Yana… hali balog‘atga yetmagan oqko‘ngil, loqayd, o‘ynoqi qizaloqqa o‘xshab bahor keldi. Qishloqning egri-bugri ko‘chalari tizzagacha loy. Odamlar chetan devorlarning qozig‘idan ushlab arang yurishadi. Mabodo, biron-bir go‘sht tayyorlov idorasida ishlaydigan to‘laroq amaki kelib shu qoziqlardan ushlab yurguday bo‘lsa, qoziq qo‘lida qoladi. Chunki bu idoraning hamma xodimlarining yuzlari ko‘zaday qizg‘ish va moviyrangda bo‘lishadi. Hovli egalari esa dunyodagi bor la’natlarni ularning ortidan yog‘diradilar.
– Sen tekinxo‘rlar, etigingni iflos qilishga achinaslar-u, men har bahorda ortlaringdan chetan devorni tuzatib yurishim kerakmi?!
– Agar chetaningga achinsang, tosh yotqizgin edi ko‘changga.
–Nima, qo‘lingga kuydirgi chiqqanmi? O‘zing yotqiz.
– …Ko‘pam huraverma. Shunchalik aqllimisan?
Tunlari esa daladagi mayin qor eriy boshlagandi. Ariq yoqasida qator o‘sayotgan teraklardan esa nimanidir jaranglab yorilgan tovushi eshitilardi. Daryoda muz ko‘chardi. Kunduzi katta muz bo‘laklari quyoshda yaraqlab, silliq katta qorni bilan tosh qirg‘oqlarni g‘ijirlatib oldga siljir, daryo o‘zanlarida esa muz bo‘laklari qirg‘oqqa chiqib qolgan mayda toshchalarni sidirar va yana qayergadir oqib ketishar edi. O‘ynoqi nam shamol bosh uzra aylanaverardi. Havoni o‘tkir go‘ng hidi tutgandi.
Kechqurun, uyqu oldidan odamlar mehribonroq bo‘lib qolishardi. Hovlilarda uch oyoqli cho‘yan qozonlardan bug‘ chiqardi. Qurigan o‘tinlar charsillar, olov o‘ynoqlab yonardi. Bir kun shunday o‘tdi. Kerak bo‘lmagan suhbat yarim chiranish bilan davom etar, ertaga yana kun bor, yana o‘sha, uncha zarur bo‘lmagan gaplar aytiladi. Hozircha esa dam olish, chekish mumkin, taqdirdan nolishning ham paytidir balki, o‘ylab ko‘rilsa, ertaga nima bo‘lishi Xudoga ayon; balki hayot – taqdir boshqacharoq, biroz yaxshiroq bo‘lar?.. Umuman olganda, shundoq o‘taversa ham mayliydi.
Shunday o‘ychan oqshomlarning birida Stepan Voyevodin dalani chetlab, qadrdon qishlog‘iga qaytib keldi. U qishloqqa hovlilar kamroq bo‘lgan tomondan kirib keldi, kun bo‘yi oftob qizdirgan tepalikka chiqib o‘tirib oldi-da, uf tortdi. Ko‘rinishidan juda ko‘p yo‘l kezgan, o‘lgudek toliqqan edi. U jimgina o‘tirib, ziyraklik bilan atrofni kuzatdi-da, o‘rnidan turib qishloqqa yo‘l oldi.
Nimyorug‘ ustaxonada qirindi hidi anqirdi. Yermolay Voyevodin ustaxonada aravacha yasardi. U ming‘irlar, randasi taxtadagi ko‘zga tegib taqalib qolsa, odatiga ko‘ra muloyim so‘kinib qo‘yardi.
…Shunda to‘satdan ostonada o‘g‘li – Stepan paydo bo‘ldi.
– Salom, ota.
Ermolay boshini ko‘tardi, o‘g‘liga uzoq tikildi… Keyin burun qoqdi, xotinlarga o‘xshatib ko‘ylagining etagi bilan burnini artdi va o‘g‘liga diqqat bilan tikilib qoldi.
– Styopka, bu senmisan?
– Ha… Nima, tanimadingmi?
– Xuddi!.. Buni qara… Men o‘ylabmanki… Ko‘rayapman.
Stepan bujmaygan yuk xaltani ostonaga qo‘yib, otasiga yaqin keldi. Ikkisi quchoqlashib, o‘pishib ko‘rishishdi.
– Keldingmi?
– Keldim.
– Sal ertaroqmi?.. Biz kuzda kelasan, deb o‘ylagan edik.
– Ishimni tugatdim… Ertaroq qo‘yib yubordi.
– Eh, buni qara-ya!.. – Ota o‘g‘lini ko‘rayotganidan quvonardi. Ammo, shoshganidan nima qilishni bilolmasdi.
– Haligi, Bo‘ribosar haliyam tirik.
– Yo‘g‘-ey? – hayron bo‘ldi Stepan. U ham nima qilishni bilmas, otasini ko‘rib turganidan xursand edi. – Qayerda u?
– Qayerlardadir sang‘ib yurgandir. O‘tgan shanba kuni xotinlar choyshablarini quritish uchun ilib qo‘yishsa, hammasini g‘ajib, bulg‘ab tashlabdi. O‘ynoqilabdi, itdan tarqagan.
– Ha, o‘ynoqi u, bemaza.
– Otib tashlamoqchi edim, seni o‘ylab indamadim.
Moslamaga o‘tirishdi, tamaki tutatishdi.
– Hamma sog‘-salomatmi? – so‘radi Stepan.
– Ha, yurishibdi. Xo‘sh, nima qilding?
– Shu, ishladik.
– Shaxtada ishlagan bo‘lsang kerak?
– Yo‘q, nega endi, o‘rmonda daraxt kesdik.
– Ha-a, xo‘sh, mayli, – Yermolay boshini qimirlatib ma’qulladi. – Aqling joyiga kelgandir?
– He-e… – Stepanning afti burishdi. – Gap bunda emas-ku, ota.
– Menga qara, Styopka… – Yermolay tamakidan sarg‘aygan qiyshiq barmoqlari bilan po‘pisa qildi. – Tushundingmi, endi qo‘lingga erk beraverma, kerak emas. Vaqtini topibsanlar tepalashishni, shaytonvachchalar. Endi unaqa qilma.
– Gap bunda emas-ku , – dedi yana Styopa.
Bostirmaxonaga qorong‘i tushdi. Hamon payraxa va qipiqning hidi anqib turardi. Styopa moslamadan turdi, papiros qoldig‘ini oyog‘i bilan ezg‘ilab tashladi.
– Uyga kirdik, ko‘rinish beraylik.
– Soqov qizimiz esa… – Yermolay o‘rnidan turarkan gap boshladi, – sal qoldi kuyovga chiqishiga.
U qandaydir bir muhim yangilik aytib bergisi kelardi-yu, mavridini topa olmayotgandek edi.
– Yo‘g‘-e? –hayron qoldi Styopa.
– Ham kulging keladi, ham yig‘laging.
Ombordan chiqayotib otasi hikoyasini boshladi:
– Bir marta klubdan keldi-da, menga «m-m-m»lab qoldi, kuyovni boshlab kelaman deb. Men unga hozir senga shunaqangi kuyovni ko‘rsatib qo‘yamanki, bir haftagacha o‘tira olmaydigan bo‘lib qolasan, dedim.
– Balki, bekor qilgandirsan-a?
– Nega endi bekorga ekan? Bekorga… Birortasi aldamoqchi bo‘lgan, unga yengilroq po‘pisa qilib qo‘ydim. Qaysi ahmoqqa kerak shu holida. Men unga shunaqangi kuyovni ko‘rsatamanki, dedim…
– Kuyovni ko‘rish kerakmidi-i. Balki rostdan ham…
Shu payt uydan «kelin»ning o‘zi chiqib qoldi, yigirma besh yoshlardagi gavdali qiz. Akasini ko‘rdi-yu, qo‘llarini silkitib quvonch bilan «m-m-m»ladi. Uning ko‘m-ko‘k gulday ko‘zlari yoshlanib ishonch bilan qarardi. U bo‘sag‘ada turgancha balanddan pastga tikilib, akasining yaqinroq kelishini kutib turardi. Shu daqiqada u shunchalik xursand ediki, erkaklarning ham ko‘zidan yosh chiqib ketdi.
– Mana senga mi-mi, – dedi ota zarda bilan va kaftlari bilan ko‘zlarini artdi. – Seni kutdi, har kuni necha kun qolganini devorga belgilab chiqardi, – izoh berdi u Stepanga. – Ahmoq, hammamizni yaxshi ko‘radi.
Stepan sal xo‘mrayib zinadan ko‘tarildi, qovushmayroq singlisini bag‘riga bosdi-da, yelkasiga qoqib qo‘ydi. U akasini mahkam quchoqlab olganicha yuzi, peshonasi, yonoqlaridan tinmay o‘pa boshladi.
– Bo‘ldi bas, – Stepan singlisining quchog‘idan chiqishga urinar, u esa Stepanga mahkam yopishib olgandi. U bir tomondan singlisining mahkam qo‘llaridan, o‘pichlaridan qutula olmayotganidan o‘ng‘aysizlansa, boshqa tomondan bundan xursand ham bo‘lardi.
– Buni qara, – o‘ng‘aysizlanib g‘uldirardi u, – bo‘ldi, bas qil… bo‘ldi yetadi.
– Qo‘yaver, indama, – dedi ota ko‘z yoshini arta turib, – ko‘rmayapsanmi, sog‘ingan.
Nihoyat, Stepan singlisining quchog‘idan bo‘shalib, unga quvonch bilan tikildi.
– Xo‘sh, ishlar qanday? – so‘radi u.
Singlisi qo‘llari bilan «yaxshi», deya ishora qildi.
– Unga hamisha yaxshi, – dedi otasi zinadan chiqayotib. – Yur, onangni ham xursand qilaylik.
Onasi yig‘ladi, quvondi:
– Xudoga shukr, Xudodan aylanay, oxiri mening ohu zorim, duolarim senga yetib boribdi…
Hamma negadir o‘zini yo‘qotib qo‘yganday edi.
– Onasi, sen quvonsang ham, hafa bo‘lsang
ham birdek, tushunib bo‘lmaydi, – tanbeh bergandek bo‘ldi Yermolay. – Nega buncha kalovlanasan? Mana, keldi-ku, quvonish kerak-da, axir.
– Quvonayapman-ku, nima, yo quvonmayapmanmi?..
– Bo‘ldi-da, yig‘lama unda.
– Sog‘lig‘ing yaxshimi, o‘g‘lim? – so‘radi onasi. – Yoki mazang bo‘lmay ertaroq qo‘yib yuborishdimi, a?..
– E, yo‘q, hammasi joyida. O‘tab bo‘ldim hammasini, keyin qo‘yib yuborishdi.
Birin-ketin qarindosh-urug‘, qo‘shnilar kela boshlashdi. Eng birinchi bo‘lib qo‘shnisi kulcha yuzli, muloyim, silliq juvon Nyura Agapova kirib keldi. Ostonadan o‘tiboq hovliqib, quvonchi ichiga sig‘may so‘zlardi.
– Bundoq oynadan qarasam, voy Xudoyim-ey, Styopka kelganga o‘xshaydimi?! Rostdan ham Stepan…
Stepan unga jilmayib qaradi .
– Salom, Nyura.
Nyura taftli qo‘llari bilan quchoqlab, bevalarga xos ochiqqan lablarini chiroyli qo‘shnisining tamaki hidi anqib turgan, so‘l tomoni yorilgan lablariga bosdi.
– Sendan pechkaning hovuri keladi-ya, – dedi Stepan. – Erga tegdingmi, o‘zi?
– Meni oladigan erkak qani? Butun boshli qishloqda ikki yarimta erkak bo‘lsa.
– Nima, senga beshtasi kerakmi?
– Balki, men seni kutgandirman! – sharaqlab kuldi Nyura.
– Hoy, shayton ko‘tarsin seni, Nyura! – g‘ashi keldi onasining. – Ko‘pam bu yerda o‘ralashaverma, boshqalar bilan ham gaplashishga qo‘y… Judayam ziq bo‘lib ketgandirsan, o‘g‘lim?
– E, yo‘q, – so‘z boshladi Stepan, – u yerda hammasi yaxshi. Masalan, men bu yerda oyda bir kino ko‘rardim, to‘g‘rimi? U yerda esa haftasiga ikki marta. Agar xohlasam «qizil burchak»ka boraman, u yerda menga «Sovet kishisining vijdoni va sharafi» yoki «Ishchi sinfining kapitalist mamlakatlardagi ahvoli» haqida ma’ruza o‘qib berishlari mumkin.
– Nima, sizlarni u yerga kino ko‘rgani to‘plashganmidi? – quvnoqlik bilan so‘radi Nyura.
– Nega endi?.. Faqat kino ko‘rgani emas-ku, albatta.
– Tarbiyalashgan… shu yo‘l bilan, – gapga suqildi otasi. – Ahmoqona miyalarini to‘g‘rilashgan.
– Ko‘p ajoyib insonlar bor edi u yerda, –davom etdi Stepan. – Shundoq azamatlar bor ediki… Yana zo‘r ma’lumotli odamlar ham bor. Masalan, bizning brigadamizda ikkita muhandis bor edi…
– Ularni nima uchun qamashgan?
– Bittasini fabrikadagi qandaydir falokat uchun, ikkinchisini tepalashgani uchun, kimnidir boshiga shisha bilan tushirgan.
– Balki injenerman deb aldagandir? – ishonqiramayroq so‘radi otasi.
– U yerda yolg‘on gapirib bo‘lmaydi. U yerda hamma bir-biri haqida hamma narsani biladi.
– Yeb-ichishing qanday edi? – so‘radi onasi.
– Yaxshi, deyarli hamma narsa yetarli. Yomonmas.
Yana odamlar kela boshlashdi. Stepanning o‘rtoqlari kelishdi. Vosvodinlarning torroq yog‘och uyi torlik qila boshladi. Stepan qayta-qayta hikoya qilardi:
– E, yo‘q, umuman olganda, u yerda hamma narsa yaxshi edi! Sizlar bu yerda ko‘p kino ko‘rasizlarmi? Biz esa haftasiga ikki marta. Sizlarga artistlar keladimi? Bizlarda esa, u yerga tinimsiz kelishardi. Ovqat ham yetarli edi… Bir marta esa, hatto ko‘zboylag‘ich ham kelgan. Suv to‘la stakanni shunday oladi-yu…
Odamlar Stepanning aytayotganlarini zavq va biroz hayrat bilan eshitishar, «hm», «qara-ya», deb qo‘yishar, o‘zlari ham nimalarnidir degilari kelardi-yu, ammo yana boshqa birortasi savol tashlar va Stepan yana qaytadan gapirib bera boshlardi. Uzoq kutilgan bu uchrashuvdan, so‘roqlar va o‘zi so‘zlab berayotgan gaplardan xiyol boshi
aylanibmi, goho o‘zidan ham u-bu narsalarni qo‘shib-chatib gapira boshlaganini sezmasdi.
– Qo‘riqlash masalasi-chi, qattiqdir-a?
– E, unchalik emas! Keyingi paytlarda bizlarni xo‘jalikka ishga olib borishardi, u yerda deyarli yolg‘iz o‘zimiz qolardik.
– Qochishmasmidi?
– Ba’zan. Qochgandan ma’no yo‘q.
– Aytishlaricha, agar kimdir aybdor bo‘lsa tosho‘raga qamab qo‘yisharkan.
– Kartserga. Bu kamdan-kam holatda bo‘ladi. Agar judayam qattiq ayb ish qilsang. Ashaddiylarni, bizlarga esa tegishmasdi.
– Olg‘iru o‘g‘rilar rosa yig‘ilgan bo‘lsa kerak u yerda! – xitob qildi soddaroq bir
yigit. – Bir-birini to‘nashlar, o‘g‘rilik bo‘lsa kerak?
Stepan kuldi. Unga qo‘shilib boshqalar ham kulgan bo‘lsalar-da, Stepanga qiziqib qarashdi.
– Bunaqa narsalar u yerda juda qattiq nazorat qilinadi, – tushuntirdi Stepan.
– Biror-bir kishi unaqa ish qiladigan bo‘lsa, darhol joyiga tiqib qo‘yishadi.
Shu vaqtning ichida onasi va gung qiz tezda hammomni qizdirishdi, otasi esa do‘konga chiqib keldi… Kimdir lattaga o‘ralgan salo olib keldi, kimdir kecha pishirilgandan qolgan bo‘g‘irsoq, kimdir idishda «asal pivo» keltirdi… Bayram qo‘qqisdan yuz berganligi sababli uy egalari tayyorgarlik ko‘rmagan edilar. Bayram stoliga kech qorong‘ida o‘tirishdi. Asta-sekin shodiyona qiziy boshladi. Hamma bir-birining so‘zini bo‘lib, baravariga gapira boshlashar, kulishardi… Stepan stolning to‘rida o‘tirar, goh chap, goh o‘ng tomoniga burilib yana gapirmoqchi bo‘lar, lekin endi uning so‘zlarini e’tiborsiz tinglardilar. U ham endi unchalik chiranib gapirishga harakat qilmasdi. U odamlar quvonib o‘tirishganidan xursand bo‘lar va ularning yig‘ilib o‘tirishganining sababchisi o‘zi ekanligidan mamnun edi. U endi yig‘ilganlarga yanayam yaxshi bo‘lishi, ularning o‘ynab-kulib o‘tirishlari uchun o‘sha tomonlardan o‘rganib kelgan qo‘shiqlardan birini kuylay boshladi:
Onajon, kechirgin meni,
Qilgan barcha qiliqlarim uchun.
So‘zlaringga quloq solmagandi-im…
Yig‘ilganlar bir zum jim bo‘lib qolishdi, Stepanni odamlarga bo‘lgan mehr va muhabbat tuyg‘ulari chulg‘ab olgan, kayfi ham oshib qolgandi. «Qamoqxona – bu hazil deb o‘ylagandim. Hazil deb men o‘zimni xarob qildim», deya kuylardi Stepan. Ashula ularga yoqmadi – aybdorlik tavba-tazarrusini yoqlashmadi, ularga unchalik ta’sirli tuyulmadi.
– Chapanicha ashula! – deya hayajon bilan tushuntirgan bo‘ldi boyagi sodda, turmadagilarning hammasi o‘g‘rilar, degan yigit. – Jim bo‘l hammang!
– O‘g‘lim, u yerda ham qamalgan ayollar ko‘pmi? – deya so‘radi stolning narigi chekkasida o‘tirgan onasi.
– Yetarli.
Shundan keyin u yerda o‘tirgan ayollarga oson emasligi haqida qizg‘in gurung boshlandi.
– Bolalarini tashlab ketishgandir, hoynahoy?
– Bolalar – yetimxonalarga…
– Agar men bo‘lganimda, ayollarni qamamagan bo‘lardim! – dedi kayfi oshib qolgan bir erkak. – Men ularning boshini o‘rab tashlardim-da, qayish bilan savalardim!
– Foydasi yo‘q, – bahslashdi u bilan Yermolay. – Agar sen uni savalasang, bilasanmi – u battar g‘azablanadi. – Men o‘zimnikini huv yoshligidayoq tarbiyalab olganman, bir-ikki marta no‘xta bilan tushirib, u esa menga
jahl qilib gung qiz tug‘ib bergan.
Kimdir qo‘shiq ayta boshladi:
Bo‘lgan edi meni otam tug‘ma dehqon
Men esa u bilan birga ishla-ardim…
Qo‘shiqqa boshqalar ham qo‘shilishdi. Boshida ular qo‘shiqni pala-partish boshlab, asta-sekin ovozlarini bir ohangga to‘g‘rilab olishdi.
…Uch kechayu uch kun harakat qilib,
Singlimni asiralikdan qutqazdim…
Ashulani ichki zavq bilan stolga tikilgancha, jiddiy kuylashardi.
Yosuman otdi yoysimon o‘qni,
Go‘zal singlimni o‘ldirdi.
Men baland toqqa chiqqandim,
Ona qishlog‘imni tomosha qilgani
Yonmoqda, yonmoqda ona qishlog‘im,
Butun ona yurt yonmoqda!..
Stepan qo‘llarini stol qirrasiga mahkam tiradi.
– Sen meni yaxshi ko‘rmaysan, rahming kelmaydi! – dedi qattiq ovoz bilan. – Men esa sizlarni, qirriq shaytonlar, hurmat qilaman. Sizlarni juda sog‘indim.
Tamaki tutuni qoplagan dahlizdan garmon ovozi yangradi, farosatli kimdir garmonchini yetaklab kelgandi. Qiyqirib yuborishdi… Qo‘shiq tugadi. Stol atrofidagilar o‘rtaga tushib kuy ohangiga moslashib olishga harakat qilishar, oyoqlarini iloji boricha polga qattiqroq urishga unnab, raqsga tushishardi. Xotinlar aylana hosil qilib, lapar aytishardi. Gung qiz ham ro‘molchasini boshi uzra silkitib davrada aylanardi. Hamma uni barmog‘i bilan imlab ko‘rsatib kulardi. Qizning o‘zi ham kular, u judayam xursand edi.
– Verka! Vera! – qichqirardi ichib olgan shirakayf qiltiriq erkak.
– Sen yaxshisi bizga qo‘shiq aytib bersang-chi, nega o‘zingdan-o‘zing aylanaverasan! –
Uni hech kim eshitmas, o‘zining qilig‘i, hazilidan o‘zi yiqilguday bo‘lib kulardi.
Stepanning onasi esa keksaroq bir ayol bilan suhbat qurardi:
– Shuytib menga enkayib turibdi. – Ona- jon-n, yuragim orqaga tortib ketsa deng. Men arang boshimni ko‘tardim-da, so‘radim: «yaxshilikkami yo yomonlikka?» U esa naq qulog‘imning oldiga kelib yaxshilikka, deb shipshidi.
Keksa ayol boshini sarak-sarak qildi.
– Yaxshilikkami yo?
– Yaxshilikka, yaxshilikka, aniq qilib yaxshilikka dedi.
– Karomat qilgan.
– Karomat, karomat. Men yana oqshom o‘ylagandim qo‘shnim aytgan «bu qanday yaxshilikka ekan» deb. Shunday deb o‘ylab o‘tirgandim, eshik ochildi, qarasam u, uning o‘zi ostonada turibdi.
– Yo Tangrim, yo Tangrim, – shivirladi keksa ayol va ro‘molining uchi bilan nam bo‘lgan ko‘zlarini artdi. – Buni qarang-a! Xotinlar Yermolayni davraga tortdilar. U uzoq o‘ylab o‘tirmasdan bir oyog‘i bilan likillab, ikkinchisining poshnasini to‘qillatib polga urar va «oppa-xop, xoppa-xop»lardi. Tapillataverdi, tapillataverdi. Shkafdagi idish-tovoq ham sharaqlardi.
– Ha, qani-i, Yermil! – qichqirardilar Yermolayga. – Bugun senikida bayram, qani bir bitingni to‘k-chi, qimirla!
– Oppa, xoppa! – hayqirardi Yermolay. Ammo uning qirq yillik duradgorlik stoli yonida ishlagandan qotib qolgan yelkasi egilmas, shundayam sal bukchayib o‘ynayverdi, katta panshaxaday qo‘llari esa ikki yonida osilgancha turardi. Yermolay xursand edi, o‘zining barcha g‘am-anduhlarini unutgan bu kunni sal kam besh yil kutgandi. Davrada uning yoniga Stepan suqilib kirdi-da, oyoqlarini notekis to‘pirlata boshladi.
– Ha-a, ota…
– Ha, qani, ota- o‘g‘il! Qimirlanglar.
– Stepan o‘zini unchalik oldirmabdi, sakrayman deydi-ya.
– Aytdi-ku, axir: u yerda hammasi yaxshi edi deb. Ovqat yetarli bo‘lgan…
– Berishadi, olasan?.. Yetib olishadi-da, yana berishadi.
– Ha-a, oppa, xoppa! – Qichqirardi Yer-molay o‘g‘liga tenglashib olishga harakat qilib.
Ikkalasi ham raqsga tushishni yaxshi bilmas, ammo tinmasdan oyoqlarini qimirlatar, harakat qilishardi. Bu esa odamlarga yoqar va ularga qiziqib qarashardi.
Shunday o‘yin-kulgi davom etayotgan damda uyda uchastka noziri qanday paydo bo‘lganini hech kim eslolmadi. Faqat qanday qilib u Stepanning oldiga kelgani-yu, qulog‘iga sekingina nimadir deganini ko‘rishdi. Stepan u bilan ko‘chaga chiqib ketdi. Yog‘och uyda esa o‘yin-kulgi davom etardi; qoidasi shunday bo‘lsa kerak deb o‘ylashdi, Stepan tayanch
punktiga boradi-yu, u yerda har xil qog‘ozlarni rasmiylashtirsa kerak, deb hisoblashdi. Faqatgina gung qiz nimadandir xavotirlanganday ovoz chiqarib, otasini tortqilay boshladi. Otasi kayf bilan qizini siltadi.
– Nari tur, he, seni! Bor ana, o‘yna.
Darvozadan chiqishdi. To‘xtadilar.
– Menga qara, nima, sen esingni yeganmisan, yigit? – so‘radi hudud uchastka noziri Stepanning yuziga tikilib qarab.
Stepan darvoza ustuniga suyanib turgancha, zaharxanda kuldi.
– Mo‘jiza, ajoyib-a? Hechqisi yo‘q.
– Muddatingga atigi uch oygina qolgandi-ku?
– Sendan yaxshi bilaman… Chekishdan ber.
Nozir unga papiros uzatdi, o‘zi ham chekdi.
– Ketdikmi?
– Ketdik.
– Balki, uyingdagilarga bildirib qo‘yarsan? Yana hovliqib yurishmasin.
– Bugun aytishning keragi yo‘q, mayli, o‘ynab kulaverishsin. Ertaga aytarsan.
– Uch oy qolganda chiday olmaslik va qochish!.. Kechirasan-ku, juda ko‘p hodisalarni ko‘rganman, ammo sendaqangi ahmoqni ko‘rmaganman. Nega bunday qilding?
Stepan qo‘llarini shimining cho‘ntagiga tiqib odim tashlarkan, g‘ira-shirada tanish uy, darvoza va bostirmalarga nazar tashlab borardi. Bolalikdan tanish bahorning achchiq sovuq bo‘yini simirar va o‘ychan kulardi.
– A?
– Nima?
– Nega bunaqa qilding?
– Qochganimmi? Shunday, bir ko‘rib tomosha qilib qaytay dedim-da. Sog‘inib ketgandim.
– Axir, bor-yo‘g‘i uch oy qolgandi-ku? – deyarli qichqirib yubordi nozir. – Mana, endi bir juft yil qo‘shib berishadi.
– Hechqisi yo‘q… Men endi ancha o‘zimga kelib, quvvatlandim. Endi o‘tirish mumkin. Aslida meni tushlarim qiynab yuborgandi. Bilasanmi, har kuni tushimga qishlog‘im kirardi… Bahor bizda boshqacha kechadi, to‘g‘rimi?
– Ha, – dedi nozir o‘ylanib.
Ular qishloq kengashiga yetib kelguncha uzoq jim qolishdi.
– Qanday qilib qochding-a?! Bir o‘zingmi?
– Uch kishi.
Ular qayerda?
– Bilmayman. Bizlar darhol bitta-bitta bo‘lib tarqalgandik.
– Xo‘sh, yetib kelguncha qancha vaqting o‘tdi?
– Ikki hafta.
– Tfu! Hey, shayton ko‘tarsin seni, o‘tirasan endi.
Qishloq kengashida uchastka noziri bayonnoma tuzish uchun o‘tirdi. Stepan xayol surgancha derazaga qarab o‘tirar, kayfi ham tarqab ketgandi.
– Quroling yo‘qmi? – so‘radi nozir bayonnoma tuzishdan chalg‘ib.
– Umrimda unaqa bo‘lmag‘ur narsani ko‘tarib yurmaganman.
– Yo‘lda nima yedilaring.
– Ular ehtiyot shart zaxira olishgan ekan.
– Ularning muddatiga qancha qolgandi?
– Ancha ko‘p…
– Xo‘p, ularning qochishida ma’ni bor deylik, ammo seni nima jin urdi?
– Bo‘ldi, bas, jonga tegding! – jahli chiqdi Stepanning. – O‘z ishingni bilib qilaversang-chi? Men senga xalaqit berayotganim yo‘q-ku.
Nozir boshini liqillatdi va yana qog‘ozga egildi.
– Rostini aytsam, menga qo‘ng‘iroq qilishganda ishonmadim. Bu qandaydir xato bo‘lsa kerak, bunaqangi ahmoqlar dunyoda uchramasa kerak deb o‘yladim. Qarasam, rostdan ham bor ekan, – dedi u.
Stepan hanuz derazaga tikilgancha nimalarnidir o‘ylab o‘tirardi.
– Anovi ikkisi ustingdan miriqib kulgan bo‘lishsa kerak? – chidolmay yana gap qo‘shdi so‘zamol nozir.
Stepan quloq qoqmadi.
Nozir ancha vaqt uning yuziga qiziqsinib tikilib turdi-da, gapga tushdi.
– Aftingga qaragan odam seni ahmoq demaydi, – dedi-da, yana bayonnomani to‘ldirishga tushdi.
Shu payt xonaga gung qiz kirib keldi.Bo‘sag‘ada serrayib turib qoldi-da, qo‘rquv to‘la ko‘zlari bilan goh nozirga, goh akasiga ko‘z yugurtirdi.
– Me-e-i? – so‘radi akasidan.
Stepan o‘zini yo‘qotib qo‘ydi.
– Sen nega bu yerga kelding?
– Mi-m-m? – mimmimladi singlisi qo‘li bilan nozirni ko‘rsatib.
– Bu kim? Singlingmi? – so‘radi nozir.
– Hm.
Gung qiz stolga yaqin keldi-da, nozirning yelkasidan ushlab, qo‘llari bilan akasini ko‘rsatib, «sen nega uni bu yerga olib kelding» ishorasini qilib so‘roqlashga tushdi.
Nozir tushundi.
– U… u… – Stepanni ko‘rsatib. – Qamoqdan qochgan. Qochgan! Mana shunaqa…
Nozir deraza tomon barmog‘ini nuqib, uning qamoqdan qanday qochganligini tushuntirdi.
– Bama’ni odamlar eshikdan kirishadi, u esa derazadan sakrab qochgan. Endi unga… Nozir qizga barmoqlarini panjara qilib ko‘rsatdi-da, Stepanga ishora qildi. – Endi yana shunaqangi bo‘ladi. Ikki yil!
So‘ng ikki barmog‘ini ko‘rsatib, jahl bilan silkitdi.
– Yana ikki yil!
Gung qiz tushundi. Qachonki, hammasini tushunib bo‘lgach, uning qo‘rquv to‘la ko‘m-ko‘k ko‘zlari iztirobdan charaqlab, og‘riqli his-tuyg‘uni ifodaladiki, nozir taxta bo‘lib qolgandi. Gung akasiga tikilar, u esa yuzi oqarib, singlisiga qotib qarab turar edi.
– Mana endi sen bu kallavaramga tushuntir, miyasi butun odamlar bunaqa ishni qilishmaydi deb…
Gung qiz g‘alati qilib qichqirib yubordi-da, Stepanga otildi, uning bo‘ynidan mahkam quchoqlab, osilib oldi.
– Yo‘qot buni, – xirillab dedi Stepan nozirga. – Yo‘qot!..
– Qanday qilib ajrataman?..
– Ol deyapman, ablah! – baqirdi Stepan o‘zinikiga o‘xshamagan ovoz bilan. – Olib ket uni! Bo‘lmasa, hozir kursi bilan boshingni yoraman!
Nozir o‘rnidan sakrab turib, gungni akasidan ajrata boshladi… U esa akasiga qarab intilar va mim-mimlab, boshini silkitar edi.
– Unga ayt, men yolg‘on gapirdim de, hazillashgandim de. Yo‘qot uni!
– E, jin ursin sizlarni! Sizlar bilan ovora bo‘lib… – so‘kinardi u gungni eshik tomon sudrar ekan.
– Hozir men sizlarga u bilan xayrlashish uchun fursat beraman, – der edi nozir
gungni eshikdan itarib chiqarishga tirishib. – U hozir keladi!.. Nihoyat u qizni eshikdan itarib chiqarishga muvaffaq bo‘ldi-da: «Kuchini qarang buni», – dedi eshikni
ilgak bilan mahkamlarkan.
– Uf-f. Qarab qo‘y, nima ishlar qilib qo‘yganingni, tomosha qil endi.
Stepan qo‘llari bilan boshini mahkam changallab bir nuqtaga tikilib o‘tirardi, nozir chala to‘ldirilgan bayonnomani dala xaltasiga solib qo‘ydi-da, telefonga yaqin keldi.
– Mashina chaqiraman, tumanga boramiz, e jin ursin sizlarni, qanaqa noshud odamsizlar, ey…
O‘rta ko‘chadan esa qoqilib-suqilib, bor ovozi bilan yig‘lab gung qiz ketib borardi.
Rus tilidan O‘roz Haydar tarjimasi