Umrboy Uteuliyev. Baqachanoqli kulbadagi qariya (novella)

Oldini ko‘rgan surinmaydi,
ortiga qaragan adashmaydi.

(Hikmatli gap)

Bir paytlari daryo dengiz tomon mavj urib oqardi. Jag‘i otnikidek, labi do‘rdoq Seydulla esini taniganidan buyon shundoq ko‘z oldida yastangan daryo, dengizini ko‘rib-ko‘rmay, bilib-bilmay ulg‘ayaveribdi. Qumga to‘kilgan suvni ko‘zaga qaytarib bo‘lmagani singari bu qadrdon nahrlarning hozirgi ahvoli uning xayoliga shu o‘yni soldi. Ko‘ngli cho‘kkanga kulgi yoqmas, deganlaridek, shundan doim qovog‘i soliq yuradi. Go‘yoki qadrdon narsasini yo‘qotgandek, yuzi qizargan, yuragi alg‘ov-dalg‘ov. Azaldan xulq-atvori og‘ir, kam gapirib, ko‘p tinglashga odatlangan. Yupungina xonadonda o‘sib, yetar-etmasni ko‘p ko‘rganidanmi, aqli raso, fe’li keng. Eshitganiga emas, ko‘proq ko‘rganiga ishonadi. Bolaligidan daryo, dengizga esh bo‘lib o‘sdi. Bu boshidan qattiqroq baqirsa, u boshidan eshitiladigan mo‘jaz ovulda hamma bir-birini yaxshi biladi. Ovuldan dengiz bo‘yiga, dengizdan ovul tomon kim o‘zarga ot chopishganini eslasa, yuragi hapriqib ketadi. Ayniqsa, Jetkerboy yilqibonning, yugurganniki emas, buyurganniki, deganlaridek, butun ot uyurini quvib kelib, bukir toyini qo‘rasiga kiritgani, shunda onasi boyaqishning “oyog‘i bilan kelgan davlatni o‘zgaga qalay berayin” degan gapi xuddi kechagidek esida.
Maktabni tugatganiga ham uch yil bo‘ldi. Nukus pedinstitutiga hujjat topshirgan dastlabki yili omadi chopmadi. Kimga ham gina qilardi. O‘qiganning o‘qimagani, o‘qimaganning o‘qigani bo‘lgani kabi, savodi haminqadarligiga o‘zi aybdor. Onasining nafaqasi nimaga yetsin? O‘ziga to‘q oilalarning bolalariday repetitorda qo‘shimcha dars ololmaydi. Egnidagi kiyimini yangilash tugul shaharga borishga yo‘lkiraning o‘zi muammo.
Sayoq yurgan tayoq yeydi, deyishadi. Bo‘sh yurmay, biror kasbning boshini tutay deb ko‘p joylarga ish so‘rab bordi. Tani joni sog‘, qoruvli odam uchun bekorchilik og‘ir dard. Ota-bobolarining kori bo‘lgan baliqchilik bilan shug‘ullanay desa, dengizning ahvoli bu. Lekin, baliq suvda tirik bo‘lganidek, inson ham suvsiz yasholmaydi. Hali ham, ovul o‘rtasida teranligi yetti quloch “Jamboy” qudug‘i bor. Odamlar shu bilan jon saqlab kelishmoqda. Sohildagi eski buloqlarning ham ko‘zlari yopilgan. Suvsiz joyga qush ham qo‘nmas ekan. O‘tirimli elga darz ketib, odamlar kun ko‘rgan tomonlariga tarqaldi. Kunlar iliy boshlasa, bekor yurgan Seydullaning qo‘liga ish topiladi. Ovuldoshlarining uyi, qo‘rasini yamaydi, mollariga o‘t o‘rib beradi. Tandirlariga o‘tin yoradi, qishning qirovli kunlarida yoqish uchun yulg‘un chopadi. Ba’zan baridan bezib, chet ellarga ish izlab ketmoqchi bo‘ladi. Biroq, keyingi paytda tez-tez og‘riyotgan onasini ko‘zi qiymaydi.
Bir kuni armiyaga chaqiruv qog‘ozi keldi. Biroq, shifokorlar “ayiqtovonsan” deb yaroqsizlar safiga qo‘shdi. O‘z qo‘li bilan hayotida kes­kin o‘zgarish qilgisi kelib yurgan kunlardan birida uyiga Turdiboy tog‘asi kelib qoldi. “Och qolib, o‘lganimiz yo‘q, xalq qatori tirikchiligimiz bor…” deya hasratlanadigan onasini tog‘asi uncha xushlamasa-da, lekin jiyanini ko‘ngliga yaqin oladi. Tog‘asining savodi o‘rta, biroq o‘zi o‘qimishli. Seydulla oltinchi sinfdaligida Daniyel Defoning o‘zbekchaga o‘girilgan “Robinzon Kruzo”, Jyul Vernning qozoqcha “Suv ostida 80 ming kilometr” kitoblarini berib, “o‘qigin, dunyoni anglaysan” degan shu Turdiboy tog‘asi bo‘ladi.
Boshida kitoblarning so‘zlaridan ko‘ra, suratlariga qiziqib, ancha varaqladi. Keyinchalik voqealar, sarguzashtlar sehrlaganday o‘ziga tortib, ko‘zi moshdek ochildi. Hatto kitoblarning ancha-muncha qismlarini daftariga ko‘chirib oldi. Shu paytgacha darsliklardan boshqa narsa mutolaa qilmaganiga rosa o‘kingandi. Ba’zan qo‘shnisi O‘rinboy muallimning uyiga borib, uning globusidan Robinzon yashagan orolni izlaydi. Gohi, daryo bo‘yida yolg‘iz yashagan Xonda ismli koreetsni, gohida dengiz sohilida umrguzaronlik qilgan “qor odam”ni qidirib topgisi keladi. Suv ostida suzuvchi kema Orolga kelganmikan, deya boshini qotiradi. Ayniqsa, Seydullaga bunday xayollar uyi oldida to‘nkarilib yotgan qayiqqa o‘tirgan kezida kelaveradi. Bir umr ushlab-tutgan narsang yaroqsizlansa, o‘z qo‘ling bilan yo‘q qilishni ko‘zing qiymas ekan. Qo‘shnisining ana shunday qayig‘ini kaltafahm bolasi bolta bilan chopib o‘tin qilganida, qayiqdan anqigan moy isi butun ovulga tarqalgan edi. Shunda ovul yoshullilari “Sovqotsang oyog‘ingni yoq, endi qayiqni chopganlaringni ko‘rsak…” deya po‘pisa qilishgan, o‘shandan beri ovulda jimjitlik.
Tog‘asi bergan kitoblarni qo‘shni O‘rinboy muallimga ko‘rsatuvdi, “Bu ajoyib kitoblarni qayerdan topding, odamni odam tarbiyalasa, qing‘ir yo‘lga boshlashi mumkin, ammo kitob adashtirmaydi, sendan ikki kitob, mendan bitta, almashlab o‘qiymiz” deb qo‘liga o‘sha Jyul Vernning “O‘n besh yoshli kapitan”ini ushlatdi. Shunda ko‘z oldida yana bir sehrli dunyo eshik ochganday bo‘ldi.
Tog‘asi ikki haftalardan so‘ng, bir tanishidan maktub jo‘natibdi. “Seydulla, oqqan suv oqmay qolmaydi, bir joyda tinib qolsa buziladi. Noumid shayton, mavj urgan suvlarni orzulab yashaylik, hozircha Orolning tabiiy holiga qaytishini ko‘rish bizlar uchun dargumon. Suv o‘rnini bosgan tuzli qum odamzot uchun xavfli. O‘rmonchilar qancha kuch solishsa ham, ofatning ko‘lami ulkan bo‘lganidan necha ming gektarga saksovul ekishga ulgurolmayapti. Eshitishimga qaraganda, dunyoda birinchilardan bo‘lib nemis, frantsuzlar yordamga kelishmoqchi. Ular saksovul ekishga mahalliy aholini jalb qilisharmish. Shularga tez xabarlash”, deb manziligacha yozibdi.
…Dengizning chang-to‘zonini yutsa-da, ishga joylashganidan Seydullaning ko‘ngli chog‘. Suv oqib kelmasa, uni o‘zing izlab ketasan, deganlaridek qancha odamlar bu yerlardan ko‘chdi. Axir, dengizning qurigan tubidan tez-tez ko‘tariladigan qum to‘poloniga kim chidasin. Bunday paytda tevarak-atrof zimistonga aylanadi. Ko‘zu quloqqa, og‘izga kirgan qumdan tishlar g‘ichirlaydi, bo‘g‘izlar zahardek achiydi.
Ucharga qanoti bo‘lsa, uchib ketishga tayyor Seydulla esa onasining “Kishining gapiga quloq sol, lekin o‘zingning bilganingdan qolma, balo-qazodan omon bo‘l, bolam, Yaratganning o‘zi asrasin”, degan gaplarini eslab, qo‘yday yuvosh tortib qoladi…
Chet ellik odamlar ko‘magida dengiz tubiga saksovul ekilarmish, degan gaplarga ovuldoshlar avvaliga ishonishmadi. Zero, qumloqda o‘sadigan bu o‘simlik hech qachon qo‘lda ekilgan emas-da. Tabiiy holda o‘sib, uzumdek tovlangan urug‘i kuzda yon-atrofga sochiladi. “Tomar astau”, “Ayirqaban” tomonlardagi ko‘p yillik saksovullarni chala-chulpa yoqib, qumga ko‘milsa, ko‘mirdek qizg‘in cho‘qqa aylanadi. Hatto saksovulni tuyaga ortib, bozorda sotganlarning qanchasi boyib ketdi.
Kunning ko‘zi ko‘rinsa ham, taningni ilitmaydigan bahor oylari boshlandi. Bu xayrli ishga Germaniyaning O‘zbekistondagi elchixonasi qoshida tuzilgan Texnika markazi mutaxassisi, yoshi ellikdan oshgan, gavdali, ko‘zi ko‘k Frank ismli nemis rahbarlik qilardi. Turqi sovuq bo‘lsa-da, o‘zi yumshoq tabiatli, odamlarga mehribon ekan. Ko‘p yillar elchixonada ishlagani bois o‘zbek, ingliz, rus tillarini yaxshi biladi. Bir oyga bormay qoraqalpoqchani ham o‘rganib oldi. Yap-yangi traktorlar, yonilg‘i moylash materiallari, seyalka, urug‘ kabi kerakli narsalar yetib keldi. Dastlabki paytlarda odamlarning qo‘li ishga o‘rgansin, bir-birimizni tushunib olaylik, degan ma’noda ovuldagi suv keladigan yerlarga g‘alla ektirib, hosilini mehnat qilganlarga bepul tarqatdi.
Nam yerda yotmanglar deb, ishchilarga buklanadigan karavot berdi, ko‘rpa-to‘shaklar har haftada almashlab turildi. Uch mahal issiq ovqat, choy-suv ishning boshiga yetkazib berildi. Kuzga tomon saksovul urug‘i yig‘ishtirilib, ikki gektarcha ko‘chatxona bunyod etildi.
Navbat bilan dam olishga uylariga yuboradi. Shunday paytda urushda qatnashgan Darmenboy, Buxarboyday qariyalar, “Hali bizga dushman bo‘lgan nemisning qo‘lida ishlab, undan maosh olib yuribsizlarmi”, deb qattiq koyishardi. Shunda “Otaxonlar, gumon iymondan ayiradi, uning yomonligini ko‘rmadik”, deb qutulishadi.
Dengizning qurigan tubiga saksovul ekish uchun avvalo uzun-uzun ariqlar qazilar ekan. Bahorgacha ariqlar toza qumlarga to‘ladi, shunda ekilgan urug‘u ko‘chat yaxshi unarmish. Bu tajribada sinalgan ekan. Ishga borib-kelishda vaqt bekor ketmasin, deb ish joyida yerto‘lalar qazilib, brezent palatkalar qurildi. Bir paytlari tepadan kelgan sirqindi suvni dengizga quydirish uchun qurilgan kollektorlarga ko‘priklar solinmay qolgan ekan. Aylanma yo‘llarda yuraverib, charchagan ishchilar yangi qurilgan ko‘prikka, “Frank ko‘prik” deb nom qo‘yib olishdi.
Ajdodlar aytishganki, boylikning ko‘zi suv bilan yerda, daryo yoki dengiz bo‘yida yashagan odam hech qachon och qolmaydi. Ana shunday joylarda qo‘nim topganlar o‘z maskanlariga “Oq tumshuq”, “Porlitov”, “Qizil jar”, “Qorajar”, “Qoramush”, “Sirlitosh”, “Jiltirbosh” deb nom qo‘yib olishgan.
Tomog‘iga tosh tiqilganday betoqat yurgan Seydullaning keyingi paytlarda ko‘ngli g‘ash. Ko‘ngli to‘q boshqa, tomog‘i to‘q boshqa. Ovulini sog‘ingan. Axir, toy-g‘unonlar ham tug‘ilgan joyini qo‘msaydi. Shundanmi, sho‘rtuproq maskanda bo‘y tiklagan ovuliga har kelganda yayrab ketadi. Ovul yoshullilarining “U yoqlarda nima qilayapsizlar”, degan savoliga qilayotgan ishlarini birma-bir aytib beradi. Shunda ular “Orol tepa”ga yaqinlashib qolibsizlar, ammo qishin-yozin suvi qurimaydigan “Do‘ngalak ko‘l”da cho‘milmanglar” deyishadi, biroq sababini aytishmaydi.
Bir paytlari daryo suvidan, qor-yomg‘irdan to‘lgan “Do‘ngalak ko‘l” hech qurimasmish. Ko‘pdan beri inson izi-nazari tushmaganidan ko‘lning qurt-chavaqlari o‘sib-unib, qushlarga yem bo‘lmoqda. Institutga hujjat topshirib yurgan kunlaridan birida Seydulla Nukusdagi tirik baliq sotiladigan “Orol” do‘koniga borib qoldi. O‘shanda ulkan suv idishdagi bilanglagan odam bo‘yli laqqa ko‘zini baqraytirib, go‘yo unga shunday degandi: “Meni izlab keldingmi, Seydulla, qushday qanotim bo‘lganda, dengizimga uchib borardim. Dengiz suvi qurisa baliqlari ham qiriladi, degan gapga ishonmanglar, chunki suvga sochilgan urug‘larimiz qushlarning oyog‘iga yopishib daryodan ko‘lga, dengizga o‘tadi. Shu tariqa hayot davom etaveradi”. Seydullaning o‘shanda ham tomog‘i tiqilgan edi.
“Hoy yigit, deb baqirgandi o‘shanda do‘kon egasi, nega qoqqan qoziqday qaqqayib turibsan, kissangda puling bo‘lmasa, jo‘nab qol-chi, hamma-hamma ham baliq yeyavermaydi. Puli borlarga nasib qiladi. Mo‘ynoqchining oviga tushgan baliq o‘n ikki qo‘ldan o‘tib, qurbi yetganlarning qozonida qaynaydi. Katta baliqlarga xaridor oz. Bizga esa tarozida tosh bosadigani kerak. Shaharliklarning baliqdan nasibasi baland, bir kuni baliq, yana bir kuni Ustyurtda otilgan kiyik go‘shtidan yeyishadi…”
– Buncha katta baliqni qayerda ovlabdi?
– Dengiz kechgan bola ko‘lga cho‘milmaydi, chamasi baliqchining bolasimisan, deyman?
– Ha…
– Menga yetguncha bu laqqa qancha qo‘llardan o‘tganini Xudo biladi. Kim ovladi, kim qaysi ko‘ldan tutdi, bu meni qiziqtirmaydi.
Esankiragan Seydullaning yuragi sanchganday bo‘ldi. Pastki labini qattiq tishlar ekan, yana o‘sha tovush eshitilgandek bo‘ldi: “Seni sabr­sizlik bilan kutayapman. Tezroq meni sotib ol-da, “Do‘ngalak ko‘l”imga tashla”. Seydulla endi chidab turolmadi. Do‘kondan otilib chiqdi-da, bu ko‘rganlarini kimga aytishni bilmay shitob bilan yurib ketdi.
O‘sha kunlari uyidagi iti ham bolalagan edi, ko‘zini erta ochganiga “Oqjo‘l” deb nom qo‘ydi. Tili bo‘lmasa ham, odamdek aqlli, erkalanib, ko‘rpaning ichiga kirib yotadi. Ishga ketayotganida traktorining ortidan kuzatib qoladi, keladigan kuni esa, qayerdan bilarkan, dumini likillatib kutib oladi.
Dengiz tubida ishlayotganlar vaqt o‘tishi bilan sehrlanib qolishlarini xayollariga ham keltirishmaydi. Kunning qisqa paytlarida ish qumursqaning inidek qaynaydi. Ochiq osmon choshgohgacha ko‘k shishadek yarqirasa ham, birdaniga turgan shamol hamma yoqni yamlab-yulqib ketadi. Urchiqdek zir-zir aylangan quyun burqiragan to‘zonga do‘nadi. Oppoq tumanda odamlar bir-birini ko‘rmaydi.
Bunday qiyomat qoyim paytida har kim turgan joyida jilmaslikka kelishib olishgan. Bir-birini yo‘qotmaslik uchun bellariga arqon bog‘lab olishadi. Agar u yechilib ketsa, tamom deyaver…
Tabiat to‘nini teskari kiygan ana shunday paytlarda Frank bo‘ynidagi fotoapparatini, videokamerasini ishga qo‘shadi, yuz berayotgan barcha o‘zgarishlarni erinmasdan bloknotiga yozib oladi.

* * *

Maktabda tarix-geografiya fanlaridan joniga rahmi kelmaydigan, jingalaksoch, yuzi bujmaygan O‘rinboy muallim dars o‘tardi. Qo‘li bo‘shadi deguncha, belidan qum kechib, dengiz-daryoni kuniga bir marta aylanmasa, ko‘ngli joyiga tushmaydigan naq dala-dashtning odami edi u.
Onasining aytishiga qaraganda, u erta xotinidan ajralibdi. O‘zi oriqqina ko‘ringani bilan tani joni soppa-sog‘. Yo‘qni izlagan topganidek, doimo dengizga ketib, bedarak yo‘qolganlarni poylab yuradi. Inson ustixoni bilan birga laqqa, jayin qoldiqlarini qopga solib tashishdan charchamaydi. Uyida to tonggacha chiroq yonib turganini ko‘rganlar “o‘lganlarning ruhlari bilan gaplashib chiqadi”, degan gap tarqatishardi. Buning ustiga, ko‘cha-ko‘yda o‘zi bilan o‘zi g‘udranib yurganini kuzatgan odamlar anchagacha qatorlariga qo‘shmay qo‘yishardi. Xulq-atvori ham o‘ziga yarasha, birdaniga jahlga minadi-yu, tezda qaytadi. Kimga gap qotsa, juft uchgan, “Do‘ngalak ko‘l”ga makon bosgan oqqushlardan so‘zlaydi…
Ko‘pincha, bahor paytlari baliq ovlashga botinganlar daryo, dengizga boradi. Vaholanki, mingan muzlari suv o‘rtasiga borganda to‘satdan sinib, g‘arq bo‘lganlari qancha. Ayrimlari keyinchalik bolalari suyaklarini izlab yurishini o‘ylab, ularning mushkulini oson qilmoq niyatida o‘zlari tanlarini chanaga bog‘lab qo‘yishadi. Oradan ancha vaqtlar o‘tib, suyaklari topilganda, yaqinlariga oborib topshirgan ham shu O‘rinboy muallim bo‘ladi. Bedarak ketganlarning yaqinlari oldiga yalinib kelishganida, umidlarini so‘ndirmaydi, yaxshi gaplari bilan kuzatib qo‘yadi.
Muallimning uch hujralik kulbasining ashqol-dashqol turadigan xonasi “Maktublar solingan shishalar”ga to‘lgan. Odamlarning o‘n ikki muchasi, jag‘ suyaklaridagi oziq tishlari shundayligicha to‘plab qo‘yilgan. Seydulla shu muallimni negadir o‘ziga yaqin oladi. Ko‘llarga g‘oz-o‘rdaklar yopirilgan kez otasi chala o‘q yegan ikkita g‘oz olib kelgandi. Qushlarning oyoqlarida tamg‘a bor edi. Buni ko‘rgan Seydulla g‘ozlarni bag‘riga bosganicha muallimning uyiga yugurdi.
– Senga katta rahmat, Seydulla, g‘ozlarga Xitoyda tamg‘a bosilibdi. “Oq dengiz” tomon uchib, Orolga yetganida berahm merganlarga duch kelishgan. Tabiatni muhofaza qilish bo‘yicha xalqaro shartnomaga bizning mamlakatimiz ham qo‘shilganini bilasanmi? Tamg‘ali qushlarni otib, zarar keltirganlar jinoiy javobgarlikka tortiladi. Jarohatlansa tez davolab, tegishli joylarga ma’lum qilish burchimiz, – degan edi o‘shanda muallim.
Bir kuni O‘rinboy muallim darsga kelmay qoldi. Seydulla betoqatlanib uyiga yo‘qlab borsa, muallim to‘rda to‘shak tortib, eshikka qarab yotgan ekan. “Tunda qo‘rqinchli tush ko‘ribman, Orolning bir yutim suvini qandaydir bir bahaybat maxluq ichib qo‘yibdi. Necha asrlardan beri Shotlandiyadagi Lox-Ness ko‘lida makon bosib, ora-sira bo‘y ko‘rsatadigan jonzot yodimga tushdi.
– Balki, ko‘zingizga maxluq bo‘lib ko‘ringan dengizning “joni”dir?
– To‘rtinchi asrda yashagan olim Ioni ko‘l bo‘yida yurganida o‘sha jondorni ilk bor ko‘rgan. Hech bir hayvonga o‘xshamaydigan bu jondor suv yuziga qalqib chiqibdi. Ko‘lda behadik cho‘milayotgan odamga bahaybat og‘zini ochib tashlanmoqchi bo‘lgan. Shunda qo‘lini ko‘kka ochgan ulamo nimalardir deb o‘qigan ekan, maxluq yana suvda ko‘rinmay ketibdi.
1325 yilgi atlas xaritada Lox-Ness ko‘lida ko‘pdan beri tirikchilik qiladigan, boshi bo‘yni bilan qo‘shilib ketgan maxluq to‘g‘risida ilk ma’lumotlar berilgan. Bir gal, ko‘lda suzayotgan yelkanli kemani dumi bilan urib ag‘daribdi. Kemadagi odamlar suvga g‘arq bo‘libdi. Mahalliy aholi orasidan chiqqan Men Donald degani ortidan suvga sho‘ng‘ib, ancha izlasa ham, qo‘lga tushira olmabdi.
Maxluq o‘zining bor-yo‘g‘ini bildirmay, 1930 yilgacha ko‘l tubida yotaveribdi. Sohildagi qalin to‘qayzor chopilib, temir yo‘l qurilishi boshlanganda, u yana esga tushib, nazorat punktlari o‘rnatilibdi. Shundan so‘ng u olis va yaqin joylarda bir necha marotaba ko‘zga tushibdi. Qirg‘oqda payqalgan izlaridan nusxa olinib, Londondagi fan-tadqiqot institutiga tahlil uchun jo‘natilibdi. Zoologlar uni sirtidan “gippotama” degan sut emizuvchilarga qo‘shibdi. Yillar o‘tgani sari Lox-Ness to‘g‘risidagi har xil gaplardan odamlar zerika boshlabdi. 1957 yillarda Lox-Nessga atab chiqarilgan kitobda maxluqni o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan 117 nafar guvohning ko‘rsatmalari hamda olis va yaqindan tushirilgan suratlari bosilibdi. Sohilda kuchli portlashlar yuz berganda suv yuzasiga chiqqan maxluq kinotasmalarga olinib, hujjatli film yaratilibdi.
Tarkibida kuchli zoolog, ixtiolog va advokatlar bo‘lgan maxsus komissiya yillar davomida bu borada ish olib borib, yakuniy xulosa sifatida “Ilon tarzli uzunligi 15 metrga yaqin, to‘rt oyoqli, orti tosh o‘rkachli, dumi tumtoq, sirli maxluq yashaydi”, degan qarorga kelibdi.
Mezazoy davriga oid arxeologik tadqiqotlarda uzunligi 15–20 metr­lik kaltakesakka o‘xshagan jonivorlar yashagani ma’lum qilinadi. Yirik tanali maxluqning XX asrgacha tuzli suvlarda yashagani haqiqatga ziddir.
Ilm-fan kuchli rivojlangan davrlarda bu borada ko‘plab ekspeditsiyalar tashkil qilingan. Ayniqsa, “Ogonyok” jurnalining “Ochilmagan sirlar” klubida rus arxeologi N.K.Zinkeevich 1954 yilda “Petrxod” trauleridan Lox-Ness ko‘liga exogrammalar yuborishda rahbarlik qilgani yoritilgani e’tiborlidir. “Ko‘lda bahaybat kelbatli jondor maxluq bor”, deganga o‘xshash fikrlarni tasdiqlab, kalavaning uchini topgani bilan sir haligacha yopilgan qozondek ochilmasdan kelmoqda…
Dunyoni anglamoq uchun faylasuflarning fikriga tayansak, olamda qotib qolgan narsaning o‘zi yo‘q. Har qanday hodisa yaxshi-yomoniga qarab, muttasil evrilishga uchraydi, lekin u kim qanday tushungani, qanday qabul qilgani bilan ahamiyatlidir.
“Oradan ancha yillar o‘tib, katta shahardagi muallimlarning bilimini oshirish institutiga o‘z ixtisosligim bo‘yicha o‘qishga borganimda kitob do‘konlariga kirardim. Izlaganimni ko‘pincha bukinistlarning do‘konlaridan topardim. “Butun olam mo‘jizalarini birga tomosha qilamiz” seriyasidagi “Tabiatdagi ajoyib jarayonlar va sirli hodisalar” nomli o‘qilaverib harflari o‘cha boshlagan ikki tomlik eski entsiklo­pediyani bir oylik maoshim miqdoridagi pulga quvona-quvona sotib olgandim, sen ham o‘qib ko‘r”, deb Seydullaning qo‘liga kitob ushlatdi.
Seydulla kitobni bag‘rini yerga bosganicha o‘qishga tushdi. Qoraqum bilan Qizilqum cho‘llari orasida ko‘zning yoshidek yaltirab, qaqrab yotgan Orolning tarixidan boxabar bo‘ldi. Bir necha bor qurigan va yana suvga to‘lgan dengizni Amudaryo bilan Sirdaryo suv bilan ta’minlab kelgan. Ular ham o‘zanlarini bir necha marta o‘zgartirgani tabiatga xos hodisa ekanini anglaganday bo‘ldi va ancha yengil tortdi.
– Sendan boshqa kimga ham kerakman, Seydulla! – degan O‘rinboy muallimning iltijosi xayolini bo‘ldi. – Yomonni ham, yaxshini ham aytish kerak, ko‘zimdan uyqu qochgan, tuproq tortib yuribdi. Qadrimni oshirmoq uchun o‘lib ham ko‘rayin, ertaklardagi Sulaymon podshoning dengizosti gumbazli qasrlariga borib mangu-boqiy yashayman… Olislaganim sari kayfiyatim ko‘tarilsa-da, beo‘lja qolgan ovchidek izlaganimni topa olmadim. Dengizda tunab qoldim. Shunda, tungi ayozdan sovqotdimmikan?..
Orol qurisa ham, osti-ustidagi tirikchilik o‘zgacha tus olardi. Urushdan keyingi yillarda ovulimizga qishin-yozin oyoq yalang yuradigan “Dosan toshoyoq” laqabli birov ko‘chib keldi. U qotirmoch bo‘lib ketgan tovonini pichoq bilan kesganida, qon chiqmasdi. Ko‘zlari qashqirning ko‘zlaridek o‘tkir, tunlarda bemalol ignadan ip o‘tkaza olar, bizga kitob, gazeta-jurnallar o‘qib berardi.
Ishim kelishmay yurgan kezlarda yaxshilik qilgan odamni qanday unutayin. Xudo qo‘llasa, ertadan keyin dengizni birga kezib, ko‘r­maganlaringni ko‘rsatib, bilmaganingni bildirib kelaman. Tish-tirnoqlab yiqqan “o‘lik dunyo”larimni qo‘lingga ushlatib ketsam, armonim qolmasdi, deb muallim yumgan ko‘zini qayta ochmadi…
Gapdan gap chiqadi, sirasi uning o‘zi ham anoyi emas. Apil-tapil yurgan kezlarida tani kuyib-yonib, tinmay yig‘layverganidan jag‘lari qayishdi. Shifoxonada onasi nazoratida yotganida, yegan sadaf va olgan sanchqi dorilari foyda bermadi. Shifokorlarning, “Bolangizni uyingizga olib ketavering, biroz damini olsin”, degan gaplariga e’tibor qaratmadi, farzandini o‘limga ravo ko‘rmadi. Yuvintirib, tobutga solishayotganida jasadini paypaslab ko‘ruvdi, tiriklik nishonini sezganday bo‘ldi. “Bolam tirik, tirik”, deb yuzini ochtirgan edi, ko‘zlari ochiqligini va qayishgan jag‘lari o‘rniga kelganini ko‘rdi…
Bolasiga “o‘lik arvoh” yopishganini anglagan ona uni musulmonchilik yo‘li bilan emladi, yetti uyning it oyog‘iga cho‘miltirib sog‘aytirdi…

* * *

Tiriklik manbai bo‘lgan oddiy suvda xosiyat ko‘p ekanini bilsak-da, e’tibor beravermaymiz. Tomchisi toshni teshib, po‘latni eritsa, kir narsalarni tozalasa, bu o‘zi qanchalik qudrat!
O‘sha ko‘ngilsiz voqea yuz bergan tunda osmonda yulduzlar jimirlab, ob-havo buzila boshladi. Ko‘zni ochtirmagan qora yel betinim uvlab, oy kech tug‘di. Yuragi hapriqdi, ustidagi yopingan ko‘rpaga o‘ransa-da, betoqatlanaverdi.
Tun yarmida, o‘n ikki odamlik palatkaning eshigi bexos ochilib, ichkariga oyog‘i uchida yurgan, uzun ko‘ylakli, yuzini ro‘mol bilan o‘ragan, 45–50 yoshlardagi xotin ortidan balog‘at yoshidagi, sochlari patila qizini ergashtirib kirib keldi. Xuddi karlardek bir-biriga imo-ishora qilib, o‘tirishdi. Allakimni izlayotgandek, chuqur uyquda yotganlarning yuzlariga bir-bir qarashdi. O‘ngi yo tushi ekanligini anglamagan Seydulla o‘rnidan turishga intilar, to‘shi ustiga minib olgan kampirning bo‘yniga botgan tirnoqlari dastidan nafas ololmasdi. Qo‘llarini silkita-silkita, bo‘g‘riqib, o‘lar holga keldi.
Hali nimasini ko‘ribdi, arvohli dengiz odamlarni tinch qo‘ymaydi. Turli hodisalarning bo‘lmasligiga kim kafolat beradi? Ertasiga yonidagilardan sekin surishtirsa, arvohlar hech birini ayamabdi. Balodan mashoyix ham qochganidek, quyon yuraklilari uylariga ketib, qaytib kelmabdi.
Sabr-toqatli odamlar diyonatli bo‘ladi. Frank saksovul ekuvchilar orasida sirli hodisa yuz berganini bilsa-da, bilmaganday yuraverdi. Kecha, bugun tug‘ilgan avlod orasidagi farq osmon bilan yercha bor. Koinot kengligidagi sun’iy yo‘ldoshlarga bog‘langan internet tarmoqlari, radiouzatkichlar hamda televizorlar saksovul ekuvchilarning ancha savodini oshirdi. Yaqinda qazilgan artezian quduqlarning suvi goh shirin, goho achchiq bo‘lib chiqmoqda.
Yon-atroflarda ariqlar qazilib, bo‘ylariga mevali va manzarali daraxtlar ekildi. Olti qanotli o‘tov oldidagi hovuzda asrandi va yovvoyi o‘rdaklar suzadi. Hammom, hojatxona qurildi, tozalikka, ozodalikka e’tibor qaratildi. Kundalik turmushda kerak bo‘ladigan barcha narsalar tayyor bo‘lgach, ichida ignadek sir saqlamaydigan Frank Germaniyadagi shaharlardan birida medinstitutda o‘qiydigan Sofya ismli qizi mehmon bo‘lib kelayotganini ma’lum qildi. Sofya chiqqan samolyot Toshkentdan Nukus aeroportiga ertalabki payt qo‘nganida, Frankning o‘zi yo‘l tanlamaydigan qora rangli “Mersedes” mashinasida qizini olib keldi. Kechqurun makon bosgan “Ko‘ksuv”ga kelishlarini ko‘zlari to‘rt bo‘lib kutishdi. O‘qigan, dunyo ko‘rgan odamning sadag‘asi ketsang arziydi. “Assalomu alaykum! Xush ko‘rdik!” deya kulib turgan, yuzlari oppoqqina ­Sofya ishchilar bilan birma-bir so‘rashdi. Xuddi tabiat ham qizga mahliyo bo‘lgandek, osuda. Boshqalar qatori Seydulla ham qizni bir ko‘rishdayoq yoqtirib qoldi. O‘n to‘rtida tug‘ilgan oydek Sofyaga ko‘zlari to‘ymay tikilardi. Barcha kechqurun yoqiladigan gulxan atrofiga taklif etildi. ­Sofya “hamma daryo, dengiz haqida bilganini gapirsin, so‘ngra ashula aytib yoki raqsga tushib berasizlar”, deb shart qo‘ydi.
Otasiz o‘sgani kamdek, asqar tog‘dek suyanchig‘i, yotgan joyi yorug‘ bo‘lgur, qabri nurga to‘lgur, ovqatdan so‘ng doimo fotihasiga qo‘shadigan muallimidan ham ayrilgach, tamoman tundlashgan Seydulla, o‘ziga navbat yetganda: “Orol, Amudaryo – bular mening tirikligim! Ularsiz kelajagim yo‘q”, deb yig‘lab yubordi. Ko‘ngli ezildi, dengiz tubidagi “Adoq”, “Orol tepa” singari sehrli kal’alar, “Do‘ngalak ko‘l”da dupurlab chopgan sutdek “Oqbo‘z” otni tilga oldi…
Oy yop-yorug‘. Yulduzlar ham yiriklashgan, jimirlashgan. Parcha-parcha bulutlar orasida botib-cho‘mgan cho‘lpon yulduzga telmilib, keng dalaning havosini simirarkan, Sofya gap qotdi:
– Toshkentda, Chirchiq daryosi bo‘yida bog‘chali hovlimiz bor. Mevalari pisharga yaqin qora dog‘ tushadi-yu, chiriy boshlaydi. Bir taniqli bog‘bon, olim bilan fikrlashganimda, “qora dog‘” Orolning tuzi ekanini aytdi…
Qizlar sinovchan bo‘lishadi. Sofya ko‘ngli qavargan Seydullani vaqtincha ish topilganiga quvonib, faqat maosh oladigan kunlarga oshiqadigan yigitlarga o‘xshatmadi.
– Seni, o‘ziga-o‘zi qarshi tura oladigan dugonam Luiza bilan tanishtiraman. Yoshligida u alpinizm bilan shug‘ullandi. Barcha fanlarning otasi – osmon jismlarini o‘rganadigan astronom bo‘la olmaganiga haligacha o‘kinib yuradi. Tibet tog‘ining eng baland cho‘qqisi Everestga chiqish uchun Nepal mamlakatiga ketdi. Men esa Orolning tubida saksovul ekayotgan otamning yoniga keldim. Suv tangrisi Sulaymon podshoning dengizdagi sehrli qal’alariga obor meni, “Do‘ngalak ko‘l”ga obor, “Oqbo‘z” otga mindir! – deya yigitga gap qotdi.
Xudoning qudrati, uzoqlardan bo‘z ingan sigirlar yelinlari shishib, har kuni sog‘iladigan payti yaqinlashganda sollana-sollana kelishganida, chelagini qo‘liga olgan Seydulla: “Mang-mang bosgan, mang bosgan, Novdalarin chang bosgan”, deya boshlanadigan qo‘shig‘ini aytar, Sofya esa sigirlarni orqa-bo‘yinlarini uqalab iydirardi.
Ko‘z ko‘rganini ko‘ngil to‘qiydi. Sevsang va sevilsang, ishq deganlari uyg‘oq qalbda yayrab yetilaverar ekan. Yigit o‘g‘rincha qaragani sayin qizning yuzlari gul-gul yonadi, o‘zlarini yo‘qotib, tipirchilab qoladigan darajaga yetdilar…

* * *

Dengizning tubi mudom tumanli, chang-to‘zonga burkanib turadi. Saksovul ekuvchilar to‘polon bosilsin deya Yaratgandan sharros yomg‘ir yog‘ishini tilashadi. Dengizning chuqur joylarida turib qolgan suvda o‘sgan qarag‘ay qamish, yulg‘unlar yashin urishidan kuyib qorayib qolgan. Qushning polaponidan tortib, to to‘rt oyoqli qashqir, shoqol, to‘ng‘iz, yilqi, tuyalargacha, shoxlari qurigan yovvoyi ho‘kizlargacha uyur-uyur bo‘lib muz sangidek to‘qnashadi. Har biri o‘zining suvga yashirincha kelib-ketadigan so‘qmoqlarini asraydi. Suv qurisa, ona biyalar tuyog‘i bilan yer kovlab, bulqillagan buloqlarning ko‘zini ochadi…
Shumligi ortgan yilqilar oyoqdan, bo‘yindan tuzoqqa tushmaslik uchun birining izini biri bosib yuradi. Qum barxanlarda qorovuldek kekkayib, quloqlarini tikraytiradi, xavf-xatar do‘nsa, qattiq kishnab, pishqiradi-yu, qorasini ko‘rsatmay qochib qoladi.
Xayriyat, Sofya ot ustida o‘sgan, mohir chavandoz ekan. Germaniyada ot sporti bilan muntazam shug‘ullanib, ingliz, turkman arg‘umoqlarini jilovlab minibdi.
Seydulla uning ortidan bir kunlik yo‘ldagi ishiga qo‘sh burni pir-pirlagan bukir toyini minib boradigan bo‘ldi. Frankning iltimosiga ko‘ra, qiziga toylardan birini bir amallab ushlab mindirdi. Siltovidan o‘t chaqnaydigan qamchining kuchi bilan otni o‘ziga zo‘rg‘a bo‘ysundirdi.
Otlar guldirab kishnashsa, havo darhol ayniydi. Qora yel duch kelgan tomonga essa ham quyosh o‘z maromida otaveradi-botaveradi. Seydulla yo‘lboshlovchilik vazifasini ishtiyoq bilan ado etar, otga qizni qo‘ltig‘idan tutib mindiradi, uzangini bosib tushirib oladi. Ko‘z – yurakning ko‘zgusi. Seydulla endi qizga tamomila mehr qo‘ygan, uni salga xafa qilib qo‘yishdan qo‘rqardi. Juda bo‘lmaganda, do‘st sifatida qolishni istaydi…
…Saksovul ekilayotgan joyga kanop qopi yamoq-yamoq, darveshsifat, ko‘sanamo birov oyog‘ini chala-chulpa bosganicha kelaverdi. Uni yiroqdan qora boshining tashvishida yuradigan Dosbergan sayoqqa o‘xshatishdi. Yuzida qoni qolmagan bu qariya bularga, “Barakalla, barakalla!” deya yaqinlashdi.
– Hormang, yigitlar! Tangri yorlaqasin, tovoningiz tegib turgan qumloq dengizning oltmish besh qulochlik eng chuqur joyidir. Bu joylarda to‘qqiz poznali kemamda ko‘p eshkak eshganman, bu yerlarning suvi tiniq bo‘lardi, suv ostidagi bor narsa ko‘zga yaqqol ko‘rinardi. Xudo asrasin, do‘stga ham, dushmanga ham insof bersin, ko‘ngillariga yaxshilik solsin, zero, qayg‘u-mungsiz odamni ko‘rmadim, deb qariya barchani hayratga soldi. Qochgan – qutulishni, quvgan – yetishni istaydi. Yomon ot ham tilini topsang, tulporga aylanadi. O‘g‘ri – g‘arning sherigi. Men bir iniga tiqilgan ko‘rsichqonman.
Suf desam, daryo suvini teskari oqizadigan, to‘lg‘ongan dengiz qoq ayrilib, ustidan yo‘l ochtirib beradigan arvohim mendan qochdi. “Do‘ngalak ko‘l”ning to‘lqinlari qaytib, damini ichiga tortganidan qo‘rqqandim. Qaynagan obi-hayot shifobaxshdir. Eski qo‘rg‘oncha yonidagi tepalikdan yer ostiga kiradigan yo‘l ham bekilib qoldi. Otaning ko‘rgani bolaga, bolaning ko‘rgani otaga nasib qilmaydigan zamonlarga qoldik. Qanotlari yelpillagan “Oqbo‘z”ga egalik qilmoqchi bo‘lganlarning qanchasi nobud bo‘ldi. Meniki ham quruq bir tentirash!
Qariya shu gaplarni aytdi-yu, birdaniga ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi. Qum tepalikda faqat changgi qoldi.
Dengizning tandirdek hovurlagan yelvizagi aldamchi bo‘ladi. Qaqragan sahro xuddi go‘dak yig‘isidek, aravaning moylanmagan g‘ildiragining tovushidek qo‘rqinchli saslarga to‘ladi. Osmonning teshiklari ochilib, uch kun, uch tun tinmasdan yomg‘ir yoqqanidan, ko‘pchilik suv to‘foni boshlandimi, deb qo‘rqdi. Yeru ko‘k larzaga kelib, osmon qoq ayrildi. Kunduzi quyosh, tunga tomon oy tutilgan bir paytda qiz va yigit, “Yo, Olloh” deb otlarining bellariga minishdi. Yo‘rta-yo‘rta necha qirlardan oshsa ham, sahroning sarhadiga yeta olishmadi. Ba’zan qumga belidan botgan kema, yelkan, motoflyugalarning uzun machtalari ko‘zga tashlanadi.
Odamsiz joyda it ishonchli hamroh. Izlaridan ergashgan Oqjo‘l qumlarni hidlar, goho nimanidir sezgandek tepaliklarga qarab vovillar, ana shunda bular itning ortidan oshiqadi. Bir tepalik ortidan “Do‘ngalak ko‘l” oynadek yarqirab ko‘rindi. Qumga qorishgan oltindek yaltillab ko‘zni qamashtiradi. Xuddi simobdek o‘ynoqlaydi, barmoqlar orasidan suvdek tomchilaydi.
– Keyingi paytlarda qish qattiq, yoz esa juda issiq kelmoqda. Shunday ketaversa, Antarktidadagi, baland tog‘lardagi mangu muzliklar erib, yer yuzini suv bosish xavfi bor…
Dengiz shimolning sovuq shamolini ushlab turadigan qalqon vazifasini bajarishini, hududda iqlimni barqarorlashtirib turishini barcha biladi. Yer o‘z o‘qidan chiqib, ag‘darilib ketganmi, bir joylarni suv bosayotgan bir paytda, bizda qurg‘oqchilik. Qumlar hujumga o‘tmoqda. “Qumbosgan” degan atamalar o‘z-o‘zidan paydo bo‘lmagan. Qara, sut pishgudek vaqtda qum to‘pig‘imizgacha chiqdi. Tizzamizdan o‘tib, belimizgacha yetsa, harakatlana olmay qolishimiz tayin, – deb Sofya xavotirga tushdi.
Dengizning bo‘rsillagan tuprog‘i junbushga kelgan. Bunday paytda og‘izlarni quloqlarga taqab gapirmasang, ovozingni o‘zing ham eshitmaysan. Chavandozlar egarlariga ilingan termoslaridan gohi-gohi suv ichishgani bo‘lmasa, och-to‘qligini ham unutishgan.
Seydulla Sofyaga dengizda yo‘ldan adashtiradigan “mamalak” bo‘lishini aytib berdi. Biroq och qashqirlar duch kelishini gapirib o‘tirmadi.
Er silkintirgan qora yel tinganda, miyani aylantiradigan darajada jim-jitlik hukm sura boshlaydi. Ichiga dam to‘ldirilsa, suvda suzsa bo‘ladigan rezina qayiqni ham o‘zlari bilan olishgandi, ammo unga ehtiyoj bo‘lmadi. Kompas bilan orqa-oldlarini aniqlashgach, bir tepalikka chiqishdi, qo‘llarini ko‘zlariga ko‘lagaylab, yiroqlarga tikilishdi. Tonggi shafaq bilan kechki shomga ishonib bo‘lmaydi. Qum bag‘rida nurga cho‘milgan qoyaga yaqinlashdilar. Shunda shiftiga odam bo‘yi tegmaydigan kulbaga duch kelishdi. Kim bo‘lsa-da, epchil, hunarmand odam quribdi. Shapaloqday-shapaloqday baqachanoqlarni bir-biriga shunday ulab kulbaga yopishtiribdiki, ichkariga bir tomchi ham yomg‘ir suvi o‘tmaydi. Eshik-derazalari ham zichlab yopilgan. Kulba kuz-bahorda cho‘pon, ovchilarning jon saqlaydigan boshpanasiga o‘xshardi. Eshik oldida otlar dupurlashsa ham, kulbadan hech kim chiqmadi. Shunda bular otdan tushib, ichkari kirishdi. Qarashsa, kulba ichida o‘zlariga, “Hormanglar”, deb ketgan o‘sha qariya yero‘choqqa orqa suyagancha o‘tiribdi. Oyoq-qo‘llari yoriq-yoriq, ajin bosgan yuzi kunga kuyib, ayozga po‘rsildoq ochgan. Zo‘rg‘a nafas oladi. Ostida qamishdan to‘qilgan to‘shama. Soqol-mo‘ylovi, sochlari oppoq. Ko‘zlarini ochib-yumar, boshi qalt-qalt titraydi. Xuddi go‘rdan qazib olingandek, odam siyog‘i qolmagan. Taram-taram yoriq qo‘llarini ko‘tarib tushirar, tishsiz og‘zini ochib esnaganday bo‘ladi.
– Uyqusi devning uyqusidek qattiq ekan, – deya shivirladi Seydulla. Shunda Sofya: “Bizning kelganimizni bildi. Inson hayotining uchdan birini uyquda o‘tkazadi. Uyquning letargiya deb nomlangan turi hali tibbiyotda to‘la tadqiq qilinmagan. Balki, “Qor odam”ga duch keldikmikan? – dedi.
Qiz-yigitning gaplariga quloq solib, harakatlarini kuzatib o‘tirgan qariya yo‘tala boshladi. Og‘zidan yaproqdek qon otilib chiqdi. “Sizlar kimsizlar o‘zi, men bu yerlarda almisoqdan beri borman”, deya yig‘lay boshladi.
– Barchamiz Odam Ato, Momo Havoning farzandlarimiz. Luqmoni Hakim ham ming yil yashamagan. Dunyo mangulik, biroq odamzodning umri qisqa. Avvalning oxirini bersin, Alloh o‘lchab bergan dami tugamasa, bandasi o‘lmaydi. Bir tutam bulutdek ko‘chguvchi foniy dunyoning oldi sayron, izi vayrondur… Menga siyosat qilmanglar, osharimni oshab, yasharimni yashab bo‘lganman. Bir yomonning dastidan mavj urgan daryo quriydi. Payti kelsa, oqqan daryo ham, to‘lqinli dengiz ham o‘ladi. Sinmasni usta yasamas, o‘lmasni Xudo yaratmas. Bag‘ri sovuq qora yer – onam, ko‘k osmon – otamdir. Xudo qarg‘agan bandaman. Uyat o‘limdan kuchli, burungi tirikchiligigimga qaytish nomaqbul. Bir oyog‘im yerda, birisi go‘rda. O‘lsam, iymonimni o‘giradigan odam topilmas, balki kafan, o‘n ikki mucham siqqudek chuqur ham buyurmas. Musulmonchilik tilida bo‘lsa-da, dilida bo‘lmagan, Xudodan qo‘rqmaganlardan qo‘rqaylik…
Bir paytlari uyqum qush uyqusidek, qirq kishining quvvatidek kuchim bor edi. Shiddat bilan oqqan daryoning goh u betida, goh bu betida qushdek uchdim. Ko‘llarga qanotlari potirlab qo‘nadigan oqqushlarga zor bo‘ldim. Oq ko‘pigi osmonga sachragan, otlarda suzgan daryom nega bugun ortga qaytmoqda? Sho‘r suvga qanotini chaygan, ovozi yer yoradigan chag‘alaylarim qani? Uyimizning oldida gullaganda xush is taratadigan jiyda bo‘lardi. Yetti yilda bo‘y cho‘zadigan oqterak uch yilda sanchqimga sop bo‘lardi. Sen yigitni kimgadir o‘xshatayapman. Yoningdagi qiz esa g‘ayri yurtdan…
O‘tgan umrim kiprik qoqqandek bo‘lmadi. Dunyoni suv bossa ham o‘rdakka ne bo‘lur g‘am, deganlaridek, baqachanoqli kulbam suvda qayiqdek suzadi. Odamning tani to‘zsa ham, joni to‘zmas ekan. Qancha paytlardan beri sillam qotib, uxlasam ham, uyqum qonmaydi. Beshik bilan tobut orasi uzoq yo‘l…
Shunday deb qariya unsiz qotdi. O‘ylana-o‘ylana o‘yiga yetolmagan yigit bilan qiz chalajon qariyani g‘aflatdan uyg‘otolmay, baqachanoqli kulbadan tashqariga chiqishdi.
“Gap-so‘zlari joyida, o‘y-xayoli tuzuk, mard odam el-yurtiga xiyonat qilmaydi”, degan Seydullaning gapini ma’qullagandek qiz boshini egdi.
Shimoldan sovuq shamol esib, osmonning u yer, bu yerida yulduzlar ko‘rina boshladi. Ortida oq iz qoldirib oqqan bir yulduzga qarab, “Yulduzim baland bo‘lsin”, deya xayol qilgan Seydulla: – Musulmonlar, “Erda yashovchi odamlarning joni osmondagi yulduzlarda”, deb tushunishadi. Kimning yulduzi oqib tushsa, egasi o‘lgan bo‘larmish. Shu degandek, “yulduzim baland bo‘lsin”, deya yaxshi tilak tilashadi, – dedi.
Bundan hayratga botgan Sofya, “Menga qoraqalpoqlarning urf-odatlari, irimlari judayam yoqadi, dala xalqi xayolparast, donishmand bo‘ladi”, dedi. So‘ngra ular, “Temir qoziq” yulduzini ko‘zlab yurishda davom etishdi. Qop-qorong‘i tunda saksovulzor orasiga tiqilgan mov mushuklar yo‘lbarslarga o‘xshaydi, butaliklardan sakrab qochgan yumronqoziqlar odamning etini junjiktiradi. Ular otlari boshini ozod qo‘yganlaricha, sehrli maskandagi qo‘nalg‘alari – palatkalarini adashmasdan topib kelishdi…

* * *

Odam umri osmondagi oydek, goh to‘lin bo‘lsa, gohi yarimlab qoladi. Qiz bilan yigit bo‘sh payt topildi deguncha, qo‘l ushlashib, dengiz tomon ketishadi. Seydulla onasining, “Kun changitib, dovul tursa suv toshadi”, degan gapi tasdiq topmaganidan eziladi.
Qandaydir voqeani ko‘rgan-bilgan topilmasa, eshitganni guvoh sanaydi kishi. Ustozi o‘z qo‘li bilan vasiyatnoma bitib: “Uyim, ichidagi bor narsalarim Seydulla shogirdimga berilsin”, deb yozibdi va birato‘la notariusga tasdiqlatib ketibdi. Uy eshigini kalit bilan ochib kirganida, burchakda taxlab qo‘yilgan yalpoq toshlarga ko‘zi tushdi. Ulardagi inson qo‘li bilan chizilgan kiyik, ot, tuya, ho‘kizlarning qiyofalari qaysi asrlarga tegishli ekanini bilolmay qiynaldi…
Texnika markazi ish rejasiga ko‘ra, qiyin sharoitda yashab mehnat qilayotgan saksovul ekuvchilarning bo‘sh paytini mazmunli o‘tkazish maqsadida bir qator tadbirlar tashkil etilar ekan. Toshkent shahriga uch kunlik sayohat uyushtirilib, vaqtni tejash uchun samolyotga chiptalar olinarkan. “Besh yulduz”li mehmonxonalarga joylashish, restoranlarda ovqatlanish, kinoteatr, muzeylarga borish kunma-kun, soatma-soat rejalashtirildi.
– Toshkentga birga borsak, seni Chirchiq daryosi bo‘yidagi dala hovlimizga taklif etaman, – dedi Sofya Seydullaga yuzlanib. Sen to‘g‘ringda aytganim uchun onam, do‘stlarim sirtdan yaxshi bilishadi. Qoraqalpog‘istondan so‘ng Germaniyadagi o‘qishimga ketaman.
Qizning ko‘zda yosh bilan aytgan bu gaplaridan Seydullaning yuragi achisha boshladi. O‘zini zo‘rg‘a bosib, sevgilisiga gap qotdi: “Rahmat, Toshkentga oyog‘im tortmaydi. Undan ko‘ra, “Oqbo‘z” otga minib, tezroq “Do‘ngalak ko‘l”ga boray” deb xayrlashdi-da, uyiga oshiqdi. Uyiga kelib, bag‘rini yerga bosgancha, yotib qoldi.
Bir kuni Frank qizi Sofya nomidan Seydullaga zamonaviy telefon sovg‘a qildi. Ekranida ko‘rib gaplashsa bo‘ladigan ushbu matohda ular ajralganlaridan beri ilk bor suhbat qurishdi: “Seydulla, meni kechir, betob bo‘lganingda yoningda bo‘la olmadim. Bugun qishki sessiyaning so‘nggi kuni. Kechki samolyotda Toshkentga, ertalab esa Nukusga qanot bog‘lab uchaman. Sog‘inch bilan ko‘rishgan qanday yaxshi. Dengiz o‘rtasidagi baqachanoqli kulba, undagi qariya tushlarimga kiradi. Agar tirik bo‘lsa, homiylikka olaylik. Vaholanki, Orolning siri bilan tarixini yaxshi biladigan odamlar oz qolmoqda…
Aytgancha, Everest cho‘qqisiga chiqqan dugonam Luiza balandlardan bizlarga baxt tilab, olamga jar solibdi. Xitoy bilan Mo‘g‘uliston orasidagi Gobi, undagi ko‘chma Lobnor ko‘li to‘g‘risida aytganlarini birga tinglasak edi. Orol dengizi tomondan ishonchli do‘st topganimga uning quvonchi ichiga sig‘mayapti…
Seydulla, esingdami, dengiz tubini otda kezganimizda tepamizdan uchib o‘tgan juft g‘ozlarga qarab, adashib topishgan mungli oshiqlaray, deya shivirlaganding. Ha, bizni Orol tubida Yaratganning o‘zi uchrashtirdi…”
Shirin suhbatdan so‘ng Seydulla sog‘ingan ovozini eshitgandek sergak tortdi. Yuziga qon yugurdi, oyoqlariga qalqdi…

«Jahon adabiyoti» jurnali, 2020 yil 8-son