin tizzasiga katta xo‘jalik sumkasini qo‘yib semiz ayol o‘tirar edi. Sumkadan itning xrizantemaga o‘xshash, oppoq va baroq tumshug‘i ko‘rinib turardi.
– Siz uni uxlatib qo‘ymoqchimisiz? – so‘radi ehtiyotkorlik bilan Dima.
– E, Xudo olsin sizni! – cho‘chib tushdi ayol va Dimadan nariroq surildi. – Bizning asablarimiz charchagan. Shuning uchun B-prim ukolini olyapmiz.
Navbat juda sekin o‘tardi va Dima navbati cho‘zilayotganidan xursand edi. U poyabzalining tovon qismiga qaradi va xayolan bugungi kuni tezroq tugashini-yu, ertangi kunning tezroq kelishini orzu qila boshladi. Chunki bugungi kunni tezroq unutgan bo‘lardi.
Veterinar Dimaning boshidan o‘tganlarni diqqat bilan tingladi, ammo tinglayotganida negadir nigohlarini Dimaga qaratmay, retseptga sakkiz raqamiga o‘xshash shakllarni chizib o‘tirdi.
– Biz o‘z zimmamizga bunday mas’uliyatni ololmaymiz, – dedi veterinar. – Axir bu mushuk emas, yo‘lbars. Juda katta pul turadi.
– Men shunchaki beraman, – o‘tindi Dima. – Tekinga oling, uni.
– Bizga tekini kerakmas, – veterinar sakkiz raqamiga o‘xshash shakllarni chizishni to‘xtatdi. – Bizga tekinga ham kerakmas.
Dima uyiga qaytganda, yo‘lbars joyida yo‘q edi.
– Bilmaymiz, – deyishdi ota-onasi.
– Bilmaymiz, – deyishdi qo‘shnilar ham.
Dima uy va atrofdagi maydonni, umumiy foydalanish joylarini aylanib chiqdi, ammo yo‘lbars hech qayerda yo‘q edi.
– Qochib ketgan bo‘lsa kerak, – deyishdi qo‘shnilar. – Tayga o‘rmonlariga…
– Yovvoyilar yaxshilikni bilishmaydi, – deyishdi ota-onasi.
Dima uzoq vaqt yotolmadi, va nihoyat yotdi-yu, ammo uxlolmadi. U kutib yotdi: go‘yo hozir eshikning qo‘ng‘irog‘i jiringlaydi-yu, u borib ochgan zahoti, ichkariga yo‘lbars bolasini kiritvorishadi.
Dima eshikka qarab, quloq tutib yotarkan, miyasida qaysidir eshitgan qo‘shig‘idagi bir ibora aylana boshladi. U mana shu iboradan ham, diqqatchilikdan ham xalos bo‘lolmadi. Va hech kim yo‘lbars bolasini olib kelib, eshik tirqishidan kiritib yubormadi. Ehtimol, u haqiqatan ham taygaga qochib ketgandir.
Oradan bir hafta o‘tdi. Dima ilgarigiday tez yordam markazida ishlayverdi va endi o‘z ishida katta bir mantiq ko‘ra boshladi. Uning yoniga sevgilisi Lyalya ham kelib turdi va suhbatlashdi. Chunki, Dimaning g‘alati bo‘lsa ham, aniq va o‘ylangan maqsadi bor edi.
Ota-onasi ham anavi Zamskiyga o‘xshab olg‘ir va muttaham bo‘lgandan ko‘ra, Dimaga o‘xshab lapashang bo‘lgan yaxshi, deb hisoblay boshlashdi.
Qo‘shnilar ham xushmuolmala bo‘lib qolishdi. Odamlar o‘zlaridan boshqacharoq yashaydiganlarni sira yoqtirishmaydi odatda.
Hammasi avvalgidan ko‘ra yaxshi kechayotgandi. Dima ancha to‘lishib, o‘ziga kelib qoldi va uning xonasida yo‘lbars yashagan o‘sha vaqtlarni unuta boshladi. Ammo bir kuni, tungi smenadan qaytgach, yotib tush ko‘rdi. Tushiga yo‘lbars bolasi kirdi: yo‘lbarsning ko‘zlari yashil va qorachig‘i bo‘ylamasiga joylashgan, qora terili tumshug‘i atrofida qora rang halqa, boshida dikkayib turgan quloqlari teng yonli uchburchakka o‘xshardi.
Dima uyg‘ondi. Boshi g‘uvillar, unda paxta chaynaganday g‘alati hissiyot kechardi. Ko‘cha hali qorong‘i edi va Dima hozir oqshom yoki tong ekanini ajratolmadi. Keyin esa qandaydir belgilarga ko‘ra oqshom ekanligini bilib oldi va kiyinib ko‘chaga chiqdi.
Dima chuchvaraxonaga kirdi va o‘zi ham kutmagan holda ichdi. Agar uning kayfiyati yaxshi bo‘lsa, ichgandan so‘ng yanada xursand bo‘lardi. Mabodo avzoyi buzuqroq bo‘lsa, ichgach, ahvoli battar og‘irlashardi. Hozir unga ahvoli battarlashganday tuyuldi, demak ichgunga qadar ham kayfiyati yomon bo‘lgan.
Dima marmar stolchaga xo‘mrayib qaradi va eski tanishlari – Oxrimenko va uning keng gardishli qalpoq kiygan sherigi o‘rtasidagi suhbatga aralashdi.
– Xo‘sh, Filippov senga xat jo‘natdimi? – so‘radi Dima Oxrimenkodan.
– Yo‘q, hali jo‘natmadi. Sen-chi, o‘zingga yo‘lbars oldingmi? – so‘radi Oxrimenko ham Dimadan.
Dima unga boqarkan, birdan o‘ylab qoldi: agar hozir orzusining o‘zi undan qochib ketganiga iqror bo‘lsa, u boshqa hech kimga dardini aytolmaydi. Umuman, u orzu nimaligini bilmaydigan zerikarli odamga o‘xshab qoladi.
– Men bevaqt tug‘ilganman, – yozg‘irdi Dima va xuddi cho‘qinmoqchi bo‘lganday, barmoqlarini buka boshladi. – Ortiqcha odamman. Fojiali shaxs. Engels aytgan: “Fojia nima? Fojia – istakning cheklangan imkoniyat bilan to‘qnashuvi”.
Hech kim tanimaydigan Oxrimenko Dimaga achinib qaradi, ammo hech narsa demadi. Chunki uning o‘zi ham shunday ahvolda edi.

«Jahon adabiyoti» jurnali, 2018 yil, 11-son